Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:00

Farg‘ona shahar mulozimlari daydi itlarni temir bilan urib o‘ldirmoqda - hayvonsevarlar norozi


Qatlni kutayotgan itlar
Qatlni kutayotgan itlar

Farg‘ona shahar Obodonlashtirish boshqarmasi huzuridagi qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish bo‘limi xodimlarining joriy oyda o‘tkazgan reydi davomida daydi itlarni urib o‘ldirayotganidan hayvonsevarlar norozi.

Hayvon huquqlarini himoya qiluvchi farg‘onalik faol Tatyana Rubseva Ozodlik bilan suhbatda insonga tajovuz qilmagan va quturish kasali bo‘lmagan daydi itlar ushlanib, maxsus jamloqda saqlanishi lozimligini aytdi.

Rubseva Ozodlikka qarovsiz hayvonlarning o‘ldirilayotgani aks etgan videotasvirlarni taqdim qildi. Videotasvirlarda o‘nlab mushuklar va itlar kichik temir qafasga solib qo‘yilganini ko‘rish mumkin. Shuningdek, tasvirlarda itlarni shafqatsizlarcha o‘ldirayotgan odamlar aks etgan. Ozodlik muxbiri ko‘ngilni xira qiladigan bu tasvirda itlarning boshiga temir cho‘kich bilan urib o‘ldirilayotganligini ko‘rdi. Videolavhalarda , shuniingdek, itlar qafasning temir eshigi bilan ezib o‘ldirilayotgani va pichoq bilan bo‘g‘izlanayotgani ham aks etgan.

Qonun nimani taqozo qiladi?

Vazirlar Mahkamasining 2011 - yil 8 - iyul kuni «Qarovsiz qolgan itlarni tutish va saqlash bilan bog‘liq xizmatlarni faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi №202-sonli hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2019 - yil 4 - iyun kuni «Aholi punktini obodonlashtirish sohasida ishlar samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi №4351-sonli qaroriga ko‘ra daydi xayvonlar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limlari tarafidan tekshirilib, karantinga olinishi lozim. Karantindan keyin hayvonlar maxsus saqlash joylariga olib boriladi. Bu qarorlarda faqat quturgan hayvonlarning o‘ldirilishi haqida aytilgan.

Kalamushlar zaxarlanadi¸ quturgan itlar otiladi

Farg‘ona shahar Obodonlashtirish boshqarmasining ismini aytmagan xodimi Ozodlik bilan suhbatda atrof-muhit va insonlarga tajovuz qilgan daydi hayvonlar uch xil shaklda yo‘q qilinishi ko‘zda tutilganini aytdi: otib o‘ldirish, uxlatib qo‘yish va zaharlash.

Mulozim daydi itlarning temir qafas eshigi bilan ezib o‘ldirilishi "pastki bo‘g‘in ishchilarning o‘zboshimchaligi" ekanligini tan oldi. Shu bilan birga, mulozim kalamush va boshqa zararkunandalrni yo‘q qilish uchun zaharli moddalar¸ quturgan itlarni otish uchun o‘q va patronlar¸ mushuklarni uxlatib qo‘yish uchun esa maxsus dorilar yetishmasligidan ham shikoyat qildi.

Mulozimga ko‘ra¸ veterinariya idorasi taqdim etgan ma’lumotlar asosida aniqlangan it va mushuklarni emlash ishlari tashkil etilgan bo‘lsa ham, quturish kasalligiga qarshi vaksina zaxiralari yetishmayapti.

Hayvon huquqlarini himoya qiluvchi farg‘onalik faol Tatyana Rubseva Ozodlik bilan suhbatda muammoning yana bir qirrasiga e’tibor qaratdi. Unga ko‘ra¸ obodonchilik xodimlari qatl qilgan hayvonlar krematoriyda kuydirilmasdan yoki maxsus go‘rga ko‘milmasdan, ko‘cha-ko‘yga tashlab ketilmoqda.

Rubseva Ozodlikka taqdim qilgan fotosuratlarda ko‘cha va bolalar o‘ynaydigan maydonlarda o‘nlab it va mushuk jasadlari yotgani aks etgan.

Farg‘onalik bolalar it jasadi ustida
Farg‘onalik bolalar it jasadi ustida

Vazirlar Mahkamasining 08.07.2011 - yilgi «Qarovsiz qolgan itlarni tutish va saqlash bilan bog‘liq xizmatlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi №202-sonli Qarorining 20 bandida – “Shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari huzuridagi qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish bo‘limlari ko‘chalarda va boshqa joylarda qarovsiz qolib o‘lgan hayvonlarni veterinariya-sanitariya qoidalariga rioya etgan holda zararsizlantiradilar”, deya qayd etilgan.

Bu qarorga ko‘ra¸ har bir shahar, tumanda tutilgan nazoratsiz hayvonlarning jasadlarini zararsizlantirish uchun krematoriylar va biotermik o‘ralar qurish ko‘zda tutilgan.

Farg‘onalik hayvonsevarlar shaharda hayvonlar uchun krematoriy yo‘qligini aytishdi.

Farg‘ona shahar obodonlashtirish boshqarmasiga qarashli “daydi hayvonlarni tutish otryadining Ozodlik gaplashgan xodimi ham daydi hayvon jasadlarini yoqish uchun mufel pech yoki krematoriy mavjud emasligini aytdi.

Сурат баъзи кишиларнинг таъбини хира қилиши мумкин.
It jasadlari
It jasadlari

Joriy yilnig fevral oyida Jizzax shahrida itlar qirg‘in qilingani aholi noroziligiga sabab bo‘lgan edi.

O‘zbekistonda daydi itlar masalasi Vazirlar Mahkamasining 2011 - yil 8 - iyuldagi "Qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish va saqlash bilan bog‘liq xizmatlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 202-sonli qaroriga asosan tartibga solinadi.

Qarorda ko‘chalarda va boshqa joylarda qarovsiz qolgan, shu jumladan, egasiz itlar, mushuklar va yirtqich hayvonlarni tutishni tashkil etish, shuningdek, ularni vaqtincha saqlash uchun maxsus joylar barpo etish ko‘zda tutilgan.

Qarorda daydi hayvonda quturish kasalligi alomati bo‘lgan taqdirdagina otib tashlanishi mumkinligi aytiladi.

XS
SM
MD
LG