Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:08

"Yuqoridan kelayotgan hamma hujjatlar kirill alifbosida". Lotinlashtirish yana kechikmoqda


Jizzax viloyat, Paxtakor tumanida kirill yozuvidagi peshlavhalar lotin yozuvidagiga almashtirilyapti. 2021, 1 - mart. Hokimlik rasmiy saytidan
Jizzax viloyat, Paxtakor tumanida kirill yozuvidagi peshlavhalar lotin yozuvidagiga almashtirilyapti. 2021, 1 - mart. Hokimlik rasmiy saytidan

Lotin yozuvidagi o‘zbek alifbosiga o‘tish yuzasidan 2010 - yilgacha qilinmagan ishlarni Mustaqillik bayrami munosabati bilan bitirish uchun Bosh vazir belgilagan muddat 1 - avgustda yakuniga yetdi.

Bu ishni bajarishga mas’ul mulozimlar hukumat rahbarining shu yil 1 - iyuldagi farmoyishi ijrosi davom etayotganini bildirdi.

Bosh vazir farmoyishidan xabardor o‘zbek ziyolilari lotinlashtirishni tezlatishga doir hujjat ta’sirini sezmayotganliklarini aytishmoqda.

Hukumat raisi farmoyishi

Bosh vazir Abdulla Aripovning joriy yil 1 - iyulida kirill alifbosida e’lon qilingan farmoyishiga binoan 1 - avgustga qadar O‘zbekistondagi barcha joy, ko‘cha, atamalar, tashkilotlarning nomlari, shuningdek, ish qog‘ozlari va turli blanklar lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida bo‘lishi ta’minlanishi lozim edi.

Bosh vazir Abdulla Aripovning lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosiga o‘tishni jadallashtirish to‘g‘risidagi farmoyishi
Bosh vazir Abdulla Aripovning lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosiga o‘tishni jadallashtirish to‘g‘risidagi farmoyishi

Hukumat rahbari mazkur farmoyishni “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021 - yil 10 - fevraldagi qaror va Mustaqillik bayramiga munosib tayyorgarlik ko‘rish lozimligi bilan izohlagan.

"Lag‘moniston"ning "Lag'monjon"ga aylanishi

Farg‘ona viloyat hokimining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sohibjamol Tongotarovaning 3 - avgustda Ozodlikka bildirishicha, bosh vazir farmoyishini bajarish yuzasidan ishlar jadal olib borilmoqda:

“Ishxonalari peshlavhalari kirillda yozilgan tadbirkorlar hammasi ogohlantirilgan. 1 - avgustgacha lotin yozuviga o‘tishi kerakligi aytilgan. Masalan, biz “Aziya” mehmonxonasiga borganmiz, “Davlat xizmatlari”ga borib ogohlantirganmiz. Mana bugunning o‘zida Quvasoy shahrida maktab direktorlari uchun seminar-trening o‘tkazyapmiz, bu tadbir ham aynan shu mavzuda. Ish ketyapti. Biroq lotinga to‘liq o‘tdik, deya olmayman”.

Sohibjamol Tongotarovaning aytishicha, lotinlashtirishning oqsashi tadbirkorlarning chiqimdan qochishga urinishi bilan bog‘liq:

“Ba’zi tadbirkorlar peshlavhalarni yasatish uchun katta pul sarflashgan. 5 milliondan 10 milliongacha ishlatilgan joylar bor. Sustkashlik mana shu holat bilan bog‘liq. Lekin aksariyati lotinga o‘tib bo‘ldi”.

Farg‘ona viloyat hokimi davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisining aytishicha, peshlavhalarni lotin yozuviga o‘tkazishdan bosh tortganlar jarimaga tortilishi mumkin, biroq hokimiyat bu chorani qo‘llashdan tiyilyapti:

“Jarima ko‘zda tutilgan. Lekin biz tushuntirish yo‘li bilan, yaxshi kayfiyat, yaxshi munosabat bilan hech kimning dilini og‘ritmay qilyapmiz bu ishni. Masalan, bir tadbirkor o‘z muassasasini “Lag‘moniston” deb nomlagan. Sudgayam berdi bizni. Lekin biz so‘zlashuvlar, yaxshi munosabat yo‘li bilan ham peshlavhasidagi nomni “Lag‘moniston”dan “Lag‘monjon”ga, ham kirilldan lotinga o‘tkazdik”.

“Yovvoyona” “Yostiqxona” bilan hech kimning ishi yo‘q

Goldenpages.uz telefonnomasida Toshkent shahridagi restoranlardan 398 tasining manzili, telefon raqamlari keltirilgan. Ro‘yxatdagi restoranlar orasida o‘zbekcha nomlanganini deyarli uchratmaysiz. Inglizcha “Happy Land” degan nom bilan boshlanadigan ro‘yxat ruscha “Roza Mimoza” degan nom bilan tugaydi. Biroq ko‘pchilik restoranlar nomi lotin yozuvida berilgan.

Ozodlik nomi kirill yozuvidagi bir necha restoran bilan bog‘landi. O‘zbekchaga “Yostiqxona” deb o‘girish mumkin bo‘lgan restoran vakilining aytishicha, shu paytgacha peshlavhangni lotin yozuviga o‘tkaz, degan talab bilan hech kim kelmagan. Xuddi shunday javobni nomini ruschadan “Yovvoyona” deb, ruschadan “Sushi ustasi” deb o‘zbekchalashtirish mumkin bo‘lgan restoranlar vakillaridan ham eshitdik.

Bosh vazir farmoyishini kutmagan Paxtakor

Ayni paytda Toshkent shahar hokimligi bee’tibor qolayotgan bu masalaga ayrim tumanlarda katta e’tibor berilayotgani ma’lum.

Masalan, Paxtakor tuman hokimligi (Jizzax viloyati) kirillda yozilgan peshlavhalar lotin alifbosiga o‘tkazilish jarayoni to‘g‘risidagi fotoreportajini joriy yilning 1 - martida, Bosh vazirning bu haqda farmoyishi chiqishidan 4 oy oldin o‘z rasmiy saytida e’lon qilgan edi.

Umumiy vaziyat

Mamlakat bo‘ylab umumiy vaziyat qanday? Bu savol javobini Adliya vazirligi bilishi mumkin. Vazirlar Mahkamasining 2021 - yil 10 - fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan lotin alifbosiga to‘liq bosqichma-bosqich o‘tish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”dagi juda ko‘p vazifalar aynan shu vazirlik zimmasiga yuklatilgan. Biroq vazirlik matbuot xizmati “bu masalalar bilan Til departamenti shug‘ullanishi”ni aytish bilan cheklandi. Mavzu yuzasidan o‘tgan galgi maqolani tayyorlash jarayonida ham Ozodlik Adliya vazirligidan xuddi shunday javobni eshitgan edi.

Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mutaxassisi Sahobiddin Musayev 6 - iyulda Ozodlik savollariga javob berarkan, Bosh vazir Abdulla Aripovning 1 - iyuldagi farmoyishini lotin yozuvidagi o‘zbek alifbosiga o‘tish bo‘yicha 2010 - yilgacha qilinmagan ishlarni bajarish zarurati bilan tushuntirgan edi:

“Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tish to‘g‘risidagi qonun 1993 - yilda qabul qilinganidan xabaringiz bor. Keyin o‘tish muddati deb 2000 - yilning 1 - sentabri belgilandi. Undan keyin 2005 - yil, 1 - sentabr yangi muddat qilib ko‘rsatildi. Keyin yana 5 yilga jildi. Shu muddatlar orasida rejalar tasdiqlandi. 2010 - yil 1 - sentabrga qadar barcha ko‘cha nomlariyu peshlavhalardan tortib, ish qog‘ozlarigacha yangi alifboga ko‘chishi kerak edi. Tahlillar shuni ko‘rsatyaptiki, bu sohada kamchiliklar bor. Bosh vazirning ko‘rsatmasi shu kamchiliklarni bartaraf qilishga taalluqli”.

Jizzaxdagi Hamid Olimjon va Zulfiya ijod maktabi o'qituvchisi (ismi aytilishini istamadi) 3 - avgust kuni Ozodlik savoliga javoban lotin yozuviga o‘tish jarayoni to‘g‘risida mana bunday fikr bildirdi:

“Shu qarorning (Bosh vazir farmoyishi – tahr.) ta'sir doirasini shaxsan men sezganim yo'q. Bizga kelgan qarorning o'zi lotinchada emas. Bizga yuqoridan kelayotgan barcha hujjatlar kirill alifbosida. Ko'chadagi banner va reklama afishalari ham kirill alifbosida uchrab turadi”.

O‘zbek yozuvini kirilldan lotinga o‘tkazishga doir ilk hujjat imzolanganiga 28 yil bo‘ldi. 1993 - yili qabul qilingan qonunga binoan o‘zbeklar lotin yozuviga asoslangan yangi alifboga bundan 11 yil muqaddam to‘la o‘tib bo‘lgan bo‘lishi kerak edi.

1929 - yilda Sovet Ittifoqida musulmon ozchiliklar tomonidan foydalanib kelingan an’anaviy arab alifbosi lotin alifbosi bilan almashtirilgan.

1940 - yilga kelib esa, lotin alifbosi rus tilida qo‘llaniladigan kirill alifbosiga almashtirilgandi.

Toshkentning TTZ dahasida joylashgan lotin va kirill yozuvidagi ko‘cha reklamasi. 03.08.2021.
Toshkentning TTZ dahasida joylashgan lotin va kirill yozuvidagi ko‘cha reklamasi. 03.08.2021.
Toshkentning TTZ dahasida joylashgan kirill yozuvidagi ko‘cha reklamasi. 03.08.2021.
Toshkentning TTZ dahasida joylashgan kirill yozuvidagi ko‘cha reklamasi. 03.08.2021.
Toshkentning TTZ dahasida joylashgan lotin yozuvidagi ko‘cha reklamasi. 03.08.2021.
Toshkentning TTZ dahasida joylashgan lotin yozuvidagi ko‘cha reklamasi. 03.08.2021.

XS
SM
MD
LG