O‘zbekistondagi bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan “Aqlvoy” telekanali joriy xaftada “o‘zbek mentaliteti va ma’naviyatiga zid keladigan sahnalarni topib, ustini bijillatish bilan shug‘ullanadigan xodimni shtat birligi sifatida shtat jadvaliga kiritdi”.
Bu haqda telekanal xodimi Ozodlikka bildirdi. Xodimning aytishicha, bunday shtat birligi “Sevimli”¸ “Zo‘rTV” kabi boshqa kanallarda oldindan mavjud.
“Hozir bitta qo‘shimcha xodimni ishga oldik. U videolavhalardagi o‘pishish kabi ma’naviyatimizga zid sahnalarni kesib tashlash yoki ustini blur (inglizcha blurdan - tahr.) qilib bijillatish bilan shug‘ullanadi. Bu tajriba boshqa telekanalarda samara bergan”.
Bundan oldin Internetning o‘zbek segmentidagi konservativ qatlam bosimi ortidan “Aqlvoy” telekanalida “uyat rasm qo‘ygan” xodim jazolangani haqida telekanal ma’muriyati habar bergan edi.
Ma’lumotda aytilishicha¸ “Aqlvoy” telekanalida namoyish etilgan “Shahrizoda. Aytilmagan hikoyalar” va “Art-Odissey” multseriallaridagi ochiq sahnalarni efirga uzatganligi bilan bog‘liq xato bo‘yicha butun kanal ijodkorlari kerakli tanbehni olgan”.
Voqea Italiya uyg‘onish davri san’atining buyuk namoyandasi, rassom Sandro Botichelli ( 1445 —1510) mo‘yqalamiga mansub “Veneraning tug‘ilishi” asarining “Aqlvoy” kanalida namoyish qilingani bilan bog‘liqdir.
O‘zbekchaga dublyaj qilingan «Art-Odisseya» multfilmida Renessans davriga mansub mashhur italyan rassomi Sandro Bottichellining «Veneraning tug‘ilishi» kartinasi tarixi hikoya qilingan. Multfilm ijodkorlari kartinaga o‘ziga yumor bilan yondashib "Venera tug‘ilgan paytda chaqaloq bo‘lishi kerak edi" deya hazil qilishadi. Bunday uslub bolalar uchun yaratiladigan filmlarning yodda qolishini ta’minlash uchun qo‘llaniladi. O‘zbek tomoshabinlarining bir qismida norozilik uyg‘otgan «Art-Odisseya» multfilmi bundan oldin dunyoning o‘nlab mamlakatlarining bolalarga oid kanallarida namoyish qilingan. Bundan tashqari "Aqlvoy" kanalida namoyish qilingan yana bir multfilmda Alovuddin bilan malikaning o‘pishish sahnasi ham tomoshabinlarning bir qismi e’tiroziga sabab bo‘lgan.
Ammo hamma ham bu multfilmni tanqid qilgani yo‘q. Taniqli pop yulduzi Lola Yo‘ldosheva multfilm tanqidchilarini klassik san’atdan bexabarlikda aybladi.
Telekanal ma’lumotida ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasining “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga ziyon yetkazuvchi axborotlardan himoya qilish” to‘g‘risidagi qonun talablari asosida xodimlar jazolangan.
Huquqshunos Marim Rajabovga ko‘ra¸ bu qonunda jahon sivilizatsiyasi durdonalarini yosh avlodga namoyish qilishning zararli ekani haqida ko‘rsatma yo‘q:
“Qonunda fahsh sahnalar namoyishining zarari haqida aytiladi. Dunyo tan olgan san’at asarlarini bolalarga ko‘rsatmang degan bob yo‘q. Umuman qonunlarni erkin traktovka qilish huquqiy nigilizmga olib keladi. Aytaylik, mening farzandim ta’lim olayotgan Toshkentdagi maktab o‘z o‘quvchilarni Italiyaga ekskursiyaga olib bordi. Rim va Florensiya maydon va binolarini bezagan yalang‘och haykallarni ko‘rmaslikning iloji yo‘q. Ko‘zini boylash kerakmi endi bolalarning?!”
Toshkentdagi “HAMAR” san’at markazi xodimi¸ uzoq yillar muzey va galereyalarda bolalar uchun ekskursiyalar olib borgan rassom Shirin Tosheva “Aqlvoy” telekanali xodimlarining san’at asarini namoyish qilgani uchun jazolanganini jamiyat taraqqiyoti uchun “xavfli signal” deb biladi.
“Bu jamiyat radikallar nazoratiga o‘tayotgani borasida xavfli signaldir. Sandro Botichellining “Veneraning tug‘ilishi” asarining yaratilishi va bu asarga asos bo‘lgan yunon afsonasini yosh avlodga tushuntirishi zarur, deb hisoblayman. Bolalarning intelektual rivojidagi zaruriy norma deb o‘ylayman. Pedagog olimlar aynan tasviriy san’at orqali bolalarda go‘zallikni sevish tuyg‘usini shakkllantirish osonligini aytishadi. Uyg‘onish davri tarixi¸ yunon afsonalari¸ inson go‘zalligi va anatomiyasi haqidagi bilimlarni birvarakayiga bola miyasiga quyish imkoni bu.”
Shirin Tosheva san’at asarini taqiqlash orqali bolalar ruhiyatiga zarar berish mumkinligini ta’kidlaydi:
“Taqiq mevasi shirin, degan gapni unumaylik. Bola go‘zal tasvirni san’atshunos izohi bilan hech uyalmasdan tomosha qilgani ma’qul. Pana-pastqamda telefoniga yuklangan “yalang‘och” rasmlarni ko‘rgandan ko‘ra, san’at asaridan emin-erkin bahramand bo‘lgani ma’qul”.
Bolalar psixologiyasi bo‘yicha toshkentlik mutaxassis Nargiza Tilovberdiyevaga ko‘ra¸ “bola ruhiyatini yashirin pornokontentlar jarohatlamasligi uchun ham klassik asarlarni tomosha qilishi kerak”:
“Ilmiy amjumanda qatnashish uchun Peterburg shahriga bordim. Ermitaj muzeyiga kirib, ilk ko‘zim tushgan narsa o‘quvchilarning o‘qituvchilari rahbarligida gruppa-gruppa bo‘lib ko‘rgazmani tomosha qilayotgani bo‘ldi. Ko‘rgazma esa asosan Rubens asarlaridan iborat. (Rubensning kartinalarida yalang‘och tana tasviri ko‘p uchraydi - Tahr.) Bolalar psixologiyasi bo‘yicha doktorlik yoqlagan rossiyalik hamkasbimning menga tushuntirishicha¸ bola miyasida shu qabildagi san’at asarini ko‘rgandan keyin pornokontentdan himoya tizimi shakllanadi".
Toshkentlik taniqli bloger Aqidaxonim Ozodlik bilan suhbatda “Aqlvoy" telekanali xodimlari jazolanishi muhofazakorlarning qiy-chuvi ortidan bo‘lganligini aytdi:
“Endi bu qiyin masala. Bizda “ma’naviyat” degan narsa bor. O‘zingiz bilasizku. Aslida biz eski shaharlikmiz. G‘irt mahallada yashaymiz. Lekin men va ota-onam bu kabi klassik asarlarni juda yaxshi qabul qilishgan. Chunki oilamiz ziyolilar oilasi. Ota-onam ruscha ta’lim olishgan¸ kommunistik tarbiya olgan odamlar edi. Shaxsan mening oilam bu kabi asarlarning TVda namoyish qilinishidan tragediya yasashni o‘ziga ep ham bilmasdi. Lekin bu degani xammayam shunaqa o‘ylaydi deganimasda. Ayollarning gruppasida ota-onalar pretenziya qilib postlar yozishdi, uyatsizlar deb. O‘zimizning odamlardan chiqdi bu narsa va tabiiyki, tepadigilar ham reaksiya bildirishdi. Odamlarimiz qiy-chuv qip tashashdi. Pretenziya qilganlar maksimum 35 yoshli odamlar. Ular mening ota onalarim kabi maktabda san’at tarixini o‘qishmagan”.
Britaniyada televizion filmlarni suratga olgan¸ bola huquqlari va mediakontent borasida anjumanlar uyushtirgan jurnalist Shohida Yoqub Ozodlik bilan suhbatda “Aqlvoy " TV bilan bo‘lgan holat “jamiyat degradatsiyasi mahsulidir”, dedi:
“Jamiyatdagi degradatsiyaning kuchayishi va oshkora ikkiyuzlamachilik deya baholayman bu holatni. Shu bilan birga TV ichidagi ikkiyuzlamachilik bu. Gap qanaydir pornokontentni bolalarga ko‘rsatish haqida bormayapti. Bolalar uchun suratga olingan kontent bu. Nega ingliz yoki fransuz bolalariga ravo ko‘rilgan kontentni o‘zbek bolalaridan bekitish kerak?! “Aqlvoy" telekanali xodimlarini Sandro Botichelli asarini namoyish qilgani uchun jazolash, to‘g‘rirog‘i TV rahbariyatiga xodimlarni jazolash uchun bosim ko‘rsatish yomon alomatdir”.
Suhbatdosh Eron kabi muhofazakor mamlakatlardagi taqiq teskari samara berganini ham ta’kidladi.
Test rejimidagi "Aqlvoy"
“Aqlvoy” telekanali har jihatdan hali juda yosh va joriy yilning 22 martidan boshlab test rejimida efirga uzatib borilmoqda", deyiladi kanal tarqatgan ma’lumotda.
Ba’zi manbalar bu telekanalning "Bog‘cha vazirligiga" oidligini iddao qilgan edi.
Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmati vakiliga ko‘ra, "Kanal mustaqil faoliyat olib boradi". Shu bilan birga vazirlik vakili "yosh avlodni klassik rassomlar asarlaridan bebahra bo‘lishiga qarshi" ekanligini ham bildirdi.
Ikki qutbga bo‘lingan jamiyat
2020 - yilda aktyor Muhammadali Abduqunduzov tarmoq bosimi ortidan Injilni ovozlantirish loyihasidan voz kechgan edi.
Konservativ dindor qatlam¸ aktyorni “tirikligida to‘g‘ri yo‘lga qaytgani” bilan olqishlagan edi.
O‘zbekiston dunyoviy davlat ekanini eslatayotgan liberal qatlam esa, bunday tendensiyadan havotir izhor qilgan edi.
Tahlilchilar so‘nggi yillarda din davlatdan ajratilgan O‘zbekistonda ijtimoiy-siyosiy, ayniqsa¸madaniy haëtga diniy nuqtai nazardan kelib chiqib baho berish tendensiyasining kuchayib borayotganiga e’tibor qaratmoqda.
Hukumatning bu jarayonga oid xavotirlari¸ uni to‘xtatish uchun rejalagan harakatlar dasturi Ozodlik chop qilgan prezident maxfiy qarori va unga ilova etilgan "Yo‘l xaritasi"da aks etgan edi.