Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:30

Ekspert: Xususiy stansiyalar qurishga izn berilmaguncha elektr yozda ham taqchil bo‘laveradi


Mamlakatdagi energetika infratuzilmasi eskirib ketganini prezident Mirziyoyevning o‘zi ham tan olgan.
Mamlakatdagi energetika infratuzilmasi eskirib ketganini prezident Mirziyoyevning o‘zi ham tan olgan.

Keyingi kunlarda O‘zbekistonda kuzatilayotgan anomal issiq fonida yana elektr energiyasi taqchilligi to‘g‘risidagi shikoyatlar paydo bo‘la boshladi.

Energetika vazirligi taqchillikni 1-3 - iyun kuni esgan qattiq shamol va havoning isib ketishi bilan izohladi.

Energetika masalalari bo‘yicha ekspert fikricha, elektr energetikasi ishlab chiqarish sohasini monopoliyadan chiqarib, sohaga xususiy tadbirkorlar jalb etilmaguncha, energiya qishda ham, yozda ham taqchilligicha qolaveradi.

Ekspert bundan ikki yil muqaddam prezident Mirziyoyevning ruxsati bilan Toshkentda boshlangan, biroq monopolist qo‘ygan to‘siqlardan o‘tolmagan bir loyiha tarixini aytib berdi.

Soyada 47°

“Buxoro viloyat, Qorako‘l tuman, Oq-oltin MFY, Bog‘i eram qishlog‘ida 5 - iyun, soat 16.20 da termometr quyoshda 53° soyada 47° ni ko‘rsatdi”. Bu xabarni Ozodlikka jo‘natgan qorako‘llik o‘z xabariga termometr suratini ham ilova qildi.

Mana shunday sharoitda elektr taqchilligi kuzatilmoqda. Shu sabab hatto "O‘zbekneftgaz" korxonalari, gaz konlari va kompressor stansiyalari faoliyati vaqtincha to‘xtab qoldi.

4 - iyun kuni mahalliy vaqt bilan soat 22:16 da "Talimarjon IES" energobloki avariyaviy to‘xtagani sababli "O‘zbekneftgaz" obyektlarida elektr uzilishi kuzatildi, deyiladi "O‘zbekneftgaz" matbuot xizmati bildiruvida.

Tarmoqlardagi norozilik

Energiya taqchilligi mavzusi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda. Bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev 5 - iyun kuni Twitterda “bir sutkadan beri elektr yo‘q” derkan, Telegramdagi Bakiroo kanali muallifi, iqtisodchi Otabek Bakirov “O‘zbekistonliklarning butun qish davomida sabrini sinagan, o‘tda yonmas, suvda cho‘kmas Sultonov (Energetika vaziri) yozda ham tajribalarini davom ettiradigan ko‘rinadi”, deb kinoya qildi.

Vazirlik: Issiqda elektr yo‘qligiga issiq aybdor

Bu tvitlardan bir kun oldin – 4 - iyunda Energetika vazirligi elektr ta’minotidagi uzilishlarni ikki sabab bilan izohladi.

Birinchi sabab – shamol. Vazirlikka ko‘ra, 1-3 - iyun kunlari O‘zbekistonning ayrim hududlarida esgan kuchli shamol daraxt shoxlarini sindirgan, tomlarni uchirgan, singan shoxlar bilan uchgan tomlar simlarni uzib tashlagan.

Ikkinchi sabab – issiq. Natijada ayrim joylardagi transformator punktlarida iste’mol yuklamasi ortib, nosozliklar kelib chiqmoqda.

Boshqa izohlar

Vazirlik energiya ta’minotida uzilishlar bo‘layotganini tan olib turgan bir paytda “Toshkent viloyat elektr tarmoqlari korxonasi” AJ mulozimi 7 - iyun kuni Ozodlik savoliga javoban nafaqat Toshkent viloyati, balki butun mamlakat uchun javob berdi:

“Elektr energiyasi ta’minotida hech qanday uzilish yo‘q. Butun mamlakat bo‘yicha shunday. Iltimos, gaplarimni qoldirmay bering”, dedi mulozim.

Iste’molchilar jamiyatlari federatsiyasi matbuot kotibi Sherali Sattorovning 7 - iyun kuni Ozodlikka aytganlari Elektr tarmoqlari korxonasi mulozimi aytgan gapning mutlaqo aksidir.

Sherali Sattorov Ozodlikka “Jamiyatimizga kelayotgan shikoyatlarga tayanib aytishim mumkinki, ayrim joylarda elektr uzilishi 8 soatgacha cho‘zilmoqda”, dedi. Lekin Federatsiya vakilining aytishicha, shu kunlardagi shikoyatlar ko‘lami kuz-qish mavsumidagichalik emas.

Iste’molchilar federatsiyasi vakili ta’minotdagi uzilishlarni energetika infrasturkukturasining eskirib ketgani bilan izohladi.

O‘zbekistonda elektr stansiyalarining eskirganlik darajasi 50 foizdan yuqori ekanligini davlat rahbarining o‘zi ham 2020 - yilning oktabrida tan olgan edi.

Ekspert fikri

Elektr energiyasi ta’minotida yuzaga kelgan yozgi taqchillikni sharhlab berishni Ozodlik energetika masalalari bo‘yicha ekspert, “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi sobiq rahbari Anvarmirzo Husainovdan so‘radi.

Anvarmirzo Husainov
Anvarmirzo Husainov

Toshkent shahridagi uzilishlar shu kunda katta ziyon yetkazadigan darajada emas. Masalan, men yashaydigan Mirzo Ulug‘bek tuman, Alpomish mahallasida may-iyunda bir marta ham svet o‘chmadi. Uzilishlar viloyatlarda, ayniqsa, qishloqlarda, tuman markazlarida kuchliroq bo‘lishi mumkin”, dedi ekspert.

Anvarmirzo Husainovning fikricha, O‘zbekistonda elektr energiyasiga yozgi ehtiyoj katta emas:

“Xonadonlarda maishiy texnika ko‘payib ketdi, degan fikrga ham qo‘shilmayman. Xalqimiz dubayliklarga o‘xshab konditsioner bilan yashashga ko‘nikmagan yoki hali o‘rganmagan”.

  • O‘zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar portaliga ko‘ra, 2019 - yili har 100 xonadonga 39 ta konditsioner to‘g‘ri kelgan. Qiyoslash uchun: televizor 100 xonadonga 160 ta, sovutgich 106 ta, yengil avtomobil 47 tadan to‘g‘ri kelgan.

Prezident xususiy elektr stansiyalari haqida gapirgan edi

O‘zbekiston prezidenti 2020 - yilning 29 - dekabrida Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga qilgan murojaatida “2021 - yilda davlat va xususiy elektr stansiyalari, hamda iste’molchilar o‘rtasida elektr energiyasi ulgurji bozorini shakllantirish boshlanadi”, degan edi.

Bu sohada ilgari siljish sezilyaptimi? Bu savolga Anvarmirzo Husainov bunday javob berdi:

“Afsuski, jilish yo‘q. Elektr energetikasi hanuz davlat monopoliyasi bo‘lib qolmoqda, Jahon moliya bozorlaridan milliard-milliard dollarlik sarmoyalar jalb qilinayotgani, qo‘shma korxonalar tuzilayotgani aytilyapti, lekin xususiy elektr stansiyalari qurilayotganiga oid misollarni bilmayman.

Ayni paytda, Anvarmirzo Husainovning aytishicha, kichik GESlar masalasida siljish bor:

“Suvning gorizontal oqimidan elektr quvvati olish texnologiyalari bo‘yicha kichik GESlar qurilyapti degan ma’lumotlar bor. Lekin klassik GESlar va issiqlik elektr stansiyalari qurilishida hozircha xususiy sektorga yo‘l yo‘q. Bunday stansiyalarni quraman degan o‘nlab, yuzlab tadbirkorlar topiladi”.

Toshkentda qurilmay qolgan xususiy elektr statsiya

Anvarmirzo Husainov bundan ikki yil muqaddam o‘z o‘g‘li bir hamkori bilan xususiy elektr stansiyasi qurishga bel bog‘lagani va bundan nima ish chiqqani, to‘g‘rirog‘i, hech qanday ish chiqmagani to‘g‘risida aytib berdi:

“2018 - yili o‘g‘lim Olmazor tuman, Beruniy mahallasida shu mahalla raisi bilan elektr stansiyasi qurmoqchi bo‘ldi. Rais “O‘zbekneftegaz”da rahbar lavozimda ishlagan, katta mutaxassis. Bu tashabbusga O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekiston Texnika universiteti ham qo‘shildi, chunki Beruniy mahallasi shu ikki o‘quv yurtining o‘rtasida joylashgan.

Toshkentning Olmazor tumanida xususiy elektr stansiyasi qurish to‘g‘risida bayonnoma.
Toshkentning Olmazor tumanida xususiy elektr stansiyasi qurish to‘g‘risida bayonnoma.

Stansiya bizga nihoyatda zarur, deyishdi. Chunki universitet byudjeti elektr haqini to‘lashga sarf bo‘lyapti. Ayniqsa, isitish va issiq suv masalasi muammo. Biz taklif qilgan stansiya elektr energiyasi, issiq (bug‘} va yozda sovuq havo (konditsionerlar uchun) ishlab chiqaradi. Loyihani shaxsan prezident qo‘llab quvvatlagan. Protokolga qo‘l qo‘yilgan. O‘zbekenergoning uchta boshqarmasi boshliqlari ham qo‘l qo‘ygan. “O‘zbekenergo”ga, shahar, tuman hokimlariga topshiriq berilgan. Masala hal bo‘lib qolgan vaqtda to‘siqlar ko‘payib ketdi. O‘g‘limga nisbatan bir qator ishlar boshlandi va natijada istiqbolli loyiha to‘xtab qoldi”.

- Stansiyani qurishga qonunlar izn bermadimi yoki korrupsion to‘siqlarmi?

“Bu yerda, albatta, korrupsion to‘siqlar ham bo‘ldi. Biroq asosan monopoliyaning manfaatlariga duch keldik. Bu yerda manfaatlar ziddiyati, 90 foiz manfaatlar ziddiyatidir. Monopoliya o‘z pozitsiyasining bir parchasiniyam xususiy tadbirkorga bermoqchi emas. Biz qurmoqchi bo‘layotgan stansiyada ishlab chiqariladigan energiya “O‘zbekenergo”nikidan qariyb ikki barobar arzon bo‘lishini ular bilib turibdi. Boz ustiga bu kichik stansiya bug‘ ham chiqaradi. Biz quradigan stantsiya shu paytgacha bozorni egallab turgan monopolistga raqobatchi bo‘ladi. Monopolist shuni istamadi. Biz qattiq harakatlar qildik. Hukumatga ham chiqdik. Lekin keyinchalik shunday to‘siqlar paydo bo‘ldiki, ularni bosib o‘tish imkoniyati yo‘q”.

Prezident izn bergani bilan monopolist qo‘ygan to‘siqlarni bosib o‘tolmagani uchun Beruniy mahallasida elektr stansiyasini qurolmagan Anvarmirzo Husainov, aytganlarini mana bunday xulosaladi:

“Bunday ishga yo‘l berilishi kerak. Bittasi paydo bo‘lsa, bunga o‘xshagan yuzlab korxonalar paydo bo‘ladi, natijada monopoliya sinadi va energiya taqchilligiga barham beriladi. Bu ishni birinchi rahbarimizning o‘zi, qonunchilarimiz qilmasa, biznesning kuchi yetmaydi”.

XS
SM
MD
LG