Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:42

Afg‘on armiyasi harbiy texnikasini qo‘lga kiritgan Tolibon mintaqadagi kuchli qo‘shinga aylandi


AQSh Afg‘onistonning qochib ketgan hukumati qo‘shinlariga dunyodagi eng ilg‘or harbiy texnika¸ xususan¸ aviatsiya vositalarini taqdim qilgan edi
AQSh Afg‘onistonning qochib ketgan hukumati qo‘shinlariga dunyodagi eng ilg‘or harbiy texnika¸ xususan¸ aviatsiya vositalarini taqdim qilgan edi

Afg‘onistonni ishg‘ol etgan Tolibon harakati hukumat kuchlari va o‘z qurolli muxoliflariga qarashli bo‘lgan katta miqdorda qurol-aslaha va zamonaviy harbiy texnikani ham qo‘lga kiritdi.

Amerika Ovozi radiosining bildirishicha¸ 2002-2017 - yillar davomida AQSh va NATO harbiy kuchlari tomonidan afg‘onlarga qariyb 28 milliard dollarlik qurol-yarog‘ yetkazib berilgan.

AQSh prezidentining xavfsizlik bo‘yicha bosh maslahatchisi Jeyk Sallivanning aytishicha, AQSh armiyasi Afg‘onistondagi ko‘p milliardli harbiy texnikasining katta qismini yo‘q qilgan. Shu bilan birga, rasmiy Tolibon jangarilari qo‘liga tushgan qurollarning aniq soni haqida ma’lumotga ega emasligini ham tan oldi.

- Shubhasiz, bizda har bir harbiy texnikaning qayerga yo‘qolgani haqida to‘liq tasavvur yo‘q. Lekin, aniqki, ularning katta miqdori toliblar qo‘liga o‘tdi va ular bu aslahani aeroportda bizga osonlikcha topshirishiga shubha bildiramiz, dedi Sallivan Oq uy matbuot anjumanida qilgan chiqishida.

Sobiq prezident Donald Tramp Fox News telekanalid qilgan chiqishida AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistondan tartibsiz chiqib ketishi ortidan Tolibon qo‘liga tushgan eng zamonaviy harbiy texnika va texnologiyalari Rossiya va Xitoy qo‘liga tushishiga ishonishini aytdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda jangarilarning sobiq Amerika bazalarida qo‘lga kiritgan harbiy o‘ljalari surat va videolarini e’lon qilindi.

Aytilishicha¸ Qunduzda toliblar o‘nlab zirhli mashina, sovet davridan qolgan T-55 tanki va xizmat ko‘rsatadigan uchuvchisiz boshqariladigan Scan Eagle uchog‘i; Bag‘ram bazasida - yuzlab maxsus uskuna, ehtiyot qismlar, harbiy uskunalar; Mozori-Sharif va Qandahorda - vertolyot va yengil qiruvchi uchoqlarni qo‘lga kiritgan.

“The Military Balance” tahliliy byulleteniga ko‘ra, Afg‘oniston hukumati kuchlarida SSSR bilan urush davridan qolgan 40 ta T-55 va T-62 o‘rta tanklari, 640 ta MSFV zirhli transport vositasi, 200 ta MaxxPro zirhli mashinasi va bir necha ming “HUMMER” bo‘lgan. Bundan tashqari, afg‘on qo‘shinlarida ruslarning 50ta RSZO "Grad", 85ta 122 mm-li D-30 va 24 gaubitsalari, 155 mm-li M114A1 artilleriya moslamasi, 600ga yaqin minomyotlari bo‘lgan. Bu qurol va harbiy texnikaning toliblar arsenaliga qo‘shilgani taxmin qilinmoqda.

Bundan tashqari, nashrning ëzishicha¸ mamlakat harbiy-havo kuchlari tarkibiga 22 ta EMB-314 Super Tucano engil hujumchi samolyot, to‘rtta C-130H Hercules transport, 24 ta yengil Cessna 208B va 18 ta turbovintli PC-12 uchog‘i kirgan. Toliblar bosqiniga qadar Afg‘oniston armiya aviatsiyasi tarkibida oltita Mi-35 hujum vertolyoti, 76 ta Mi-17 harbiy uchog‘i¸ 41 ta yengil MD-530F va 30 tacha ko‘p maqsadli UH-60A Black Hawk vertolyoti bo‘lgan.

Bundan tashqari, hukumat armiyasining mag‘lubiyati ortidan toliblar G‘arbda ishlab chiqarilgan o‘n minglab o‘qotar qurol, minglab tonna o‘q-dori, tungi nishonga olish jihozlari, teplovizorlar, maxsus texnika, harbiy uniforma va himoya vositalarini qo‘lga kiritdi.

Mutaxassislar sanab o‘tilgan texnikaning barchasi yaroqli holatda bo‘lmasa-da, unga egalik qilish toliblar qudratini keskin oshirib yuborishi va ularni eng qudratli armiyalar safiga olib chiqishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Toliblar hukumati barcha sobiq harbiy va davlat xizmatchilariga umumiy avf e’lon qilib, ularni o‘z ish o‘rinlariga qaytarishga urinmoqda. Oqibatda¸minglab noiloj ahvolda qolgan harbiy mutaxassislar, xususan yaxshi professional tayyorgarlikdan o‘tgan harbiy uchuvchi va injenerlar toliblar hokimiyati tarafiga o‘tmoqda.

O‘zbekiston chegarasini qancha afg‘on harbiysi kesib o‘tdi?

Sobiq afg‘on hukumati harbiylarining bir qismi qo‘shni davlatlar, xususan Eron, Tojikiston va O‘zbekiston chegarasidan o‘z harbiy texnikasi, asosan uchoq va vertolyotlar bilan o‘tishga muvaffaq bo‘ldi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 14–15 - avgust kunlari Afg‘onistonning 22 ta harbiy samolyoti va 24 ta harbiy vertolyoti O‘zbekiston havo hududi chegarasidan noqonuniy o‘tgani, ularda jami 585 nafar qurollangan harbiy xizmatchi bo‘lganini xabar qilgan edi. Bildirilishicha, 15 - avgust kuni Qarshi shahridagi “Xonobod” aeroportiga qo‘nish uchun ruxsat so‘ragan Afg‘onistonning 3 ta “EMBRAYER-314” rusumli harbiy samolyoti Termiz aeroportiga qo‘nish to‘g‘risida ogohlantirilib, ular O‘zbekiston Respublikasining 2 ta “MIG-29” rusumli harbiy samolyotlari kuzatuviga olingan.

15 - avgust oqshomida Telegram kanallarida tarqalgan videoda o‘nlab afg‘on harbiy texnikasining Termizdagi "Do‘stlik" ko‘prigi ustida to‘planib turgani aks etgan edi.

Shu kuni 158 nafar afg‘on fuqarosi va qurollangan harbiy xizmatchilarining daryo orqali Termiz tumani hududiga qonunga xilof ravishda o‘tgani ham xabar qilindi.

O‘zbekiston rasmiylari 14 - avgust kuni O‘zbekiston davlat chegarasidan noqonuniy o‘tgan 84 nafar Afg‘oniston harbiy xizmatchisi taslim bo‘lgani, ularga tibbiy yordam va vaqtinchalik boshpana berganini tasdiqladi. Xabarda Tashqi ishlar vazirligi afg‘on fuqarolarini vataniga qaytarish hamda Termiz-Hayraton ko‘prigidagi vaziyatni yumshatish uchun afg‘on tomoni bilan muzokaralar olib borayotgani aytilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan Jinoyat kodeksining 223-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ammo hozirgacha O‘zbekiston tarafiga o‘tgan va taslim bo‘lgan afg‘on jangchilarining aniq soniga oid biror rasmiy ma’lumot berilgani yo‘q.

"Uchoqlar va vertolyotlar O‘zbekistonda qoladi"

Afg‘onistondagi notinchlik kuchayib¸ Tolibon mamlakat aksar hududini ishg‘ol qilishni boshlashi ortidan o‘zbek rasmiylari o‘zaro chegarani qo‘riqlash kuchaytirilgani haqida ketma-ket bayonot berdi. Avgust oyi boshida Rossiya harbiylari bilan o‘tkazilgan qo‘shma mashg‘ulotlar ham O‘zbekiston hududiga qilinadigan har qanday daxlning qaytarilishi kafolatlangani dalil sifatida ko‘rsatildi.

Ayni paytda¸ jamoatchilik tarmoqlarda tarqagan videolar orqali O‘zbekiston chegara qo‘shinlari jangovar hozirlik holatiga keltirilgan bir paytda¸ afg‘on harbiy uchqich va vertolyotlarining O‘zbekiston hududiga bemalol o‘tib¸ paxta dalasiga qo‘nganiga guvoh bo‘ldi.

Bu videolar o‘zbek armiyasining janubiy qo‘shni hududidan bo‘ladigan havo hujumlaridan qanchalik himoyalangani borasida jiddiy xavotir uyg‘otmay qolmadi.

Moskvadagi Karnegi markazi ilmiy maslahatchisi, Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassis Temur Umarov O‘zbekiston chegarachilari nima uchun afg‘on harbiylarining o‘z havo hududiga kirishiga tomoshabin bo‘lib turganini "huquqiy xaos" bilan izohladi.

- O‘zbekiston chegarachilarida¸albatta¸ havo mudofaasi tizimi bor. U juda zamonaviy bo‘lmasada, har holda rus Zenit sistemalari va raketalaridan iborat. Chegarada yuzaga kelgan g‘alati huquqiy holat sababidan o‘zbek tomoni afg‘on harbiylarining vertolyot va samolyotlarini urib tushirmadi¸ deb o‘ylayman. Lekin chegara buzilishi ortidan o‘zbek tarafi jinoyat ishi ochdi. Men hozircha bu texnikaga qiziqish bildirayotgan tomonlarni ko‘rmayapman va bilishimcha, bu uchoqlar va vertolyotlar O‘zbekistonda qoladi¸ deydi Temur Umarov.

Т.Умаров: Учоқлар ва вертолётлар эсон-омон Ўзбекистонда қолади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:16 0:00
Бевосита линк

O‘zbekiston qurolli kuchlari mintaqadagi eng qudratli armiya sanaladi. Global Firepower guruhi hisob-kitobicha¸ O‘zbekiston qurolli quchlari ixtiyorida 420 tank, 715 piyodalar jangovar mashinasi, 143 dona o‘ziyurar artilleriya moslamasi, 880 artilleriya quroli va 109 dona zambarak bor. Shuningdek, O‘zbekiston 69 qiruvchi uchoq, 89 bombardimonchi, 50 ta transport uchog‘i, 70 vertolyotga (25tasi jangovar) egadir.

"Harbiylar BMT himoyasiga o‘tishi kerak!"

Parijda joylashgan Markaziy Osiyo inson huquqlari uyushmasi rahbari Nadejda Ataeva O‘zbekiston hukumati va jamoatchiligini chegaradan o‘tgan afg‘on qochqinlari, shu jumladan harbiylar taqdiriga befarq bo‘lmaslikka chaqirdi.

Н.Атаева: Нега ўзбек жамоатчилиги афғон масаласида жим?!
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:18:12 0:00
Бевосита линк

- Birinchidan, bu odamlarni zinhor qaytarmaslik kerak! Chunki Afg‘onistonda hokimiyat jiddiy jinoiy tarixga ega qurollangan odamlar qo‘liga o‘tdi. Ikkinchidan, qurol bilan O‘zbekistonga o‘tgan odamlar bu harbiy texnika toliblar qo‘liga tushib qolmasligini ta’minlab berdi. Uchinchidan, ular o‘z hayotlarini saqlab qolish huquqiga ega. Ular qarshilik ko‘rsatmasa, qurolni topshirsa, O‘zbekiston qonunlarini hurmat qilsa – O‘zbekiston ularga boshpana berishi lozim! O‘zbek chegarasidan o‘tgan qochqinlar “Qochqinlar to‘g‘risida konventsiya”, “Qiynoqlardan himoyalanish konventsiyasi”, Inson huquqlari Yevropa konvensiyasi, sudsiz va tergovsiz qatllar borasidagi xalqaro va qator boshqa hujjatlar himoyasi ostidadir.

O‘zbekiston “Qochqinlar maqomi” to‘g‘risidagi Konvensiyani imzolamagan bo‘lsada, bu odamlar BMT himoyasi ostiga o‘tishi va vaqtinchalik qochqinlik berilishi shart. Aks holda O‘zbekiston xalqaro jamoatchilik oldida toliblar hamkoriga aylanib qolishi xavfi bor!

20 - avgust kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mamlakat hududiga noqonuniy o‘tgan afg‘on fuqarolaridan 150 nafarining Tolibon bilan muzokaralardan so‘ng Afg‘onistonga qaytarilganini e’lon qildi.

Rasmiy Toshkent ta’kidicha¸ Tolibon rahbariyati vakillari bu shaxslarga nisbatan har qanday zo‘ravonlik, tazyiq va ta’qiblarning oldini olishni va’da qilgan.

XS
SM
MD
LG