Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:48

“Gaz yo‘q, bo‘lmaydi” - Xorazm viloyat hokimi norozi aholining elektr muammosini yechishga va’da berdi


Cholishliklarning viloyat hokimi bilan uchrashuvi.
Cholishliklarning viloyat hokimi bilan uchrashuvi.

19 - yanvar kuni Xorazm viloyati Urganch tumani Cholish shaharchasi aholisi gaz va elektr taqchilligiga norozilik bildirib, Cholish-Urganch trassasini to‘sib qo‘ydi.

Norozilar bilan uchrashgan viloyati hokimi Farhod Ermanov shaharchada elektr energiyasini yaxshilash uchun yangi transformator o‘rnatishga va’da berdi.

Shuningdek, hokim shaharcha ahlini qiynayotgan yo‘l, ichimlik suvi kabi muammolar ham hal qilinishini ta’kidlagan.

Cholishliklar aytishicha, hokim tabiiy gaz muammosini hal qilolmasligini tan olgan.

Cholishliklar noroziligi

21 - yanvar kuni Telegramdagi Xorazmliklar kanali orqali yoyinlangan videoda o‘nlab kishining yo‘lni to‘sib turgani va mutasaddilar kelib, ularni yo‘l chetiga chiqishga ko‘ndirishga urinayotgani aks etgan.

Videodan ma’lum bo‘lishicha, voqea Xorazmning Urganch tumani Cholish shaharchasida sodir bo‘lgan.

Ozodlik bog‘langan cholishliklarning aytishicha, 19 - yanvar kungi norozilik va ularning sabr-kosasi to‘lishiga Amudaryo bo‘yidan o‘tin terib kelayotgan ikki o‘smirning jarimaga tortilgani sabab bo‘lgan.

“Namunali uylarda yashaymiz, lekin gaz yo‘q. Nimasi uning namunali? Ko‘mir juda sifatsiz. Odamlar Amudaryo bo‘ylaridan o‘tin terib kelib, uylarini isitadi. Kuni kecha ekologiya xodimlari o‘tin terib kelayotgan ikki bolani ushlab shtraf qilibdi. Shundan keyin odamlarning jahli chiqib ketdi. Keyin kelishib, ko‘chaga chiqdik”, - deydi Ozodlik suhbatlashgan Cholish yashovchilaridan biri anonim qolish sharti bilan.

O‘zini deputat deb tanishtirgan ayol.
O‘zini deputat deb tanishtirgan ayol.

Videotasvirlarda norozilar ularga dashnom bergan deputat ayolni haydab solgani ham aks etgan.

“Deputat sifatida seni hozir ko‘rib turibman. Kelib birovdan hol-ahvol so‘radingmi? Seni bu yerda hech kim tanimaydi. Nima ish qilding deputat bo‘lib?”, - deydi norozilardan biri.

Norozilarni tinchlantirishga kelgan Xorazm viloyat gaz ta’minoti idorasi boshlig‘i Sherzod Sobirovni esa cholishliklar savolga ko‘mib tashlashgan.

“Biz siyosatga qarshi emasmiz, bizga faqat gaz kerak. Qaysi uyga kirsangiz, yig‘lab yuborasiz. Sizning uyingizda gaz bor, yuvinib-taranib kelganingizdan ko‘rinib turibdi. Mening bo‘ynimning kiriga qarang”, - deydi norozilardan biri ko‘ylagi yoqasini ochib, boshqalari uni qo‘llab qarsak chalishadi.

Hokim va’dasi

Voqea tafsilotlarini Ozodlikka gapirib bergan boshqa bir cholishlikka ko‘ra, norozilar bilan uchrashish uchun viloyatning barcha mutasaddilari Cholish shaharchasiga kelgan:

“Dastlab UVD zami, Urganch tuman hokimi, oblgaz va elektroset idoralari boshliqlari keldi. Keyin viloyat hokimi Farhod Ermonov viloyat idoralarining o‘ndan ziyod boshlig‘i bilan Cholishga keldi. Hokim bilan uchrashuv maktab zalida o‘tdi”.

Cholishlik yigitning aytishicha, hokim Ermanov shaharcha ahlining bir qator iqtisodiy-ijtimoiy muammolarini hal qilib berishga va’da bergan:

“Birinchi va’dasi svet bilan bog‘liq bo‘ldi. “Yangi transformator qo‘yib beraman”, dedi. Namunali uylar orasida yo‘l yo‘qligini aytdik. Buni hal qilishni o‘zi bilan birga olib kelgan yo‘l idorasi boshlig‘iga topshirdi. Kechasi ko‘chalarni yoritish muammosini aytgandik, “buni komxoz hal qiladi”, dedi. Vodoprovod muammosini aytgandik, vodokanal boshlig‘ini urishib, “uylarining ichigacha kirgizib, berasan suvni”, - dedi. Hokim o‘zi bilan bank mutasaddilarini ham olib kelgan ekan, kimga kredit kerak bo‘lsa, o‘sha joyning o‘zida rasmiylashtirib ham berishdi. Ishsizlarni ham ro‘yxatga olib, “ish topib beramiz” deyishdi. Ko‘mirning sifatsizligini aytgandik, ko‘mirga mutasaddi idora boshlig‘iga “ko‘mirni elakda elab, keyin berasan”, dedi. Rosa va’da berdi hokim buva”.

Uchrashuvda ishtirok etgan cholishliklarning aytishicha, hokim birgina gaz muammosini hal qila olmasligini aytgan:

“Xalq nimaga gaz yo‘q, bizga gaz bering, deb so‘radi. Lekin hokim “gaz masalasi hal bo‘lmaydi”, dedi. Odamlar qayta-qayta so‘radi. Hokim “Gaz yo‘q, bo‘lmaydi” dedi qat’iy qilib. Lekin “propan gazini oldingiday har oyda emas, har 15 kunda keltirib, beraman”, dedi hokim buva".

Xorazm viloyat gaz ta’minoti idorasi boshlig‘i Sherzod Sobirovning cholishlik norozilar bilan uchrashuvi aks etgan videoda aytishicha, viloyat ahlini to‘la tabiiy gaz bilan ta’minlash imkoni mavjud emas.

“Viloyatda 365 ming xonadon bor, shundan 230 minggi tabiiy gaz oladi. Boshqa xonadonlar gazdan qirqilgan. Tabiiy gaz resursi yetmaydi”, - deydi Sobirov.

Cholish shaharchasi
Cholish shaharchasi

Ozodlik bilan suhbatda Cholish ahli mulozimlar ularni muntazam aldab kelayotganini aytib, hokim Ermonov va’dalariga ham ishonmasliklarini aytishdi.

“10 yildan buyon faqat aldashadi. Shikoyat qilsangiz bir xalta va’da berishadi, lekin uni bajarish yo‘q. Agar hokim va’da qilgan ishlar ham oldingilariday bajarilmasa, xalq yana ko‘chaga chiqadi. Har kun yo‘lni to‘samiz”, - dedi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan cholishlik qariya.

Energetik bo‘hron va noroziliklar

Cholishdagi norozilik gaz bilan bog‘liq so‘nggi bir haftada Xorazmda kuzatilgan ikkinchi holatdir.

14 - yanvar kuni Xonqa tumanining Sarapayon qishlog‘i, “Paxtagul” mahallasi aholisi ayni muammo sabab Urganch-Hazorasp avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ydi.

O‘zbekistonda so‘nggi bir oy ichida aholi noroziliklarining yoyilishi boshqa hududlarda ham kuzatildi.

Jumladan, Buxoro viloyatining Buxoro hamda Qorako‘l, Surxondaryoning Muzrabot, Jizzaxning Paxtakor tumanlari, Andijon shahri, Farg‘ona viloyatining Qo‘qon va Oltiariq tumanlarida ham aholi gaz muammosi tufayli yo‘l to‘sdi. Bu faqat Ozodlikka ma’lum bo‘lgan holatlar, xolos.

Ўзбекча норозилик: Газ ва светсиз қолган аҳолининг йўл тўсиш акциялари...
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:05 0:00

Mutasaddilar norozi aholini ko‘mir tarqatish yoki boshqa vaqtinchalik chora hamda turli va’dalar bilan tinchlantirmoqda.

Ayni paytda mamlakatning deyarli barcha hududida energetik bo‘hron davom etmoqda.

Hukumat bu inqirozdan chiqish borasida aniq rejani e’lon qilganicha yo‘q.

Energetika vazirligi 21-23 - yanvar kunlari O‘zbekiston hududiga g‘arbiy Qozog‘iston orqali Rossiyadan sovuq havo kirib kelishi haqida ogohlantirdi. "O‘zgidromet" tarqatgan xabarga ko‘ra, o‘rtacha havo harorati me’yordan 8-10 darajagacha past bo‘ladi.

Vazirlik tizimdagi korxonalarni "texnologik rejimlarga rioya qilish va iste’molchilarga barqaror energiya yetkazib berish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish" haqida ogohlantirgan.

Ayni paytda O‘zbekiston 2020 - yilda 50,4 millon dollarlik gaz import qilgani ma’lum bo‘lgan. Gazeta.uz nashri Davlat Statistika qo‘mitasi keltirgan raqam 2019 - yildagidan 237 barobar ko‘pligiga e’tibor qaratgan. Nashrning o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, gaz Turkmanistondan sotib olingan.

16 - dekabr kungi hukumat yig‘ilishida prezident Mirziyoyev mamlakatda sutkasiga 20 million kubmetr gaz taqchilligi mavjudligini aytgan edi. U gaz eksporti hajmini kamaytirish va kuniga 7-8 million kubmetr qo‘shimcha gazni aholi ehtiyojlari uchun yo‘naltirish haqida hukumatga topshiriq bergan. O‘tgan vaqt davomida gaz ta’minoti yaxshilangani kuzatilmaydi.

XS
SM
MD
LG