Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:43

Shahrisabz Davlat muzey-qo‘riqxonasi eksponatlari qalbaki emasligini aniqlash maqsadida tekshiruv boshlandi


Muzey xodimlari yangi eksponatni ko‘zdan kechirmoqda
Muzey xodimlari yangi eksponatni ko‘zdan kechirmoqda

Shahrisabz Davlat muzey-qo‘riqxonasida namoyish qilinayotgan eksponatlar haqiqiyligi¸ ko‘rgazmadagi mulyaj va tasviriy kontentning sifatini tekshirish uchun maxus komissiya joriy xafta boshida ish boshladi.

Komissiya a’zolaridan birining Ozodlikka bildirishicha¸ O‘zbekiston madaniyat vazirligi komissiyasi tekshiruvning ilk kunidayoq "Amir Temur hayoti va faoliyati" ekspozitsiyasidan o‘rin olgan uchta mulyajni o‘ta sifatsiz deb topgan.

Muzey direktori Nabi Xushvaqtov Ozodlik bilan suhbatda “ba’zi eksponatlar quyoshda o‘ngmasin deb nusxasi qo‘yilganini” aytdi.

Shu bilan birga Nabi Xushvaqtov " Amir Temur hayoti va faoliyati"da namoyish qilinayotgan eksponat va mulyajlar sifatsiz tayyorlanganligi borasidagi e’tirozlarda jon borligini aytdi.

“Original eksponatlarnig kopiyasi bo‘lgan mulyajlar tanqid qilindi. Bu tanqid qilingan eksponatlar boshqatdan ko‘rib chiqilyapti. Vazirlikdan komissiya keldi. Mutaxassislar ishtirokida tekshiruv boshlandi. Ko‘rgazma eksponatlalrini tanqid qilgan xunarmand Shohrux Temirovni ham chaqirishdi. Tanqidlarda jon bor. Hozir barcha kamchiliklar bartaraf etilmoqda” dedi Nabi Xushvaqtov.

Qashqadaryolik hunarmand va osori atiqalar kolleksioneri Shohrux Temurov joriy yilning 2 sentabrida Ozodlikka murojaat qilib Shahrisabz Davlat muzey-qo‘riqxonasi " Amir Temur hayoti va faoliyati "ekspozitsiyasidan o‘rin olgan eksponatlar haqiqiyligi va yasalgan mulyajlarning sifati borasida e’tiroz bildirgan edi. Joriy oy boshida Ozodlik muxbiri bu yuzadan O‘zbekiston madaniyat vazirigi vakiliga savol berganida vakil “bu masala jiddiy” o‘rganilishini aytgan edi.

Joriy yilning iyun oyida esa mahalliy matbuot Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Shahrisabz davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh direktori nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida ëzgan edi.

Mahalliy nashrning Bosh prokuratura matbuot xizmatiga tayanib yozishicha, muzey-qo‘riqxonada 62,9 million so‘m byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingan va Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish) 2-qismi «g» bandi va 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Muzey direktori, tarix fanlari nomzodi Nabi Xushvaqtov Ozodlik muxbiri bilan 15 sentabr kungi suhbatda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Shahrisabz shahar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tganligini tasdiqladi va sud hukm chiqargunga qadar hech kim uni aybdor deyishga haqli emasligini ta’kidladi.

Ozodlik muzey ekspozitsiya taqdimotini jiddiy tanqid ostiga olgan xunarmand Shohrux Temirov bilan ham suhbatlashdi.

Temirovning aytishicha¸ muzeyda o‘q o‘tmas oyna va signalizatsiya qurilmasi nazoratida saqlanayotgan Amir Temur ordeni aslida rangli qog‘ozga print qilingan nusxa xolos:

“Ko‘rgazmaga qo‘yilgan va Amir Temir yotgan 14 asr buyumi deya taqdim qilingan beshik va uning ustiga o‘rnatilgan parcha mato bor-yo‘g‘i hozir bozorda sotilayotgan buyumdir xolos. Amir Temur davri keramik koshinlari deya taqdim qilingan eksponat esa skotchga o‘xshash yopishqoq yelim tasmaga print qilingan zamonaviy bezak ashyosi xolos. Oliy darajadagi saviyasizlik bilan ishlangan va Amir Temur qilichi deya taqdim qilingan o‘yinchoqlar bilan bog‘cha bolalarini ham alday olmaysiz. Amir Temur askari deya taqdim qilingan mulyajning naqadar uquvsizlik bilan yasalganii aytishga tilim bormaydi. 21 asrdagi tikuv mashinalarida tikilgan sharvar kiygan bu “askar”lar tasviri bilan kimni aldaymiz?"

Muzey eksponati
Muzey eksponati

Shahrisabz Davlat muzey-qo‘riqxonasi direktori ko‘rgazmaga qo‘yilgan eksponatlar sifati borasidagi tanqidlarni qisman to‘g‘ri deb atadi:

“Shohrux Temirov tanqidi muzeyda ilmiy yordamchi material sifatida turgan mulyajlarni zamon talabiga mos ravishda emasligidan iborat¸ Bu muammo pul bo‘lsa to‘liq bartaraf etilishi mumkin. ammo pandemiya davrida muzeyga umuman sayohatchi kelmadi va tabiiyki, pul xam tushmadi. davlat tomonidan esa eksponatlar sotib olish uchun mablag‘ byudjetda nazarda tutilmagan. Temuriylar davri askarining mulyaji sifatsiz degan gapga qo‘shilaman. Biz qo‘limizdan kelganicha davlatdan pul olmay bu mulyajni sifatsiz bo‘lsa ham yasab ko‘rgazmaga qo‘ydik. O‘zbekistonda mulyaj yasaydigan korxona yo‘q. Sifati o‘rta darajada bo‘lgan bir dona mulyajni taërlash uchun Rossiya yoki Xitoydagi ustaxona 7000 AQSh dollari so‘radi. Bu mablag‘ bizda yo‘q.”

Muzeyda original eksponatlar bor

Muzey direktorining aytishicha, ekspozitsiya va fondda original eksponatlar talay:

"Ekspozitsiya ish boshlagan 2016 yilda 366 dona original eksponat¸ 111 dona mulyaj va to‘rtta kopiya ko‘rsatilgan. O‘zi dunyoda Amir Temur shaxsiga oid ikkitagina narsa saqlangan: Amir Temurning muhri AQSh muzeyida saqlanadi. Ikkinchisi - Amir Temurning qilichi. U Tehron muzeyida saqlanadi. Bizning muzeyda esa Sohibqiron buyrug‘i bilan 14 asrda Shayx Shamsiddin kulol maqbarasiga ishlangan eksponat bor“.

Amir Temur maqbarasi
Amir Temur maqbarasi

Turkiston hududi 1715–1897 yillar orasida Rossiya tomonidan birin-ketin ishg‘ol etilgan paytda temuriylar davriga oid qadimiy qo‘lyozma kitoblar va boshqa nodir ashyolar Rossiyaga tashib ketilgan.

Xususan¸ Usmon mushabi deya tanilgan Qur’oni karim qo‘lyozmasi¸ Buxoro va Xiva xoninining fil suyagidan ishlov berilgan oltin taxti harbiy o‘lja sifatida imperiya poytaxtiga olib ketilgan edi.

Bu talonchilik sovet davrida ham davom etdi. Bolsheviklar Buxoroning 12 ta darvozasidagi oltin xalqalar va Xiva minoralari qubbalarning oltin hilollarini musodara qilishgan.

Amir Temurning Rossiyadagi izi

Rossiyaning Sverdlovsk viloyati o‘lkashunoslik muzeyida Amir Temur maqbarasidan 1868 yili sindirib olingani aniqlangan naqshin marmar parcha 2015 yildan beri doimiy namoyish qilinmoqda.

Sverdlovsk o‘lkashunoslik muzeyidagi bu taqdimotni amalga oshirayotgan tarixchi Vladimir Bikodorovning Ozodlikka aytishicha¸ 100 yil mobaynida muzey fondida ko‘zdan panada turgan bu osori atiqa 2015 yili fond inventarizatsiyasi paytida yuzaga chiqqan:

- Amir Temur maqbarasini o‘rab turgan naqshinkor marmar to‘sinning bu parchasi muzeyimiz xazinasida mavjudligini 2015 yili aniqladik. Yetti mingdan ziëd eksponatlar qayta tekshirilganida¸ Amir Temur sag‘anasining marmar bo‘lagi chiqdi. Tekshirib qadimiyligini aniqladik. Topildiqning muhimligi - uning noëbligida. Bizdagi sag‘ana to‘sig‘i bo‘lagi original. Samarqanddagisi esa qalbaki. 1950 yilda yasab qo‘yilgan zamonaviy panjara¸ xolos¸ deydi Sverdlovsk o‘lkashunoslik muzeyining maxsus loyihalar bo‘limi boshlig‘i tarixchi Vladimir Bikodorov.

Zamonaviy O‘zbekistonda ma’naviy padar sifatida ulug‘lanadigan Amir Temur maqbarasidagi to‘siq qalbakimi¸ degan savolni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi Tarix instituti va Toshkentdagi Temuriylar muzeyi mutaxassislariga berdik.

Ismi aytilishini istamagan mutaxassislar keyingi 30 yil mobaynida Amir Temur dahmasida ilmiy izlanishlar olib borilmaganini qayd etish bilan kifoyalanishdi. Ularga ko‘ra¸ Samarqand xalqaro turizm yo‘nalishiga kiritilgan 1960 yilda mavzoley restavratsiya qilingan va maqbara atrofidagi to‘siqning qalbaki ekani haqiqatga juda yaqin.

Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi mulozimi “Rosiyaga olib ketilgan osori-atiqalar haqida gapirmaslik talabi” borligini aytdi:

- Bizga bu haqda sukut saqlash vojibligini kattalar tushuntirgan. Bilsangiz¸ 1992 yili ikki davlat (Rossiya va O‘zbekiston) o‘rtasida imzolangan shartnomada tarixiy obidalar qaytarilmasligi kafolatlangan. Biz Eron muzeyida saqlanayotgan Amir Temur qilichi haqida gapira olamiz¸ lekin Rossiya muzeylarida saqlanayotgtan tariximizga oid osori-atiqalardan bahs qila olmaymiz¸ deydi suhbatdosh.

Oyligi oz muzey xodimi qanday qilib xazinani qo‘riqlaydi?

Muzey direktori Nabi Xushvaqtov muzeyga ekspozitsiyasini yaxshilash uchun davlat pul ajratmayotgani va oyliklar ozligi haqida ham gapirdi:

“O‘zbekistonda hammasi bo‘lib bir yarim ming muzey xodimi bor. Solishtirish uchun birgina Ermitaj muzeyida 12000 odam ishlaydi. O‘zbek muzeylarida ishlaëtgan xodimlardan faqat beshtasinigina ilmiy darajasi bor xolos. Nega? Chunki oylik oz. Men kabi fan nomzodi institutda ishlasa kamida etti yarim million so‘m oylik olyapti. Ilmiy darajasi fan nomzodi bo‘lgan muzey direktori esa bir million sakkiz yuz ming so‘m oylik olyapti. Chegarani qo‘riqlayotgan xodim sakkiz milion oylik oladi. Milliy boylikni qo‘riqlayotgan ilmiy xodim esa bir million uchyuzming. Tosh-tarozi buzilmadimi? O‘zbekiston muzeylaridagi 4 yarim millionta eksponatni ko‘z qorachig‘iday asrayotgan xodimga nega eng oz oylik maosh beriladi? To‘g‘ri muzey eksponatini o‘g‘irlayotganlar ham bor. Ammo ularga qarshi ichki kurash bor ichimizda. Safimizni tozalashga harakat qilyapmiz. Xalqaro muzeylar kengashi joriy qilgan etikaga rioya qilishimiz kerak. Demak muzey xodimi kontrabanda tovarlarini narxlashga arlashishi mumkin emas. Uyida kolleksiya to‘plashi mumkin emas. Birovning qo‘lidagi eksponatni narxlashi mumkin emas. Men o‘ylayman 99 foiz muzey xodimlari bunga amal qiladi.”

XS
SM
MD
LG