Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:35

Namanganda ota-onalardan o‘qishga kirolmagan farzandini ishga joylash haqida tilxat olinmoqda


Namangan, Yangiqo‘rg‘on tumani. Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda 2020 yilning birinchi choragida ishsizlik darajasi 9,4 foizni tashkil etgan.
Namangan, Yangiqo‘rg‘on tumani. Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda 2020 yilning birinchi choragida ishsizlik darajasi 9,4 foizni tashkil etgan.

Namangan viloyatining barcha maktablarida yig‘ilishlar o‘tkazilib, ota-onalardan "farzandim o‘qishga kirolmasa yoki o‘qish kontrakt pulini to‘lay olmasam, uni ish bilan mashg‘ul qilishga kafolat beraman", degan mazmunda tilxatlar yozdirib olinmoqda.

Namanganlik ota-onalar Ozodlikka yetkazgan bu xabarni Namangan viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi mulozimi tasdiqladi.

Ayni paytda O‘zbekiston xalq ta’limi vazirligi rasmiysi maktablarga ota-onalardan bunday mazmunda tilxatlar olish bo‘yicha ko‘rsatma berilmaganini aytdi.

O‘zbekiston prezdenti Shavkat Mirziyoyev 14 iyulda bo‘lib o‘tgan videoselektor majlisda bu yil maktablarning qariyb yarim million bitiruvchisining yarmi bandligini ta’minlash zarurligi haqida gapirgan edi.

Namanganning To‘raqo‘rg‘on tumanida farzandi bu yil maktabni bitirgan Ulug‘bek Norqo‘ziyev Ozodlik bilan suhbatda 24 avgust kuni maktabda yig‘ilish o‘tkazilib, ota-onalardan "oliy o‘quv yurtiga kirolmagan farzandimni ish bilan mashg‘ul qilaman" mazmunda tilxat olingani va o‘zi ham shunday hujjatga imzo chekkanini aytdi:

- Bolalar bekor qolib turli guruhlarga qo‘shilib ketmasin, Rossiyaga ketib qolmasin, deyishyapti-da. Shu haqda tayyor yozilgan tilxatni berib chiqishdi, bolasining ismi, o‘qiydigan sinfini kiritib, "men bolamni ishga joylashishiga o‘zim ko‘maklashaman, ish topilmasa o‘zim kichik biznesni yo‘lga qo‘yib, ish bilan mashg‘ul qilaman", deb tilxat yozdirib olishdi.

Namanganning Uychi tumanida yashovchi Xalima Yo‘ldosheva ham shunday mazmunda tilxat yozgan.

Yo‘ldosheva agar qizi o‘qishga kirolmasa yoki kontrakt pulini to‘lay olmasa qiziga kredit olib parnik qilish yoki chevarxonaga kirib ishlashini ta’minlashni zimmasiga olgan.

Namangan vilolyati, Uychi tumanidagi maktablarda ota-onalardan o‘qishga kirolmagan farzandlarini ishga joylash haqida tilxat olingan.
Namangan vilolyati, Uychi tumanidagi maktablarda ota-onalardan o‘qishga kirolmagan farzandlarini ishga joylash haqida tilxat olingan.

Namangan viloyat Xalq ta’limi boshqarmasining ismini aytmagan mulozimi yoshlarning ishsiz qolib ketishining oldini olish va muammoga ota-onalar e’tiborini jalb etish uchun shunday ishga qo‘l urilganini aytarkan, bunday dedi:

- Oliy o‘quv yurtiga kira olmagan yoshlar ko‘p hollarda bekorchiga aylanib qoladi. Farzandlari muammosiga bee’tibor qaraydigan ota-onalar ham bor. Bekorchidan hudo bezor, deyishadiku! E’tibor qaratmasak bekorchilikdan yoshlar har xil guruhlarga qo‘shilib ketishi mumkin. Shularni ota-onalarga tushuntiryapmiz, mabodo o‘qishga kirolmasa yoshlar bekor qolib ketmasin, deyapmiz xolos.

O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi rasmiysi bilan suhbatdan ota-onalardan bunday tilxatlar olish bir viloyat darajasidagi tadbir ekani anglashiladi.

Vazirlikning ismi ochiqlanmasligini istagan rasmiysi Ozodlikka maktab bitiruvchilarni ishga joylash haqida ularning ota-onalaridan tilxatlar olish bo‘yicha ko‘rsatma berilmaganini aytdi:

- Bizdan bunaqa topshiriq bo‘lgani yo‘q.

Xalq ta’limi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bu yil umumta’lim maktablarini 450 mingdan ziyod o‘g‘il-qiz tamomladi.

O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlaridagi joylar soni soni esa 70 mingdan ko‘proqni tashkil etadi.

85 ming maktab bitiruvchisini kasb-hunar kollejlari bag‘riga olishi mumkin.

Qolgan o‘quvchi qayerga boradi?

O‘zbekiston prezdenti Shavkat Mirziyoyev 14 iyulda bo‘lib o‘tgan videoselektor majlisda aynan shu savolni ko‘ndalang qo‘ygan edi.

– Qaysi hokim bu masalada bosh qotirib, bitiruvchilar bilan shaxsan uchrashdi? Yosh o‘g‘il-qizlarimiz ertaga qayerga va kimga ish so‘rab murojaat qiladi? Hududda ular uchun ish o‘rinlari zaxirasi shakllantirilganmi? – degan edi Mirziyoyev.

O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasining shu yil may oyida e’lon qilgan hisobotiga ko‘ra, mamlakatda 2020 yilning birinchi choragida ishsizlik darajasi 9,4 foizni tashkil etgan.

Namanganlik bloger Abbos Asad ishsizlikni ota-onalardan tilxatlar olish bilan hal etib bo‘lmasligini aytarkan, dedi:

- Agar ish bo‘lsa yoshlarimiz Rossiyaga, Qozog‘istonga, Koreyaga ish izlab ketmasdi. Tilxat yozdirib oldi ham, deylik. Ish joyining o‘zi bo‘lmasa qanday ishga joylaydi? Mening fikrimcha, bu yerda asosiy muammo, oliy o‘quv yurtlarida joy kamligida. Hukumat hech bo‘lmaganda maktab bitiruvchilarining yarmini o‘qishga kirishini ta’minlab qo‘yishi ham mumkin edi. Oliy ta’lim olish imkonlarini kengaytirishi kerak. O‘qishni xohlasa, o‘qishlarni ochsin. Kirish imtixonlarsiz qabul qilish kerak. Iqtidorli bola o‘zi ishni topib oladi. Ahmoqona tilxatlar olishni yo‘q qilish kerak. Bu Sovet davridan qolgan narsa. Mahalliy hokimliklar ishsizlik muammosini hal etishning o‘rniga muammoni ota-onalarning bo‘yniga qo‘yib, tepaga quruq otchyotlar topshirish bilan band.

O‘zbekistondagi maktablarda ota-onalardan bu kabi tilxatlar birinchi marta olinayotgani yo‘q.

Ilgari O‘zbekistondagi ayrim maktablarda ota-onalardan "Farzandimning maktabga kelishi va ketishini nazorat qilishni o‘z zimmamga olaman", -degan mazmunda tilxatlar olingani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

Farg‘onadagi maktablarda ota-onalardan olingan tilxat.
Farg‘onadagi maktablarda ota-onalardan olingan tilxat.

Ikki yil avval Farg‘onadagi maktablarda ota-onalardan yoz oylarida farzandlarini otinoyi yoki mullaga shogirdlikka bermaslik haqida tilxatlar olingandi.

XS
SM
MD
LG