Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:49

Andijondagi "UZ DONG YANG CO"ning yuzlab ishchisi omborxonada yotib ishlamoqda


"UZ DONG YANG CO" korxonasi. 2020 yil, 8 iyun kuni olingan surat.
"UZ DONG YANG CO" korxonasi. 2020 yil, 8 iyun kuni olingan surat.

Andijon shahridagi avtomobillar uchun butlovchi qismlar ishlab chiqaradigan "UZ DONG YANG CO" O‘zbekiston-Koreya qo‘shma korxonasida xodimlar koronavirus karantini payti 15 kunlik smenada korxonada yotib qolib ishlamoqda.

Ozodlik suhbatlashgan zavod xodimlari 15 kun uyga bormasdan, korxona omborxonasida, beton polda yotib shanba va yakshanba kunlari ham ishlatilayotganliklarini aytdi.

8 iyun kuni Ozodlikka kelgan fotosuratlarda beton polga karton qog‘ozlar ustiga ko‘rpachalar to‘shalganini ko‘rish mumkin.

"UZ DONG YANG CO" korxonasining 9 iyun kuni Ozodlik suhbatlashgan mulozimi koronavirus xavfi sabab korxonada xodimlar o‘z xohishlariga ko‘ra yotib qolib ishlayotgani, xavfli virus tarqalishi oldini olish bo‘yicha barcha talablarga amal qilinayotganini aytdi.

"O‘zavtosanoat" aksiyadorlik kompaniyasi raisining maslahatchisi va matbuot kotibi Zumrad Shojalilova Ozodlik bilan suhbatda mehnat huquqlari buzilayotgani haqidagi korxona ishchilari e’tirozlari o‘rganib chiqilishini va’da qildi.

"Chevrolet" mashinalariga butlovchi qismlar ishlab chiqariladigan Andijon shahridagi "UZ DONG YANG CO" korxonasining ismi oshkor etilishini istamagan ishchilari Ozodlik bilan suhbatda aprel oyi o‘rtalaridan buyon O‘zbekistonning mehnat qonunchiligiga zid tarzda kuniga 10-12 soatlab uyga bormasdan korxona hududida yotib ishlatilayotganini bildirdi.

- Omborxonada beton polda yotamiz. Yotib qolishga umuman sharoit yo‘q. Atrof qurt-qumursqa. Chayon ham bor deb aytishgan. Ayollarga tepadagi sexlardan joy qilib bergan, erkaklarni omborxonaga tiqqan. Xohlasang shu, xohlamasang ishdan ketaver, deydi. Shunga hamma majbur, - dedi "UZ DONG YANG CO" korxonasining ismi ochiqlanmasligini istagan ishchisi.

Korxona xodimi so‘zining tasdig‘i sifatida korxona ichidan o‘zi olgan suratlarni Ozodlikka yubordi.​

Uz Dong Yang Co korxonasi, 8 iyun, 2020 yil.
Uz Dong Yang Co korxonasi, 8 iyun, 2020 yil.

Suratlarda polda karton qog‘ozlar, ustiga qatorasiga ko‘rpachalar to‘shalgani, xodimlarning ish kiyimida yotgani ko‘rinadi.

"Ertalabki 8 dan kechqurungi 8 gacha ish"

Korxonaning boshqa xodimi ishchilar kuniga 10-12 soatdan ishlatilib, korxonada mehnat qonunchiligi ham buzilayotganini iddao qildi.

- Shanba va yakshanba kunlarini ham qo‘shib ikki yuz odam 15 kun podryad ishlaymiz. Ertalab 8 dan kechki 8 gacha ishlaymiz. Ba’zida kuniga 12 soatdan ham oshadi. Mehnat kodeksiga ko‘ra, ish haftasi 40 soatdan oshmasligi kerak. Yotib qolishimiz smena deb qaralsa¸ keyingi kuni ish kuni boshlangunga qadar 12 soat dam berilishi kerak. Lekin, unday bo‘lmayapti. 15 kunlik smenaga kirib ketyapmiz, keyin biz chiqamiz boshqa smena keladi. Ular ham shunday sharoitda ishlaydi. "Rozimiz, ishlaymiz, lekin oylikka qo‘shiladimi", deb so‘radik. "Yo‘q" deyishdi. Korxonamiz juda serdaromad korxona, lekin oyiga oladiganimiz 1 million 300 ming so‘m. Shuni ham ko‘p ko‘rishyapti. Boshqa joyda shu ish ham yo‘q, majburmiz, - dedi "UZ DONG YANG CO" korxonasi ishchisi.

"UZ DONG YANG CO" 1996 yilda tashkil topgan, korxonada mingdan ziyod ishchi ishlaydi.
"UZ DONG YANG CO" 1996 yilda tashkil topgan, korxonada mingdan ziyod ishchi ishlaydi.

O‘zbekiston respublikasi Mehnat qonunchiligida “ish vaqtidan tashqari ish” xodimning roziligi bilan qo‘llanilishi mumkin.

Mehnat kodeksining 120-moddasiga ko‘ra, 6 kunlik ish haftasida har kungi ishning muddati 7 soatdan, 5 kunlik ish haftasida esa 8 soatdan ortib ketmasligi lozim.

Xodimni surunkasiga ikki smena davomida ishga jalb etish taqiqlanadi, masalan, kunduzgi smenada ishlagan odam kechki yoki tungi smenada ishlashi mumkin emas.

Ozodlik bilan telefon suhbatida o‘zini "UZ DONG YANG CO" korxonasi rahbari yordamchisi deb tanishtirgan mulozim "koronavirus karantini sabab korxonada xodimlar o‘z xohishlariga ko‘ra yotib qolib ishlayotgani"ni aytdi.

Zavod mulozimi mehnat qonunchiligi buzilayotgani, ishchilar belgilangan vaqt me’yoridan ortiqcha ishlatilayotganini rad etdi.

- Xavfli virus yoyilishining oldini olish uchun boshqa korxonalardagi kabi biz ham 15 kunlik smenani yo‘lga qo‘ydik. Hammasi xodimlarni roziligi bilan qilinyapti. Kuniga uch mahal bepul ovqat beriladi, dam olishga sharoitlar qilingan. Ortiqcha ishlatish, degan narsa yo‘q bizda. Boshliqlar ham, meni o‘zim ham yotib qolib ishlayapman, chunki bu vaqtinchalik hammasi, - dedi ismi ochiqlanmasligini istagan avtomobil zavodi rahbari yordamchisi.

"UZ DONG YANG CO"1996 yilda tashkil topgan, korxonada mingdan ziyod ishchi ishlaydi.

Asakadagi avtomobil zavodi xodimlari beton polga karton, uni ustiga ko‘rpacha to‘shab uxlamoqda.
Asakadagi avtomobil zavodi xodimlari beton polga karton, uni ustiga ko‘rpacha to‘shab uxlamoqda.

Bundan oldin Asakadagi "UZAUTO MOTORS" va Xorazm viloyatining Hazorasp tumani Pitnak shahridagi avtomobil zavodlarida ishchilar antisanitariya holatida yotib qolib ishlatilayotganlarini Ozodlikka xabar qilgan edi.

Pitnakdagi zavod ishchilari aprel oyi o‘rtalarida yuborgan videoda ko‘rpa-to‘shak ko‘targan yuzdan ziyod odamning zavod eshigi oldida turgani ko‘rinadi.

Хоразм Автомобиль заводи ишчилари кўрпа-тўшаги билан ишга келмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:20 0:00

"O‘zavtosanoat": Ishchilarning e’tirozini o‘rganamiz!

Andijon shahridagi "UZ DONG YANG CO" korxonasi ham ​Asaka va Hazoraspdagi avtomobil zavodlari ham "O‘zavtosanoat" tarkibiga kiruvchi korxonalardir.

Ozodlik "minglab odam ishlaydigan korxonalarda yuzlab ishchi har kuni bir joyda yotib-turishi, ovqatlanishi sanitariya talablariga, qolaversa¸ koronavirusga qarshi hukumat komissiyasi joriy qilgan talablarga qanchalik to‘g‘ri keladi?" degan savol bilan "O‘zavtosanoat" aksiyadorlik kompaniyasi raisining maslahatchisi va matbuot kotibi Zumrad Shojalilovaga murojaat etdi.

Shojalilova: Biz holatni o‘rganib chiqamiz, - deb javob qildi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 9 iyunga kelib mamlakatda koronavirus yuqtirgani tasdiqlanganlar 4 yarim ming nafarga yetgan.

Koronavirus aniqlangan hududlar orasida Andijon viloyati ham bor.

XS
SM
MD
LG