Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:43

Surxondaryo: Sement «temir yo‘lda tashilsin» degan buyruq ortidan 200 haydovchi ishsiz qoldi


Sherobodda ishsiz turib qolgan sementovozlar
Sherobodda ishsiz turib qolgan sementovozlar

Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida sement tashishga mo‘ljallangan 100 ta maxsus mashinaning 200 nafar haydovchisi ishsiz qoldi.

Bunga portland sement chiqaradigan yagona zavod mahsulotini maxsus sisternali «sementovozlarda» tashilmasin, degan og‘zaki buyruq sabab bo‘lgan.

200 nafar haydovchi, ularning vakillariga ko‘ra, kreditga olgan yuk avtomashinasi pulini to‘lay olmayapti.

Ozodlik suhbatlashgan hududiy mutasaddilardan biri og‘zaki taqiq ortida Bosh vazirning qudratli o‘rinbosarlaridan biri turganini iddao qildi, ammo o‘z iddaosini tasdiqlovchi dalil taqdim etgani yo‘q.

Ozodlik rasmiylardan ushbu iddao bo‘yicha izoh ololmadi.

Ishsiz qolgan haydovchilar prezidentga murojaat qildi

Ozodlikka yuborilgan videomurojaatda o‘ndan ziyod haydovchi yuk mashinalari fonida turganini ko‘rish mumkin.

Haydovchilar nomidan gapirgan shaxs sentabr boshidan buyon 200 kishi ishsiz qolganini aytadi:

«Transport vazirligidan odam kelib ketganidan beri shuncha haydovchi ishsiz, pulsiz o‘tiribmiz. Oilamizni boqolmayapmiz. Mashinani kredit to‘lovlarini yopolmayapmiz. Qancha bojxona to‘lovlari bor har bir texnikaga. 30 million so‘mdan foiz to‘lovi bor. Bizga prezidentdan boshqa odam yordam berolmaydi. Shavkat Miromonovich¸ qonun hamma yerda bir bo‘lsa kerak. Nega Sheroboddagi sementni mashina bilan tashish taqiqlanganu¸ boshqa viloyatlarda, masalan, Navoiy sement zavodida bemalol mashinalar tashiyapti? Samarqand va Jizzaxda ham sementni mashina tashiydi. Faqat Surxondaryoda sement faqat temir yo‘lda tashilsin, degan buyruqdan keyin moshinlar to‘xtab turibdi hammasi. Yo‘l tufayli deb moshinlarni to‘xtatib qo‘yibdi. Yo‘lni buzding, deb. Boshqa yuk mashinalari og‘ir yuk ortib kelib yuryapti-ku. Nega bizni taqiqlashdi?..»

Rasmiy taqiq yo‘q

O‘zbekiston Transport vazirligi Surxondaryo viloyati Avtomobil yo‘llari hududiy boshqarmasi mutaxassisining 21- sentabr kuni Ozodlikka bildirishicha¸ «sementovoz» yo‘lni buzadi, degan asosda "rasmiy taqiq mavjud emas".

«Sementovoz yo‘lni buzadi, degan cheklov hujjatlarda aks etmagan. Yuk mashinalarining har bir mostiga ko‘pi bilan 13 tonna yuk ortishga izn bor. Siz aytgan sementovozning pritsepida 3ta, tyagachida 2 ta most bor. Ja’mi beshta most. Bu mashina 65 tonna yuk olishi mumkin. Agar qo‘shimcha ikki old ballon qo‘yilsa, yana 7 tonna yukka joy bor. Ja’mi 72 tonna. Sherobod zavodi bitta mashinaga maksimum 50 tonna sement yuklaydi. Mashina og‘irligi bilan 60 tonnaga borishi mumkin. Bu og‘irlikdagi yuk mashinasi viloyat yo‘llarida yurmasin, degan cheklov yo‘q. Mayli, Surxondaryo issiq.Asfalt eriydi yozda. Shuni hisobga olib, cheklov o‘rnatilsa, yuk hajmini kamaytirish mumkin. Masalan 50 tonna emas, 40 tonna yuklanadi. Butunlay yurmasin, degan qonuniy cheklov yo‘q»,- dedi mutaxassis.

Og‘zaki buyruq

Sherobod sement zavodi realizatsiya bo‘limi xodimining Ozodlikka bildirishicha¸ sementni faqat temir yo‘l orqali tashish bo‘yicha buyruq og‘zaki tarzda berilgan.

«Sement yuklangan mashinalar yo‘llarni ezib tashlaydi, degan vaj bilan asoslandi. Hozir faqat vagonlarga yuklayapmiz», - dedi zavod xodimi.

O‘zbekiston transport vazirligiga aloqador mulozimning Ozodlik bilan suhbatda iddao qilishicha, «sementni faqat temir yo‘l orqali tashish buyrug‘i ortida Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari turibdi».

Matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi vajidan nomi tilga olinishini istamagan mulozimning iddaosini rasman tasdiqlashning imkoni bo‘lmadi.

Sherobod sement zavodi realizatsiya bo‘limi xodimining Ozodlikka bildirishicha¸sement og‘zaki buyruq asosida temir yo‘l vagonlariga ortilib, viloyat tumanlariga yuborilmoqda.

«Temir yo‘l vetkalari butun viloyatni qoplamagan. Shu bois sement Sheroboddan Boldir¸ Termiz. Jarqo‘rg‘ongacha temir yo‘l vagonida yetkazib berilyapti. U yerdan esa, baribir moshinga yuklab, kerakli joygacha yetkazilyapti. Ikki ish bo‘lyaptida endi. Viloyat bo‘ylab sementovozlarda sement tashish nisbatan arzon va qulay edi. Xozir sementovozlar bilan shartnomani to‘xtatganmiz. Odatda zavod bitta sementovozga 50 tonna yuk ortadi. Umum massa 60dan 75 tonnagacha boradi. Bu og‘irlikdagi moshin asfaltni ezg‘ilab yo‘lga zarar beradi deyishdi.

Sherobod sement zavodi oldida ishsiz turgan mashina
Sherobod sement zavodi oldida ishsiz turgan mashina

Beton sexlari to‘xtadi

Surxondaryodagi dalalarni sug‘oradigan beton ariq-lotoklar ishlab chiqaruvchi shirkatning o‘zini Egamnazar Panjiyev deb tanishtirgan rahbari Ozodlik bilan suhbatda ishi to‘xtab qolganidan shikoyat qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Sherobod sement zavodidan mashina bilan sement olib keltirish to‘xtagan 2 sentabrdan buyon shirkat ishlamayapti.

«Qimmatga tushib ketyapti. Vagonda Denovgacha obkelib beryapti. Denovda sementni yana mashinaga ortib sexga opkelishim kerak. Menga nevigodno bo‘lgani uchun lotok ishlab chiqarishni to‘xtatib qo‘ydim. Beton plita¸ bruschatka va briket g‘isht ishlab chiqaradigan sexlar ham to‘xtadi.» dedi tadbirkor.

Korrupsiya?..

Matbuotga gapirish vakolati yo‘qligini aytgan O‘zbekiston transport vazirligiga aloqador mulozimning ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka aytishicha¸ «sementni faqat temir yo‘l orqali tashish buyrug‘i ortida Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari turibdi»

«Yiliga 1,5 millon tonna portland sement ishlab chiqaradigan Sherobod zavodining butun maxsuloti temir yo‘l bilan tashilsin, degan istak ortida tor bir guruh manfaati turibdi. 30 km yerga mashina o‘rniga temir yo‘lda olib borilgan sement o‘ta qimmatga tushadi. Yuklash¸ tushirish va yana yuklash ishi. Dokumentatsiya. Aslida butun dunyoda qisqa masofaga yuk avtomobilda tashiladi. Ssementovoz sementni vakuum tizim orqali xo‘plab yuklagani uchun yuklash chiqimi yo‘q. Sherobod zavodi sementi esa viloyat ichidagi zavodlarga yetkazib beriladi. Boring ana 30 km uzoqdagi Afg‘onistonga ham. Umuman sementning asosiy xaridori Afg‘oniston. Aynan bu holatda Sheroboddagi sementning temir yo‘l orqali tashilishi mantiqqa zid va tannarxni oshiradigan ziyonli ish...»

Bir mashina 8 kishini boqadi

Mulozim yuk mashinalarida tashishning mamlakat iqtisodi va jamiyat uchun ahamiyatini ham tushuntirib berdi:

«Bir mashina 8 kishini boqadi. Bitta mashinani ikki haydovchi boshqaradi. Mashinalar yo‘lda yonilg‘i quyadi va moy almashtiradi. Bundan yo‘l chetidagi AYoQShlar manfaat ko‘radi. Mayda remont esa turklar "yon sanoat" deydigan jabhaning o‘lmay turishini ta’minlaydi. Haydovchilar ovqatlanadigan guzarlar va boshqa infrastrukturani aytmadim. Ikkinchidan, raqobat bo‘ladi. Sherobodda sement tashiydigan mashinalarning 90 foizi kreditga olingan. Ular shu kreditni yopay, deb tez va arzon xizmat ko‘rsatadi. Yana takrorlayman: tor guruh foyda ko‘rsin, deya sementni faqat temir yo‘lda tashish iqtisodga zarar beradigan xato qadamdir», - dedi mulozim.

Surxondaryodagi sement zavodi O‘zbekiston prezidentining 2016 yil 10 oktabrdagi qaroriga binoan “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2018 yil avgust oyida qurib bitkazilgan.

Zavod texnologik tarmog‘ini Turkiyaning “Dal texnik makina tigaret ve sanayi a.s.” firmasi amalga oshirgan.

Rasmiy matbuot portland sement ishlab chiqaruvchi viloyatdagi yagona zavod qurilishiga 212,8 million dollar sarflangani haqida yozgan.

XS
SM
MD
LG