Линклар

Шошилинч хабар
16 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:35

Belarus muxolifati lideri YeIni Lukashenkoga qarshi chora ko‘rmayotgani uchun tanqid qildi


Pavel Latushko (suratda) BelarusTashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi hamda Madaniyat vaziri bo‘lib ishlagan.
Pavel Latushko (suratda) BelarusTashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi hamda Madaniyat vaziri bo‘lib ishlagan.

Belarus muxolifati liderlaridan biri Pavel Latushko Yevropa Ittifoqini demokratiyani qo‘llash burchini bajarishga hamda avtoritar prezident Aleksandr Lukashenko hukmronligini uch oyga cho‘ziluvchi o‘tish muddatidan keyin tan olishni to‘xtatishga chaqirdi.

Latushko 10 sentabr kuni Pragada Ozodlik radiosiga bergan intervyusida:

«Bu Belarus jamiyati uchun muhim va zarur signal. Bayonotlar bilan cheklanish davri vaqti allaqachon o‘tib ketdi. Chora ko‘rish vaqti keldi», dedi.

Belarus hududini diplomatik avtomobilda tark etgan Latushko 10 sentabr kuni Chexiya tashqi ishlar vaziri bilan uchrashib, Belarus masalasida YeI deklaratsiyasini muhokama qildi.

Belarus elchisi o‘laroq ishlagan Latushko muxolifat tuzgan muvofiqlashtirish kengashi a’zosidir. Kengash o‘tgan oyda o‘tkazilgan saylov ortidan Belarusda yuzaga kelgan siyosiy bo‘hronga tinch yechim topish maqsadida tuzilgan.

Kengash Yevropa Ittifoqini 5 noyabrdan keyin Lukashenko legitimligini tan olishni to‘xtatishga chorlamoqda. Belarusni 26 yildan beri boshqarib kelayotgan Lukashenko saylovda 80 foiz ovoz to‘plab, g‘alaba qozonganini iddao qilmoqda.

Latushko Polsha va Litva allaqachon bunday deklaratsiya imzolashni qo‘llaganini, Chexiya ham shunday qilishi kerakligini aytdi.

Ammo muxolifatchi «uchinchi davlatlar geosiyosiy xavotirlari» tufayli Yevropa bir fikrga kelolmayotganini ta’kidladi. Latushko bu bilan Lukashenkoni qo‘llayotgan Rossiyani nazarda tutgani ehtimol.

«Yevropa Ittifoqi bizga yo‘l ko‘rsatdi, demokratiyani o‘rgatdi. Endi yordam berish vaqti keldi», dedi muxolifatchi.

Latushko YeI chora ko‘rishi uchun «yana qancha zo‘ravonlik talab qilinishini» so‘radi.

9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan saylov ortidan yuz minglab belarus norozilik namoyishlarida qatnashdi.

Namoyishchilar Lukashenko iste’fosini, siyosiy mahbuslarni ozodlikka chiqarishni hamda adolatli va ochiq saylov o‘tkazishni talab qilmoqdalar.

Lukashenkoning namoyishlarni hibsga olishlar va zo‘ravonlik bilan to‘xtatishga qaratilgan urinishlari samara bermadi. Keyingi oy ichida minglab odam qo‘lga olindi, yuzlab odam qiynoqqa tutildi.

Qo‘lga olinganlar orasida Muxolifatni muvofiqlashtirish kengashi a’zolari ham bor.

7 sentabr kuni kengash a’zosi Mariya Kolesnikova niqobli shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketildi va keyinroq «hokimiyatni qo‘lga olishga qaratilgan chaqiriqlari» uchun qo‘lga olindi.

Yetti nafar a’zoga ega kengash prezidiumining aksar a’zosi qo‘lga olindi yoki Belarusni tark etdi. Avvalroq Belarus Tergov qo‘mitasi Latushkoni so‘roq qilgan edi.

Belarus Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi hamda madaniyat vaziri o‘laroq ishlagan Latushko Ozodlikka bergan intervyusida namoyishchilar qiynoqqa tutilgani aks etgan tasvirlarni ko‘rganidan keyin muxolifatga o‘tganini aytdi.

Uning bu qarori Lukashenko g‘azabini keltirdi.

Latushko Lukashenko tinch tarzda lavozimini tark etmasligini aytdi. Shunday bo‘lsa-da, muxolifatchi namoyishlar avtoritar prezidentga ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi.

«Hokimiyat apparati unga qarshi ekanligini tushunib turibdi», dedi Latushko prezideni haqida.

Ammo Rossiya Lukashenkoni qo‘llashda davom etmoqda.

Latushko Kremlning Lukashenkoni qo‘llash siyosati pirovardida muvaffaqiyatsizlikka uchrashini bashorat qildi.

«Rossiya Belarusda o‘rta muddatli strategik manfaatlarga ega bo‘lsa, ertangi kunda hokimiyat tepasiga keladigan odamlar bilan muloqot qilish kerakligini anglab yetishi kerak. Ular Lukashenkoning vaqti bitganini yaxshi biladilar», dedi Latushko.

XS
SM
MD
LG