Qashqadaryo viloyat, Kasbi tumanida mehnat qilayotgan namanganlik dehqonlar etilgan qovunini ichki va tashqi bozorga sota boshladi.
Dehqonlar qovunini ichki bozorga chiqartirmaslik uchun Kasbi tumani hokimligi IIB xodimlarini poliz boshiga qorovul qilib qo‘ygani haqida Ozodlik 22 avgust kuni xabar bergan edi.
Ozodlik gaplashgan dehqonlar o‘nlab tonna qovun-tarvuz bozorga chiqarilmay, chirib ketayotganini bildirgan edi.
Tuman hokimi dehqonlar mahsulotini daladan chiqarmaslik haqida farmoyish berganini tan olgan va buning sababini dehqonlar eksport rejasini bajarmaganligi bilan izohlagandi.
Dehqonlarga homiylik qilgan kosonlik Islom Izomovning aytishicha, Ozodlikka maqola chiqqan kunning ertasigayoq hokimlikdan mas’ul shaxslar kelib, dehqonlar qovun-tarvuzlarini ichki bozorda bemalol sotishi hamda xorijga eksport qilishi mumkinligini aytgan:
“Ozodlikda maqola e’lon qilngan kunning ertasi barcha militsiya xodimlari daladan chiqib ketdi. Ichki ishlar xodimlari biz noto‘g‘ri aralishibmiz, dedi. Vodiydan, Toshkentdan xaridorlar kelib qovunlarni olib ketishyapti. Qovunimiz o‘n kuncha turib qoldi, sal arzon bo‘lsa ham dehqonlar sotishyapti. Hokimiyat eksport qilmayapsan deb, sottirgani qo‘ymagan edi. Pishgan qovunlarni eksportga hech kim olmaydi-da. Lekin bir-ikki fura ko‘krog‘ini saralab olib eksportga ham sotishdi”.
Namangandan kelib Kasbida dehqonchilik qilayotgan Akmal Sobitovning aytishicha, suv taqchil bo‘lgani sababli hosilning asosiy qismi yetilmay qolgan bo‘lsa-da, qolgan qovunni ichki bozorda sotishga to‘sqinlik qilingani ularni batamom bankrot qilar edi:
“Melisalar, ketdi yo‘llar ochildi. Suv bo‘lmay ancha rasxodga tushyapmizu, agar shuni ham qo‘yishmaganda tamoman mazamiz qochardi. Rossiyaga qovunni saralab, bitta fura chiqazivordik, qolganini bozorga olib chiqyapmiz. Bizning 10 ta furadan ortiq mahsulot chiqarish xomcho‘timiz bor edi. Lekin, suv yetkazib berisholmadi. Dala qaqrab yotganini o‘tgan safar videoda ham ko‘rsatgan edim. 2 moshina uzilgan qovunimizni hokim bozorga chiqarmay uch kun ushlab o‘tirdi, qanchasi chiridi. Eksport qilasan, deydi, axir pishgan qovunni hech kim eksportga olmaydi desak ham, ko‘nmaydi. Yaxshi ham sizlar yozgandan keyin ruxsat berdi”.
Kasbi tuman hokimi To‘xtamurod Mengliyev 22 avgust kuni Ozodlik bilan suhbatda dehqonlar mahsulotini daladan chiqarmaslik haqida farmoyish berganini tan olgan va dehqonlarga amaliy yordam berishini bildirgan edi:
- Bahodir va Hasanboy ismli namanganlik tadbirkorlar yil boshida kelishgan edi. Ular bilan eksport qilish rejasi belgilangan va bitim tuzilgan. Biz shudgorlangan yerni ularga ajratib berdik. Tumanning eksport rejasi bor, 3 million 600ming dollar. Bugun reja bajarilmasa, biz qoloqlikka yo‘l qo‘yamiz. O‘sha qovunni saralab, eksportga chiqarish kerak, muammosi yo‘q. Belgilangan rejani bajarish kerak. Suv vaqtida berilgan. Albatta, u yerda mehnat qilgan dehqonlar bor, men ularning mehnatini kuydirmoqchi emasman, Albatta qo‘ldan kelgancha qonun doirasida amaliy yordam chorasini ko‘ramiz.
Dehqonlarning aytishlaricha, ular shu kunlarda qovunning ikkinchi hosilini terib olishga, eksportbopini eksport qilishga, pishganini esa ichki bozorda sotish harakatini qilmoqda.