O‘zbekiston va Afg‘oniston 2022 - yilda elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha 100 million dollarlik shartnoma imzoladi.
O‘zbekiston Afg‘oniston toliblar tomonidan ishg‘ol etilganidan keyin mamlakatga elektr energiyasi yetkazib berayotgan yagona davlat bo‘lib qolmoqda.
100 mln dollarga 2,2 mlrd kVt energiya
Afg‘onistonning “Da Afghanistan Breshna Sherkat” davlat energetika kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, shartnoma Afg‘oniston “Da Afghanistan Breshna Sherkat” (DABS) kompaniyasi bosh ijrochi direktori Hofiz Muhammad Amin va O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari rahbari Dadajon Isaqulov o‘rtasida imzolangan.
- Bu kelishuv ikki kun davom etgan muzokaralardan so‘ng imzolandi. Ushbu kontrakt hajmi 2 milliard kVt/soatni, uning qiymati esa yiliga taxminan 100 million dollarni tashkil etadi, deyiladi shirkatning rasmiy saytidagi xabarnomada.
Bundan bir yil oldin O‘zbekiston Energetika vazirligi Afg‘oniston tomoni bilan kelishuvga asosan yillik 2 milliard 200 million kilovatt soat elektr energiyasini yetkazib berish ko‘zda tutuvchi shartnomani imzolagandi.
Lekin O‘zbekiston rasmiylari o‘sha shartnomaning qiymati borasi biror ma’lumot bermagan.
O‘zbekistonlik iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirovning hisob-kitobicha, Afg‘onistonga sotilajak 1 kvt. soat energiyaning qiymati 5 sentga teng bo‘ladi.
“Bitimning qiymati 100 million dollar. Demak, 1 kvt. soat energiyaning qiymati 5 sentga teng bo‘ladi. To‘lov shakli, usuli va muddatlari haqida hech qanday qo‘shimcha ma’lumot berilmagan”, deb yozdi Bakirov o‘zining Telegram-kanalida.
Xabarlarga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida “Surxon - Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasini qurish loyihasini oxiriga yetkazish masalasi ham muhokama qilingan. “Surxon-Puli - Xumri” tarmog‘i qurilishi yakunlanishi ortidan O‘zbekiston Afg‘onistonga sotadigan elektr quvvati hajmi ko‘payishi kutiladi.
Tarmoqning barpo etilishi loyiha yo‘nalishida Tolibon va Afg‘oniston hukumati harbiylari o‘rtasida janglar boshlanib ketgani munosabati bilan 2021 - yilning o‘rtalarida to‘xtatib qo‘yilgan edi.
Markaziy Osiyoning yagona energetika tizimi Afg‘oniston energetika tizimiga faqat O‘zbekiston orqali ulangan va yagona energiya tizimi mamlakatlarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi faqat O‘zbekiston orqali tranzit qilinishi mumkin.
"Ikki taraflama foydali shartnoma"
Ikki davlat o‘rtasida imzolangan yangi shartnoma Afg‘onistonning elektr energiya uchun oldingi qarzlarini to‘laganini anglatadimi?. Ozodlik ushbu savol bilan Energetika vazirligiga murojaat qildi, ammo hozircha javob olganicha yo‘q.
O‘zbekistonning birinchi Energetika vaziri, “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi sobiq rahbari Anvarmirzo Husainov shartnomaga muvofiq 1 kvt. soat energiyaning 5 sentga sotilishini “yaxshi narx” deya baholadi.
- Sovetlar davridan buyon O‘zbekistondan Afg‘onistonga elektr eksport qilinadi. O‘zbekistondan Afg‘onistonga elektr liniyalari SSSR vaqtida tortilgan. Markaziy dispetcherlik xizmati Toshkentda joylashgan “Yagona Elektr tarmoqlari” tizimiga Markaziy Osiyo va Qozog‘istonning bir qismi birlashgan edi. Bu tizimga Afg‘oniston ham kiritilgan va O‘zbekistonga chegaradosh hududlar elektr toki bilan ta’minlanardi. Bu davlatga tok uzatishdan O‘zbekiston ko‘p foyda olmasa ham, gumanitar yordam sifatida berib kelinyapti. Bunday olib qarasangiz, o‘zimizda ham yetishmovchilik bor-ku. Lekin 5 sentdan sotilishi – bu juda yaxshi narx, qimmat desa ham bo‘ladi. Qolaversa, Take-or-Pay printsipi oldindan to‘lovni anglatadi. Ya’ni ikki taraflama foydali kelishuv. O‘zbekiston ham gumanitar yordam berayotgani, ham foyda olayotganini hisobga olsak, shartnomani olqishlasa bo‘ladi,-deydi Anvarmirzo Husainov.
Sobiq energetika vaziri O‘zbekiston Yagona tizimni tiklashi va Karimov ko‘r-ko‘rona qarshilik ko‘rsatib kelgan Rog‘un GESiga hissa qo‘shishi lozim, degan fikrda.
"Rog‘un GESida 6 ta agregat bo‘ladi va ular ekspluatatsiyaga tushirilganidan keyin bir yilda 17 mlrd kVt elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu nafaqat Tojikistonni arzon elektroenergiya bilan ta’minlaydi, balki qo‘shni Afg‘oniston va Pokistonga elektrenergiya eksport qilish imkonini beradi, dedi energetika eksperti Anvarmirzo Husainov.
Mutaxassis mavjud shartnomada afg‘on tarafining oldingi qarzlari masalasi ham aks ettirgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.
O‘tgan yilning 28 - dekabr kuni Tojikiston va Afg‘oniston energetika kompaniyalari 2022 - yilda Tojikiston elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagandi. O‘zbekiston orqali tranzit qilinuvchi Tojikiston elektr energiyasini yetkazib berish hajmi va sotib olish narxi ham e’lon qilingani yo‘q.
Oldinroq Energetika vazirligi O‘zbekistondagi texnik muammolar tufayli Afg‘onistonning 15 provinsiyasiga elektr energiyasi yetkazib berishni ikki baravarga qisqartirgani, jumladan, Kobulda elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilgani haqidagi xabarlarga izoh bergandi.
Oktabr oyida Afg‘oniston energetika kompaniyasining O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Eronga elektr energiyasi uchun 51 mln dollardan ortiq qarzi borligi xabar qilingan edi. Biroq O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov esa 23 - oktabrda O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berishni “bir soatga ham to‘xtatgan emas”, Kobul “o‘z ehtiyojiga ko‘ra elektr energiyasini O‘zbekistondan to‘la hajmda olmoqda”, - deb bayonot bergan edi.