Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:44

Toshkent viloyatiga qo‘shilishga qarshi noroziliklar: O‘rikzorliklar petitsiya e’lon qildi, ulug‘bekliklar imzo to‘plamoqda


O‘rikzorliklarning norozilik chiqishi. 6 avgust. 2020 yil.
O‘rikzorliklarning norozilik chiqishi. 6 avgust. 2020 yil.

7 avgust kuni Toshkent shahar Uchtepa tumani O‘rikzor, Ko‘ksaroy va Zarafshon mahallasida yashovchi aholi O‘rikzor dahasini Toshkent viloyatining Zangiota tumaniga qo‘shish qaroriga norozilik bildirib, hukumatga petitsiya yo‘lladi.

Ayni paytda Toshkent viloyatining Qibray tumaniga qo‘shilishi rejalangan poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumani Ulug‘bek mahallasi (Ulug‘bek shaharchasi) ahli ham hukumatga yozilgan norozilik maktubiga imzo to‘plamoqda.

6 avgust kuni 300 ga yaqin o‘rikzorlik hukumatning O‘rikzor dahasini Zangiota tumaniga qo‘shish qaroriga norozilik bildirib, ertalab va kechqurun O‘rikzor mahallasi markaziga yig‘ildi.

Hukumat prezidentga 5 avgust kuni taqdim etgan Toshkent shahri va viloyati Bosh rejasi loyihasiga ko‘ra, poytaxtning 1010 gektar maydoni, jumladan, O‘rikzor dahasi va Ulug‘bek shaharchasi hududi Toshkent viloyatiga o‘tkaziladi.

Ozodlik gaplashgan Davyergeodezkadastr mulozimi O‘rikzor dahasi va Ulug‘bek shaharchasini poytaxt tasarrufidan chiqarish taklifi Toshkent shahar hokimligiga tegishli ekanini ta’kidladi.

O‘rikzorliklar noroziligi

6 avgust kuni ikki marta norozilik chiqishi qilgan o‘rikzorliklar hukumatga o‘z noroziliklarini petitsiya ko‘rinishida yo‘llashdi.

Gazeta.uz nashrida e’lon qilingan petitsiyada, prezidentdan ushbu masalani adolat bilan ko‘rib chiqish, mahalla aholi fikrini inobatga olgan holda, O‘rikzor dahasini Toshkent shahri tarkibida qoldirish so‘ralgan.

6 avgust kuni soat 11 larda O‘rikzor, Ko‘ksaroy va Zarafshon mahallasida yashovchi taxminan 300 ga yaqin odam hukumatning O‘rikzor dahasini Toshkent viloyatining Zangiota tumaniga qo‘shish qaroriga norozilik bildirib, ko‘chaga chiqdi.

To‘planganlar¸ tuman rahbarlari norozilar bilan uchrashib, ular shikoyatini shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga yetkazishga va’da bergani ortidan tarqaldi.

Kechki soat 6 da o‘rikzorliklar shahar hokimligi rahbarlari bilan uchrashish istagida yana yig‘ildi.

Ikki soatcha O‘rikzor mahallasi markazida yig‘ilib turgan norozilar oldiga bu safar rahbarlardan hech kim kelmadi.

O‘rikzorliklardan 12 kishi Ortiqxo‘jayev bilan uchrashish uchun shahar hokimligiga olib ketilganidan keyin yig‘ilganlar uyiga tarqaldi.

“12 kishini Ortiqxo‘jayevning o‘zi qabul qilibdi. Juda yaxshi munosabatda bo‘libdi. Hokim O‘rikzorni Zangiotaga qo‘shish hali loyiha ekani, odamlar to‘polon qilmasdan¸ loyiha natijasini kutishi kerakligini aytibdi”, dedi Ozodlik gaplashgan o‘rikzorliklardan biri.

Ozodlik Ortiqxo‘jayev qabul qilgani aytilayotgan 12 o‘rikzorlikdan birortasi bilan bog‘lanish imkoniga ega bo‘lmagani bois¸hozircha bu uchrashuv tafsilotlariga ega emas.

Ulug‘bekliklar noroziligi

Poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumani Ulug‘bek shaharchasi aholisi ham Qibray tumaniga qo‘shilishga qarshi.

Shaharcha aholisi 6 avgust kuni Telegram kanalida maxsus guruh tuzib, o‘z noroziligini qanday bildirish rejasini tuzmoqda.

“Biz o‘rikzorliklarga o‘xshab ko‘chaga chiqmoqchi emasmiz. Biz yuristlar, deputatlar bilan maslahatlashib, o‘z noroziligimizni bildirib, imzo to‘plamoqchimiz. Hozir hukumatning asosiy idoralariga jo‘natishni rejalashtirgan maktub teksti ustida ishlayapmiz. Ertaga soat 10dan boshlab imzo to‘plashni boshlaymiz. Har bir ko‘chaga odam biriktirdik. Uyma-uy yurib, imzo to‘playmiz. Lekin karantin qoidalariga amal qilamiz. Buni puxta rejalashtiryapmiz, bizni karantinni buzganlikda ayblamasliklari uchun. Shaharchamizda 7500 odam yashaydi. Har bir odam imzosini olishga harakat qilamiz”, dedi imzo to‘plash tadbiri tashkilotchilaridan biri.

Norozilik sababi nima?

Ko‘ksaroy mahalla faollaridan biri aholi nima uchun Zangiota tumani hududiga qo‘shilishiga qarshiligini shunday izohladi:

“Adres o‘zgarsa, o‘z-o‘zidan hujjatlarni ham o‘zgartirish kerak bo‘ladi. Birinchidan, ko‘pchilikda mashina bor, davlat raqamini o‘zgartirish kerak. Keyin kadastr, propiska o‘zgaradi. Bular hammasi odamlar uchun ortiqcha xarajat. Keyin biz barcha hujjat ishlari uchun Zangiotaga borishimiz kerak bo‘ladi. Bu bizga uzoqlik qiladi. Keyin davolanish uchun ham Zangiotaga borishga to‘g‘ri keladi. Bu ham bizga ancha noqulay”.

O‘rikzor mahalla yig‘ini xodimlaridan biriga ko‘ra, o‘rikzorliklar agar o‘z hududi poytaxt tasarrufidan chiqarilsa¸ ko‘p narsani yo‘qotishini bilgani uchun norozilik bildirmoqda.

“O‘zi O‘rikzorda asli toshkentliklar¸ ya’ni Eski shahar, Xadradan ko‘chib, kelganlar yashaydi. Butun ota-bobolari shaharlik bo‘lib, kelsayu, birdaniga qishloqlikka aylansa, hech kimga yoqmaydida bu. Bizning aybimiz, betonkaning bu tomonida bo‘lganimiz. O‘rikzor Zangiotaga qo‘shilsa, mahalla ahli ko‘p narsa yutqazadi. Ko‘p o‘zgarishlar bo‘lishi kerak. Kadastr hujjatlari, odamlarning boshqa hujjatlari o‘zgaradi. Odamlarimiz viloyatga qo‘shilsak, bolalarini yaxshi o‘qishga joylashtira olmasligini aytyapti, yaxshi maktabda o‘qita olmasligini aytyapti. Viloyatning bolalarini shahar qabul qilmaydi. Propiskaga qaraydi. Toshkentga ishga joylashishda ham muammo bo‘ladi. Shuning uchun bizga yomon tomoni juda ko‘p”, dedi O‘rikzor mahalla yig‘ini xodimi.

Ulug‘bek mahallasida yashovchi ayol esa Qibraydagi kommunal xizmatlar qoniqarsiz ekani sabab¸o‘z mahallasini Toshkent viloyatiga qo‘shilishiga qarshi ekanini aytadi.

“Qibrayda qarindoshlarimiz yashaydi. U yerdagi ahvolni juda yaxshi bilaman. Svet, gaz, issiq suv har doim ularda muammo. Agar bizni Qibrayga o‘tkazsa, biz ham gaz-svetga zor bo‘lib qolamiz. Biz mutlaqo qarshimiz Qibrayga qo‘shilishga. Men ham norozilik maktubiga ertaga qo‘l qo‘yaman”.

Mulozim: O‘rikzordagi nizoga Toshkent shahar hokimligi sababchi

O‘zbekiston er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri qo‘mitasi (Davergeodezkadastr)ning Ozodlik bog‘langan mulozimi O‘rikzor dahasi va Ulug‘bek shaharchasini poytaxt tasarrufidan chiqarish taklifi Toshkent shahar hokimligiga tegishli ekanini ta’kidladi.

“To‘g‘ri bizning qo‘mita Toshkent viloyatidagi 19 ta anklav hududlar chegarasini o‘zgartirish loyihasi ustida ishladi. Lekin Toshkent shahri chegaralarini o‘zgartirish loyihasiga qo‘mitaning aloqasi yo‘q. Bu Toshkent shahar hokimligining taklifi, ularning ishi. Nomutanosibliklar mavjud hududlarni o‘zgartirish ustida joriy yil boshida ish boshlandi. Loyihalar mart oyida tayyor bo‘ldi, biroq karantin sabab to‘xtatib qo‘yildi. Men internetda O‘rikzor mahallasi noroziligini ko‘rdim. Bunda bizni ayblashmasin. Nima qilsa, shahar hokimligi qilyapti. Hokimlik kolsovoydan tashqaridagi yerlarni Toshkent viloyatiga bermoqchi. Biz faqat qo‘shib kelganmiz. Shu paytgacha shahar faqat kengayib kelgan, lekin shahardan biror hudud chiqarib tashlanmadi. Shahar hokimligining rejasi - Toshkentni Nurafshon shahri tomonga qarab kengaytirish. Shaharning bu tomondagi chegarasini koltsovoyda to‘xtatib, u tomonini Nurafshonga yetkazmoqchi. Nimaga bunday qilyapti, buni faqat shahar hokimligi biladi. Ular prezidentga nimani asos qilib ko‘rsatishgan? Buni men bilmadim”, dedi matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozim.

Mamlakatdagi arxitektura va qurilish sohasiga mas’ul Qurilish vazirligi mulozimi ham Toshkent shahri chegaralarini o‘zgartirish taklifiga vazirlikning aloqasi yo‘qligini ta’kidladi.

“Bizning Toshkent shahridagi hududlarni viloyatga qo‘shish yoki chiqarishga aloqamiz yo‘q. Vazirlik faqat viloyatlar bo‘yicha shug‘ullanadi. Toshkent shahri esa shahar hokimligiga berilgan. Ular mustaqil o‘zi hal qiladi”, dedi o‘zini tanishtirmagan vazirlik mulozimi.

7 avgustda Ozodlik Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Davron Hidoyatovga kun davomida bir necha bor qo‘ng‘iroq qildi. Biroq Hidoyatov bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekistondagi eng yirik biznes imperiyasi egasi sanalgan Jahongir Ortiqxo‘jayev rahbarlik qilayotgan Toshkent shahar hokimligi ilgari suraëtgan bunday yer almashuv rejasi ortida qaysi guruhlarning qanday iqtisodiy manfaatlari turganiga oid hozircha Ozodlik ixtiyorida ma’lumot yo‘q.

Hukumatning munozarali rejasini prezident ma’qulladi

Hukumat rejasiga ko‘ra, poytaxtning 1010 gektar hududini Toshkent viloyatiga o‘tkazilishi belgilangan. Ayni paytda Toshkent viloyatidan poytaxtga 10196 gektar yer maydoni qo‘shilishi rejalashtirilgan.

Mazkur taklif O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga 5 avgust kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatining o‘zaro chegaradosh bo‘lgan tumanlari hududlarini o‘zgartirish bo‘yicha tayyorlangan loyihalar doirasida taqdim etildi.

Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Mirziyoyev takliflarni ma’qullagan.

President.uz yozishicha, yangi o‘zgarishlar orqali Toshkent viloyati tumanlari va shaharlarining o‘zaro chegara hududlaridagi nomutanosibliklarga barham berilib, aholiga qulaylik yaratish maqsadi ko‘zlangan.

Mirziyoyev Toshkent shahrining Bosh rejasini qayta ko‘rib chiqish, shaharga qo‘shimcha berilayotgan yer maydonlariga uylar, sanoat korxonalari, xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini oqilona joylashtirish, eng asosiysi, aholiga qulay shart-sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlagan.

Mutasaddi rahbarlarga mazkur masalalar yuzasidan tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini qisqa muddatda tayyorlab, mahalliy kengashlar va Oliy Majlisga ko‘rib chiqish uchun kiritish bo‘yicha topshiriq berilgan.

XS
SM
MD
LG