Toshkent viloyat, Angren shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika vrach va hamshiralarining teng yarmi qisqartirildi.
Vrachlarga boshqa oilaviy poliklinikalardan o‘ziga ish topish, hamshiralarga esa yarim ish stavkasi taklif qilinyapti.
Krediti bor, farzandlari shartnoma bo‘yicha o‘qiyotgan, yolg‘iz onalar bor-yo‘g‘i 600 ming so‘mlik maosh bilan qiynalib qolishini aytmoqda.
Poliklinika mudiri tibbiyot kadrlari o‘rtasidagi optimallashtirish tadbiri uchta vazirlik tasdiqlagan qaror asosida amalga oshirilayotganini aytar ekan, hamshira va vrachlarni ishsiz qoldirmaslik uchun harakat qilinayotganini bildirdi.
Angren shahar ko‘r tarmoqli markaziy poliklinikasining yuzdan ortiq hamshira va vrachlari O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash, Moliya va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklarining qo‘shma qaroriga muvofiq qisqartilmoqda.
Ozodlikka bu qarordan norozi bo‘lib gapirgan hamshira va shifokorlar ta’qib qilinishidan cho‘chib ismlari sir qolishini iltimos qildi.
Qariyb 20 yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan hamshiraning aytishicha, ularga yarim stavka bilan ishda qolish taklif qilingan:
“Poliklinikada 200 dan ortiq hamshira ishlaydi. Rahbariyat ustma-ust qilib hamshirani ishga olib, to‘ldirib tashlayvergan. Endi ularni hayday olmaydi, chunki bu yerda pul rol o‘ynaydi. Ularni qisqartirish evaziga biz kabi 15-20 yillab mehnat qilgan hamshiralarning ham oyligini teng yarimga kesib, 0,5 stavka qilib qo‘ymoqda. 60 foiz hamshiralarning farzandlari kontrakt asosida o‘qiydi. 90 foiz hamshiralarda kredit to‘lovi bor. Yarim stavka, bu - 600 ming so‘m oylik. Bunga qanday yashash mumkin? Eri ishlamaydiganlar bor, boquvchisini yo‘qotgan ayollar bor. Ba’zi hamshiralarga 0,25 stavkadan ish beryapti, bu 300 ming so‘m maosh. O‘ylab ko‘ryapsizmi, qanday yashash mumkin? Erimiz ishlamaydi desak, glavvrach boshqa er top, deydi. Mana, mening xotinim qizil diplom bilan uyda o‘tiribdi-ku, men boqyapman-ku, deydi. Bizning erimiz ham glavvrach bo‘lganda, biz ham mazza qilib uyda o‘tirishni bilamiz”.
Ismi sir qolishini so‘ragan oliy toifali hamshiralaridan biri uning oilasi endi qashshoqlar qatoriga tushib qolishidan xavotirda ekanligini aytadi:
“Hozir meni boshqa birovning stavkasidan 0,5ga o‘tir, deyapti. Yarim stavka 850 ming so‘m bo‘ladi ekan. Endi o‘zingiz o‘ylang, 500 ming so‘m kreditim bor, ikkita kontraktda o‘qiydigan talaba o‘g‘lim bor, boquvchim yo‘q, men qanaqa qilib yashayman(yig‘laydi-tahr.). Birovning ijarasida yashayman. Glavvrachga aytdim. Menga, hech bo‘lmasa, farroshlik uchun yana 0,25 bering. Pol yuvaman, supuraman, sidiraman, hech bo‘lmaganda, 0,75ga qoldiringlar, deb iltimos qilyapman. Glavvrach umuman eshitishni xohlamayapti”.
Ismi sir qolishini so‘ragan shifokorlardan birining aytishicha, tibbiyot sohasidagi islohotlar o‘ylanmay qilinmoqda va bundan asosan, vrach va hamshiralar jabr chekmoqda:
“Bundan 4-5 yil avval hamma tor mutaxassislarni(ginekolog, xirurg, okulist, nevropatolog, endokrinolog) shahar markaziy poliklinikasiga yig‘ishgan edi. Endi ularni oilaviy poliklinikalarga tarqatyapti. Vrachlarku, borib ish topar, lekin ular hamshiralarni olmaymiz, deyishyapti va ular ishsiz qolyapti. Tushunib bo‘lmaydigan vaziyat bo‘lyapti. Avval ura qilib ishga olishadi, keyin esa qisqartirib yuborishadi. Bu yerda ham tanish-bilishchilik va korrupsiya bor”.
Angren shahar tibbiyot birlashmasi rahbari Shokir Norqobilov kun davomida Ozodlik qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.
Angren shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi mudiri Mamlakat Saidqulova, tibbiyot kadrlari o‘rtasidagi optimallashtirish tadbiri uchta vazirlik tasdiqlagan qaror asosida amalga oshirilayotganini aytar ekan, hamshira va vrachlarni ishsiz qoldirmaslik uchun harakat qilinayotganini aytdi:
“Ilgari shahar aholisining sonidan kelib chiqib shtatlar belgilangan edi. Endi Sog‘liqni saqlash vazirligi 1 - iyuldan yangi shtat jadvalini tasdiqladi. Uchta vazirlik chiqargan. Bilasiz, islohotlarimizda jon boshiga moliyalashtirish, degan narsa ketyapti. Angren shahri aholisi to‘rtta oilaviy poliklinikaga biriktirib berilgan, ko‘p tarmoqli poliklinikamizning esa, aholisi yo‘q. Shuning uchun bitta-bitta shtat berildi. Eski shtat bo‘yicha menda 8 ta xirurg bor edi. Masalan, bitta xirurgga ikkita hamshira kerak edi. Endi aholiga qulay bo‘lsin deb, tor mutaxassislar oilaviy poliklinikalarga berildi. Oilaviy polikliniklar hamshiralarni olmadi. Tabiiy, ular ishsiz qoladigan bo‘ldi. Lekin biz o‘tirib, buni muhokama qilib, qolgan shtatlarni hammaga bo‘lib chiqdik va hamshiralarga yarim stavkadan tegadigan bo‘ldi. 216ta hamshiram bor ekan. Qizlarning xafa bo‘layotgani, bizlarda hamma vaqt bir stavkadan ishlashgan, hech qachon yarim stavka bo‘lmagan”.
Mamlakat Saidqulovaga ko‘ra, hamshiralarga qonuniy qo‘shimcha daromad manbai topishga ham harakat qilinmoqda:
“Biz ularga aytyapmiz, hozircha yarim shtatga ishlab turinglar. Bundan keyin pullik xizmatni ham rivojlantiramiz. Yarim stavkadan pullikka o‘tkazamiz, deyapmiz. Lekin buni hammasi ham tushunmayapti. Biz ularni ishsiz qolmasligi va biroz sabr qilib turishini so‘rayapmiz”.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 - yilning noyabr oyida “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonini imzolagan edi.
Prezident farmoniga asosan, umumiy amaliyot shifokori bundan buyon oilaviy shifokor deb ataladi va tibbiyot oliy ta’lim muassasalaridagi fan dasturlari ham ayni oilaviy shifokor tayyorlashga moslashtiriladi.
Oilaviy shifokorning mas’uliyati orttirilib, tuman va shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari hamda viloyat shifoxonalariga bepul tibbiy yordam ko‘rsatilishi uchun yo‘llanmalar oilaviy shifokorlar tomonidan beriladigan bo‘ladi.
Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida dori vositalari va tibbiy buyumlarga imtiyozli retseptlar yozib berish ham oilaviy shifokor tomonidan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
2021 - yil 1 - yanvardan boshlab qishloq vrachlik punkti oilaviy shifokor punkti deb, qishloq va shahar oilaviy poliklinikasi esa oilaviy poliklinika deb qayta nomlanib, aholi soni va mahalliy zaruriyatdan kelib chiqib, navbatchilik tizimi joriy etiladi.