“Uzbekistan GTL” zavodini qurayotgan Enter Engineering shirkati olib kelgan bangladeshlik 200 dan ziyod ishchi 11 - noyabr kuni G‘uzorda texnologik liniyani montaj qilish ishlarini boshladi.
Ozodlik bilan hamkorlik qilayotgan mahalliy muxbir bangladeshliklarning ishlayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi va suratlarini Ozodlikka yubordi. Suratda bangladeshlik ishchilarning quvurlarni payvand qilayotgani aks etgan.
Enter Engineering shirkati Xodimlar bo‘limi vakiliga ko‘ra¸ G‘uzorga prezident tashrif buyurishi kutilayotgani bois ish jadallashgan va bangladeshlik ishchilarning bir qismi montaj va o‘rnatish ishlariga jalb qiingan. Xodimning aytishicha¸ chet ellik ishchilarning "hujjatlari rasmiylashtirish uchun kerakli idoralarga yuborilgan".
Rasman: Ishlashga ruxsat yo‘q
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot xizmati boshlig‘i Rahimjon Mahkamov Ozodlik bilan suhbatda Uzbekistan GTL zavodi uskunalarini montaj qilish ishida bangladeshlik mutaxassislarning ishlashiga 12 - noyabr xolatiga ruxsat yo‘qligini aytdi. Mahkamovga ko‘ra¸ “O‘zbekneftegaz” AJ, Uzbekistan GTL yoki loyiha bosh pudratchisi, ENTER Engineering vakillari chetdan ishchi olib kelishdan oldin vazirlikdan ruxsat olishlari shart bo‘lgan, ammo ruxsat olinmagan:
“ENTER Engineering Pte. Ltd.” kompaniyasi, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligidan Sho‘rtan gaz-kimyo kompleksining metan tozalash bazasida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish loyihasi uchun jalb qilinayotgan xorijiy ish kuchi to‘g‘risida tegishli ma’lumotlar so‘ralgan va o‘rganilmoqda. 12 - noyabr xolatiga G‘uzor tumaniga olib kelingan bangladeshlik ishchilarning ishga ruxsatnomasi rasmiylashtirilmagan", - dedi Mahkamov.
"O‘zbek ishchilarini ham o‘rgatsa bo‘lardi"
Mahkamovga ko‘ra¸ uskunalarni montaj qilish ishlari bo‘yicha mahalliy mutaxassislarni davlat hisobidan tayyorlash markazlari mavjud va bu markaz ENTER Engineering uchun qisqa muddat ichida mahalliy ishchilarni o‘qitib berishi mumkin edi:
“Vazirligimiz ENTER Engineerindagi bo‘sh ish o‘rinlariga mahalliy ishsiz aholini jalb etish, ularning malaka darajasi yetarli bo‘lmaganda bepul kasbiy o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha hamkorlikka tayyorligini bildirgan va yana bildiradi. Tizim tayyor. Montaj butlash ishlarini bajarishga loyiq mutaxassislarni o‘zimiz yetishtirib bera olamiz”, - dedi vazirlik vakili.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 11 - noyabr kuni bayonot chiqarib¸ “O‘zbekneftegaz” AJ, Uzbekistan GTL yoki loyiha bosh pudratchisi, ENTER Engineering Pte. Ltd. kompaniyasi Qashqadaryoda qurilayotgan Uzbekistan GTL zavodi uskunalarini montaj qilishga bangladeshlik mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha shu kungacha tasdiqnoma olish uchun murojaat qilgan emas", deya ta’kidlagan edi.
Karantin tugamagan
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Qashqadaryo viloyat boshqarmasining ismi oshkor etilishini istamagan mutaxassisiga ko‘ra, “Bangladeshlik ishchilarning COVID-19 ga qarshi bir haftalik karantin tugamasdan ishga chiqarilishi mavjud tartibga zid va 20 ming kishi ishlaydigan jamoa uchun xatarlidir.”
Xorijlik ishchilarga qancha maosh to‘lanadi?
239 nafar bangladeshlik ishchi joriy yilning 8 - noyabr kuni Enter Engineering shirkati maxsus kiralagan laynerda O‘zbekistonga olib kelingan edi.
Bu haqda yozgan Bangladeshning Daily Star gazetasiga ko‘ra¸ jami uchta charter reys bilan 888 nafar ishchi O‘zbekistonga yetkaziladi. Ammo keyingi ikki reysning amalga oshgan yo oshmagani haqida Ozodlikda ma’lumot yo‘q.
Ozodlik suhbatlashgan Enter Engineering shirkatining ismi sir qolishni istagan mulozimiga ko‘ra, bangladeshlik ishchilarga "500 dollardan 1000 dollargacha oylik belgilangan".
Ammo bu raqamni Ozodlik suhbatlashgan xodimlar bo‘limi tasdiqlamadi, ammo inkor ham qilgani yo‘q. “Tijoriy sir bo‘lgani uchun ochiqlanmaydi”, - dedi chetdan yuzlab ishchi jalb qilgan shirkat vakili.
Chetga arzon ishchi kuchi eksport qiladigan O‘zbekiston o‘zining yaqin tarixida avtomobil sanoati uchun o‘nlab mutaxassislarni Koreyadan taklif qilgan bo‘lsa ham, yoppasiga xorijdan ishchilar yollash kuzatilmagan.
Enter Engineering shirkatining minglab ishchilari joriy yil 21 - oktabrida stixiyali norozilik aksiyasiga chiqqan edi.
Oylik va ovqatning vaqtida berilmaganidan g‘azabga kelgan ishchilarning noroziligi ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketgan.
Ozodlik 3 - noyabr kuni tartibsizliklarda ayblangan 20ga yaqin ishchilar ustidan jinoyat ishi ochilgani haqida xabar bergan edi.
Norozilikda qatnashgan ishchilar Jinoyat kodeksining 173 - moddasi (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) va 277 - moddasi (Bezorilik) da ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda ayblanmoqda.