Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:45

Ekspertlar O‘zbekistonni sanksiyaga uchragan Rossiya shirkatlari bilan hamkorlikdan ogohlantirmoqda


AQShning sanksiyalar to‘g‘risidagi so‘nggi qarori 29 - iyuldan kuchga kirdi.
AQShning sanksiyalar to‘g‘risidagi so‘nggi qarori 29 - iyuldan kuchga kirdi.

Rossiyaning uchta kompaniyasi AQSh sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi. Cheklovlar Eron, Shimoliy Koreya va Suriyaga qarshi ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik to‘g‘risidagi qonunga muvofiq kiritilgan.

Rossiya kompaniyalaridan biri O‘zbekistondagi korxonalarga uskunalar yetkazib kelgan.

Mutaxassislar O‘zbekistonni sanksiyalar ro‘yxatidagi kompaniyalar bilan aloqa o‘rnatishning oqibatlaridan ogohlantirmoqda.

Uch Rossiya kompaniyasi AQSh sanksiyalariga tushdi

9 - avgust kuni AQSh Davlat departamenti Rossiyaning uchta kompaniyasi - NPP Pulsar LLC, Charter Green Light Moscow (CGLM) va Asia-Invest LLCga nisbatan sanksiyalar qo‘llanilishini e’lon qildi.

Vashingtonga ko‘ra, ular Eron, Shimoliy Koreya va Suriyaga nisbatan ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik to‘g‘risidagi milliy qonunchilikni buzishgan.

Sanksiyalar ro‘yxatiga tushgan Rossiya kompaniyalaridan biri - Asia-Invest LLC shirkati O‘zbekistondagi neft-gaz va konchilik korxonalariga uskunalar yetkazib berishi ma’lum bo‘ldi.

AQSh hukumati ochiqlagan hujjatda Rossiya kompaniyalaridan tashqari, sanksiyalar ro‘yxatiga Suriya, Livan va Iroqning Asa’ib Ahl al-Haq, Kata’ib Hezbollah, Ayman Al Sabbagh Trading, Hizballah va Wael Issa Trading Establishment kompaniyalari, tashkilotlari va harbiy tuzilmalari kiritilgan.

Sanksiyalar to‘g‘risidagi qaror 29 - iyuldan kuchga kirdi.

Sanksiyalar doirasida AQShning har qanday davlat agentligi bilan savdo qilish yoki shartnoma tuzish yo-da bu kompaniyalarga yordam berish taqiqlangan. Cheklovlar, agar Davlat kotibi boshqacha qaror qilmasa, ikki yil davomida amal qiladi.

Rossiyaning AQShdagi elchisi Anatoliy Antonov Feysbukdagi sahifasida Amerika ma’muriyatini vaziyatni sun’iy ravishda keskinlashtirayotganlikda aybladi.

"Ayrim mahalliy korxonalarni jazolash to‘g‘risidagi qarorlarni e’lon qilar ekan, Vashington bizni ushbu shirkatlar go‘yoki Amerika qurolini tarqatmaslik qoidalarini buzganiga ishontirmoqchi. Odatga ko‘ra, Rossiya tomoniga hech qanday dalil keltirilmadi", - dedi Antonov.

U Rossiya bunday yondashuvni "Jeneva ruhi"ga, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni barqarorlashtirish harakatlariga mutlaqo zid va nomaqbul deb hisoblashini bildirdi.

Sanksiyaga tushgan kompaniyalardan biri - O‘zbekistonning hamkori

Ommaviy axborot vositalarida aytilishicha, Amerika taqdim etgan hujjatlarda gap Vladimir Putinga yaqin odamlaridan biri - Sergey Chemezov tomonidan boshqarib kelinayotgan "Rostex" davlat korporatsiyasi tarkibiga kiruvchi “NPP Pulsar” AJ haqida ketayotir. Shu bilan birga, The Insider nashri jurnalistlariga ko‘ra, Boshqirdistonda Marsel Asfandiyarov ismli shaxsga tegishli xususiy "NPP Pulsar" MChJsi ham bor ekan.

Deyarli bir xil nomdagi ikkala kompaniya ham bitta sohada - yarimo‘tkazgich va elektron qurilmalarni loyihalash va ishlab chiqarish sohasida faoliyat olib borishi aniqlandi.

Charter Green Light Moscow (CGLM) MChJsi Buyuk Britaniya vatandoshi Aleksey Malyarevichga tegishli ekani ma’lum.

Moskvada yuridik manzilga ega bo‘lgan CGLM 5 yildan buyon biznes-aviatsiya bozorida faoliyat yuritib, xalqaro va ichki charter reyslarni, shu jumladan, yuqori lavozimli amaldorlarni tashish bilan shug‘ullanib keladi.

AQSh sanksiyalari ro‘yxatidagi uchinchi rus shirkati - "Asia-Invest LLC" MChJ Ufa shahrida ro‘yxatdan o‘tgan va “NPP Pulsar” kompaniyasi rahbari Marsel Asfandiyarov bilan bir xil manzilda yashovchi Guzel Asfandiyarovaga tegishli ekani ma’lum bo‘ldi.

Ular bir yoshda va ehtimol, er-xotin bo‘lishi mumkinligi taxmin qilindi.

"Asia-Invest” qo‘shni davlatlar - O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston korxonalariga asbob-uskunalar, jihozlar va neft-kimyo mahsulotlarini yetkazib berishi to‘g‘risida kompaniya rasmiy saytga ma’lumot keltirilgan.

Uning xorijiy hamkorlari orasida neft majmuasi, tog‘-kon va mudofaa sanoati sohasidagi eng yirik zavodlar borligi aytiladi.

"Asia-Invest LLC" rasmiy saytida shirkat 21 yildan buyon faoliyat olib borayotgani aytiladi.

Ekspert: Rossiya neft va gaz sohasida O‘zbekistonda yetakchi o‘rnini yo‘qotdi

"Asia-Invest LLC" shirkatining AQSh sanksiyalari ostiga tushishi O‘zbekistondagi neft va gaz sohasdagi vaziyatga qanday ta’sir o‘tkazishi mumkin? O‘zbek tadbirkorlari va davlat korporatsiyalari sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan kompaniyalar bilan hamkorlik qilaverishi mumkinmi?

Sanksiyalar bilan bog‘liq vaziyatni mustaqil O‘zbekistonning birinchi Energetika vaziri, “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi sobiq rahbari Anvarmirzo Husainov sharhlab berdi.

Birinchidan, eng avvalo, AQSh sanksiyalari ostiga tushgan Rossiya kompaniyalarining o‘ziga qiyin bo‘ladi. G‘arbdan arzon kreditlarni va texnologiyalarni olib, moliyaviy muammolarini hal etgan va katta mablag‘larga ega bo‘lgan va O‘zbekiston, Qozog‘istonning neft-gaz bozorlarini egallagan bu shirkatlarga ulkan moddiy zarar yetadi va ularning imidji yerga uriladi. Bu kompaniyalar Rossiya banklaridan kreditlarni olsa – mahsulotlari narxi oshadi! Bu esa, raqobat kuchaygan O‘zbekiston bozorida ularning imkoniyatlarini cheklaydi. Janubiy Koreya, Xitoy, Turkiya neft-gaz sohasidagi texnologiyalar bo‘yicha bozorimizda juda katta o‘rin egallab oldi. Masalan, xitoyliklar rus mashinasozlarini siqib chiqarganiga endi 7-8 yil bo‘ldi, - deydi suhbatdosh.

Anvarmirzo Husainov "Asia-Invest LLC" shirkatiga o‘xshash kompaniyalar Rossiyadan O‘zbekistonga xomashyo, yoqilg‘i mahsulotlari (yuqori sifatli benzin, dizel), tog‘-konchilik jihozlari va mahsulotlari, burmalash mashinalari va ularga ehtiyot qismlar, generatorlar yetkazib berayotganini bildirdi.

U bunday vaziyatda “O‘zbekneftgaz” davlat korporatsiyasi sanksiyalar ostiga tushgan korxonalar bilan hamkorlikdan ehtiyot bo‘lishi kerak, degan fikrni bildirdi:

“O‘zbekneftgaz” ham ancha ehtiyot bo‘lishi kerak. Chunki sanksiyalarga uchragan kompaniyalar bilan aloqalar davom etsa, ular ham ochiq yoki yashirin sanksiyalarga uchrashi mumkin. Bugunga kelib, “O‘zbekneftgaz” va uning tarkibidagi korxonalar ulushida Rossiyaning o‘rni katta bo‘lmasa ham kerak. Neft-gaz mashinalari, texnologiyalari, quvurlar va uskunalarini yetkazish bo‘yicha Xitoy, keyin Janubiy Koreya yetakchi o‘ringa chiqvolishdi. Har holda, oxirgi yillarda Turkiya, Ozarbayjon, Yaponiya va ayniqsa, Yevropa bilan ham O‘zbekistonning bu sohadagi aloqalari kengaymoqda va bu juda to‘g‘ri trenddir. Germaniya, Italiya, Fransiyaning neft-kimyo sohasidagi hamkorligi oshmoqda. Bu o‘rinda faqat Xitoyga yoki Rossiyaga bog‘lanib qolish o‘zbek energetikasi uchun katta xavflarni uyg‘otadi. Sanksiyalar ostiga tushayotgan davlat bilan kimning aloqa qilgisi keladi?! Shu bilan birga, O‘zbekistonning Rossiya bilan keskin munosabatlari o‘zgarishi ham qiyin, chunki bu davlatning neft va gaz sohasidagi sarmoyalari katta. "Lukoyl", "Gazprom", "Rosneft" investitsiyalarni kiritishni davom etmoqda, ular bugun O‘zbekistonda yetakchi o‘rnini yo‘qotib bo‘ldi, - dedi soha eksperti Anvarmirzo Husainov.

Sobiq vazir Rossiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning susayishiga Kreml tomonidan sun’iy ravishda joriy qilinayotgan to‘siqlar, jumladan, migratsiya va iqtisodiy cheklovlarni sabab qilib ko‘rsatdi.

Ayni damda, O‘zbekiston hukumati kuni kecha bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida 2020 - yil oxirida O‘zbekistonda tasdiqlangan tabiiy gaz zaxiralari 1,86 trillion kub metrni tashkil etganini ma’lum qildi.

Hozirgi ishlab chiqarish hajmlari bilan ular kamida 34 yilga yetishi hisoblab chiqildi. Bu zaxiralarning yarmidan ko‘pi "O‘zbekneftgaz" korxonalariga tegishli ekani, zaxiralarning deyarli chorak qismi esa "Lukoyl"ga qarashli ekani aytildi.

Eslatish joizki, "O‘zbekneftgaz" quvvati hozirda qariyb 70 milliard kubometr gaz bo‘lib, yiliga 8 million tonna suyuq uglevodorod ishlab chiqarish imkoni mavjud.

Ammo zaxiralarning kamayishi va texnologik yo‘qotishlar tufayli so‘nggi 15 yil ichida O‘zbekistonda uglevodorod ishlab chiqarish sezilarli darajada kamaydi.

Shu tariqa O‘zbekiston 2021 - yil yanvar oyida neft qazib olishni 2020 - yilning shu davriga nisbatan 4,92 foizgagina - 59, 7 ming tonnagacha oshirdi.

Rossiyaning AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilayotgan kompaniyalari soni ko‘paymoqda

Oldinroq xabar berilganidek, mart oyi boshida AQSh muxolifatchi Aleksey Navalniy ishi bo‘yicha Rossiya, Germaniya va Shveysariyadan 14 tashkilotga qarshi sanksiyalar kiritgandi.

AQSh Moliya vazirligi bundan oldin ham Rossiya hukumatining yetti nafar mulozimiga sanksiya qo‘llagan edi.

Shu yilning 20 iyun kuni Prezident Bayden ma’muriyati rossiyalik muxolif siyosatchining zaharlanishi tufayli yangi sanksiyalar paketi tayyorlanayotganini e’lon qildi.

2020 - yil noyabr oyida Qo‘shma Shtatlar ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik to‘g‘risidagi qonun doirasida qator Rossiya kompaniyalariga qarshi sanksiyalarni joriy qilgan edi.

Cheklovlar “Aviazapchast”, “Elekon” va “Nilco Group” kompaniyalariga nisbatan kiritildi.

Joriy yilning mart oyida AQSh Savdo vazirligi kimyoviy qurol ishlab chiqarishda ayblangan Rossiyaning boshqa tashkilot va kompaniyalariga qarshi sanktsiyalar qo‘llagandi. Bularga Rossiya Mudofaa vazirligining 27-ilmiy markazi, “Ximmed”, “Femteko”, “InterLab”, “LabInvest”, “Analit Prodakts” MChJsi, “Farmkontrakt”, “Rau Farm” va “Regionsnab” kiritildi. Shuningdek, cheklovlar Germaniyaning Chimconnect Gmbh, Pharmcontract Gmbh va Riol-Chemie kompaniyalari hamda Shveysariyaning Chimconnect AG kompaniyalariga nisbatan qo‘llanildi.

XS
SM
MD
LG