Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:38

Mirziyoyev korrupsiya mojarosiga aralashgan Bosh prokurorga korrupsiya bo‘yicha "tashxis" qo‘yishni topshirdi


Tahlilchilarga ko‘ra, aynan korrupsiyaga qarshi kurashuvchi huquq-tartibot idoralari O‘zbekistonda eng ko‘p korrupsiyaga botgan idoralar sifatida bilinadi - Shavkat Mirziyoyev, Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilov va Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev - kollaj
Tahlilchilarga ko‘ra, aynan korrupsiyaga qarshi kurashuvchi huquq-tartibot idoralari O‘zbekistonda eng ko‘p korrupsiyaga botgan idoralar sifatida bilinadi - Shavkat Mirziyoyev, Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilov va Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev - kollaj

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat bosh prokuroriga barcha hududlarga korrupsiya bo‘yicha "tashxis" qo‘yish haqida topshiriq berdi.

27 - yanvar kungi videoselektorda Mirziyoyev "hamma joyda korrupsiya, hamma joyda o‘g‘rilik" der ekan, Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevni korrupsiyaga qo‘l urgan shaxslar ro‘yxatini tuzishni ham topshirdi.

"Qo‘limizda aniq hujjatlar bor. Yo‘l qurilishida korrupsiya, suvda, svetda korrupsiya. Maktab, kollejlar qurilishida ham. Har bir tumanga tashxis qo‘yadi, nega kasallangan, nega tuzalmayapti, kim qo‘llab-quvvatlayapti ularni", – dedi Mirziyoyev.

"Yangi O‘zbekistonni bunday hokimlar, bunday odamlar bilan qurib bo‘lmaydi. Bu bog‘cha emas. 35 millionlik aholimizni boqish kerak", – dedi O‘zbekiston prezidenti.

Ammo Mirziyoyev korrupsiya bilan bog‘liq aniq faktlarni tilga olmadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev korrupsiya mamlakatda keng quloch yoygani va unga qarshi kurashish zarurligi haqida birinchi marta gapirayotgani yo‘q.

Bundan to‘rt yil avval u sudlarning mustaqilligini ta’minlash va korrupsiya uchun javobgarlikning muqarrarligi belgilangan "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonunga imzo chekkan ham edi.

Qonunda Bosh prokuratura, Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar va Adliya vazirliklari "korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari" sifatida belgilangan.

Ammo bu idoralar korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashlari bilan tanilmagan.

Tahlilchilarga ko‘ra, aksincha, korrupsiyaga qarshi kurashuvchi bu idoralar O‘zbekistonda eng ko‘p korrupsiya botqog‘iga botgan idoralardir.

Aynan shu jihatdan Mirziyoyev boshqaruvining korrupsiyaga qarshi kurashish uslubi tahlilchilarda savollarni uyg‘otmoqda.

"Sprut” mafiyasini eslatuvchi tizim

Toshkentdagi “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanovning Ozodlikka aytishicha, Toshkent viloyati prokurorining sobiq yordamchisi Sobit Aliboyev ustidan borayotgan mahkama jarayoni huquq tizimlarida korrupsiya qanchalar ildiz otganiga misoldir.

"Italiyadagi “Sprut” mafiyasini eslatuvchi voqealar aynan O‘zbekiston sud-huquq tizimida sodir bo‘lgan”, - deydi huquq faoli.

Jabrlanuvchilar iddaosicha, Toshkent viloyati prokurorining sobiq yordamchisi Aliboyev ularga 8 yillik qamoq hukmini bekor qilib, oqlashga va’da bergan.

Shuningdek, “Don-non” MChJdagi ulushlarini tiklab berish evaziga 50 ming AQSh dollari berishni so‘ragan.

Aliboyev 2018 - yil iyun oyida Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida sobiq MXX va prokuratura xodimlari tomonidan o‘tkazilgan reydda qo‘lga olingan.

Soxta pullar, soxta guvohlar

Jinoyat ishi materiallariga ko‘ra, MXX va prokuraturaning maxsus inspektsiyasi tomonidan o‘tkazilgan qo‘lga olish tadbiri davomida LF 90305370 G-raqamli 100 AQSh dollari kupyurali mulyaj (qalbaki) pullardan foydalanilgan.

Toshkent viloyati prokurori sobiq yordamchisi Sobit Aliboyev ustidan borayotgan mahkamaga oid hujjatlar.
Toshkent viloyati prokurori sobiq yordamchisi Sobit Aliboyev ustidan borayotgan mahkamaga oid hujjatlar.

Ishda guvoh sifatida o‘tgan shaxslar Sh.M. va G.Z. lar Toshkent shahar IIBB profilaktika ro‘yxatida turadi. Ular ishga ushlash tadbiri davomida safarbar qilingan. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, xolis guvohlar o‘sha kunning o‘zida bir qancha tutish tadbirlarida shohidlik berishgan.

“O‘zbekiston ovozi” gazetasida chop qilingan maqolaga ko‘ra, ona-bola Nuraliyevalar ilgari qayta va qayta tovlamachilik, talonchilik, o‘zlashtirish, mansab soxtakorligi, pora olish, qalbaki hujjatlar tayyorlash va mulkni qonunga xilof ravishda tasarruf etish kabi jinoyatlarni sodir etgani uchun sudlangan.

So‘nggi marta jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining 2009 - yil 22 - dekabrdagi hukmi bilan tayinlangan 8 yillik qamoq jazosini to‘liq o‘tab chiqishgan. Shu kunda ona Muharram Nuraliyeva olamdan o‘tgan. Jinoyat sudlarida uning qizi Shahnoza Hojiakbarova prokurorlar qo‘llovida yaqin o‘tmishdagi da’volarini ilgari surmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Sudьyalar Oliy kengashining sud inspeksiyasi xodimlari mazkur ishlarning ayrimlarida ishtirok etishmoqda.

Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova boshchiligidagi prokurorlar guruhi ayblovning qat’iyligi, shov-shuvga hojat yo‘qligi borasidagi iddaolarda sobit.

Ortiqovadan Ozodlik mazkur masala yuzasidan hozircha izoh ololmadi.

Prokuror Sobit Aliboyev bu "to‘r"ga nima sababdan tushdi?

Jinoyat ishi figurantlari iddaosiga ko‘ra, sobiq O‘zbekiston Respublikasi DXX raisi Abdullayev o‘z qudasi ekani aytilgan Oliy sud raisi o‘rinbosari Dehqonovni "raislik rutbasiga mindirmoqchi" bo‘ladi. Huquqni muhofaza qilish organlari, sudlov tizimida korrupsiya ildiz otganini ko‘rsatish maqsadida mulozimlar ovini boshlaydi. Prokuror, sudyalarni qanday bo‘lmasin, qamoqqa olishga ko‘rsatma beradi va tergovchilar bu borada Nuraliyevalardan foydalanadi.

Toshkent viloyati prokurori sobiq yordamchisi Sobit Aliboyev.
Toshkent viloyati prokurori sobiq yordamchisi Sobit Aliboyev.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining shaxsi sir qolishini so‘ragan manbasi yuqoridagi iddaoni inkor qilmadi, ammo prokuror Aliboyev ishida sobiq MXX tashabbuslariga sha’ma qildi.

Toshkent viloyat prokurori yordamchisi lavozimida ishlab kelgan ­Sobit Abiddinovich Aliboyev O‘zbekiston Respublikasi JKning 25 va 168-moddalari 4-qismi, “a” bandi va 28 va 211-moddalari 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, 10 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum qilingan.

Prokuraturadagi korrupsiya

Bosh prokuratura tizimining o‘zidagi korrupsiya prezident Mirziyoyev tomonidan ko‘p marta tanqid qilingan. Uch yil avval o‘z chiqishida O‘zbekiston rahbari prokurorlarni "eski axlat tizimi”dan qolgan "eng katta o‘g‘rilar" deb atagandi.

Nig‘matulla Yo‘ldoshev Shavkat Mirziyoyev oxirgi 4 yilda lavozimga tayinlagan uchinchi prokurordir. Uning ikki o‘tmishdoshi - Otabek Murodov hamda Rashidjon Qodirovlar aynan korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblanib, ishdan olingan va mahkum etilgandi.

Korrupsionerlar ro‘yxatini tuzish va korrupsiyaga qarshi kurashish topshirilgan O‘zbekiston Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshevning o‘ziga nisbatan ham korrupsiya iddaolari ilgari surildi.

O‘tgan oy Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilov o‘z rahbarini korrupsiya va “kriminal guruhlar”ni qo‘llab-quvvatlashda ayblab chiqdi.

Fozilovning 11 - dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan videomurojaatida iddao qilishicha, mamlakatning qonunchilik ustidan oliy nazoratni amalga oshirish uchun mas’ul idorasi rahbari prokuratura tizimidagi lavozimlarni “savdo rastasiga qo‘ygan kabi” sotgan.

Jasur Fozilovning murojaatidan keyin uning vajlarini “sinchkovlik bilan har tomonlama va xolisona tekshirish hamda holatga baho berish maqsadida” 14 - dekabr kuni Respublika idoralararo komissiyasi tuzilgan.

Ammo komissiya o‘z xulosalarini hech qayerda e’lon qilmagan. Bosh prokuratura Fozilovga nisbatan xizmat tekshiruvi olib borgani va uning 19 - dekabr kuni lavozimga tiklangani haqida xabar bergan.

Keyinroq J.Fozilovga nisbatan uning o‘zi korrupsiyada ayblagan Bosh prokurorning 2020 - yil 21 - dekabridagi buyrug‘i bilan “Hayfsan” intizomiy jazosi qo‘llanilgani ma’lum qilingan.

Prezident Mirziyoyev katta shov-shuvga sabab bo‘lgan Bosh prokuratura tizimidagi korrupsiya mojarosiga hech qanday munosabat bildirmagan. Mojaroni “sinchkovlik bilan har tomonlama va xolisona tekshirish hamda holatga baho berishi"ni aytgan Prezident Administratsiyasining bahosi hozirgacha ma’lum emas.

Ayni paytda Bosh prokurorning prezident tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashga vazifalantirilgani unga qarshi korrupsiya iddaolari o‘z isbotini topmaganini anglatadimi, yo‘qmi, ma’lum emas.

Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi Transparency International xalqaro nodavlat tashkilotining 28 - yanvar kuni e’lon qilgan hisbotida O‘zbekiston 2019 - yilga nisbatan yetti pog‘ona yuqoriga ko‘tarilgan, ammo tashkilot O‘zbekiston hanuz eng korrupsiyalashgan davlatlar qatoridan qolayotganini qayd etgan.

Hisobotda aytilishicha, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash davrida O‘zbekistondagi korrupsiya va shaffoflik yetishmasligi yaqqol ko‘rinib qolgan.

XS
SM
MD
LG