Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:31

So‘xliklar: G‘aniyev ketdi, muammolar qoldi


Shu yilning 31 - mayida o‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi hodisalar vaqtida mahalliy aholi bilan uchrashuvga kelgan Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev toshbo‘ron qilingan edi
Shu yilning 31 - mayida o‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi hodisalar vaqtida mahalliy aholi bilan uchrashuvga kelgan Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev toshbo‘ron qilingan edi

22 nafar so‘xlik ustidan boshlangan mahkama ortidan O‘zbekistonning to‘lig‘icha Qirg‘iziston hududida joylashgan So‘x anklavi yana diqqat markaziga tushdi.

So‘xliklar shu yilning mayida chegarada yuz bergan nizodan so‘ng qo‘lga olingan tumandoshlariga o‘z vaqtida advokat, tarjimon va huquqiy himoya taqdim etilmaganini iddao qilmoqda.

Bundan tashqari, ular may oyida bosh vazir A. Aripov hal qilishni va’da qilgan – yo‘l va suv muammosi hal qilinmagani, pandemiya paytida aholining viloyat markaziga qatnovi muammoligicha qolayotganini aytmoqda.

So‘xliklarga ko‘ra, Farg‘ona viloyatiga 8 yil hokimlik Shuhrat G‘aniyev sentabrda ishdan ketgach, uning o‘rniga tayinlangan Xayrullo Bozorov xalq ko‘nglini ko‘taradigan gaplarni gapirmoqda, ammo hibsga olingan yigitlar va yo‘l masalasida hanuz jiddiy bir ish qilmagan.

Huquq faoli Bahodir Eliboyev 22 nafar so‘xlikning huquqiy himoyasi bilan bog‘liq qator muhim savollar ochiq qolayotganini aytarkan, 16 noyabrdan davom etadigan mahkamada javob topilishiga umid bildirdi

Minglab odam ichidan nega aynan 22 kishi tanlab olindi?

So‘xliklar va huquq faollari hozircha bu savol mutlaqo ochiq qolayotganini aytmoqda.

Jumladan, shu kunda So‘x tumanida uy qamog‘ida saqlanayotgan 13 nafar so‘xlikdan birining yaqini Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda hozirgacha 4 minglik olomon ichidan qay asosda aynan uning yaqini tanlab olinganini tushunolmaganini aytdi.

O‘zi va yaqini ismini sir tutishni so‘ragan so‘xlikning iddao qilishicha, qarindoshiga qo‘yilgan ayblovlarga aniq dalil borligi haqida advokatiga ham ma’lumot berilmagan:

“Mening qarindoshim “Chashma” bulog‘idagi janjalda qatnashmagan, kechki payt melisaxonaning oldida bo‘lgan to‘polonda bo‘lgan. Unda ham ariqning bu tarafida bo‘lgan, melisaxonaga tosh otganlarning ichida bo‘lmagan. Hozir unga nega melisani urding, deb 219-moddani qo‘yishyapti. Nimaga 244-moddani qo‘yishyapti, buni umuman bilmaymiz. Advokatning aytishicha, qarindoshimga tergovchilar yuzing ko‘ringan video bor, deyishibdi. Lekin videoni hech kim ko‘rmagan, advokat ham ko‘rmagan. Xullas, minglab odam qorong‘ida yugurib yuribdi, bular to‘g‘ri kelib, mening qarindoshimni ayblayapti, nimaga?..”

Ozodlik uy qamog‘ida qolayotgan bu so‘xlik hamda shu kunda hibsda saqlanayotgan 9 so‘xlikdan yana birining advokati bilan telefonda bog‘lanishga urindi, ammo hozircha muvaffaq bo‘lmadi.

Ozodlikka kelib tushgan ayblov xulosasida ushbu voqealarga aloqadorlikda ayblangan 22 kishining ismi-familiyasi keltirilgan va ularga Jinoyat kodeksining 219-modda, 2-qismi hamda 244-modda bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani aytilgan.

Hujjatda qayd etilishicha, Jinoyat ishi shu yilning 1 - iyunida Farg‘ona viloyati prokuraturasi tomonidan qo‘zg‘atilgani aytilgan.

Quyida ayblov xulosasining ilk sahifasi fotosurati ilova qilinmoqda:

Ozodllikka taqdim qilingan ayblov xulosasidan nusxa.
Ozodllikka taqdim qilingan ayblov xulosasidan nusxa.

Nega aynan JKning 219, 244-moddalari qo‘yildi?

Huquq faoli Bahodir Eliboyev ham ayblov xulosasi bilan tanishgani, xulosadan 4 mingdan ortiq odam ishtirok etgan ommaviy tartibsizlikdan aynan mahkamada hozir bo‘lgan 22 kishi tanlab olinganiga oid savollariga javob topolmaganini aytadi:

“Tergov xulosasidagi ayblov qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekaniga yuridik bahoni sud beradi. Lekin xolis bir kuzatuvchi va huquq faoli sifatida men uchun nega aynan shu 22 kishi tanlab olinganiga oid savol ochiq qolmoqda. Bundan tashqari, ommaviy tartibsizlarga oid jinoyat ishlari boshqa modda bilan malakalanishi lozim edi, nazarimda. Kamida 10 yillik qamoq jazosi ko‘zda tutilgan 244-modda nega qo‘yilgani men uchun mutlaqo tushunarsiz. 219-moddaning qo‘yilishi ham huquqiy jihatdan to‘g‘ri emas, deb o‘ylayman. Xullas, bu mahkama juda qiziq tuyulyapti menga, natijasini ko‘ramiz birgalikda”.

G‘aniyev ketdi, So‘xda nima o‘zgardi?

Shu yilning may oyida ushbu tuman bilan qo‘shni davlat o‘rtasidagi bahsli hududda joylashgan “Chashma” bulog‘ida ustidan ikki davlat fuqarolari o‘rtasida ommaviy janjaldan so‘ng, tuman tarixida ilk bor bosh vazir A. Aripov borgan edi.

Yuzlab norozi olomon qarshisiga chiqqan bosh vazirdan so‘xliklar tumanni qiynab kelayotgan yo‘l, suv, yaylov va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga yechim so‘ragan, viloyatning endilikda sobiq hokimi Shuhrat G‘aniyevning ishdan olinishini talab qilgan edi.

So‘xliklarga ko‘ra, Sh.G‘aniyev hokimlikdan ketgani va o‘rniga yangisi kelganidan buyon, tumanda ba’zi o‘zgarishlar kuzatilmoqda.

Jumladan, tuman hokimligiga yaqin manbaning Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, viloyatga yangi tayinlangan hokim Shuhrat Bozorovning tumanga borgani xalqning kayfiyatini ko‘tarilgan:

“Ikki marta keldi, xalqning holidan xabar oldi. Pandemiya bo‘yicha yordam beraman, dedi. Keyin tumandagi ancha-muncha yo‘llarga asfalt bo‘lib qoldi. Ishlik bo‘ldi ozmi-ko‘pmi odam. Keyin yana So‘x-Vodil yo‘li ochildi, janjal bo‘lganidan beri yopiq turgandi. Xalqni kayfiyati ko‘tarildi, to‘g‘risi”.

Ammo bu mulozimga ko‘ra, so‘xliklarning asosiy xavotiri 31 - may kungi janjaldan so‘ng qo‘lga olingan va uy qamog‘iga tashlangan tumandoshlarning taqdiri bo‘lib qolmoqda.

Ayblanuvchilar soni 6 kishidan 22 kishiga yetdi

9 - noyabr kuni hodisalarga aloqadorlikda ayblangan 22 nafar so‘xlik ustidan sud jarayoni boshlandi. Ayblanuvchilarning 9 nafari hibsda, 13 nafari esa, uy qamog‘ida saqlanmoqda.

So‘xlik mulozim, bu ayblanuvchilarning yaqinlari hanuz kuchli bosim ostida qolayotganini aytadi:

“Bolalar qanday, qiynashmayaptimi, deb so‘rab turamanda, ota-onasini ko‘rib qolsam. “Yaxshi-yaxshi”, deb gapni kesishadi darrov. Eng qizig‘i, 13 kishi uy qamog‘iga olingani, boshida 6 ta degan qamoqdagilaram 9 ta bo‘lib qolganini bilmay qoldik. Aytishmagan-da! Ayttirishmagan, aniqrog‘i. Bosim bor, demoqchiman-da. G‘aniyev ketdi, lekin uni urdi, deb olib kirilgan bolalar va ularni oilasiga bosim o‘zgargani yo‘q, menimcha”.

G‘aniyev so‘xliklarga nima deb tahdid qilgandi?

Yana bir so‘xlik faol esa, sobiq hokim Shuhrat G‘aniyevning So‘x tumani aholisi haqida bergan ayrim bayonotlarini xotirladi:

“G‘aniyev xalqqa qarata "O‘zbekiston xaritasidan Sӯx nomini o‘chirtiraman", "tekintomoqlar" deb tahdid qilgandi. G‘aniyev doim yo‘l masalasi ko‘tarilsa, qo‘pollik qilib, xalqning jig‘iga tegardi. Yana bir audioyozuvda "ro‘yxati tayyormi, hammasini oborib qamataymi?!" va shunga o‘xshash gaplari bilan xalqning nafratini qo‘zg‘agandi. Hozir endi yangi hokim kelib, Covid-19ga test topshirishni so‘xliklarga bepul qildi, bu yaxshilik belgisi, to‘g‘ri. Lekin xalqning kayfiyati doimgiday. Agar o‘sha 22 nafar fuqarolar ozodlikka chiqsa, unda barcha so‘xliklar prezident siyosatidan haqiqatda rozi bo‘lar edi”.

Farg‘ona viloyati sobiq hokimiga tegishli ekani aytilgan bayonotlar ijtimoiy tarmoqlarda katta bahslarga sabab bo‘lgan edi.

Xususan, "So‘x tumanini xaritadan o‘chirish" yoki "istalgan vaqtda hibsga olinishi mumkin bo‘lgan so‘xliklarning ro‘yxati bor"ligi bilan tahdid qilingan audioyozuv hamda G‘aniyevning so‘xliklar bilan chegaradagi tortishuvi aks etgan video Ozodlikka kelib tushgan.



Janjaldan avval faol bo‘lgan blogerlar qani?

Bu tumandagi ahvolni kuzatib kelayotgan farg‘onalik inson huquqlari faoli Bahodir Eliboyev ham, tumanda keyingi oylarda, mojarodan so‘ng bosh vazir shaxsan borib, so‘xliklarga berib kelgan va’dalarning bir qismi bajarilganini qayd etdi.

Ammo bu faolga ko‘ra ham, asosiy muammolar hanuz hal etilmagan, bundan tashqari, tumandagi blogerlar ham janjaldan buyon sukut ichida qolmoqda:

“Huquqiy jihatdan So‘x xalqiga munosabat o‘zgargani yo‘q, masalan. “Chashma”dagi janjalgacha ancha-muncha so‘xlik blogerlar ijtimiy tarmoqlarda tumanning muammolarini aytib chiqib turardi. Hozir shular ko‘rinmay ketdi-da.

Ijtimoiy tarmoqlarda ham so‘xliklarning chiqishlari ozayib ketgan. Hatto, qo‘lga olinganlar 9 kishi bo‘lib qolgani, 13 tasi uy qamog‘iga tushganidan ham bexabar qolganimizning o‘zi aytib turibdi ahvolni”.

Quyida huquq faoli Bahodir Eliboyev bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:07 0:00
Бевосита линк

May oyidagi janljaldan so‘ng, tumandagi faol blogerlar qo‘lga olingani haqida Ozodlik xabar qilgan edi.

Jumladan, Bosh prokuratura 22 yashar so‘xlik bloger, shu yilning 31 - mayida So‘xda bo‘lgan voqealar ortidan, gumon qilinuvchi tariqasida qo‘lga olinganini bildirgandi.

YouTube tarmog‘ida 800 mingdan ortiq obunachisi bo‘lgan videobloger - Dadaxon Haydarov taxallusi bilan tanilgan - Haydarjon Bobohaydarov 10 kunlik hibsdan so‘ng ozod qilingan. Ammo shundan buyon ijtimoiy tarmoqlarda qariyb ko‘rinish bermayotir.

Maydagi janjal va So‘x tumani haqida

Shu yilning 31 - mayida O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasining bahsli qismida joylashgan «Chashma» bulog‘i ustida ikki davlat fuqarolari o‘rtasida ommaviy janjal sodir bo‘ldi

Rasmiy bayonotga ko‘ra, janjalda ikki tarafdan mingdan oshiq odam, guvohlarga ko‘ra esa, 4 mingga yaqin odam qatnashgan, tomonlar bir-birini toshbo‘ron qilgan, bir necha uyga o‘t qo‘yilgan.

Chegarada boshlangan dahanaki mojaroning keyinchalik to‘qnashuvga aylanib ketishida mahalliy rahbarlar, xususan, Farg‘ona hokimini ayblagan norozilar Shuhrat G‘aniyev va So‘x tumani sobiq hokimini toshbo‘ron qilgan edi.


Ana shu voqealardan 3 oy o‘tib, 22 - avgust kunidan chegaradagi hodisaga aloqadorlikda gumon qilinganlar hibsga olindi.

25 - avgustda Bosh prokuratura Farg‘ona viloyat prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va 244-moddasi (Ommaviy tartibsizliklar) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

So‘xda may oyida yuz bergan to‘qnashuvlar yuzasidan bironta qirg‘iz fuqarosi hibsga olingani yoki jinoyat ishi ochilgani ma’lum emas.

Maydoni 352 kilometr kvadratni tashkil qilgan So‘x tumanida 80 mingga yaqin aholi yashaydi. Aholining 99 foizi tojik millatiga mansub, 7 foizi qirg‘iz va 1 foizi o‘zbek va boshqa millat vakillaridir.

XS
SM
MD
LG