Yevropa Ittifoqi Belarusda norozilik namoyishlari ayovsiz bostirilgani uchun prezident Aleksandr Lukashenkoga bosimni kuchaytirmoqchi. 14 avgust kuni YeIga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining navbatdan tashqari yig‘ini arafasida Belarus rasmiylari hibsga olingan bir necha yuz namoyishchini qo‘yib yubordi.
Ozodlikka chiqarilgan namoyishchilarning ko‘pchiligi dahshatli sharoitda ushlab turilganini, kaltaklanganini va tahqirlanganini so‘zlab berdi. Amnesty International tashkiloti esa bu ko‘rsatmalardan mamlakatda namoyishchilar keng ko‘lamda qiynoqqa tutilayotganini xulosa qilish mumkinligini bildirdi.
YeI va Belarus munosabatlari yanada rivojlanishi uchun mamlakatda keng ko‘lamli siyosiy o‘zgarishlar sodir bo‘lishi kerak.
Belarusda amaldagi prezident Lukashenko prezident saylovi g‘olibi bo‘lgani e’lon qilingani ortidan 9 avgustda boshlanib ketgan norozilik namoyishlari davomida ikki kishi nobud bo‘ldi, 6 700 ga yaqin kishi qo‘lga olindi. Saylovda Lukashenko 80 foiz ovoz olganini muxolifat nomzodi Svetlana Tixanovskaya tan olmadi va mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldi.
YeI tashqi ishlar mutasaddisi Jozep Borrel Belarus rasmiylarini namoyishchilarga qarshi keskin choralarni to‘xtatishga hamda inson huquqlari va demokratik prinsiplarni hurmat qilishga chaqirdi.
13 avgust kuni Borrel «Keyingi oylarda beloruslar demokratiya va inson huquqlari hurmat qilinishini xohlashlarini aniq ko‘rsatdilar. YeI va Belarus munosabatlari yanada rivojlanishi uchun mamlakatda keng ko‘lamli siyosiy o‘zgarishlar sodir bo‘lishi kerak», deb yozdi.
13 avgust kini Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maas YeI Minskdagi «hukmdorga bosimni kuchaytirishi» kerakligini aytdi.
XXI asrdagi Yevropada tinch namoyishchilarga qarshi shafqatsiz kuch ishlatish hamda ularni qo‘lga olish toqat qilinmasligi aniq.
- XXI asrdagi Yevropada tinch namoyishchilarga qarshi shafqatsiz kuch ishlatish hamda ularni qo‘lga olish toqat qilinmasligi aniq, - dedi Maas.
Vazir Yevropa davlatlari Belarusga qarshi sanksiya joriy qilish masalasini ko‘rib chiqayotganini qo‘shimcha qildi.
Amnesty International tashkiloti qo‘lga olingan namoyishchilar ayovsiz kaltaklanganini bildirdi. Tashkilotning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Mari Strazers:
- Qo‘yib yuborilgan shaxslar izolyatorlar qiynoqxonalarga aylantirilganini, u yerda namoyishchilar iflos yerda yotishga majburlanganini, politsiya esa ularni to‘qmoq bilan kaltaklaganini va tepganini so‘zlab berishdi, - dedi.
Bu orada Estoniya, Latviya, Litva va Polsha yetakchilari «Belarusdagi bo‘hronga tinch yechim topish uchun» yarashtiruvchi vazifasini o‘tash taklifi bilan qo‘shma bildiruv e’lon qildi.
Bildiruv Belarusda «milliy dialog» olib borish mumkin bo‘lgan forumni tuzishga chaqirdi.
Tixanovskaya turmush o‘rtog‘i, taniqli bloger Sergey Tixanovskiy prezidentlikka nomzodini ko‘rsatish istagini izhor qilganidan keyin qamoqqa olingani uchun o‘z nomzodini ko‘rsatishga qaror qilgan edi. Saylovda Tixanovskayani chetlatilgan ikki nomzod yaqindan qo‘lladi.
Ularning biri Valeriy Sepkalo bo‘lib, u saylov oldidan Belarusni tark etdi. O‘tmishda Belarus elchisi lavozimida ishlagan Sepkalo YeIni Tixanovskayani prezident deb tan olishga chaqirdi.
2010 yilgi saylov arafasida Belarusda muxolifat siquvga olingani uchun YeI mamlakatga qarshi sanksiya joriy qilgan edi.
2016 yilda siyosiy mahbuslar ozod etilishi ortidan ushbu cheklovlarning aksari bekor qilingan.