Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:36

Muhtoj oilalarni “Temir daftar”dan majburan chiqarish boshlandi


"Temir daftar"dan o‘chirilganlar qora qozonini qanday qaynatishni bilmay boshi qotyapti.
"Temir daftar"dan o‘chirilganlar qora qozonini qanday qaynatishni bilmay boshi qotyapti.

O‘zbekiston bo‘ylab moddiy yordamga muhtoj oilalar kiritilgan “Temir daftar” ro‘yxatidagilarni qisqartirish kampaniyasi boshlandi.

Ozodlikka bo‘lgan murojaatlarda muhtoj oilalar “Temir daftar”dan chiqarishni so‘rab, ariza yozishga majburlanayotganidan shikoyat qilishdi.

Mahalla vazirligi mulozimi "Temir daftar"dan chiqish uchun majburan ariza olish holatlarida mahalla raislarini aybladi.

“Temir daftar”dan majburan chiqarilganlar shikoyati

Qashqadaryo viloyati, G‘uzor shahri, Xo‘jaguzar mahallasida yashovchi Meyliyevlar oilasi muhtojligi sabab “Temir daftar”ga kiritilib, moddiy yordam olayotgandi.

Biroq oila bekasi 43 yashar Oydin Meyliyeva (Abirova)ning Ozodlikka aytishicha, bir hafta avval “Temir daftar”dan chiqarishni so‘rab ariza yozishga majbur qilishgan:

“Ikki bolamizga maktab uchun 500 ming so‘mdan beramiz deb chaqirishdi. 1 million so‘m bergach, “ariza yozib ketasizlar” deyishdi. “Temir daftar”dan chiqarishlaringizni so‘rayman. Ahvolim yaxshilandi deb yozib beringlar” dedi. Pul olishga borganlarning hammasidan ariza olishdi. Arizani bir-birimiznikidan ko‘chirib yozdik. Men “Ish bilan ta’minlangandan keyin chiqarilishi kerakku”, degandim, “Ish bo‘lsa, chaqiramiz”, dedi. Keyin mayli deb, yozib berib, qo‘l qo‘yib qaytdik”.

Er-xotin Meyliyevlarning ikkalasi ham ishsizlar ro‘yxatida bo‘lib, ularning voyaga yetmagan ikki farzandi bor.

Oila boshlig‘i 57 yashar Majit Meyliyev Ozodlik bilan suhbatda “Temir daftar”dan chiqarishlaridan norozi ekanligini aytdi:

“Xotinim yozib kelgan arizani qaytarib olish uchun ko‘p harakat qildim. Lekin qaytarib berishmadi. Bular prezidentning kambag‘allar sonini qisqartish talabini shu yo‘l bilan bajarishmoqda. “Falon odamni kambag‘allikdan chiqardik”, deb hisobot uchun qilishyapti bu ishlarni. Men sog‘ligim sabab og‘ir ishga ham yaramayman. Xotinim maktabda farroshlik qilib topgan puliga tirikchilik qilardik. Pandemiya sabab xotinim ham ishsiz qoldi”.

Meyliyevning qo‘shnilaridan biri anonim qolish sharti bilan aytishicha, uning oilasini ham majburan “Temir daftar”dan chiqarishgan:

“Ikki farzandimiz bor. Uchinchi bolamga homiladorman. Erim bozorda ishlardi, pandemiya deb ishsiz qoldi, hozir ko‘chama-ko‘cha yurib, kartoshka -piyoz sotib, zo‘rg‘a yeydigan nonimizni topyapti. “Temir daftar”dan majburan chiqarib tashlashdi. Buyog‘iga qanday kun ko‘rishimizni ham bilmaymiz”.

MFY raisi: Arizani o‘z xohishi bilan yozishdi

Xo‘jaguzar mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Zafar O‘ljayev Ozodlik bilan suhbatda “Temir daftar”dan chiqarish borasida ariza olinganini tasdiqladi, biroq bu fuqarolarning o‘z xohishi bilan amalga oshirilganini ta’kidladi:

“O‘z xohishi bilan yozyapti. Hech kimni majburlamadik. Odamlar “rahmat prezidentimizga” deb yozyapti. Davlatimizga, sektor boshlig‘imizga, mahallaga ham rahmat deyapti, viloyat hokimiga, tuman hokimiga rahmat deyapti. “Mana karantin ham ochildi. Endi hammamiz ishimizni qilsak bo‘ladi. Moddiy ahvolimizni o‘nglashga yordam berdi, rahmat” deb o‘z ixtiyori bilan yozishdi arizalarni”.

“Temir daftar”ga kiritilganlar jami soni 97 nafar ekanini aytgan Zafar O‘ljayev, ulardan necha nafari ro‘yxatdan chiqish haqida ariza yozganini ochiqlamadi.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:19 0:00
Бевосита линк

Mamlakat bo‘ylab

Ozodlik 25 - sentabr kuni mamlakatning turli hududlaridagi mahalla yig‘inlari bilan bog‘lanib, “Temir daftar”dan chiqarish ommaviy ravishda bo‘layotganini aniqladi.

Jumladan, Toshkent shahri, Sergeli tumanidagi Choshtepa mahallasida “Temir daftar”dagi 136 oiladan 45tasi ro‘yxatdan chiqarish haqida ariza yozgan.

Shayxontohur tumanidagi Suzuk ota mahallasida esa “Temir daftar”dagi 62 oiladan 29tasi xuddi shunday ariza yozgan.

“Temir daftar”dan o‘chirish haqida ariza yozgan toshkentliklar ham arizani o‘z xohishiga zid yozganini aytib, bunga norozilik bildirdi.

“Boquvchimizni yo‘qotganmiz. Uch bolam bor. O‘zim pandemiyadan avval ishlardim. Hozir ishsizman. Karantin payti berilgan yordam evaziga kun ko‘rdik. Buyog‘iga bolalarimni qanday boqishni bilmay boshim qotgan”, dedi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan toshkentlik ayol.

Chilonzor tumanidagi Botirma mahallasi faollaridan biri “Temir daftar”dan chiqarilganlar tomonidan noroziliklar bo‘layotganini tasdiqladi.

“Norozilik bitta bizning mahallada emas, hamma mahallada bo‘lyapti. Odamlarni tinchlantirishga harakat qilyapmiz. Ularni ham tushunish kerak. Ko‘pchilik bu kovid balosi sabab ishini yo‘qotdi. Lekin biz ham buyruqni bajaruvchimiz. Mahalla raisimizga ham bog‘liq emas bu. Hammasini sektor boshliqlari hal qiladi. Biz arizalarni sektorga jo‘natamiz. Ular arizalarni o‘rganib, javob berishadi”.

Mulozim: Mahalla raislari aybdor

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining Ozodlik bog‘langan mulozimi "Temir daftar"dan chiqish uchun majburan ariza olish holatlari bo‘layotganini inkor qilmadi.

"Hech kim hech kimni majburlashga haqqi yo‘q. Mahalla yig‘inlariga karantin tugagandan keyin odamlarni ish topishga targ‘ibot qilish aytildi. Faqat targ‘ibot-tashviqot qilish. Agar ish topsa, vaziyati o‘nglansa, ro‘yxatdan chiqariladi. Ayrim mahalla raislari ochko olish uchun o‘z fuqarolarini majburlash holatlari bo‘layotgani bor gap. Faqat bu ommaviy emas, ayrim joylardagina bor bu. Xabaringiz bor, "Temir daftar"dagilar uchun ajratilgan pullarni o‘zlashtirgan nopok mahalla raislari ham topildi. Kimki, noqonuniy harakat qilsa, jazosini olyapti", dedi matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab ismi ochiqlanmasligini so‘ragan vazirlik mulozimi.

O‘zbekistonda koronavirus karantini o‘rnatilishi ortidan, hukumat pandemiya davrida daromadini yo‘qotib, og‘ir iqtisodiy ahvolda qolgan oilalarni “Temir daftar” ro‘yxatiga kiritdi.

Ushbu ro‘yxatga kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan, yolg‘iz keksalar, doimiy ishsizlar, karantin tufayli ishsiz qolganlar va pandemiya sababli xorijdan qaytib ishsiz o‘tirganlar kabi jami 7 toifa kiritildi.

Karantin payti “Temir daftar”ga kiritilganlarga mo‘ljallangan moddiy yordamlarni tarqatish jarayonida ko‘plab janjallar va e’tirozlar kuzatildi.

Aholi shikoyatlari ko‘paygani ortidan, Bosh prokuratura va IIV “Temir daftar” ustidan nazorat kuchaytirilganini bildirdi.

Dastlab “Temir daftar” iborasi 3 iyun kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida tilga olindi.

Mirziyoyev ushbu daftarga kiritilganlarga nafaqat moddiy yordam berilishi, balki “Temir daftar”ga tushgan oilaning hech bo‘lmaganda bitta a’zosini joriy yilda ish bilan ta’minlab, shu orqali ularni muhtojlikdan chiqarish lozimligini ta’kidlagan.

XS
SM
MD
LG