Toshkentdagi yangi metro stansiyalari qurilishi jarayoniga bevosita va bilvosita aloqador mulozimlarning Ozodlikka ma’lum qilishicha¸ ayni kunlarda qurilishi “to‘liq bitkazilgan” stansiyalarni ekspluatatsiyaga topshirish jarayoni bormoqda.
15 iyun kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJsi (bosh quruvchi) "Turkiston" va "Yunusobod" metro bekatlarida qurilish-montaj va pardozlash ishlari nihoyasiga yetib, "Shahriston" bekatiga ulangani va sinov tariqasida poyezdlar harakatlanishi boshlanganini” bildirgan edi.
Ayni paytda¸Shavkat Mirziyoyevning 29 may kuni qilgan bayonoti ortidan¸ Sergeli yer usti metrosi qurilishini 1 sentabrgacha foydalanishga topshirish jarayoni ham jadal bormoqda.
Transport vazirligiga yaqin mulozimlarning bir-biridan mustaqil ravishda Ozodlikka bildirishicha¸ Elyor G‘aniyevning 5 avgust kuni kutilmaganda Transport vaziri lavozimidan bo‘shatilishi, asosan¸ ana shu jarayon bilan bog‘liq.
Yangi stansiyalarni maxsus komissiya o‘rganmoqda
14 avgust kuni Ozodlik gaplashgan Toshkent metropolitenining shaxsi ochiqlanmasligini istagan mulozimi¸ ayni kunlarda "Turkiston" va "Yunusobod" metro bekatlari¸ qolaversa¸ yer ustidagi oltita stansiyani ekspluatatsiyaga topshirish jarayoni borayotganini bildirdi.
“Kolsevoyda oltita stansiyani qurib bitkazishgan¸ Yunusobodda ikkita stansiyani. Rahbariyatga topshirib¸ o‘tkazib berishsa¸ metropoliten bu stansiyalarni qabul qilib oladi. Yangi stansiyalarni respublika maxsus komissiyasi qabul qiladi. U Kabminning komissiyasi¸ kim kirganini bizga aytishmaydi. U yerda hukumatdagi kattakonlar¸ mutaxassislar bo‘ladi. Mana hozir shu komissiyaning xodimlari Yunusobodga kelib¸ ishlab yurishipti. Ko‘rishyapti¸ qurilish qanday bo‘lganini. Yer ustiniyam komissiya ko‘ryapti. Hali qabul qilishgani to‘g‘risida bir ma’lumot yo‘q”.
Joriy yilning 29 may kuni Sergeli tumaniga borgan prezident Shavkat Mirziyoyev¸ yer usti metrosini sentabr oyida foydalanishga topshirish vazifasini bergan edi.
«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan qurilayotgan 7 kilometrlik yer usti metrosi qiymati¸ prezidentning aytishicha¸ 83 million dollarga teng.
Manba: Elyor G‘aniyevning ishdan ketish sabablaridan biri metro qurilishini taftish qilgani!
Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 avgust kuni Elyor G‘aniyevni Transport vaziri lavozimidan bo‘shatdi. Prezident farmonida “Elyar Majidovich G‘aniyev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri lavozimidan ozod etilsin”¸ deyilgan.
Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmaslik sharti bilan gaplashgan Transport vazirligiga yaqin mulozimga ko‘ra¸ G‘aniyevning bu stansiyalarni foydalanishga topshirishni kechiktirish¸ metro qurilishidagi nihoyatda katta o‘g‘riliklar va buning ortidan metro xavfsizligidagi jiddiy noqisliklar yuzasidan tekshiruv o‘tkazish rejasi oliy rahbariyat tomonidan "yaxshi qabul qilinmagan":
“Bu stansiyalar G‘aniyev vazir bo‘lgunga qadar qurib bitkazilgan. Uning tepasida oldingi vazir¸ “Temir yo‘llari”ning egasi Ramatov turibdi. G‘aniyevdan bu qurilishni topshirish so‘ralgan. U prezidentga metro stansiyalarni topshirishdan oldin qurilishni yaxshilab reviziya qilishga ruxsat so‘ragan. Tekshirish boshlanganda¸ qurilishdagi juda katta o‘g‘riliklarni aniqlagan. Masalan¸ smetada yozilgan M800 superbeton o‘rniga¸ M400¸ hatto M300 ishlatilgan. Metro qurilishida M800 dan past marka sementni ishlatishning o‘zi jinoyat! G‘aniyev bunaqa metro ertaga qulab tushsa¸ o‘zi javob berishini bilgani uchun metroni topshirishga qarshilik qildi. Hamma ishni Ramatov qilib¸ qog‘ozda G‘aniyev yozilsa¸ javobni qurgan emas¸ uni topshirgan beradida! Shundan keyin prezidentga uning ustidan kompromat tashlash kuchaydi¸ hech kimni ishlashga qo‘ymayapti¸ qog‘ozbozlikdan boshqa ish qilmayapti¸ deb. Ramatovning qo‘li baland kelganidan keyin G‘aniyev 3 avgust kuni o‘zi ketish haqida ariza yozdi”.
Ozodlik Transport vazirligiga yaqin bu manba bergan ma’lumotni rasman tasdiqlash imkoniga ega emas.
Transport vazirligi axborot xizmati mulozimi¸ G‘aniyevning “prezident qarorida yozilgani kabi boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan” oldingi lavozimidan bo‘shatilganini bildirdi.
G‘aniyevning aynan qaysi ishga o‘tgani haqidagi savolga bu mulozim¸ rasmiy xabarlarni kuzatib borishni tavsiya qildi.
Elyor G‘aniyevning Transport vazirligi lavozimidan olinishiga oid taxminlar haqida so‘ralganda Transport vazirligi axborot xizmati rasmiysi¸ bu haqda ma’lumotga ega emasligini aytish bilan cheklandi.
1997 yildan Karimov o‘limiga qadar mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalari va savdo munosabatlarini boshqarib kelgan Elyor G‘aniyev¸ 2020 yilning 21 yanvar kuni e’lon qilingan yangi hukumatdagi Transport vaziri lavozimiga tayinlangan edi.
Transport vaziri sifatida qilgan ilk chiqishlari G‘aniyev¸ tizimda strukturaviy islohotlar qilish va monopoliyaga barham berishni va’da qilgan edi.
"Kontoradan chiqqan G‘aniyev ham transport sohasini o‘z monopoliyasiga aylantirgan Ramatov bilan ziddiyatda yutqazdi"¸ dedi Transport vazirligiga yaqin Ozodlik suhbatdoshi.
Tarmoqlardagi iddaolar
Elyor G‘aniyev ishdan ketishi ortidan 7 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Faxriy temiryo‘lchi” taxallusi bilan yangi bloger paydo bo‘ldi.
Bu bloger ham Elyor G‘aniyevning O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari¸ 2002 yildan beri “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJsi faoliyatini turli maqomda boshqarib kelayotgan Ochilboy Ramatov bilan ziddiyat¸ xususan¸ metro qurilishi ustidagi nizo bois ishdan ketganini iddao qildi.
“2019 yil dekabr oyida “Yunusobod” metro bekati qurilishida 6 nafar ishchi vafot etgandan so‘ng E.G‘aniyev, Ramatov davrida ya’ni yaqinda qurilgan yangi metro yo‘llarini tekshirishni boshladi. Qisman o‘tkazilgan tekshiruv natijasida, davlat manfaatlariga 200 milliard so‘mdan oshiq zarar yetkazilganligini aniqladi. Lekin tekshiruv oxirgacha yetkazilmadi, to‘g‘rirog‘i oxiriga yetkazishga yo‘l qo‘yishmadi”¸ deb yozdi “Faxriy temiryo‘lchi” taxallusi bilan yozayotgan bloger.
Metro qurilishidagi o‘pirilishlar va jamoatchilik xavotirlari
2019 yil 18 dekabr kuni Yunusobod metro yo‘li qurilishida ro‘y bergan yer o‘pirilishi oqibatida 6 odam nobud bo‘ldi.
Bu fojia arafasida Ozodlik qurilishda malakasiz ishchilarning majburiy mehnatga jalb qilinayotgani haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilgan edi.
Fojiadan so‘ng Ozodlik aniqlagan ma’lumotlar¸ qurbonlarning metro qurilishida ishlashga na malaka va na ruxsatnomasi bo‘lgan viloyatdan kelgan mardikorlar ekanini ko‘rsatgan edi.
Ammo metrodagi fojia sabablarini o‘rgangan maxsus hukumat komissiyasi¸ hodisaga xandak qiyalik devorini mustaxkamlash ishlari jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, loyihadan chetlanish holati” sabab bo‘lganini qayd qildi. Qurilish loyihachisi va pudratchilardan birortasi javobgarlikka tortilmadi.
Ayni paytda¸ bu fojia ortidan¸ Yunusobod metro liniyasidagi yangi stansiyalarni ishga tushirishni avval aytilgan Yangi yilga topshirish rejasi noma’lum muddatga kechiktirildi.
Joriy yilning 3 fevral kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari”(O‘TY) “Do‘stlik-Qo‘yliq” yo‘nalishidagi yer usti metrosining 6 ta bekati qurib bitkazilganini ma’lum qildi.
Ayni shu kuni Ozodlikka ”qurib bitkazilgan uchastkada katastrofalarga olib keladigan temir-beton konstruksiyalardagi kamchiliklar” tasviri deb taqdim etilgan suratlarda yer usti metrosi qurilishidagi oddiy ko‘zga ko‘rinib turgan kamchiliklar aks etdi.
Bu suratlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqab¸ qizg‘in muhokamaga sabab bo‘ldi. 14 avgust kuni Ozodlik gaplashgan Toshkent metropoliteni mulozimiga ko‘ra¸ bu suratlar tug‘dirgan xavotirlar ortidan yer usti metrosini ishga tushirish¸ avval belgilangani kabi¸ Navro‘z bayramidan kechiktirilgan.
“Imenno shu suratlar chiqqandan keyin komissiya qurilishni qattiq nazoratga olib¸ borib kamchiliklarni ko‘rsatib¸ o‘sha joyda ustranit qilib¸ kamchiliklarni to‘g‘rilatishdi. Shungayam kechikdi ekspluatatsiyaga topshirish. Komissiya qabul qilib olsa¸ demak xavf qolmadi¸ degani bo‘ladi. Bu yerda nafaqat metropoliten xodimlari¸ balki qancha xalq¸ odamlar haëti xavfsizligi turibdiku! Sardobani ham aynan metroni qurgan “O‘zbekiston temir yo‘llari qurganini¸ bu inshootni ham hukumat komissiyasi qabul qilib olganini bilamiz. Faqat¸ shuncha fojiadan keyin to‘g‘ri xulosa qilishgandir¸ deb umid qilamiz¸ xolos”¸ dedi metropoliten mulozimi.
14 avgust kuni Ozodlik yer usti metrosi qurilishidagi kamchiliklarning qanchalik bartaraf etilganini aniqlash maqsadida¸ bu qurilishni bevosita ko‘rish imkoniga ega toshkentlik muhandislardan biri bilan bog‘landi.
“Fevral oyida tarqagan suratlardagi kamchiliklarni tuzatishdi¸ deb bo‘lmaydi. Bu rasmlar chiqqanidan ko‘p o‘tmay¸ konstruksiyadagi yoriqlar ustiga shpaklevka surib chiqishdi¸ bo‘ldi”¸ dedi bu kuzatuvchi.
Joriy yilning 22 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda qurib bitkazilgan aytilgan yer usti metrosi estakadasi ustunlari yaqinida yer o‘pirilgani aks etgan suratlar tarqadi.
Bu suratlarga izoh bergan bosh quruvchi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ hodisaga tuproq o‘pirilishiga diametri 1200 mm bo‘lgan suv quvuri ustiga o‘rnatilgan P shaklidagi beton plitaning sinishi sabab bo‘lganini ma’lum qildi.
Ayni paytda kompaniya:
- Fuqarolarimiz hodisaning qurilish olib borilayotgan halqa metro tarmog‘iga ta’sir ko‘rsatishi haqida xavotirga tushishlariga asos yo‘q. Hodisa joyi bilan qurilayotgan yer usti estakadasi tayanch ustunlari o‘rtasida 10 metr masofa bo‘lib, mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, obyektga xavf tug‘dirmaydi, deb bayonot berdi.