Markaziy Osiyo davlatlarida demokratiya darajasi pasayishda davom etmoqda. Britaniyaning Economist jurnali Economist Intelligence Unit tahlilchilari shunday xulosaga kelishgan. 2024-yilda dunyodagi dekmokratiyaning ahvoliga doir indeksda Markaziy Osiyoda eng demokratik davlat deb Qirg‘iziston tan olingan bo‘lsa, eng yomon holat Turkmanistonda.
Demokratiyaning pasayishi butun jahonda kuzatilayotgan tendensiya. Economist Intelligence Unit baholashiga ko‘ra, Markaziy Osiyoning beshta davlatidan ikkitasi dunyodagi eng past demokratiya ko‘rsatkichiga ega mamlakatlar qatoriga kirgan. Gap Turkmaniston va Tojikiston haqida ketmoqda:
«Markaziy Osiyo davlatlarining barchasida demokratiya indeksi yo pasaydi yoki o‘zgarishsiz qoldi. Turkmaniston mintaqada eng oxirgi o‘rinda qolmoqda – 161-o‘rin, demokratiya indeksi 1.66 bo‘lib, 2020-yildan buyon o‘zgarmagan. Tojikistonning indeksi esa 2023-yildagi 1.94 dan 2024-yilda 1.83 ga tushib ketdi. Bu birinchi navbatda, siyosiy faollik ko‘rsatkichlarining yomonlashishi bilan bog‘liq, chunki prezident Emomali Rahmon siyosiy tuzum ustidan to‘liq nazoratni saqlab qolmoqda. O‘zbekistonning indeksi ham 2024-yilda 2.12 dan 2.10 ga pasaydi, ammo boshqa davlatlardagi ahvol jiddiy yomonlashgani hisobiga mamlakat ikki pog‘ona yuqori ko‘tarilib, 146-o‘rinni egalladi».
Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yaxshi demokratiya ko‘rsatkichlari Qirg‘izistonda. Biroq 2024-yilda mamlakat o‘zining oldingi natijalarini yomonlashtirib, 3.52 ko‘rsatkichga tushdi. 2023-yilda bu raqam 3.72 edi, 2022-yilda esa 3.89 ni tashkil etgan. Bu pasayish asosan saylov jarayonlari va ommaviy axborot vositalariga bosimning kuchayishi bilan bog‘liq.
Qozog‘iston esa o‘z pozitsiyasini saqlab qolib, avtoritar rejimlar guruhida qolmoqda. Mamlakatning demokratiya indeksi 3.08 bo‘lib, umumjahon reytingida 118-o‘rinni egallagan. Tahlilda ta’kidlanishicha, demokratiya inqirozi faqat ayrim mintaqalarda emas, balki butun dunyoda kuzatilmoqda.
«Demokratiyaga bo‘lgan umumiy ishonchsizlik so‘rov natijalarida o‘z aksini topdi. Ushbu ma’lumotlarni tahlil qilish jamiyatning demokratiya holatidan noroziligi sabablarini tushunish uchun muhimdir. Ko‘rinib turibdiki, faqat rasmiy demokratik institutlarning mavjudligi jamiyat qo‘llab-quvvatlashi uchun yetarli emas, ayniqsa, agar ular real ta’sir kuchini yo‘qotgan va qarorlar saylanmagan tuzilmalar tomonidan qabul qilinayotgan bo‘lsa», – deyiladi Economist Intelligence Unit tahlillarida.
Umuman olganda, baholash tizimi oddiy: demokratiyaning eng yuqori darajasi 10 balllik shkala bo‘yicha o‘lchanadi. Shu asosda davlatlar to‘liq demokratiya, qisman demokratiya, gibrid rejim va avtoritar rejimlar deb toifalanadi.
Eng demokratik davlatlar yana Yevropa mamlakatlari bo‘lgan. Reyting yetakchisi Norvegiya bo‘lib, uning indeksi 9.81 ballni tashkil etdi. Keyingi o‘rinlarda Yangi Zelandiya, Shvetsiya, Islandiya, Shveysariya, Finlyandiya, Daniya, Irlandiya, Niderlandiya va Lyuksemburg joylashdi. Eng avtoritar davlat esa Afg‘oniston deb topildi.
Qozog‘istonlik siyosatshunos Dosum Satpayevning fikricha, Economist Intelligence Unit tomonidan tuzilgan reyting haqiqatga yaqin. Uning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo davlatlari o‘z siyosiy tuzumlarini demokratiyalashtirishga intilmayapti. Aksincha, ularda fuqarolik jamiyatiga bosim kuchaymoqda.
«Qirg‘iziston bu reytingda birinchi o‘rinni egallaydi, ammo u to‘liq demokratiya yoki gibrid rejim emas, balki avtokratik tizimga aylanib bormoqda. Biroq, shu bilan birga, Qirg‘iziston Qozog‘istondan oldinda. Tojikiston va Turkmaniston esa reytingning eng quyi o‘rinlarini egallamoqda. Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Turkiya prezidenti Erdo‘g‘onga o‘xshash jihatlarga ega. Ikkalasi ham saylov orqali hokimiyatga kelgan, lekin ular hokimiyatni kuchaytirish uchun konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritishgan», – deydi siyosatshunos.
Uning fikricha, O‘zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoyev davrida muayyan o‘zgarishlar yuz bergan, ammo ular asosan iqtisodiy sohada ro‘y bermoqda, siyosatda esa hali ham cheklovlar mavjud:
«Islom Karimov davrida O‘zbekistonda qattiq avtoritar rejim hukm surgan. Turkmanistonga o‘xshash darajada desa ham bo‘ladi. Mirziyoyev davrida ayrim cheklovlar yumshatildi, ayniqsa iqtisodiy sohada. Biroq siyosiy jabhada hali ham “qizil chiziqlar” mavjud bo‘lib, ularni hech kim bosib o‘ta olmaydi».
Satpayevning fikricha, Qozog‘istonda ham joriy prezident siyosatiga nisbatan noroziligi o‘sib bormoqda.
"2022-yil yanvar voqealaridan keyin Qasim-Jomart Toqayev islohotlar e’lon qilgan va demokrat lider sifatida ko‘rilgan. Biroq, ordan uch yil o‘tib, hokimiyat to‘liq qo‘liga o‘tgach, inson huquqlari, so‘z erkinligi va siyosiy raqobat borasida vaziyat faqat yomonlashdi.
Nazarboyev davrida hokimiyatning to‘rt asosiy tayanchi bor edi: oila, oligarxlar, byurokratiya va kuchishlatar tizimlar. Toqayev bu tizimni saqlab qoldi va avtokratik boshqaruvni kuchaytirdi. Economist Intelligence Unit tasnifiga ko‘ra, Qozog‘iston to‘liq demokratiya, qisman demokratiya va gibrid rejim emas – u to‘liq avtokratik tuzumdir.
Bu yerda siyosiy raqobat mavjud emas, saylov jarayoni shaffof va xolis o‘tmaydi. OAVga bosim kuchli, fuqarolik jamiyati va muxolifat ta’qib qilinadi. Rossiya propagandasiga xos ritorika Qozog‘istondagi fuqarolik jamiyatiga nisbatan qo‘llanilmoqda.
Iqtisodiyotga kelsak, Qozog‘istonda ham yaxshi natijalar yo‘q. Islohotlar haqida hamma unutib bo‘lgan. Hozirgi hukumat faqat tezda byudjetni to‘ldirish haqida o‘ylamoqda, bu esa kichik va o‘rta biznesga va umumiy barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda», – deydi Dosum Satpayev.