“Oltin meros” xalqaro xayriya jamg‘armasi rahbari Amirqul Karim Ozodlik bilan suhbatda 12000 deb ro‘yxatga olingan madaniy meros obyektlaridan hozirgi kunda 9000 ga yaqini qolganidan tashvish bildirdi.
Suhbatdoshga ko‘ra¸ Yakkabog‘ markazidagi qadimiy «Chashma bo‘yi», «Sandaltepa», «Kindiktepa,» kabi o‘nlab tepaliklar vayron etilib, g‘isht zavodlari uchun xom-ashyo, tadbirkor uchun inshooot qurilishi, fermerlar uchun ekin maydonlariga aylantirilmoqda.
O‘zbekiston madaniyat vaziri o‘rinbosari Kamola Oqilova 22 - sentabr kuni «O‘zbekiston 24» kanaliga intervyusida «agar obidalarni buzib tashlash tendensiyasi davom etsa, O‘zbekiston madaniy meros obidalaridan butunlay mahrum bo‘ladi», deb aytdi.
Oqilova xonim ushbu ko‘rsatuvda Samarqand markazidagi YuNESKO himoyasiga olingan uyning buzib tashlanganligini tanqid qilib , «tarixiy binoni buzgan aybdorlarga albatta chora ko‘riladi» deya ta’kidladi.
Bundan oldin Madaniyat vazirligi Bosh prokuraturaga murojaat qilib, Samarqand shahar hokimiyati Amir Temur ko‘chasi, 14-uy buzilishi bo‘yicha tushuntirish berishini talab qilgan edi.
Ammo bino buzilishidan oldin Oqilova xonimning o‘zi "binoning tarixiy qiymati yo‘q" degan hujjatga imzo qo‘ygan.
Samarqand shahar, Amir Temur ko‘chasi, 14-uyda joylashgan bino 11 - sentabr kuni shahar Obodonlashtirish korxonasi va Majburiy ijro byuro xodimlari tomonidan buzib tashlangan edi.
Bu bino 2010 - yilgacha tarixiy arxitektura yodgorligi sifatida davlat himoyasida bo‘lgan, ammo Madaniyat va sport vazirligining 2008 - yildagi qarori bilan obidalar ro‘yxatidan chiqarilgandi. Qaror nushasi Ozodlikda bor. Qarorda nega obida ro‘yxatdan chiqarilganiga doir hech qanday asos ko‘rsatilmagan.
Ozodlik muxbiri Samarqand viloyati hokimligi va prokuratura huzuridagi Majburiy ijro mutasaddilar bilan suhbat asnosida Amir Temur ko‘chasi 13 - uy buzilishiga Madaniyat vazirligi izn berganligini aniqladi.
Ozodlikda nushasi bo‘lgan hujjatlarda aynan Madaniyat vazirligi mulozimlari «binoning tarixiy ahamiyati yo‘qligi» va buzish ishlari Vazirlar Mahkamasinig 911-sonli qaroriga binoan olib borilayotgani ta’kidlangan. Hujjatlardan birida Madaniy meros departamenti Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Qilichev o‘z rahbari¸ O‘zbekiston Madaniyat vaziri o‘rinbosari Kamola Oqilovaga Amir Temur ko‘chasidagi uy masalasida rasmiy so‘rov yo‘llaganini ko‘rish mumkin.
Hujjatda «Amir Temur ko‘chasidagi uyni buzish yoki buzmaslik haqida uzil-kesil qarorga kelishingizni so‘raymiz", deyilgan.
Bu so‘rovga 2019 - yilning 15 - oktabrida Madaniyat vaziri o‘rinbosari va Madaniy meros departamenti raisi Kamola Oqilova raisligida o‘tkazilgan Madaniy meros departamentining 4/1 - raqamli bayoni asosida, Oqilova imzosi bilan javob berilgan.
4/1 - raqamli bayonga ko‘ra, “Amir Temur ko‘chasidagi 14-uy “tarixiy qiymatga ega emas” deb topilgan¸ deyiladi rasmiy javobda.
Kamola Oqilova imzosi qo‘yilgan va uy egasini tamsil quluvchi faol Abdujabborovga yuborilgan yana bir maktubda ham “Amir Temur ko‘chasidagi 14 - uy madaniy meros emasligi” ta’kidlanadi.
Madaniy meros departamenti bosh inspektori F. Dovlatov imzo qo‘ygan va Madaniy meros departamenti Samarqand viloyat boshqarmasiga yuborilgan rasmiy maktubda esa, “Binoning tarixiy ahamiyat yo‘qligi bois uni buzish (snos) departament vakolatida emasligi” ta’kidlanadi.
Ozodlik suhbatlashgan Samarqand viloyati hokimligi mutaxassisi¸ “binoni buzish qaror qilingan yig‘ilishda Madaniy meros departamenti vakili Shuhrat Qilichev ishtirok etib, qarorga e’tiroz bildirmaganini ta’kidladi. Ozodlikda Qilichev imzo qo‘ygan bayonnoma nushasi bor.
Mulozim Ozodlikka taqdim qilgan hujjat bayonining 45 - bandida “Samarqand shahar hokimi, shahar 1-sektor rahbari (B.Oblaqulov) Samarqand shahridagi Samarqand Davlat tibbiyot institutiga qurilayotgan yangi bino yonidagi buzilishga tushgan obyektni qonunchilikda belgilangan tartibda buzilishini ta’minlasin" deya qayd etilgan.
Buzishni bevosita amalga oshirgan MIB mulozimi Ozodlik bilan suhbatda “buzishdan oldin bino oldida turgan Madaniyat vazirligi vakilidan yana bir bor buzishga qarshi emasmisiz?” deb so‘ralganini aytdi.
“Xozir hokimiyat va MIB obidalar buzg‘unchisi, degan mazmunda qoralash ketmoqda. Mana, videoni ko‘rin. MIB vakili Madaniy meros departamentinig Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Qilichevdan binoni buzma desang buzmaymiz, deb yana bir bor so‘raydi. Qilichev esa, indamay turdi. Sukut, bu - rozilik alomati. Bino buzilayotgan paytda Qilichev bemalol kuzatib turdi va hech qanday e’tiroz bildirmadi”, dedi MIB vakili.
“Oltin meros” xalqaro xayriya jamg‘armasi rahbari Amirqul Karim Ozodlik bilan suhbatda Madaniyat vazirligi Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish boshqarmasi faoliyatini tanqid qildi.
“Eng yomoni, bu holga hokimiyat organlari, soha mas’ullari obidalar vayron qilinishiga beparvo qarab turibdilar.”
(Amirqul Karim bilan suhbat asosida Qashqadaryodagi qadimiy obidalar vayron qilinganiga oid maqola xozirlanmoqda-tahr.)
"Jinoiy sukut"
O‘zbekistonlik me’mor va san’atshunos Abdumalik Turdiyev Ozodlik bilan suhbatda Amir Temur ko‘chasidagi 14-uy Madaniyat vazirligi muloziminng "jinoiy sukuti" fonida buzilganiga e’tobor qaratdi.
San’atshunos hodisani yozuvchi Gabriel Garsia Markesning “Oshkora qotillik qissasi”dagi manzaraga qiyoslaydi.
"O‘xshash manzara. Ikki yildan beri bu uy haqida matbuotda ham, ijtimoiy tarmoqda ham yoziladi. Vazirlik bilan yozishmalar ham bor. Uy ustida ekskavator chang solib turganini vazirlik juda yaxshi bilib turgan".
Uning aytishicha, binoni buzib, o‘rniga Tibbiyot instituti yotoqxonasi qurish bo‘yicha majlislarda Madaniyat vazirligi vakili muntazam qatnashgan.
"Uy egasini tamsil qilgan faol Maxsud Abdujabborov o‘nlab marta vazirlikka so‘rov yuborgan. Vazirlik bir xilda “uyning tarixiy qiymati yo‘q” deb yozib beravergan. Vazirlik vakili Qilichev esa, hokimiyat yig‘ilishida qatnashib, uy buzilishiga rasman rozilik bergan. Endi mana uy buzilganidan keyin Madaniyat vaziri o‘rinbosari Kamola Oqilova O‘zbekiston 24 kanaliga chiqib “tarixiy bino” edi, demoqda", deydi u.
San’atshunos "nega tarixiy bino bo‘lsa¸ buzilishidan oldin tarixiy qiymati yo‘q, deb yozib berdingiz, Kamola Boltaboyevna? Siz rahbar lavozimida ishlaydigan Madaniyat vazirligi obidalarni o‘zi buzishga izn berib, keyin dodlaydigan tashkilotmi?", deya vazirlik mutasaddisiga xitob qiladi.
Ozodlik san’atshunosning ushbu savolini O‘zbekiston madaniyat vazirligi matbuot xizmatiga yo‘lladi. Matbuot xizmati vakili bu savolga javoban "Madaniy meros departamenti Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Qilchev vazifasidan ozod qilinganligini bildirdi.
O‘zbekiston madaniyat vazirligi Madaniy meros departamenti Jizzax viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sundar Qoraboyev Ozodlik bilan suhbatda tarixiy binoning buzilishiga Madaniyat vazirligi ilmiy kengashi sababchi bo‘lganini aytadi.
"Aynan bu kengashning sust va qarorsizligi oqibatida tarixiy bino hammaning ko‘z o‘ngida bezbetlarcha buzildi. Vazirlik aybni o‘zidan izlashi lozim", - dedi Qoraboyev.
O‘zbekiston madaniyat vazirligi rasmiy saytida esa, biz javobini izlagan savollar turganligini ko‘rdik.
Javobi ichida bo‘lgan savollar
“Madaniyat vazirligi Samarqand shahar hokimiyatidan Amir Temur ko‘chasi, 14-uy buzilishi bo‘yicha tushuntirish berishlarini talab qiladi. (Vazirlik o‘zidan so‘rasa bo‘lardi - tahr.)
Madaniy meros departamenti ekspertlari tomonidan ushbu obyekt 2010 - yilda madaniy meros obyekti ro‘yxatidan chiqarilgan bo‘lsa ham? u tarixiy qurilish inshootning bir qismi hisoblanar edi. Nega Madaniyat vazirligi Amir Temur ko‘chasi, 14-uy obyektining buzilishi, shuningdek, u yerdagi buzilishlar haqidagi sud qaroridan xabardor qilinmadi?
(Bino egasini tamsil qilgan Maxsut Abdujabborov va Departamentning Samarqanddagi vakili Qilichev bu haqda bir necha bor vazirlikka yozgan-tahr.)
Madaniyat vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasiga 1990-2000-yillarda tarixiy obyektlarni qaysi sabablarga binoan ro‘yxatdan chiqarilgani bo‘yicha quyidagi so‘rovnoma asosida tekshiruv o‘tkazilishini so‘rab, murojaat qildi:
- Obyektlar nega ro‘yxatdan chiqarildi?
- Ushbu xulosalar kim tomonidan qabul qilingan? (Ozodlikda Madaniyat vazirligi ilmiy kengashi majlisining bayon nushasi bor. Xulosani Madaniyat vazirligi Madaniy Meros departamenti ilmiy kengashi qabul qilgan-tahr.)
- Xulosalar Madaniyat vazirligi va viloyat hokimiyatining qaysi rahbari tomonidan tasdiqlangan? ( Xulosaga Madaniyat vaziri o‘rinbosari Kamola Oqilova imzo chekkan-tahr.)
- Ro‘yxatdan chiqarilgan boshqa obyektlarning taqdiri nima bo‘lgan? (Buzib tashlangan- Ozodlikda Yunesko himoyasidagi kamida ikki binoning Samarqandda buzib tashlangani haqida hujjatlar bor-tahr.)
- Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi tomonidan Madaniy meros departamentining barcha viloyatdagi inspeksiyalari faoliyati, shu jumladan, Samarqand viloyati Madaniy meros boshqarmasining faoliyati ham o‘rganilib, madaniy meros saqlanilishiga nisbatan bir qancha qonunbuzarliklar aniqlandi. ( Bu qonunbuzarliklar haqida Ozodlik qator maqolalar e’lon qilgan-tahr.)
Madaniyat vazirligi ushbu qonunbuzarliklar uchun barcha aybdorlar va Samarqand viloyati Madaniy meros bo‘limidagi aloqador shaxslarning mazkur noqonuniy xatti-harakatlariga nisbatan javobgarlik chora-tadbirlari qo‘llanishini bildiradi.
Samarqand viloyati Madaniy meros boshqarmasi rahbari bino buzib bo‘lingach, Departamentga xabar bergan. (Noto‘g‘ri. Qilichevning Kamola Oqilovaga yozgan so‘rovi Ozodlikda bor. Bino buzilayotgani haqida buzilishidan ancha oldin Ozodlik maqola yozgan. Vazirlik matbuot xizmatiga savollar yuborgan. Bundan tashqari, faollar ham vazirlikka xat yozgan-tahr.)
Madaniyat vazirligi agar tarixiy obyektning buzilishi Madaniyat vazirligi roziligisiz Samarqand shahar hokimligi tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa, u holda, buzilishga oid mas’uliyatni shahar hokimligi o‘z zimmasiga olishi kerak, demoqda.
Shuningdek, vazirlik bunga aloqador shaxslar amalga oshirgan noqonuniy xatti-harakatlari uchun qonunda belgilangan tartibda jazolanishi shartligida aytgan. ( Lekin bino qayta tiklanadimi?-tahr.)
Ozodlik tarixiy obidalarning vayron etilishiga doir o‘z surishtiruvini davom ettiradi.