Diplomat nashri Human Right’s Watch ning Markaziy Osiyo bo‘yicha eksperti Mihra Rittman va ushbu tashkilotning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Hyu Uilyamsonning O‘zbekistonning afg‘on qochqinlari yuzasidan olib borayotgan siyosati borasidagi munosabati va takliflari bayon qilingan maqolani e’lon qildi.
Tolibon Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olganidan beri mamlakatning shimoliy qo‘shnisi O‘zbekiston xavf ostidagi minglab afg‘onlarni evakuatsiya qilishda uchoqlar uchun yoqilg‘i to‘ldirish va qochqinlarni uchinchi mamlakatga eltishdan avval vaqtincha qo‘nalg‘a sifatida G‘arb davlatlariga ko‘mak berdi.
O‘zbekiston, shuningdek, Afg‘onistondan qochgan yuzlab uchuvchilar va ularning oila-a’zolariga vaqtincha mezbonlik qilmoqda. Ekspertlarning fikricha, bu yordamlar O‘zbekistonning muhim hissasi, ammo mamlakat ko‘proq yordam bera oladi va shunday qilishi ham kerak.
O‘zbekiston boshqa hukumatlar tomonidan viza yoki boshpana berilishi mumkin bo‘lgan, ammo Afg‘onistondan chiqib keta olmayotgan minglab afg‘onlar uchun muhim darvoza bo‘lishi mumkin, deydi Human Right’s Watch ekspertlari. O‘zbekiston ta’qibdan qochayotgan afg‘onlarga chegaralarini ochishi mumkin.
Tolibon qo‘lida o‘lim va qiynoq kutib turgan afg‘onlarga yordam berish rasmiy Toshkentning inson huquqlari bo‘yicha majburiyatlariga muvofiq keladi va mamlakatning xalqaro maydonda muhimroq rol o‘ynashga tayyorligini namoyish qiladi, deydi ular.
Oxirgi haftalarda O‘zbekiston AQSh, Germaniya va boshqa hukumatlarga minglab afg‘onlarni o‘z hududi orqali evakuatsiya qilishga izn berdi. Bunga qo‘shimcha, 14 - avgust kuni Mozori Sharif toliblar qo‘liga o‘tgach, O‘zbekistonga qochgan bir necha yuz afg‘onga, jumladan 585 nafar afg‘on uchuvchilari va ularning oila a’zolariga vaqtincha boshpana berdi.
O‘zbekiston AQShdan uchuvchilar va ularning oilalarini o‘z hududidan olib chiqib ketishni so‘ragani xabar qilingan edi. AQSh Davlat departamenti ham ushbu masala yuzasidan o‘zbek hukumati bilan ishlayotganini ma’lum qilgan.
Muammo shundaki, O‘zbekiston o‘z chegarasini afg‘on qochqinlariga yopgan. Mamlakat BMTning 1951 - yilgi Qochqinlar bo‘yicha konvensiyasini imzolamagan, ammo inson huquqlari bo‘yicha boshqa xalqaro me’yorlarga ko‘ra, u odamlarni hayoti xavf ostida turgan joylarga qaytarib yubormaslikka majbur, deydi maqola mualliflari.
O‘zbekiston 20 - avgust kuni 150 nafar odamni Tolibon bilan kelishuvga ko‘ra Afg‘onistonga qaytarganini ma’lum qildi. Ekspertlar fikricha, bu holat juda xavotirlidir, zero O‘zbekiston odatiy xalqaro huquq tamoyillariga ko‘ra, odamlarni ularning hayotini xavfga qo‘yuvchi hududga qaytarishi mumkin emas.
Ammo 31 - avgust kuni xorijiy kuchlarni Afg‘onistondan olib chiqib ketish muddati tugagach, O‘zbekiston Germaniya vizasi bo‘lgan afg‘onlar uchun tranzit hudud sifatida yordam berishga rozi bo‘ldi.
Maqola mualliflari o‘zbek hukumati yaxshilikni oxirigacha qilib, uchinchi mamlakatga vizasi bo‘lgan yoki viza beriladigan afg‘onlarga tranzit hudud sifatida yordam berishi kerak deb hisoblaydi.
O‘zbekiston BMTning Qochqinlar bo‘yicha oliy komissarining ikki tomonlama qabul qilingan evakuatsiya dasturlari “afg‘onlarning boshpana so‘rash huquqini chelamasligi kerakligi” haqidagi chaqiruviga quloq tutishi kerak. 20 - avgust kuni chiqqan bayonotida BMT qochqinlar idorasi “barcha davlatlar afg‘onlarning odatiy yoki noodatiy shaklda bo‘lsin kelib boshpana so‘rash huquqini buzmasligi kerak”ligini ta’kidlagan.
Human Right’s Watch ekspertlari afg‘onlarni evakuatsiya qilish uchun o‘zbek hukumati bilan hamkorlik qilayotgan davlatlar Toshkentni moliyaviy qo‘llab‑quvvatlashi kerak deb hisoblaydi.
Ularning fikricha, afg‘onlarga vaqtincha mezbonlik qilish, boshpana izlovchilarga qo‘nib o‘tish uchun yordam berish nafaqat inson huquqini hurmat qilish sanaladi, balki ularning hayotini saqlab qoladi va bu o‘zbek hukumati o‘z bo‘yniga olgan majburiyat hamdir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2016 - yili hokimiyatga kelganidan buyon O‘zbekiston avtoritar o‘tmishdan uzoqlashib, yangi sahifa ochganini ko‘rsatishga urinib keladi. Mamlakat BMT Inson huquqlari kengashiga ham kirdi, prezident esa “inson huquqlari islohotlarda markaziy o‘rin tutishi”ni ommatan e’lon qildi.
O‘zbekiston inson haqlari yuksak himoya qilinadigan davlatlar safidan joy olishi uchun ko‘p ish qilishi kerak, ammo xavf ostidagi afg‘onlarga yordamni kuchaytirish, qochqinlarga chegaralarni ochish orqali O‘zbekiston evakuatsiya qilishga urinayotgan boshqa hukumatlar ishiga katta hissa qo‘shadi, deydi maqola mualliflari.