Линклар

Шошилинч хабар
06 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:58

BBC: Tolibon ichida jiddiy kelishmovchilik - Barodar hukumat tarkibidan norozi


Muvaqqat hukumatda deyarli barcha muhim lavozimlar Tolibon vakillari o‘rtasida taqsimlangan.
Muvaqqat hukumatda deyarli barcha muhim lavozimlar Tolibon vakillari o‘rtasida taqsimlangan.

Afg‘onistonni nazorat qilayotgan Tolibon harakati rahbarlari o‘rtasida jiddiy ixtilof chiqqan – bu haqda Bi-bi-si Tolibonning muvaqqat hukumati ichidagi yuqori martabali manbalariga tayangan holda xabar qilmoqda.

Bi-bi-si pashtun xizmati suhbatdoshlariga ko‘ra, prezident saroyidagi yig‘ilish chog‘ida Tolibon asoschilaridan biri, yangi hukumatda bosh vazir o‘rinbosari lavozimini egallagan Abdul G‘ani Barodar boshqa bir katta mansabdor – qochqinlar ishlari bo‘yicha vazir hamda “Haqqoniy tarmog‘i” tashkilotining atoqli vakillaridan biri bo‘lmish Xalil Rahmon Haqqoniy bilan tortishib qolgan.

Xabar qilinishicha, ikkala mulozim bir-biriga qattiq so‘zlar aytgan, dahanaki jangga ularning Tolibon hukumatidagi tarafdorlari ham aralashgan.

Janjalga Barodarning Afg‘oniston yangi hukumati tuzilmasidan noroziligi sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Iddao qilinishicha, ixtilof ildizi “toliblar g‘alabasining bosh me’mori” deb atalishga kim ko‘proq munosibligi to‘g‘risidagi bahslarga borib taqaladi.

Manbalarga ishonilsa, Barodar toliblarning iqtidorga kelishi – muzokaralar va diplomatiya bilan shug‘ullanganlarning, ya’ni o‘zi kabilarning xizmatlari samarasi, deb biladi. Yuqori martabali toliblar boshqaruvidagi “Haqqoniy tarmog‘i” guruhi a’zolari esa barcha ishni ularning harbiy yutuqlari hal qilganini iddao qilishmoqda ekan.

Aynan Barodar Tolibonning AQSh prezidenti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara olib borgan birinchi yuqori martabali vakilidir: 2020 - yilda u Donald Tram bilan telefon orqali muloqot qilgan edi. Bunga qadar u Dohada Afg‘onistondan Amerika qo‘shinlarini olib chiqib ketish to‘g‘risidagi bitimga imzo chekkan.
“Haqqoniy tarmog‘i” nomi esa so‘nggi yillarda Afg‘oniston qurolli kuchlari va ularning g‘arblik ittifoqdoshlariga qarshi amalga oshirilgan eng qonli hujumlar bilan bog‘lanadi.

13 - sentabr kuni Barodar Kobuldagi prezident saroyida yuz bergan otishmada halok bo‘lgani haqidagi xabarlarni rad etib chiqqan. Toliblar tarqatgan audiobayonotda Barodar bu haqda matbuotda paydo bo‘lgan xabarlarni "yolg‘on va propagandist OAVlar tomonidan tarqatilgan feyk" deb atagan.

Tolibon muvaqqat hukumati bosh vaziri o‘rinbosarining harakat ichidagi guruhlar orasida yuz bergan nizoda og‘ir yaralangani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlar va Hindiston matbuotida paydo bo‘lgan edi. Unda hukumatdagi o‘rinlarni taqsimlash chog‘ida Tolibon ichida jiddiy kelishmovchilik kelib chiqqani aytiladi.

1968 - yilda O‘ruzg‘on viloyatida tug‘ilgan Barodar popalzay qabilasidan bo‘lib, durroniy yoki Qandahor pushtu tilida so‘zlaydi. Barodar Afg‘onistonning sobiq prezidenti Hamid Karzay bilan bir qabiladandir.

U Tolibon mudofaa vazirining o‘rinbosari ham bo‘lgan.

AQShda 2001 - yilning 11 - sentabr kuni amalga oshirilgan terror hujumlari ortidan Barodar Afg‘onistondan Pokistonga qochgan.

Barodar 2010 - yilda AQSh va Pokiston razvedka agentliklari tomonidan Karachida hibsga olingan va Pokistonda sakkiz yil qamoqda o‘tirgan. AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus elchisi Zalmay Halilzod taklifi bilan ozodlikka chiqarilgandi.

2020 - yilda AQSh va Tolibon imzolagan bitim Amerikaning eng uzoqqa cho‘zilgan urushiga yakun yasagan esa-da, AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqib ketilishi Tolibon bir necha hafta ichida mamlakatni qo‘lga olishiga zamin yaratdi.

7 - sentabr kuni Tolibon Afg‘onistonni "Islomiy Amirlik" deb e’lon qildi va o‘zining muvaqqat hukumati tarkibini tasdiqladi.

Harakat yetakchisi – 60 yoshli Haybatulloh Oxundzoda davlatning oliy rahbari deb e’lon qilindi. Hukumat boshlig‘i vazifasini bajaruvchi etib mulla Muhammad Hasan Oxund tayinlandi.

U shu paytgacha radikal harakat sho‘rosi (boshqaruv kengashi) rahbari edi. Deyarli barcha muhim lavozimlar Tolibon vakillari o‘rtasida taqsimlangan.

Hozirgacha bironta davlat toliblarning muvaqqat hukumatini rasman tan olgani yo‘q. AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Germaniyada dunyoning 20 ga yaqin mamlakatlari vakillari bilan virtual uchrashuvdan so‘ng Tolibon hukumatiga uning amaliy ishlariga ko‘ra baho berilishi, legitim bo‘lish uchun “shunga munosib ish ko‘rsatish kerak”ligini aytgan.

Yevropa Ittifoqi esa, Tolibon hukumatini “noinklyuziv” va tor doiradagi odamlar manfaatlarini ifodalovchi hukumat, deb atadi. YeI toliblar avval bergan va’dalariga vafo qilmadi, deb hisoblamoqda.

XS
SM
MD
LG