Qirq yil oldin Bolgariyaning kommunistik hukumati mamlakatdagi etnik turklarga qarshi shafqatsiz kampaniya boshladi. "Uyg‘onish jarayoni" deb nomlangan bu harakat turkiy ismlarni slavyanchaga o‘zgartirishni, turk tili va urf-odatlarini taqiqlashni va oxir-oqibat turk milliy o‘zligini yo‘q qilishni maqsad qilgan edi. Bunga qarshi kurashganlardan biri Sevginar Mahmud bo‘lib, u hozirga qadar adolatga erishilmaganini ta’kidlaydi.
Sevginar Mahmud 1984-yil 26-dekabrni go‘yo kechagidek xotirlaydi. U do‘stining o‘q yegani, qo‘shnilari yo‘l chetidagi ariqda jon berayotgandagi ingrashlarini eslaydi. Shuningdek, u qishlog‘iga bostirib kirgan askarlarni ham unutmagan.
Taxminan 40 yil oldin, 1984-yil dekabr oyida, Bolgariya kommunistik hukumati etnik turklarni ismlarini bolgarcha qilishga majburlash uchun zo‘ravonlik va tizimli kampaniyani boshladi. Bu tuzumning "Uyg‘onish jarayoni"ning bir qismi bo‘lib, u yagona bolgar milliy o‘zligini o‘rnatishga intildi, turk tiliga cheklovlar qo‘ydi hamda diniy va madaniy an’analarni taqiqladi.
2500 ga yaqin turkning o‘limi va besh yildan so‘ng 320 000 kishining Turkiyaga surgun qilinishiga olib kelgan bu tazyiq 20-asrda Yevropada musulmon jamoasiga qarshi eng yirik majburiy assimilyatsiya kampaniyalaridan biri hisoblanadi. Bugunga qadar bolgar turklari adolat o‘rnatilmaganini, hech kim va hech qaysi muassasa javobgarlikka tortilmaganini ta’kidlamoqda.
O‘shanda atigi 18 yoshda bo‘lgan Sevginar Bolgariya janubidagi Kardjali tumanidagi Gruyevo qishlog‘ida yashar edi. Majburiy ism o‘zgartirish haqidagi mish-mishlar tarqalgach, xavotirga tushgan fuqarolar 1984-yil 26-dekabrda viloyatning eng yirik shahar markazlaridan biri bo‘lgan Momchilgradda to‘planib, ko‘chalarga chiqishdi.
Uning aytishicha, o‘q uzilgan, lekin u baribir Momchilgraddagi namoyishlarga qo‘shilishga qaror qilgan. "Men qo‘rqmadim, chunki biz begunoh edik. Bizda hech narsa, hatto tayoq ham yo‘q edi. Biz oddiy qishloq aholisi edik," deb so‘zlab beradi u Ozodlik radiosining bolgar xizmatiga.
Namoyishlar dastlab tinch kechdi, sarosimaga tushgan fuqarolar ism o‘zgartirish haqidagi mish-mishlar to‘g‘risida rasmiylardan javob olishga urinishdi. Ammo tez orada vaziyat keskinlashdi, askarlar va politsiyachilar suv purkagich, to‘qmoq va keyin olomonga qarshi qattol qurollar ishlatdi.
Namoyishchilar qochayotganda, Sevginarning dugonasi Farishtaning orqasiga o‘q tegdi. U ko‘p qon yo‘qotgani uchun Sevginar dugonasini kasalxonaga olib bordi. Aynan o‘sha yerda, deydi u, hech qachon unutmaydigan voqeaning guvohi bo‘ldi: 17 oylik Turkyan ismli qizaloq kasalxonaga olib kelinganda, allaqachon vafot etgan ekan.
Sevginar dugonasining qonga belangan kiyimlari solingan xaltani ko‘tarib, odamlarni ogohlantirish uchun Gruyevoga qaytdi. "Men ularga kiyimlarni ko‘rsatib, dedim: «Qaranglar, ular odamlarni otib o‘ldiryapti. Hech kimni ayashmayapti.»
Kechqurun qo‘shinlar yetib kelganida, qishloq aholisi tayyorgarlik ko‘rgan edi. "Ular o‘q uza boshlashdi, lekin biz qochmadik. Butun qishloq – bolalar, yoshlar, kattalar – hammamiz tashqarida edik," deydi Mahmud.
Namoyishchilar xavfsizlik kuchlariga bas kela olmadilar va otishmalar kuchaydi. Sevginar uchta qishloqlik – Abdulaziz Bekir, Mustafo Ali va Mustafo Ibrohimning otilgandan so‘ng ariqqa yiqilganini eslaydi. Askarlar ularning og‘riqdan dod-faryod qilishiga qaramay, hech kimga yordam berishga yo‘l qo‘yishmadi.
Oxir-oqibat bo‘ysundirilgan Kardjali tumanida komendantlik soati joriy etildi va ko‘chalarda politsiyaning qattiq nazorati o‘rnatildi. Tashqi dunyo bilan aloqa uzib qo‘yildi. Kommunistik hokimiyat shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni tortib oldi va odamlarning ismlarini majburan o‘zgartirdi. Sevginar "Snejana"ga aylandi. Hatto qabr toshlaridan ham turkcha ismlar o‘chirib tashlandi.
Qattiqqo‘l kommunistik rejim atigi uch oy ichida 800 mingdan ortiq kishining ismini majburan o‘zgartirdi. Ularga jamoat joylarida turk tilida gaplashish yoki diniy va madaniy urf-odatlariga rioya qilish taqiqlandi – bu cheklovlar 1989-yilda kommunizm qulagunga qadar davom etdi. Hokimiyat tomonidan qo‘zg‘olon rahbarlari deb hisoblangan etnik turklar sudsiz konsentratsion lagerlarga qamaldi.
Kommunistik boshqaruvning so‘nggi yilida diktator Todor Jivkov rahbarligidagi hokimiyat 320 000 bolgar turkini Turkiyaga surgun qildi. Rejim buni masxaromuz tarzda "Buyuk sayohat" deb atadi. Mamlakatdagi turk aholisining taxminan uchdan bir qismi surgun qilindi, bu 1946-yilda Chexoslovakiyadan sudet nemislari chiqarib yuborilganidan keyin Yevropadagi eng katta ommaviy ko‘chish edi.
Biroq Sevginarning oilasi deportatsiya qilinmagan, va Ozodlik nima uchun deb so‘raganda, u javob berishdan bosh tortdi. Ba’zi turklar deportatsiyadan qutulishdi, chunki ular iqtisodiyot uchun muhim deb hisoblangan shaxs yoki hokimiyat bilan shaxsiy aloqalari bo‘lgan. Boshqa etnik turklarni kommunistik hukumat allaqachon assimilyatsiya bo‘lgan deb qaragan.
1989-yil noyabrda Jivkov ag‘darilgach va etnik turklar yana norozilik bildirish uchun ko‘chalarga chiqqach, Kommunistik partiya bolgar turklari va musulmonlar huquqlarini tikladi, ularning tug‘ilgan ismlarini qaytarishga qaror qildi (bu jarayon hozirga qadar davom etmoqda) va ularga yana turk tilida gaplashishga ruxsat berdi. 1991-yil oxiriga kelib, 200 000 ga yaqin etnik turklar Bolgariyaga qaytib keldi.
1990-yillar boshida Jivkov va boshqa yuqori lavozimli kommunistlar etnik turklarni qatag‘on qilish bilan bog‘liq jinoyatlarda, shu jumladan, "milliy adovat yoki nafratni targ‘ib qilish yoki qo‘zg‘atish"da ayblandi. Biroq, ishlar cho‘zilib ketdi va ayblovlar kamaytirildi yoki oxir-oqibat bekor qilindi. Hech kim sudlanmadi va bunga aloqador bo‘lganlarning barchasi hozir vafot etgan.
Sevginar hech qachon adolat bo‘lishini kutmaganini aytadi. "Hech kim jazolanmasligini bilardik. Biz bu yerda ozchilikmiz," deydi u. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, hozirda taxminan 6,8 million aholiga ega Bolgariyada kamida yarim million etnik turk bor deb taxmin qilinadi.
Bu yil Uyg‘onish jarayonining 40 yilligiga bag‘ishlab turli shahar va tumanlarda, jumladan, vafot etgan qizaloq Turkon nomi bilan atalgan buloq-chashma yodgorligi o‘rnatilgan Momchilgrad shahrida xotira marosimlari o‘tkazildi. 2024-yil 29-dekabrda Bolgariya etnik turk jamoasi a’zolari va Turkiyadan kelgan amaldorlar yubileyni nishonlagan bo‘lsa-da, Bolgariya hukumati vakillari qatnashmadi va marhumlarni xotirlash uchun rasmiy bayonot berilmadi.
Hozir 58 yoshli Sevginar hamon zo‘ravonlik sodir bo‘lgan hududda yashaydi. Bolgariyadagi etnik turklar hali ham ijtimoiy-iqtisodiy tengsizlik va kamsitish kabi to‘siqlarga duch kelishsa-da, ayniqsa davlat sektorida bandlik va oliy ta’limda, Sevginarning hayoti ko‘p jihatdan normal holatga qaytgan. Uning bir o‘g‘li, bir qizi va uch nabirasi bor. U kosmetika kompaniyasida ishlaydi va ba’zan Angliyadagi oilasi oldiga borib turadi.
Ammo 1984-yil voqealari uni hamon titratib yuboradi. "Do‘stimni hech qachon unutmayman. Yoki Turkonni," deydi u.