Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:44

Chilonzorda COVID-19 ga chalinib, isitmalab yotgan bemor "Tez yordam"ni bir hafta kutdi


Toshkentning Chilonzor tumanida COVID-19 ga chalinib, isitmasi tushmayotgan bemori bor oila "Tez yordam" xizmatini bir hafta kutdi.

Uy bekasining Ozodlikka aytishicha, eri 30 iyun kuni isitmalay boshlagan va 5 iyul kuni, o‘zi borib, xususiy tartibda tahlil topshirganida, koronavirusga chalingani aniqlangan.

Ayolga ko‘ra, eri isitmalay boshlashi bilanoq takror-takror murojaatlariga qaramay, "Tez yordam" mashinasi uyiga kelmagan. Faqat 6 iyul oqshomiga kelib eri shifoxonaga olib ketilgan.

Ozodlik bu ayol murojaati bilan shug‘ullanishni 6 iyul, kunning birinchi yarmida boshlagan va bu asnoda Sanitariya-epidemiologiya agentligining Chilonzor tuman bo‘limi rahbari Gulnoza Mirzayeva suhbatlashgan edi.

Toshkentning Chilonzor tumanidan Ozodlikka bog‘langan ayol, turmush o‘rtog‘i 30 iyun kuni isitmalab yotib qolgani va bir necha kundan so‘ng, o‘zi ro‘yxatga olingan poliklinikaga borib, tahlil topshirganini aytdi.

Ayolning aytishicha, tahlil natijasi ijobiy chiqqan va 5 iyul kuni turmush o‘rtog‘iga COVID-19 infeksiyasi yuqqani aniqlangan.

(Bu ayol o‘zi va turmush o‘rtog‘i shaxsiga oid ma’lumotlarni jamoatchilikka ochiqlamaslikni so‘radi.)

Ozodlikka bu ayol taqdim qilgan tibbiy ma’lumotnoma “Mudofaa vazirligi qoshidagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining o‘ta xavfli infeksion kasalliklarni aniqlash laboratoriyasi”dan berilgan va unda bemorda 2019-nCoV aniqlangani aytilgan.

Chilonzorlik ayol, bu ma’lumotnomani olganidan so‘ng 1 sutka davomida 1003 telefon raqamiga takror va takror qo‘ng‘iroq qilgani, ammo "Tez yordam" xizmati uyiga kelmaganini aytdi:

- Ularga telefon qilsak, SESga (Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligi – tahr.) telefon qiling, dedi. SESni 6 ta telefon raqamini berishgan, birortasini birorta odam ko‘tarmadi. Yana qaytarib, 1003 raqamiga qilsam, sizdagi natija respublika SES ni yakuniy tasdig‘idan o‘tmasa, biz hech narsa qilolmaymiz, bizning vakolatimizda emas, dedi. Xo‘jayinimning issig‘i bir haftadan beri 38dan tushmayapti. Men ham kechadan isitmalashni boshladim. Uyda ikkimizdan boshqa hech kim yo‘q, boshqalarga yuqmasin, deb ko‘chaga ham chiqmay o‘tiribmiz. Nahotki, tibbiy yordam kelishi shuncha qiyin bo‘lsa?!

Quyida shaxsini sir saqlagan bu ayol bilan 6 iyul tushda, turmush o‘rtog‘i shifoxonaga olib ketilmasidan avval, qurilgan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:19 0:00
Бевосита линк

Ozodlik muxbiri bu ayol taqdim qilgan quyidagi telefon raqamlariga 6 iyul kun yarmigacha birma-bir, bir necha marotabadan qo‘ng‘iroq qildi:

+998 71 276 4665; +998 71 276 4966; +998 71 248 5747; +998 71 248 4468; +998 71 266 6027; +998 71 233 8561;

Haqiqatan ham yuqoridagi telefonlarga bog‘lanish imkoni bo‘lmadi, aksar telefon raqamlari avtomatik ravishda faksga ulandi.

Ozodlik muxbiri Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi agentligining Chilonzor tumani bo‘linmasi rahbari Gulnoza Mirzayevaga mobil telefoni orqali bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi.

Mirzayeva yuqorida tilga olingan raqamlarning birortasi uning bo‘linmasiga tegishli emasligi, uning xizmati +998 71 278 5078; +998 71 278 3830 raqamlari orqali kunu tun xizmat ko‘rsatayotganini ta’kidladi.

G. Mirzayevaning aytishicha, belgilangan tartibga binoan, o‘zida koronavirus infeksiyasi alomatlari: isitma, yo‘tal, holsizlik, burun oqishi va hokazo belgilarni sezganlar 1003-raqami orqali "Tez yordam" xizmati yoki yashash manzili orqali ro‘yxatga olingan poliklinikasiga murojaat qiladi:

“Bizga poliklinika yoki "Tez yordam" xizmati zayavka beradi. Biz bu zayavka bilan uyiga borib, tahlil namunalarini olamiz".

Mulozimning qo‘shimcha qilishicha, COVID-19 uchun mustaqil ravishda tahlil topshirganlar Sanitariya-epidemiologiya agentligi respublika laboratoriyasidan yakuniy tasdiqni kutishi lozim. Buning uchun 1 sutkadan 3 sutkaga qadar vaqt kerak bo‘lishi mumkin.

Mulozimga ko‘ra, bitta tahlil namunasi 3 marta test qilinadi:

"Birinchi marta Xitoydan keltirilgan test tizimi, keyin Rossiyadan olingan test tizimi, oxirgisi Germaniyadan olingan test tizimi. Uchinchisida ham pozitiv natija chiqqanidan keyin, bemorning uyiga "Tez yordam" borib, uni gospitalizatsiya qiladi".

G. Mirzayeva Ozodlik muxbiri bilan 6 iyul tushdagi mikrofonsiz suhbatda, Chilonzor tumanidagi oila taqdiridan xabardorligi, bu haqda "Tez yordam" xizmatiga maxsus ma’lumotnoma bergani va muloqotdan keyinoq, COVID-19 bemorini darhol shifoxonaga yotqizilishi uchun yana barcha choralarni qo‘llashini aytdi.

Shu o‘rinda Gulnoza Mirzayeva, bemorlar soni kundan-kunga oshib borayotganini ta’kidladi va aholini hozirgi vaziyatni to‘g‘ri tushunib, to‘g‘ri qabul qilishga chaqirdi:

"Bitta narsani to‘g‘ri tushunish kerak – hozir klinikasi bo‘lmaganlar (COVID-19 infeksiyasi alomatlarini sezmaganlar – tahr.) ham uyiga chaqirtiryapti. Mening SESimda 3 ta mashina bor. Biz "Meni analiz qilib qo‘ying", deb uyiga chaqirganlarning hammasiga borishga ham jismonan ulgurolmaymiz. Bizning asosiy qiladigan ishimiz, aynan klinikasi bor, simptomatikasi borlar bilan”.

G. Mirzayevaga ko‘ra, shu kunda uning bo‘linmasiga kuniga o‘rtacha 50-70 ta atrofida murojaat tushmoqda. Aytishicha, O‘zbekistonda karantin e’lon qilinganidan keyin dastlabki oylarda bu miqdor 20-30 tani tashkil qilgan.

Ozodlik muxbirining “3 ta xizmat mashinasi bilan bir kunda 50 - 60 ta manzilga borib, tahlil olishga jismonan ulguryapsizmi?” degan savoliga mulozim shunday javob berdi:

“Eplayapmiz, harakat qilyapmiz. Navbatchi qizlarimiz kechasi soat 1 da kirib kelyapti. Hali bu tahlil natijalarini laboratoriya qabul qilishi ham bor. Kechasi soat 1 dan keyin laboratoriya qabul qilmaydi. Ular oxirgi postanovkasini kechasi soat 10da qo‘yadi. Keyin uni kutish kerak. Shuning uchun hozir masala qo‘yilyapti - tuman SESlariga ham PSR apparatlarini (COVID-19 virusini aniqlaydigan qurilmalar - tahr.)berish haqida”.

Garchi bu mulozim mavjud resurs va xodimlar yetishmovchiligi kuzatilayotgani haqida gapirmagan bo‘lsa-da, Chilonzor tumani misolida berilgan bir kunlik raqamlarning o‘ziyoq SES xodimlari katta bosim ostida ishlayotgani va ayni paytda, koronavirusni aniqlovchi test tizimlari ham cheklanganini ko‘rsatmoqda:

  • Bir sutkada o‘rtacha 60 ta chaqiruv bo‘lsa, SESga qarashli 3 ta xizmat mashinasining har biri bir kunda o‘rtacha 20 tagacha manzilga borishi mumkin.
  • Tunu kun uzluksiz ishlagan taqdirda, 1 ta guruh 1 ta xonadon uchun 1 soatu 20 daqiqa vaqt ajarata olishi mumkin. Bu orada yo‘lga ketadigan vaqt, bu xodimlarning nonushta, tushlik va oqshomgi yemak vaqti ham bor.
  • Bundan tashqari, SES xodimlari birinchi navbatda kasallik belgilari aniq va kuchli ko‘ringan bemorlardan tahlil namunalarini olmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 6 iyul soat 17:00da bergan ma’lumotga ko‘ra, Toshkent shahrida koronavirusga chalinganlarning 72 nafari, 5 iyul kuni esa 84 nafari aholi orasida aniqlangan.

Vazirlik 6 iyul kuni virusning aholi orasida ortib borayotgani qayd etilgan alohida bayonotni e’lon qildi va unga Respublika Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasidan olingan videolavhani ilova qildi:

So‘nggi rasmiy ma’lumotda aytilishicha, shu kunda mamlakat bo‘ylab 3524 bemor shifoxonalarda qolmoqda, ulardan 285 nafari o‘rta og‘ir, 25 nafari og‘ir, 8 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

XS
SM
MD
LG