Orenburgdagi xorijliklarni vaqtincha saqlash markazidagi (SVSIG) migrantlar politsiya va qo‘riqchilar tomonidan kaltaklangani yuzasidan Orenburg oblast Tergov boshqarmasi jinoyat ishi qo‘zg‘atishdan bosh tortdi.
Bu haqda 25 avgustda bildirgan “Qiynoqlarga qarshi qo‘mita”ga ko‘ra, muhojirlarning kaltaklanishiga ular Internetga ulangan telefonlardan foydalanishga ruxsat berilmayotganiga qarshi chiqqani sabab bo‘lgan.
Orenburg viloyat Tergov boshqarmasi Ozodlikka mazkur hodisa yuzasidan tergovoldi surishtiruv olib borilgani va “politsiya xodimlari va qo‘riqchilar hatti-harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmagani”ni bildirdi.
Joriy yilning 26 iyunida Rossiyaning “Qiynoqlarga qarshi qo‘mita” tashkilotiga ikki muhojir: o‘zbekistonlik Zarifjon Mirzonazarov va qozog‘istonlik Gennadiy Tarasovlar yuridik yordam so‘rab murojaat qilgan edi.
Ularning so‘zlaricha, Orenburg viloyatining Alabaytal qishlog‘ida joylashgan Xorij grajdanlarini vaqtinchalik saqlash markazi (SVSIG) ma’muriyati migrantlarga Internetga ulangan telefonlardan foydalanishni taqiqlagan.
“Qiynoqlarga qarshi qo‘mita” tashkiloti matbuot xizmati rahbari Ivan Jilsovning Ozodlikka aytishicha, telefonlarni qaytarib berishni so‘ragan muhojirlar politsiya va qo‘riqchilar tomonidan ayovsiz kaltaklangan:
- Ma’muriyat “Shu kundan boshlab sizlarga Internetga ulangan telefondan foydalanishga ruxsat berilmaydi!”, deya konflikt vaziyat yuzaga keltirgan. Ular bu odamlarga xorijga yaqinlariga telefon orqali ulanish juda qimmatga tushishini bila turib shunday qilgan. Internet esa messenjerlar yordamida ularning yaqinlari bilan xabarlashib turishga imkon berib kelgan. Bunga javoban markazda saqlanayotganlar nazorat kameralariga qog‘oz yopishtirib chiqqan. 16 iyun kuni ma’muriyat bo‘ysunishni istamagan muhojirlarni “tarbiyalashga” politsiya maxsus bo‘linmasini chaqirtirgan.
“Qiynoqlarga qarshi qo‘mita” Ozodlikka taqdim etgan nazorat kameralaridan olingan videoyozuvda kameralardan biriga kaska kiygan politsiyachilar va rezinka tayoq ko‘targan markaz qo‘riqchilari kirib keladi.
Ular muhojirlarni kaltaklab, qo‘llarini qayirib olib chiqib ketayotganini ko‘rish mumkin.
Boshqa xonaga olib chiqilib, kaltaklangan o‘zbekistonlik Zarifjon Mirzonazarov va qozog‘istonlik Gennadiy Tarasovlar ularni kaltaklaganliklari yuzasidan politsiyachi va nazoratchilar ustidan Tergov qo‘mitasiga shikoyat arizasi bilan murojaat qilgan.
- Niqobdagi politsiyachilar bizni kaltaklab, qo‘llarimizni qayirishni boshladi. Ulardan biri yuzimga musht bilan tushirdi, yiqilganimdan keyin tizzasi bilan meni polga yotqizib, kishanladi va xonadan qo‘limni qayirib olib chiqdi... Meni va boshqa yigitlarni ular podvaldagi sportzalga tushirib, yerga yuzimiz bilan yotqizdi. Keyin Mirzonazarov Zarifni olib kelishdi va yotqizishdi. Ular kamida to‘rt marta oyog‘imga urishdi, - dedi Gennadiy Tarasov.
Zarifjon esa unga nisbatan qiynoq qo‘llanilganini bunday tasvirlaydi:
- Qora formadagi oxrana xodimlaridan biri dubinka tayog‘i bilan sababsiz 4-5 marta oyoqlarimga urdi. Men ularga bu noqonuniy ekanini gapirdim. Orenburgdan kelgan va markazda ishlovchi mayor esa, qo‘limni qayirib, kishan sola boshladi. Men yiqilganimdan keyin esa, u meni dubinka bilan savalashga tushdi.
Arizachilarga ko‘ra, mahbuslar bir soatdan ortiq sportzal polida yotgan, keyin ularni turg‘izib, yuzlari bilan devorga turishga majburlashgan. Shu tariqa ular yana bir soatcha turgan.
Mirzonazarov va Tarasovning aytishicha, keyinroq SVSIGga Belyayev tuman prokurori Maksim Tretyakov va uning yordamchisi kelgan, biroq ularning shikoyatlariga u “taftish o‘tkazishni” va’da qilish bilan cheklangan.
22 iyun kuni Belyaev tuman kasalxonasida Tarasov va Mirzonazarovlar tanasida “gematoma va jarohatlar” borligi qaydga olingan.
Bu hodisadan xabar topgan “Qiynoqlarga qarshi qo‘mita” mahalliy Tergov qo‘mitasiga shikoyat qilgan. Biroq, Orenburg viloyat Tergov qo‘mitasining Saraktash tergov bo‘limi katta tergovchisi Yuliya Izmestyeva bir oydan oshiqroq vaqt olib borilgan surishtiruv natijasida “jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga rad javobi berilganini ma’lum qilgan.
25 avgust kuni e’lon qilingan maxsus bayonotda “Qiynoqlarga qarshi qo‘mita” yuristi Sergey Babinets tergovni olib borgan xodimlar qo‘plab zaruriy amallarni o‘tkazmaganlikda, xususan Markazda saqlanayotgan boshqa guvohlarni so‘roq qilmaganlikda, videoyozuvlardagi faktlarni mutlaqo inobatga olinmaganlikda aybladi.
Ozodlik so‘roviga Orenburg viloyat Tergov boshqarmasida mazkur hodisa yuzasidan tergovoldi surishtiruv olib borilgani va “politsiya xodimlari va qo‘riqchilar hatti-harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmagani” bilan cheklanishdi.
Huquq faollari Xorijliklarni saqlash markazlarida Internetga ulangan telefon va smartfonlardan foydalanishga ma’muriyat qo‘ygan taqiq noqonuniy ekaniga ham e’tibor qaratishdi.
“Qiynoqlarga qarshi qo‘mita” rasmiysi Ivan Jilsov Ozodlik bilan suhbatda xorij grajdanlarini kaltaklash bilan bog‘liq hodisa ovoza bo‘lganidan keyin SVSIG rahbariyati, karantin cheklovlari mavjudligiga qaramasdan, u yerda saqlanib turgan va kaltaklanishga guvoh bo‘lgan barcha muhojirlarni o‘z yurtlariga deportatsiya qilib yuborgan.
- Shunga qaramasdan, biz tergov olib borilishini talab qilib boramiz. Markazdagi oylab yotganlar talablari bajarilmagani, usiz ham stress holatida bo‘lgan bu odamlarni kaltaklanishi yuzasidan chiqarilgan tergov qarori ustidan shikoyat qilishni davom etamiz va yangi tergov boshlanishiga ishonamiz, deya xulosa qildi “Qiynoqlarga qarshi qo‘mita” rasmiy vakili.
Ozodlik aniqlashicha, 2016 yilning sentabri oxirlarida Alabaytaldagi SVSIGda 100dan ziyod mehnat migranti bir hafta davomida ovqat yeyishdan bosh tortib kelgan. Ular ham markaz ma’muriyati chiqargan mobil telefonlardan foydalanishga qo‘ygan taqig‘iga javoban ochlik e’lon qilgani va nihoyat bu cheklov olib tashlangani ma’lum bo‘ldi.
Alabaytal qishlog‘idagi SVSIG 100 ortiq odamni saqlashga mo‘ljallangan. Unda 18 ta 2-10 kishilik kameralar mavjud. Deportatsiya markazidagi muhojirlarni 70 dan ziyod xodim nazorat qiladi.