Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:57

Rossiyada qolib ketgan haydovchilar Qozog‘iston orqali tranzit yo‘l ochib berishni so‘ramoqda (VIDEO)


O‘zbek haydovchilari uchun Qozog‘iston chegarasi mart oyidan beri yopiq
O‘zbek haydovchilari uchun Qozog‘iston chegarasi mart oyidan beri yopiq

Rossiyada qolib ketgan o‘zbek haydovchilari va taksichilar O‘zbekistonga Qozog‘iston orqali tranzit yo‘lagi ochib berishni so‘ramoqda. Ozodlik bilan suhbatda chegaralar yopilishidan oldin Rossiyaga shaxsiy avtomobilida kelgan minglab o‘zbekistonliklar o‘z mashinalarini tashlab keta olmasliklarini aytishdi. Qozoq rasmiylari bu masala ikki davlat hukumatlari tomonidan hal etilishi mumkinligini aytmoqda.

Shu yilning 1 - oktabr kuni Qozog‘iston o‘z hududiga Rossiya va O‘zbekistondan kirishga ruxsat berishi mumkinligi to‘g‘risidagi mish-mishlarga ishongan yuzlab o‘zbekistonlik haydovchilar shaxsiy mashinalarida chegaraga to‘plandi.

Biroq qozoq chegara xizmati xodimlari koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq karantin cheklovlari yana uzaytirilganini bildirgan.

Ozodlikning Moskva byurosiga bir guruh haydovchilar nomidan murojaat qilgan farg‘onalik Abduvosit shaxsiy mashinalarda Rossiyada qolib ketgan o‘zbekistonliklar soni minglab ekanini aytadi.

- Yigitlarimiz 1 - oktabr kuni Qozog‘iston chegarasi ochilib qoladi, degan umidda Sagarchin postiga borib oldi. Bunga O‘zbekiston chegarani ochamiz, degan gap-so‘zlar sabab bo‘ldi. Haydovchilar shu bahonada tranzit bilan o‘tib ketamiz, deb o‘ylashdi. Lekin Qozog‘iston o‘tkazmasligini aytibdi -hamma odamlarimiz ortga qaytib ketdi. Barcha mashinalar yuk va O‘zbekistonga ketayotgan yo‘lovchilarni olvolgan edi. Biz tirikchilik maqsadida odamlarni olib kelib-olib ketib yurardik. O‘zbekistonliklarni hukumat olib chiqa boshladi, lekin shaxsiy mashinasi borlarga 35 ming rubldan treyler taklif etishdi. Puli borlar ketdi, buncha puli yo‘qlar qoldi,- deydi Abduvosit.

Suhbatdosh shaxsiy mashina bilan Rossiyaga kirib borganlarning 300-400 nafarini shaxsan tanishi, ular aslida minglab bo‘lishi mumkinligini aytadi.

Ўзбек ҳайдовчилари: Чегара ёпиқ, кетиш керак!
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:50 0:00

O‘zbek muhojiriga ko‘ra, shaxsiy avtomashinalar ko‘plab haydovchilarning yagona daromad qilish manbai.

- 3-4 yil Rossiyada mehnat qilib, peshona terim bilan O‘zbekistonda mashina olgandim. Endi “Kobaltimni” qayerga tashlab ketaman?! Rossiyada 400 ming atrofida turadi. Bizniki o‘zbek nomeri – kim olardi uni, rastamojka qilib?! Ularga bu bosh og‘riq kerakmas. Tashlab ketsam – bor-butimdan ayrilaman.

Farg‘onalik yigit pandemiya bilan bog‘liq karantin cheklovlari paytida qurilishda biroz vaqt mardikorchilik qilgani, O‘zbekistonda berilgan avtomobil raqamlari bilan taksichilik qilishning iloji yo‘qligini bildirdi. U jiyanlari va qarindoshlari hisobiga tirikchilik qilib yurganini aytadi.

- Umid qilib yashayapmiz: har oyning birinchi kunini kutamiz. “Ana 1 - iyulda, mana 1 - avgustda, ana 1 - sentabrda chegara ochiladi”, deb qo‘limiz bir ishgayam bormayapti. Mashinasi borlarni ham o‘ylaydiganlar bormikin? Elchixonamiz Qozog‘istondan iltimos qilsa – yo‘q demaydiku! Shoferlar nomidan iltimos qilaman: biror tayinlangan kunga, tayinlangan joyga hamma qolib ketgan mashinalar yig‘ilsin. Aytgan kuni chegarani ochib bersin, koridor orqali faqat benzinga to‘xtab, o‘tib ketamiz! Samaradan Qoraqalpoqqa 8-10 soatda o‘tamiz.

Abduvosit o‘zbek haydovchilari karantin qoidalariga qat’iy rioya qilgan, zaruriy ruxsatnoma va hujjatlar bilan ta’minlangan holda Qozog‘iston hududini kesib o‘tishga tayyorligini ham gapirdi.

Haydovchi yigit “nima uchun avtobuslarga berilgan ruxsat yengil mashinaga berilishi mumkinmas?”, degan savol bilan hukumat rahbarlariga murojaat qildi.

Murojaat so‘ngida Abduvosit Qozog‘iston chegarasining ochilishini nafaqat muhojirlar, balki uchoq-poyezdlarga chipta ololmayotgan nochor ahvoldagi minglab boshqa o‘zbekistonlik mehnat migrantlari ham kutib qolayotganini ta’kidlaydi.

Yuzlab haydovchi va taksichilar chegarada qolmoqda
Yuzlab haydovchi va taksichilar chegarada qolmoqda

Qozog‘iston Respublikasi Chegara xizmati Ozodlik so‘roviga javoban o‘zbek haydovchilarining tranzit masalasi ikki davlat Tashqi ishlar vazirliklari vakolatidagi masala ekanini bildirdi.

- O‘zbekiston elchixonasi bizga xat bilan chiqsa, biz ruxsat berishimiz mumkin. Odatda shunday bo‘lyapti – sizlarning vakolatxonangiz yoki Tashqi ishlar vazirligi bizning Tashqi ishlarga “shuncha grajdanlarimizga shu kuni avtobus, poyezd yoki mashinada o‘tishiga ruxsat bering” degan mazmundagi murojaat bilan chiqyapti, keyin tranzit ochib berilyapti. Biz o‘zboshimchalik bilan cheklovlarni buzolmaymiz! – dedi o‘zini tanishtirmagan Qozog‘iston Chegara xizmati rasmiysi.

Rossiya-Qozog‘iston davlatlararo chegarasi joriy yilning 1 - oktabridan ochilishi hamda Rossiyadagi O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘iston hududi orqali vatanga qaytishlari mumkinligi haqida so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda tarqalayotgan xabarlar yolg‘on. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tezkor shtabining 29 - sentabr kuni e’lon qilgan axborotida aytilgan edi.

Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vaziri Aleksey Soy 5 - oktabrdan Qozog‘istonda koronavirus bilan bog‘liq yangi cheklovlar joriy etilganini ochiqladi. Vazir Qozog‘iston qo‘shni davlatlar va boshqa mamlakatlar bilan aviaqatnovlarni tiklamay turishi, chegarada karantin qoidalariga rioya qilish nazorati kuchaytirilishi, zero mamlakatda COVID-19 virusi bilan kasallanish holatlari kamaymayotganini ma’lum qildi.

5 - oktabr kuni O‘zbekiston Transport vazirligi huzuridagi “Uzautotrans service” korxonasi tomonidan tashkil etilgan va 26 -sentabr kuni Rossiyaga yo‘l olgan 15 ta avtobusdan iborat karvon Qozon shahridan 700 ga yaqin o‘zbekistonlikni olib qaytgani xabar qilindi.

Avvalroq 15 ta avtobusdan iborat karvon Rossiyaning Samara viloyatida to‘planib qolgan 750 nafar o‘zbekistonlikni 27 - sentabr kuni O‘zbekistonga olib kelgan edi.

XS
SM
MD
LG