Линклар

Шошилинч хабар
08 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:11

Bloger Otabek Sattoriy 6,5 yilga qamaldi


Bloger Otabek Sattoriy
Bloger Otabek Sattoriy

10 - may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudi bloger Otabek Sattoriyni 6 yarim yilga ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida hukm chiqardi.

Sudning 10 - may, ertalab 25 daqiqa davom etgan majlisida 1980 - yilda Termiz shahrida tug‘ilgan sudlanuvchi Otabek Sattoriyga so‘nggi so‘z aytish imkoni berilgan va sudyaga murojaat qilib, sud zalidan ozod qilishni so‘ragan edi.

Otabek Sattoriy ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudi raisi T. Abdiraimov raisligida ko‘rib chiqildi.

Sud majlisida qatnashgan mahalliy blogerlarga ko‘ra, sudya o‘z hukmini 10 - may, soat 17. 20 da o‘qidi.

Oliy sudning yashin tezligida chiqqan bayonoti

Oradan bir necha daqiqa o‘tiboq O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘ining rasmiy kanali Sattoriy ishi bo‘yicha chiqarilgan hukm yuzasidan bayonot e’lon qildi.

Unda aytilishicha, "O. Sattoriy ayblovning jabrlanuvchi N. Narbayevani haqorat qilganligi bo‘yicha Jinoyat kodeksining 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandi bilan hamda T. Ko‘charov, A. Xudoyqulov va Z. Xursanovga nisbatan takroran tovlamachilik qilganligi bo‘yicha Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybsiz deb topilib, ushbu moddalar bilan uning harakatlarida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli oqlangan".

Oliy sud bayonoti davomida bloger Otabek Sattoriy Jinoyat kodeksining qaysi moddalari bo‘yicha aybdor, deb topilgani va unga qanday jazo qo‘llanilgani aytilgan:

"O. Sattoriy Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “a”, “g” bandlari va 165-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llab, 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61-moddasi (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) ga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li orqali uzil-kesil 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi", deyilgan Oliy sud bayonotida.

Oliy sud, shuningdek, "ashyoviy dalil deb e’tirof etilgan 1 dona “Vivo-X50” rusumli uyali telefon apparati qonuniy egasi L. To‘rayevga, 1 dona “Redmi 5+” rusumli uyali telefon apparati va 1 dona “Zotac” rusumli kompyuter protsessori qonuniy egasi sudlanuvchi O. Sattoriyga qaytarilishi belgilandi", deb xabar qildi.

Sattoriyning himoyachisi hukm ustidan shikoyat qilmoqchi

Otabek Sattoriyning advokati Umid Davletov mahalliy jurnalistlarga Muzrabot sudining o‘qigan hukmidan norozi ekanligini bildirib, ishni qayta ko‘rib chiqish uchun, Surxondaryo viloyat sudiga shikoyat apellyatsiyasini taqdim etilishini aytdi. Agarda viloyat sudi ham ushbu ishni ko‘rib chiqmasa ish Oliy sudga oshirilishi mumkinligini inkor etmadi.

"Ҳамма менга қарши" - Отабек Сатторий судида гувоҳлар ва қўшимча гувоҳларнинг кўрсатмалари тингланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:39 0:00

Gapirganga o‘n besh yil,
Eshitganga yigirma

Otabek Sattoriy ustidan hukm o‘qilishi bilanoq ijtimoiy tarmoqlarda bu voqeaga munosabatlar bildirila boshladi. Telegramdagi 30568 obunachisi bor Devonayi Haqgo‘y | Jadidlar izdoshi "Bloger Otabek Sattoriy Abdumannonzoda uzil-kesil 6 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum qilindi", deb xabar berarkan, bu xabar oldidan shoir Erkin Vohidovning bir she’rini ko‘chirib bosgan:

Egil, o‘zni pana qil,
Borligingni bildirma.
Yo‘talganga o‘n besh yil,
Aksirganga yigirma.

Kar bo‘l, ko‘r bo‘l, tishla til,
Boshga balo keltirma.
Gapirganga o‘n besh yil,
Eshitganga yigirma.

Qalamingni dushman bil,
Qog‘oz uzra jildirma,
Roman yozsang – o‘n besh yil,
Doston yozsang – yigirma...

ERKIN VOHIDOV

"Ha, bu juda katta signal"

Bunday sarlavha ostida quyidagi fikrini Telegramda 23996 obunachisi bor Yuristkadr kanali e’lon qildi:

"Bu hukm O‘zbekistondagi so‘z erkinligiga va blogosferaga jiddiy ta’sir o‘tkazsa kerak. Har holda qattiq bir siltanish kuzatildi.

Apellyatsiya shikoyati berilishi oldindan ma’lum. Keyingi sudlardan adolat kutib qolamiz".​


Sudning 4 - may kungi majlisi ba’zi muhim tafsilotlari

Otabek Sattoriy ustidan o‘tkazilayotgan sud jarayonining 4 - may kungi majlisida davlat ayblovchisi uni 11 yilga ozodlikdan mahrum etishni so‘ragan edi.

Tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan surxondaryolik bloger Otabek Sattoriyga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 3 ta moddasi bilan jami 8 ta ayblov e’lon qilingan.

Sudning 4 - may kungi majlisida prokuror blogerga qo‘yilgan ayblovlardan uchtasini rad etib, beshtasi bo‘yicha aybdor deb topishni so‘ragan.

O‘sha majlisda blogerning advokati, sud jarayonida prokuror Otabek Sattoriyning ayblarini isbotlovchi dalillar taqdim qilmadi, dedi.

"Himoyalanuvchimning nafaqat 11 yillik qamoq, 15 sutkalik hibsga arziydigan aybi yo‘q. Chunki, bu ish taxminlardan iborat, bundan tashqari har bitta epizodni mustahkamlash, aybini tasdiqlash uchun birorta protsessual harakat qilinmagan. Jinoyat ishida soxtalashtirish hammasi. E’tirozlarimiz esa inobatga olinmadi", degan edi advokat Umid Davletov.

10 - may kuni advokat Umid Davletov mahalliy jurnalistlar savollariga javob berar ekan, sudya uning mijozi Otabek Sattoriyni oqlab, sud zalidan ozod qilishiga umid qilayotganini bildirdi:

"Prokuror 11 so‘ragani uchun xalqimiz juda vahimaga tushib qoldi. U so‘rov taraflar muzokarasi paytida prokuror bildirgan fikr xolos. Biz esa, oqlashni so‘radik va bunga asosimiz bor. Amaliyotda ko‘rdik, dalil yetarli bo‘lmagani uchun.16 yilga qamash so‘ralganlarni oqlab yuborganlarini, 18 yil so‘ralganlarni oqlab yuborganlarini ko‘rdik".

Sudning 4 - may kungi majlisidan so‘ng

Tarmoqlarda tanqidchi blogerga so‘ralgan jazo Sardoba fojiasi aybdorlariga qo‘llangani aytilayotgan jarima jazosi bilan qiyoslandi.

Oliy Majlis deputati Kusherbayev buni “dahshat”, taniqli bloger Zafarbek Solijonov “xalqdagi ishonch qoldiqlarining chilparchin bo‘lishi”, bloger Otabek Bakirov esa “qo‘rqitish akti” deb baholadi.

Telegram va YouTube portalidagi “Xalq fikri” videoblogidagi tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan Otabek Sattoriy shu yilning 30 - yanvarida Termizdagi uyidan fuqaro kiyimidagi xodimlar tomonidan olib ketilgandi.

Bloger ustidan mahkama jarayoni 11 - mart kuni Muzrabot tuman sudida boshlangan.

"Ҳаммаси уюштирилган" - блогер Отабек Сатторий устидан суд жараёни бошланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:03 0:00

Qator xalqaro tashkilotlar O‘zbekiston hukumatini hibsga olingan bloger Otabek Sattoriyni ozod qilishga chaqirdi. Tashkilotlarning ishonishicha, bloger korrupsiyaga qarshi kurashgani ortidan soxtalashtirilgan jinoyat ishi asosida qamoqqa olingan.

XS
SM
MD
LG