Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:16

Banklar bankrotlik yoqasiga keldi – aholining kreditni qaytarishga qurbi yo‘q


To‘lanmagan kreditlarning asosiy hissasi "Xalq banki"ga tegishli ekanligi aytiladi.
To‘lanmagan kreditlarning asosiy hissasi "Xalq banki"ga tegishli ekanligi aytiladi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 - may kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida korxonalarning kredit qoplamaslik holati va oilaviy tadbirkorlik dasturlari bo‘yicha berilgan kreditlarni qaytarish muammo bo‘lib qolganini tan oldi.

Prezident yil yakunigacha qarzlar yuz foiz banklarga qaytarilishi haqida ko‘rsatma berdi.

Ozodlik suhbatlashgan bank boshqaruvchisi va bo‘lim boshlig‘i davlat dasturlari asosida aholiga berilgan kreditlarni qaytarish muammo ekanligi, aholida bu pullarni bankka qaytarish imkoni yo‘qligini aytdi.

Sakson foiz pul bankdan tashqarida

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 - may kungi videoselektor chog‘ida so‘nggi uch yil davomida hududiy dasturlar doirasida 16 trillion so‘mlik kredit hisobiga amalga oshirilgan 4,2 mingta loyihaning 50 foizi, joriy yildagi 11,5 trillion so‘mlik 2,6 mingta loyiha bo‘yicha esa 80 foiz pul tushumlari bankdan tashqarida aylanayotganini qayd etgan:

“Demak, bu loyihalar faqatgina kredit olish maqsadida, “ko‘zbo‘yamachilik” uchun amalga oshirilyapti, korxonalar soliq to‘lamasdan ishlayapti degani emasmi? Agar bu pul bankka qaytsa, qancha imkoniyat ko‘payadi”, dedi prezident.

Banklar "bo‘ynigacha qarzga botgan"

Ozodlik suhbatlashgan “Agrobank”tuman bo‘limining ismi sir qolishini so‘ragan boshqaruvchilaridan biri davlat dasturi asosidagi loyihalarning “ko‘zbo‘yamachilik” uchun amalga oshirilayotgani, bu dasturlar banklarni "bo‘ynigacha qarzga botirgani"ni aytdi:

“Hozir banklardagi ahvol strashniy, ya’ni dahshat. Hamma bank shu paytgacha tarixda bo‘lmagan zararda o‘tiribdi. Xalq banki qariyb 200 milliard, “Asakabank” 100 milliarddan oshiq, “Agrobank” 50 milliard so‘mdan oshiq qarzga botgan, banklar o‘tirib bo‘ldi. Korxonalar kreditni qaytara olmayapti. Investitsion loyihalarni chet eldan olib kelish dasturi bo‘yicha “otkat” evaziga olib kelingan texnikalarga juda katta kreditlar olingan”.

Boshqaruvchi kredit olishning bu qalloblik usulini shunday tushuntiradi:

“Masalan, Xitoyga spetstexnika uchun 500-600 ming dollar pul chiqarsangiz, shuni 150 mingini sizga ofitsialno qaytarib beradi. Ana shunday qilib ko‘pchilik tadbirkorman degan olib kelgan. Unga kreditingni yop desangiz, parvosiga kelmaydi, ana kerak bo‘lsa ol texnikani, deydi. Chunki u “shira”ni olib bo‘lgan. Ikkinchi sabab esa, bu pulni maqsadli ishlatgan ham ishlab chiqargan tovarini eksport qila olmayapti. Chunki, pandemiya sabab tovarini sota olmayapti”.

Kreditlar hech qanday garovsiz berildi

Bankirning fikricha, banklarni o‘tirg‘izib qo‘ygan ikkinchi narsa, bu davlat dasturlari asosida aholiga garovsiz berilgan turli xil kreditlar:

“O‘zbekiston hukumati aholini kambag‘allikdan chiqarish uchun 2017 - yildan buyon bir necha dastur qabul qildi. Ulardan biri “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish” haqidagi prezidentning 2021 - yil 27 - martdagi PQ-5041-sonli qarori bo‘ldi. O‘shanda tadbirkorlik qilmoqchi bo‘lgan oilalarga 7 foizli imtiyozli kredit berildi. Har bir oila 30 million so‘mni hech qanday garovsiz, hokimiyatning bitta tavsiyanomasi bilan oldi. Hamma bank o‘rtacha 20 milliard so‘mdan bergan. Lekin bu ham dabdala bo‘ldi. Aholi pulni qaytarolmayapti. Banklarga reja qo‘yib qo‘ygan, mana shuncha odamga shuncha pul berasan, deb. Uning bu pulni qaytarish qobiliyati bormi yoki yo‘q, bu bilan ishi yo‘q.”.

Suhbatdosh aholi pulni qaytara olmaganiga bir necha misollar keltiradi:

“Masalan, o‘shanda aholi kreditga chorva olgan. Mana bunday bo‘lgan. Ta’minotchilar bozordagi 10 million so‘mlik molni 13-15 million so‘mga sotgan. O‘rtada ta’minotchilar katta foyda ko‘rgan. Ikkinchi tomondan, odamlarga naqd pul kerak bo‘lgani uchun o‘sha molni sotgan va endi u pul yo‘q. Endi talab qilib borsangiz, molim o‘lib qoldi, ish yo‘q, kambag‘alman, deydi".

"Daftar"lar banklarni xarob qildi

O‘zbekiston hukumati 2020 - yildan boshlab aholini kambag‘allikdan chiqarish va kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab quvvatlash maqsadida MFYlarda “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftarni” shakllantirdi. O‘z navbatida banklarga ham bu daftarlarda ro‘yxatda turgan oilalarga kredit berish mas’uliyatini banklarga yukladi. Bank boshqaruvchisi fikricha, bu “daftar”lar ham banklarning iqtisodiy ahvolini yanada og‘irlashtirgan:

“Bu ro‘yxatda turgan odamlarga banklar 33 million so‘mgacha kredit berdi. Hamma bank bitta-bitta tumanga biriktirilgan. Ikki yil oldin hamma bank kredit berardi. Hozir bu majburiyat uchta bank –“Xalq banki”,”Agrobank” va “MikroKreditbank”da qoldi, xolos. Shu paytgacha kredit olganlarning 10-15 foizigina qaytara olyapti, xolos. So‘rab borsangiz, buni bizga prezident bergan, qachon topsam qaytaraman, deydi. Na kafolati bor uni, na garovga oladigan narsasi. Lekin to‘lash qobiliyati bor bo‘lib, to‘lamay yurganlari ham ko‘p”.

Bankirning aytishicha, hukumatning “hammani ishlatamiz, hammani tadbirkor qilamiz” degan yaxshi niyati amalga oshmay qoldi, aksincha yangi iqtisodiy muammolarni keltirib chiqardi:

“Niyat yaxshi edi, lekin hamma ham tadbirkor bo‘la olmas ekan. Qo‘liga 30 million berib qo‘yganingiz bilan uni hamma ham to‘g‘ri va maqsadli ishlata olmas ekan. Korxonalarga berilgan kredit garov evaziga berilgan. Kechroq bo‘lsa ham ulardan undirish mumkin. Lekin mana bu xalqqa berilgan kreditning tagi yo‘q! Hozir aksariyat banklarning qariyb 50 foiz puli tashqarida, agar 50 ga etsa bank o‘zini bankrot deb e’lon qilishi kerak. Boshqa chora yo‘q!”

Kreditlar tanish-bilishchilik va bosim ostida ulashildi

"Agrobank"ning Qashqadaryo viloyati tumanlaridan biridagi bo‘limining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi tadbirkorlikni rivojlantirish uchun berilgan imtiyozli kreditlarning 70-80 foizi tanish-bilishchilik va hokimiyat, kuch ishlatar tizimlar mulozimlarining bosimi bilan ulashilganini idaao qildi:

“Bu kreditlar Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki va boshqa yordamlarning pullari. Men o‘zim shu sohada ishlaganim uchun aniq ayta olamanki, bizlarda shuning qariyb 80 foizi maqsadsiz ishlatiladi. Imtiyozli kredit berishda hokimiyat, prokuratura, milliy xavfsizlik tanish-bilishlari, o‘ziga to‘q qarindoshlari oladi. Masalan, menga tel qilishadi, mana shu odamga chiqartirib berasan, deydi. Yo‘q, desangiz, seni unday qilaman, bunday qilaman, deb do‘q-po‘pisa qiladi, ishlayman desangiz boshqa ilojingiz yo‘q, hamma tumanda shu ahvol. Hozir Qashqadaryo viloyatidagi banklar tamoman o‘tirib qolgan. 2019-2020 - yillardagi qarzlarni undirish esa eng katta muammoga aylangan”.

Kreditlar aholini kambag‘allikdan chiqara olmadi

O‘zbekistonda aholini kambag‘allikdan chiqarish, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun bir qancha davlat dasturi qabul qilingan.

Prezidentning tashabbusi bilan avval ko‘pchilik kreditga tovuq olib boqib ko‘rdi, chorvachilik va baliqchilik bilan shug‘ullanishga harakat qildi.

Ammo, ko‘p joylarda aholiga berilgan imtiyozli kredit summasi to‘g‘ridan to‘g‘ri odamlar hisobiga o‘tkazib berilmay, balki o‘rtadagi ta’minotchilarga berilgan.

Ta’minotchilar esa bank bilan shartnoma imzolab, aholiga biror ishlab chiqarish obyekti qurib berishi yoki chorva olib berishi kerak edi.

Ammo Ozodlik tinglovchilari ta’minotchilar o‘z mahsuloti narxini bozordagidan ancha qimmat narxda kambag‘allarga o‘tkazgani haqida bir necha bor murojaat qilgan edi.

Andijon viloyatining Bo‘ston tumanida yashaydigan pensioner Olimjon Eshmatovning aytishicha, besh yuzdan ortiq kam ta’minlangan oila ayni paytda Oliy Majlis deputati bo‘lgan, tadbirkor Odinaxon Otaxonovaning bank bilan kelishgan o‘yini qurboni bo‘lgan:

“2018 - yilda Shavkat Mirziyoyev imzolagan“Har bir oila – tadbirkor” dasturi asosida bizga ham “Agrobank” kredit berib chorva moli taklif qildi. Hamma xursand bo‘lib oldi. Lekin kredit pulini qo‘limizga naqd bermadi. Odinaxon Otaxonovaning fermasi hisobiga o‘tqazdi. U esa xalqni laqillatib barcha kasal molini sotdi. Oqibatda hammaning moli o‘ldi yoki kasal bo‘lib bozorda arzon narxga sotib yubordi. Men hokimiyatgacha borib aytdim, men xohlagan joyga pul surib beringlar, men Samarqanddan ham olib kelishim mumkin, desam, yo‘q faqat Odinaxonning fermasidan olasiz dedi. Olib hamma kuydi, kuyganda ham qattiq kuydi. Deputat opamiz kasal mollarni kambag‘allarga pullab, fermasiga sog‘ mollar sotib oldi. Bu yerda bank bilan tadbirkorning o‘zaro manfaatli kelishuvidan boshqa yana nima bo‘lishi mumkin? Bu dastur bizni kambag‘allikdan chiqarmadi, aksincha qashshoq qilib qo‘ydi. Hozir ham bankdan pulni to‘lang, deb keladi. Qo‘lingdan kelsa mana meni otib yubor, deyman!”

Namangan viloyatining Chust tumanida yashovchi 23 yoshli Abdullajon Mamadaliyev ham Ozodlikka har biri bozor narxida 7 million so‘m turadigan ikkita qoramol uchun “Agrobank” tuman bo‘limida 31 million 600 ming so‘m miqdorida kredit rasmiylashtirilganini aytgan edi.

Prezident 12 - may kuni o‘tgan selektor yig‘ilishida davlat dasturlari doirasida olinayotgan kreditlarning maqsadli ishlatilishi bo‘yicha kunlik nazorat o‘rnatish va aybdorlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish yuzasidan har oyda Prezident Administratsiyasiga axborot kiritib borish bo‘yicha Bosh prokuratura departamenti, Hisob Palatasiga topshiriq berdi.

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, Bosh vazir o‘rinbosarlari viloyat hokimlari bilan birga 2 hafta muddatda o‘z kompleksiga kiruvchi korxonalarning muammoli qarzdorligini to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ikkinchi chorak yakuniga qadar ularning kamida 25 foizini, yil yakuniga qadar esa 100 foiz qaytarishni ta’minlash bo‘yicha hududlar va tarmoqlar kesimida jadval asosida ish olib boradi.

XS
SM
MD
LG