Линклар

Шошилинч хабар
16 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:36

DXX raisi «poraxo‘r» hakamlarni ogohlantirdi. Jurnalistlarni ham. Ravshan Ermatov Ozodlikka izoh berdi


O‘FA va DXX raisi Abdusalom Azizov hamda taniqli hakam Ravshan Ermatov (O‘FA matbuot xizmati)
O‘FA va DXX raisi Abdusalom Azizov hamda taniqli hakam Ravshan Ermatov (O‘FA matbuot xizmati)

Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) rahbari, ayni paytda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi raisi Abdusalom Azizov O‘FAning 12 - noyabr oqshomida o‘tgan yig‘ilishida qator hakamlarni poraxo‘rlikda ayblagan.

Matbuot uchun yopiq bo‘lgan yig‘ilish tafsilotlari haqida Ozodlikka O‘zbekiston futboliga yaqin bir-biridan mustaqil bir necha mulozim so‘zlab berdi.

Jumladan, yig‘ilish qatnashchilaridan birining so‘zlariga ko‘ra, DXX raisi qator hakamlarning ism-shariflari va pora sifatida olingani iddao qilingan raqamlarni ham tilga olgan. (Bu ro‘yxat Ozodlikda bor)

O‘FA va PFL tizimidagi rasmiylarga ko‘ra, rais hakamlar jamoasini keskin tanqid qilgan va pora olganiga doir "foto va video dalillar" borligini aytgan.

Manbalar iddaosicha, DXX raisi “poraxo‘r” hakamlarning aksari, dunyodagi eng zo‘r hakamlar o‘nligiga kiritilgan referi Ravshan Ermatovning "shogirdlari" ekaniga alohida urg‘u bergan.

Ravshan Ermatovning o‘zi Ozodlik bilan qisqa muloqotda majlisda hakamlar masalasi jiddiy muhokama qilinganini tasdiqladi.

Ayni paytda u "o‘ziga yaqin hakamlar" nishonga olinganiga oid iddaolarni rad etdi va xatoga yo‘l qo‘ygan hakamlar o‘z harakati uchun javob beraveradi, deb hisoblashini aytdi.

DXX raisi-O‘FA prezidenti Abdusalom Azizovning assotsiatsiya va ayniqsa, futbol hakamlari tarkibini jiddiy ogohlantirgani haqidagi xabarlarni Ozodlikka bir-biridan mustaqil bir necha manba yo‘lladi.

Jumladan, O‘FAga aloqador bo‘lgan va ismini ochiqlamaslikni so‘ragan mulozimga ko‘ra, rais 12 - noyabr kungi yopiq yig‘ilishda o‘z idorasi tergovchilari hakamlar pora olganiga oid qator faktlarni aniqlaganini aytgan va bu faktlarni jamoaga oshkor qilgan:

“Rais yig‘ilishda 5 - 6 ta hakamni nomma-nom aytib, qaysi o‘yinda, qancha pora olgani aniqlanganini ma’lum qildi. Bu ayblovlar video, foto, audiozapislar hamda porani olgan hakamlarning iqrorlik ko‘rsatmalari bilan tasdiqlanganini ta’kidladi. Hakamlar qo‘mitasi rahbari Arslon Hotamovni ishdan oldi. O‘zi, uning tayinlanganiga endi 2 oy bo‘lgan edi".


Mulozimning iddao qilishicha, 12 - noyabr kungi yig‘ilishda ilgari surilgan ayblov va tanqidlar, asosan, xalqaro miqyosda tanilgan Ravshan Ermatovning shogirdlariga qarshi qaratilgan.

"Rais kimligini bilasiz..."

Xuddi shu yig‘ilish haqida xabar qilgan yana bir manba DXX raisi bir guruh hakamlarga qarshi tergov hujjatlari borligi va bu borada tez orada, shaxsan prezidentga ma’lumot taqdim qilishini aytganini iddao qildi.

Bir-biridan mustaqil manbalar sizdirgan bu iddaoli xabarlar ortidan, Ozodlik yig‘ilishda nomi tilga olingan futbol hakamlarining o‘zlaridan izoh olishga urindi, ammo ular bu borada izoh berishdan tiyildi.

O‘FA idorasidan bu borada hozircha rasmiy izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Ammo Ozodlik yig‘ilishda qatnashgan sport sharhlovchilaridan biri bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi.

Shaxsi sir saqlanishi sharti bilan gapirgan sharhlovchi, O‘FA prezidenti A. Azizovning bu yig‘ilishdagi ayblovlari futbol olami vakillari uchun kutilmagan bo‘lganini aytdi.

U Hakamlar qo‘mitasi rahbari Arslon Hotamov ishdan olingani va hakamlar ogohlantirilganini tasdiqladi.

Uning Ozodlikka aytishicha, jamoa ichida hakamlar yoki boshqa rasmiylarning pora olganiga oid ochiq faktlar, raqamlar va ism-familiyalar tilga olinib, oshkora tahdid qilinishi hollari avval kuzatilmagan edi:

“Rais (A. Azizov nazarda tutilmoqda - tahr.) DXXda faktlar borligini aytdi. Agar fakti bo‘lmasa, gapirmas edi, to‘g‘ri. Lekin, bunaqa, hammaning ichida gapirishlar oldin bo‘lmagan. DXXda porada ayblangan hakamlar gruppasiga “Mahalla” deb nom qo‘yishibdi. Aytishlaricha, bu Ravshan Ermatovning atrofidagi hakamlarni gruppasi ekanmish, o‘sha kuni men bu haqda birinchi marta eshitib, juda hayron qoldim. O‘shandan beri ko‘pchilik o‘ziga kelolgani yo‘q. Endi O‘FAni raisi kimligini bilasiz (DXX raisi A. Azizovning O‘FAga raisligini nazarda tutmoqda - tahr.) - ish uslubi ham shunga yarasha bo‘lyapti shekilli-da”.

O‘FAda yig‘ilish bo‘lgani va unda “poraxo‘r hakamlar” qattiq tanqid qilinganini assotsiatsiyaga aloqador yana bir mulozim tasdiqladi.

Ismi oshkor qilinmayotgan bu mulozim O‘FA rahbari yopiq majlisda assotsiatsiya xodimlariga "oshkora tahdid qilgani"ga alohida urg‘u berdi.

“Avvallari hakamlar jazolanishgan, lekin poraxo‘rlik aybi qo‘yilmagan, o‘yindagi xatolari uchun jazolanishgan. Hozir esa, aynan poraxo‘rlik deyilyapti. Katta (A. Azizov nazarda tutilmoqda - tahr.) aytibdiki, deyarli hammang haqingda ma’lumot bor, ko‘zlaringni och, debdi”.

Ravshan Ermatov: Men uchun ishga professional yondashish muhim!

Ozodlik yopiq majlis tafsilotlari yuzasidan taniqli hakam - dunyoning eng zo‘r hakamlar o‘nligiga kiritilgan Ravshan Ermatov bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi.

Ermatov bu yig‘ilishda ishtirok etgani, unda hakamlar faoliyati va ularning professional mahoratini oshirish masalalari muhokama qilinganini tasdiqladi:

“Bu majlisda shaxsan men haqimda hech qanaqa gap bo‘lmadi. Alohida hakamlarni nomi tilga olindi, bu to‘g‘ri. Lekin, kimki xato qilgan bo‘lsa, o‘sha xatolariga o‘zi javob beraveradi. Men uchun ishga professional yondashish muhim. Sportchiga professionallikni o‘rgatish mumkin, uning mahoratini oshirish mumkin, ammo ichki dunyosini o‘zgartirib bo‘lmaydi-da! Men esa har doim asosiy e’tiborimni professional futbol va sport rivojiga qaratganman, hozir ham shu yo‘lda qo‘limdan kelganicha mehnat qilyapman. Buning natijasini kelajakda hammamiz birga-birga ko‘raveramiz”, - dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda xalqaro maydonda tanilgan hakam Ravshan Ermatov.

Ermatov kelgusida bu borada Ozodlik savollariga to‘liq javob berishga tayyor ekanini izhor qildi.

Jurnalistlar ogohlantirildi

Ayni paytda 12 - noyabr kungi yopiq yig‘ilish haqida Ozodlikka yozayotgan manbalar majlisdagi yana bir muhim va ularning nazarida xavotirli jihat - sport jurnalistlarining shaxsan general Azizov tomonidan ogohlantirilishi bo‘lganini ta’kidlamoqda.

Jumladan, O‘FAga aloqador bo‘lgan va ismini ochiqlamaslikni so‘ragan manbaga ko‘ra, yopiq majlisda kamida 3 ta axborot vositasi jurnalisti qatnashgan:

“DXX raisi ularga bu majlis haqida hech narsa yoritmaslik kerakligini tayinladi. Mana, oradan necha kun o‘tdi, biror satr xabar yo‘q bu yig‘ilish haqida”.

Yig‘ilishda ishtirok etganlardan biri bilan suhbatlashganini aytgan o‘zbekistonlik jurnalistning, ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka aytishicha, DXX raisi O‘FAga rahbarligiga saylanganidan buyon futbol va sportni yoritayotgan jurnalistlarda hadik paydo bo‘lgan:

“Azizov doim hujjat, video va audio dalillar bilan gapirarkan. O‘sha kungi yig‘ilishda ham hakamlarning pora olganiga oid shunaqa dalillar bor, deb yuziga urib tashlapti. Futbolda korrupsiya doim bo‘lgan, ammo bu sohani boshqargan rahbarning shaxsan o‘zi bungacha hakamlar, jurnalistlarga bunaqa ochiq tahdid qilganini shaxsan men eshitmagandim. Shuning uchun bu temada yozish ham xavfli bo‘lib qoldi, nazarimda”, deb yozdi Ozodlik bilan Telegram orqali muloqotda o‘zbek jurnalisti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, matbuot butkul yopiq bo‘lgan Karimov davrida ham sohadagi kamchiliklar haqida oshkora gapirib kelgan jurnalistlarning “o‘chib qolgani” sport jurnalistikasidagi xavotirli tendensiyadir:

“Unaqa oldingiday qotirib maqola yozayotganlar yo‘q, yozib yurganlar ham jim bo‘lib qolishgan. Chunki hozir futbol federatsiyasi va futbol o‘yinlari orqasidagi ishlarga prezidentning kuyovlari ham aralashib ketgan, deyishadi. Buyam jurnalistlarning jur’atini pasaytirib qo‘ygan. Xullas, qanaqadir tushunarsiz bir muhit paydo bo‘ldi-da hozir, bunaqa holat avval bo‘lmagan”.

Ayni paytda yig‘ilish tafsilotlaridan bexabar, ammo hakamlar orasida pora olish o‘zbek futbolida ancha keng tarqalgan mummo ekanini aytgan yana bir o‘zbekistonlik futbol sharhlovchisi general Azizovning "poraxo‘r" hakamlarga qarshi kurashini olqishladi.

"Ancha oldin boshlash kerak edi bu kurashni", dedi Ozodlik fikrini so‘ragan sharhlovchi.

Qudratli raislar

Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga 2019 - yilning iyul oyidan beri rahbarlik qiladi.

Bunga qadar O‘FAni bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshqarib kelgan edi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida o‘tgan yil iyulidagi hisobot-saylov konferensiyasida Ravshan Ermatov O‘FAning birinchi vitse-prezidenti lavozimiga saylangan.

Keyinchalik Ermatov jismoniy tarbiya va sport vaziriga birinchi o‘rinbosar bo‘ldi.Vazirlik matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, R. Ermatov mazkur lavozimga O‘zbekiston prezidentining 2020 - yil fevral oyida imzolagan maxsus qarori bilan tayinlangan.

O‘zbekistonda kuch tizimlari rahbarlarining sportning ko‘zga ko‘ringan sohalariga rahbarlik va kuratorlik qilishi mustaqillik yillarida shakllangan an’ana.

DXX raisi Abdusalom Azizovning o‘tmishdoshi - sobiq MXX rahbari Rustam Inoyatov 21 yil mobaynida O‘zbekiston tennis federatsiyasiga rahbarlik qilgan.

Joriy yil martida Rustam Inoyatovning o‘rnini O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki boshqaruv raisi Alisher Mirsoatov egallagandi.

Ayni paytda 75 yoshli general Inoyatov tennis federatsiyasining faxriy raisi sifatida qolgan.

XS
SM
MD
LG