Joriy yilning 1 - avgustida “Mening yurtim”( MY5) telekanalining “Ochiqchasiga gaplashamiz" ko‘rsatuvi efir vaqtida uzib qo‘yildi.
Buning ortidan kanal Bosh direktori Qobuljon Ahmedov ishdan ketdi. Axmedov “o‘z ixtiyori bilan ishdan ketgani”ni bildirishiga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda uning iste’fosi “efirdan uzilgan ko‘rsatuv”ga bog‘landi.
Ozodlikka yetib kelgan rasmiy hujjat - “Ogohlantirish xati” ushbu taxminlarga aniqlik kiritadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tarafidan “Mening yurtim” kanaliga yuborilgan 2-2851 raqamli xatda bu ko‘rsatuv davlat olib borayotgan “ijobiy ishlar haqida noto‘g‘ri tasavvur” uyg‘otishi aytilgan.
AOKA “Ochiqchasiga gaplashamiz" ko‘rsatuvidagi tanqidiy muhokamani mamlakat “axborot xavfsizligiga taxdid" deya baholaydi.
AOKA axborot xizmati vakili Ahmad Yusupovning Ozodlikka bildirishicha, ko‘rsatuvning efirdan uzib qo‘yilishiga AOKAning aloqasi yo‘q.
U AOKAning "Ogohlantirish xati “senzura" ekanini rad etdi.
Yusupovning ta’kidlashicha, bu ”agentlik zimmasiga yuklatilgan vazifa”.
MY5 loyihalarida qatnashayotgan mustaqil jurnalist Zafar Solijonov AOKAning ogohlantirishi bilan ko‘rsatuvning efirdan uzilishi va direktorning ishdan olinishi o‘rtasida bog‘liqlik borligiga shubha qilmaydi.
Avj pallada uzilgan efir
Joriy yilning 1 avgust oqshomida “Mening yurtim”( MY5) telekanalida “Ochiqchasiga gaplashamiz” ko‘rsatuvini doimgiday Amirxon Umarov olib bordi. Mavzu ham odatiy. Koronavirus oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan tok- shou formatidagi ko‘rsatuv.
Ko‘rsatuvda koronavirus bilan kurashayotgan shifokorlar uchun 5969-sonli prezident qarorida belgilangan ustama mukofot puli to‘lanmayotgani haqida so‘z bordi.
Ko‘rsatuvda ishtirok etayotgan toshkentlik shifokor Aziz Bo‘tayev “pul to‘lashga kelganda o‘zi chiqargan qonunni o‘zi inkor qilib tashlayapti” deya e’tiroz bidiradi.
Ishtirokchilardan biri “33 millionlik aholi salomatligi uchun” deya og‘iz juftlashi bilan efir uziladi. Shundan keyin efirda “Yoshlar Ittifoqi”ning targ‘ibot roligi aylana boshlaydi. Ortidan ko‘rsatuv setkasida bo‘lmagan kinofilm namoyishi boshlanadi.
Bir vaqtning o‘zida ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida “efirdan uzilgan ko‘rsatuv” haqidagi muhokamalar boshlandi. Telekanal Bosh direktori Qobuljon Ahmedov ishdan ketgani haqida xabar tarqaldi.
“Mening yurtim”( MY5) kanali xodimlar bo‘limi vakilining Ozodlikka aytishicha, Ahmedov 8 - avgust kuni vazifasidan ozod qilingan.
Tanqid va savollar to‘lqinida Qobuljon Ahmedov Feysbuk sahifasida “o‘z ixtiyoriga ko‘ra lavozimni tark etgani” haqida post qoldiradi.
Bu gapga javoban mustaqil jurnalist Zafarbek Solijanov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida mana bu gaplarni yozdi:
“MY5 telekanalidan “Ochiqchasiga gaplashamiz” ko‘rsatuvi efir vaqtida uzildi. Keyin qo‘qqisdan kanalning Bosh direktori Qobuljon Ahmedov ishdan ketdi. Bugun Facebook'da o‘z xohishimga ko‘ra ketdim (bo‘lmasa komfort joy - o‘zi sevgan), xayrli bo‘lsin, deb post joyladi. Lekin ko‘rsatuv taqdiri nima bo‘lgan va boshqa sabablar aytilmagan...Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha kungi ko‘rsatuvga "qonunga xilof ravishda ijtimoiy ongga axborot vositasida ruhiy ta’sir ko‘rsatishga, uni chalg‘itishga yo‘l qo‘ymaslik" moddasi asos qilinib xat yuborilgan...”
Rasmiy xat
Zafar Solijonov tilga olgan maktub nusxasi Ozodlikda bor. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonov imzolagan va 2020 - yilning 8 - avgustida “Mening yurtim” telekanali tahririyatiga yuborilgan “Ogohlantirish xati” da “Ochiqchasiga gaplashamiz” ko‘rsatuvi “jamiyatning axborot borasidagi xavfsizligiga tahdid” ekani ta’kidlanadi. (Bu xat yuborilgan 8 - avgust kuni kanal Bosh direktori Qobuljon Ahmedov “o‘z ixtiyori bilan” ishdan ketadi.)
Jinoiy javobgarlik
“Ochiqchasiga gaplashamiz" dasturidagi holatlar davlatimiz tomonidan olib borilayotgan ijobiy ishlarga nisbatan noto‘g‘ri tasavvur shakllanishiga sabab bo‘ladi. Bunday dasturnimg namoyish etilishi tomoshabinlarning ijtimoiy ongiga salbiy -ruhiy ta’sir ko‘rsatadi.”
Maktub davomida agentlik “Mening yurtim” kanalini huquqiy oqibatlardan ogohlantiradi.
- Televideniyeni tarqatish bo‘yicha cheklovlar kiritish;
- “Mening yurtim” televideniyesi faoliyatini sud qarori bilan to‘xtatish;
- Mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik.
Maktub so‘nggida “Mening yurtim” kanali agentlikka 10 kun ichida yozma ravishda tushuntirish berishi talab qilingan.
Ozodlik suhbatlashgan “Mening yurtim” kanali xodimlar bo‘limi mulozimi agentlikka qanday javob yozilgani haqida ma’lumotga ega emasligini bildirdi. U faqat kanal Bosh direktori Qobuljon Ahmedovnimg 8 - avgust kuni ishdan ketganini aytish bilan kifoyalandi.
AOKA 'zimmasidagi vazifa'
AOKA axborot xizmati vakili Ahmad Yusupovning Ozodlikka bildirishicha, ko‘rsatuvning efirdan uzib qo‘yilishiga AOKAning aloqasi yo‘q. Yusupov "Ogohlantirish xati" senzura emas, balki "agentlik zimmasidagi vazifa” deya ta’kidladi.
“Ko‘rsatuv efirining uzib qo‘yilishiga AOKAning aloqasi yo‘q. Bu haqdagi ma’lumotga ham ega emasmiz. Ularga berilgan xatda hech qanday senzura bo‘yicha gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Chunki agentlik o‘zining zimmasiga yuklatilgan vazifani bajargan. “Ochiqchasiga gaplashamiz” dasturi 2020 - yil 1 -avgust kuni kechki efirda namoyish etilgan. Agentlik 5 - avgustda mazkur ko‘rsatuvni monitoring qilib, qonunga zid holat aniqlangani sababli telekanalga yozma ravishda ogohlantirish yuborgan.
“Mening yurtim” telekanali tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 14-moddasi talablariga amal qilinmagani uchun ogohlantirish xati berilgan. Ushbu moddada, qonunga xilof ravishda ijtimoiy ongga axborot vositasida ruhiy ta’sir ko‘rsatishga, uni chalg‘itishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan. Qonunbuzilish aniqlangani to‘g‘risida OAVga ogohlantirish yuborish qonunchilikda senzura hisoblanmaydi.
“Mening yurtim” telekanali agentlik ogohlantirish xatiga javoban qonunga xilof ravishda ijtimoiy ongga axborot vositasida ruhiy ta’sir ko‘rsatishga, uni chalg‘itishga yo‘l qo‘ymaslik borasida tahririyat xodimlariga tushuntirish berilgani to‘g‘risida javob xati bergan".
2019 - yilning iyun oyida «Mahalla» telekanalida uzatilgan «Fikrlar chorrahasi» ko‘rsatuvi efir tugamasdan uzib qo‘yilgandi.
Xalqaro matbuot tashkilotlari o‘zbek matbuotida senzura, o‘z-o‘zini senzura va jurnalistlar hamda blogerlarga bosimlarning saqlanib qolayotganini aytishadi.
Parijda joylashgan “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti shu yil aprelida e’lon qilgan matbuot erkinligi reytingida O‘zbekistonni 180 davlat orasida 156 - o‘ringa qo‘ygan.
Tashkilot mamlakatda vaziyatning "hanuz murakkabligicha qolayotgani"ni aytgan.
"Yuqori hokimiyatni tanqid qilish hali ham mumkin emas. Rasmiylar ommaviy axborot vositalarini cheklaydigan zarur qonunchilik islohotlarini o‘tkazishga shoshilmayapti. Nazorat, senzura va o‘z-o‘zini senzura qilish hanuzgacha mavjud bo‘lib, hokimiyatlar OAV ustidan nazoratni sezilarli darajada ushlab turibdi. Blogerlarga hanuzgacha tahdid qilinmoqda yoki hibsga olinmoqda", — deyiladi hisobotda.