Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:01

“Bunyodkor”ning yuzlab xodimi to‘rt oydan buyon maoshsiz - direktor transferdan tushgan pulni bermayapti


"Bunyodkor" futbol klubi stadioni
"Bunyodkor" futbol klubi stadioni

“Bunyodkor” futbol klubining yuzlab murabbiy, ishchi va texnik xodimlari avgust oyidan buyon maoshsiz ishlayapti.

Bu haqda Ozodlikka shikoyat qilgan xodimlarning aytishicha, klubning hisob raqamiga o‘yinchi transferidan katta pul tushgan bo‘lsa ham, direktor uni xodimlarga ish haqi qilib bermayapti.

Klub direktori o‘rinbosari Abror Imomxo‘jayev o‘yinchi transferi shartnomasining asl nusxasini avvalgi direktor bermayotgani sabab, bank pulni klub hisobiga o‘tkazmayotganini aytdi.

“Bunyodkor”ning avvalgi direktori Ulug‘bek Mirzayev shartnomaning asl nusxasi bosh buxgalterga yetkazilgani, bosh buxgalter esa uni yangi direktor Ayniddin G‘iyosovning qo‘liga shaxsan topshirganini bildirdi.

Ayniddin G‘iyosov bemor ekanligi bois Ozodlik bilan gaplasha olmasligini aytdi.

“Bunyodkor” futbol klubining ismi sir qolishini so‘ragan bo‘lim boshliqlaridan birining aytishicha, jamoa a’zolari to‘rt oylik maoshsizlikdan juda ham qiynalib ketdi:

Odamlar juda qiynalib ketdi, ishini yaxshi ko‘rgani uchun trenerlarimiz ishlayapti, mashg‘ulotlar bir kun ham to‘xtagani yo‘q.

“7 yoshdan bolalar futbol bilan shug‘ullanadi, akademiyaining o‘zida 13-18 yoshgacha bo‘lgan bolalar yashaydi. Ularning oziq-ovqatida ham qarzdorlik bor. Bizning akademiyada yuzga yaqin trener bor. Bundan tashqari, ofis xodimlari, oshxona ishchilari, farroshlar, xullas, hech kim maosh olmaganiga mana bugun 4 oy10 kun bo‘ldi. Odamlar juda qiynalib ketdi, ishini yaxshi ko‘rgani uchun trenerlarimiz ishlayapti, mashg‘ulotlar bir kun ham to‘xtagani yo‘q. Lekin bo‘sh qop qachongacha tik turadi?”

Ismi sir qolishini so‘ragan, klubning moliyaviy ishlaridan xabardor mulozimning aytishicha, aslida klubning hisobida ishchilarni uch oy maosh bilan ta’minlashga yetadigan pul bor:

Bu transferdan 200 ming AQSh dollari va 130 ming evro klubning bankdagi valyuta hisob raqamiga kelib tushgan.

“Bizning nizomga ko‘ra, klub o‘zi ishlab topgan pul ham oylikka qaratiladi. Moskvaning Lokomotiv klubiga “Bunyodkor” FK a’zosi Jasur Jaloliddinov transfer qilingan edi. Bu transferdan 200 ming AQSh dollari va 130 ming yevro klubning bankdagi valyuta hisob raqamiga kelib tushgan. Ammo avgust oyida klubga Ayniddin G‘iyosov direktor bo‘lib keldiyu, bu bola bir million dollarga sotilgan deb, eski direktorimizni kovlashga tushdi. Maosh berishni ham to‘xtatib qo‘ydi. Aslida esa, o‘zbek futbolida 18 yoshli sportchining 350 ming dollarga sotilishining o‘zi katta narsa. Afsuski, yangi direktor xodimlarga ham maosh kerakligini esidan chiqarib qo‘ydi”.

Klub direktori o‘rinbosari Abror Imomxo‘jayev xodimlarning to‘rt oydan buyon maoshsiz qolganini tasdiqlar ekan, homiy tashkilot “O‘zbekneftgaz” moliyalashni to‘xtatib qo‘yganini aytdi:

Biz o‘zimiz ham ishchi-xodimlarning ko‘ziga qarolmay  qoldik.

“Prezident qarori bilan “Bunyodkor” klubiga “O‘zbekneftgaz” homiylik qiladi. Hozir to‘rt oylik qarzdorlik mavjud. Bir necha marta “O‘zbekneftgaz” rahbariyatiga murojaat qildik, ular o‘zimiz og‘ir ahvoldamiz, pandemiya, o‘zimiz ham qiynalyapmiz, deyishdi. Biz o‘zimiz ham ishchi-xodimlarning ko‘ziga qarolmay qoldik. “Bunyodkor” xarajati juda katta bo‘lgan klublardan biri. Akademiyaning o‘zida 600ga yaqin tarbiyalanuvchi, 50dan ortiq murabbiy bor. Lekin hozirgacha bizni xursand qiladigan javob “O‘zbekneftgaz”dan yo‘q”.

Abror Imomxo‘jayevga ko‘ra, futbolchi transferidan tushgan pulning xodimlar maoshi uchun ishlatilmayotgani sababi kontrakt asl nusxasining yo‘qligida.

Lekin bir hafta tugul, ikki oy o‘tib ketdi, asl nusxa berilmagan. Shuning uchun bu pulni ishlatolmayapmiz.

“Bu pulni ishlatolmaymiz. Sababi, bizda 10 - avgust kuni klub rahbari almashdi. O‘sha paytning o‘zida ikki oylik qarz bor edi, iyun, iyul. Pul kelib tushgan edi. Biz Markaziy Bankdan o‘zimizning hisobimizga o‘tkazamiz desak, Jasur Jaloliddinovning transfer qilish haqidagi “Lokomotiv” va “Bunyodkor” o‘rtasida tuzilgan kontraktning asl nusxasi yo‘q. Bank esa asl nusxani olib kelinglar, keyin beramiz, dedi. Keyin bu katta shov-shuv bo‘ldi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi yig‘ilish o‘tkazdi. Sobiq direktor chaqirildi. O‘shanda u kontraktni ko‘rsatdi, lekin u ham nusxa edi. Bu haqiqiy kontrakt bo‘lgan, bir haftada men sizlarga asl nusxasini oldirib beraman, dedi. Lekin bir hafta tugul, ikki oy o‘tib ketdi, asl nusxa berilmagan. Shuning uchun bu pulni ishlatolmayapmiz. Agar berganda edi, biz allaqachon uch oylik maoshni to‘lab bergan bo‘lardik”.

Ozodlik Abror Imomxo‘jayevning izohi ortidan “Bunyodkor” klubi sobiq direktori Ulug‘bek Mirzayevga qo‘ng‘iroq qildi:

“G‘irt yolg‘on bu gap. O‘sha yig‘ilishdan keyin bir hafta ichida “Lokomotiv” klubi DHL bilan shartnomani yuborgan. Buni bosh buxgalter Tolibjon Qosimov ham tasdiqlaydi!”

“Bunyodkor” klubi bosh buxgalteri Tolibjon Qosimov sobiq direktor Ulug‘bek Mirzayevning so‘zlarini tasdiqladi:

“Lokomotiv” DHL orqali o‘sha kontraktning asl nusxasini bizga yubordi. Men uni rahbarimiz Ayniddin G‘iyosovga yetkazib berganman. Hujjat uning qo‘lida turibdi”.

Ozodlikning mavzuni o‘rganish jarayonida 10-11 - noyabr kunlari “Bunyodkor” futbol klubi direktori Ayniddin G‘iyosov ,“O‘zbekneftgaz” AJning iqtisodiyot va moliya bo‘yicha o‘rinbosari Ulug‘bek Ashurov hamda O‘zbekiston Professional Futbol Ligasi yuristi Oybek Ibrohimxonov bilan bog‘lanish va izoh olish urinishlari natija bermadi.

Ayni paytda Ozodlik suhbatlashgan o‘zbek futboliga yaqin manba maoshlarning o‘z vaqtida berilmasligi mamlakatdagi aksar klublarga xos muammo ekanini aytdi.

Nomi oshkor etilishini istamagan suhbatdoshga ko‘ra, moliya yetishmasligi, ayniqsa, mavsum tugaganidan so‘ng ko‘pchilik klublar va sohada band ishchi-xodimlarni qiyin ahvolga solib qo‘yadi.

2009 - yilda braziliyalik mashhur murabbiy Luis Filipe Skolari va mashhur hujumchi Rivaldolarni bir necha o‘n million dollarlik kontrakt evaziga yollagan “Bunyodkor” klubining bugun mahalliy o‘yinchilarni sotib olishga ham qurbi qolmagan.

“Bunyodkor”ning "oltin davri" sanalgan 2000 - yillarda uning ortida mamlakatdagi aksar daromadli biznesni o‘z qo‘liga olgani aytilgan qudratli Zeromax kompaniyasi va prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova turgan edi.

Shirkat boshqaruvchisi Mirodil Jalolov qamoqqa olinib¸​ 2010 - yilda Zeromax kasodga uchragani e’lon qilindi va unga tegishli barcha mol-mulkka hibs qo‘yildi.

Shundan so‘ng¸“Bunyodkor” klubini moliyalash “O‘ztransgaz” va “O‘zbekneftegaz” shirkatlariga topshirildi.

XS
SM
MD
LG