Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:22

Ikki panjasini eri chopgan ayolga Yevropa sudi 370 ming yevro tovon puli tayinladi


Margarita Grachyova
Margarita Grachyova

Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi (IHES) Rossiya hukumatiga eri ikkala qo‘li panjasini chopib tashlagan Margarita Grachyovaga qariyb 370 ming yevro tovon to‘lash majburiyatini yukladi. Bu Yevropa sudi tomonidan bir kishiga belgilangan eng katta to‘lovdir.

To‘rt yil muqaddam Margarita Grachyovani eri o‘rmonga olib borib, ikki qo‘li panjalarini chopgan edi. Ayol omon qoldi. Bir panjani shifokorlar joyiga tikishga muvaffaq bo‘ldilar. Ikkinchi panja o‘rniga esa bionik protez o‘rnatildi. Eri 14 yilga qamaldi, ushbu fojiadan avvalroq Margarita erining zo‘ravonligidan shikoyat qilib borganida uning arizasini qabul qilmagan politsiya xodimi ishdan haydaldi.

Grachyova bugungi kunda Sankt-Peterburgda ikkinchi eri bilan yashamoqda. IHESning qarori haqidagi xabar u uchinchi farzandini dunyoga keltirgan kunda yetib keldi.

“Xursandchilikka hali erta, chunki Rossiya qaror ustidan apellyatsiya berishi mumkin. Bizning hukumatdan har narsani kutsa bo‘ladi. Maishiy zo‘ravonlik mamlakatimizda juda og‘riqli mavzuga aylangan. Zora, Yevropa sudi va boshqa xalqaro tashkilotlar bosimi ostida davlat bunga qarshi choralarni ko‘rsa”, deydi Margarita “Sever.Realii” nashriga bergan intervyusida.

Darvoqe, Grachyova bilan ushbu fojia yuz bergan 2017 - yilda Vladimir Putin “do‘pposlash” jinoyatini ilk bor sodir etganlarni jinoiy javobgarlikka tortmaslik to‘g‘risidagi qonunga imzo chekkandi. Margaritaning aytishicha, “prezident to o‘zining boshiga tushmaguncha muammo borligini idrok eta olmaydi”.

“Maishiy zo‘ravonlikka qarshi hanuz tayinli chora ko‘rilmayotganiga, ochig‘i, tushuna olmayman. Muammoni davlat darajasida hal qilish kerak. Qog‘ozbozlik degan narsa ham bor. Meni erim birinchi marta qo‘lida pichoq bilan o‘rmonga olib chiqib ketganida uchastka nozirimiz hech narsa qilmagan. 18-19 kundan so‘ng qo‘ng‘iroq qilib, ariza berdingizmi, deb so‘ragan xolos. Bu vaqt ichida erim meni to‘rt marta o‘ldirishi mumkin edi”, hikoyasini davom ettiradi Grachyova.

Margaritaning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya sudi hukmi to‘liq bajarilgan emas: eri 2 mln rubl tovon pulini to‘lagani yo‘q. Qolaversa, xavfsizligi ham kafolatlanmagan – eri qamalishidan oldin “agar meni kutmasang, onangning ham panjalarini chopib tashlayman”, deb tahdid qilgan. To‘rt yildan so‘ng u qamoq muddatining uchdan ikki qismini o‘tab, shartli ozodlikka chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ikkinchi bor turmushga chiqqan Margarita sobiq erining qamoqdan qaytgach, undan o‘ch olishi mumkinligini o‘ylab hozirdanoq tashvish chekmoqda.

“Boshida uni “ruhiy nosog‘lom”ga chiqarib, jazodan ozod etishlari mumkinligidan cho‘chigandim. Xayriyatki, sog‘lomligini tan olishdi. Rosti ham shu-da. Avvalgi harakatlari – meni o‘rmonga olib borib, pichoq bilan tahdid qilgani, hujjatlarim va shaxsiy buyumlarimni yo‘q qilganini, balki, telbalikka yo‘yish mumkindir. Ammo so‘nggi holatda u jinoyatni oldindan rejalashtirgani aniq: bir necha kun avval bolta sotib olgandi, panjalarimni chopgach, qon yo‘qotishdan o‘lmasin deb bilaklarimdan mahkam bog‘lagandi”, deydi u.

Yevropa sudi o‘z amaliyotida birinchi marta bir kishiga buncha katta tovon puli tayinlagani bejiz emas. Margaritaning uchta protezi bor. Ikkitasini odamlar xayriya yo‘li bilan yig‘ib bergan pullarga sotib olgan. Davlat esa bir yarim yildan so‘nggina protez ajratgan. Ikki bionik protezining har biri 4 mln rubldan turadi. IHESga da’vo arizasi kiritayotganda protezlar narxi, ta’mirlash va reabilitatsiya xarajatlari ko‘rsatilgan. Protezning bitta barmog‘i buzilganida 350 ming rublga ta’mirlatgan.

Margarita panjasi qayta ulangan chap qo‘li reabilitatsiyasini bir yil muqaddam tugatdi. Jami besh marta jarrohlik amaliyotini boshidan kechirdi, har bir amaliyotdan so‘ng reabilitatsiya davrini o‘tadi.

“Bu qo‘limni ortiq rivojlantirib bo‘lmaydi. O‘ylashimcha, sog‘lom qo‘lning nari borsa 15 foiz funksiyalarini bajara olyapti. Protez esa bundan bir oz samaraliroq, garchi eng yaxshisidan olgan bo‘lsam-da. Ammo ikki qo‘lim ham ohista harakat, tugma qadash va yozishga yaramaydi. Shu bois hayotim avvalgidek bo‘ldi, deya olmayman. Hech qachon avvalgidek bo‘lmaydi”, deya hikoyasini tugatadi Margarita Grachyova.

Jabrlanuvchilarning advokatlariga ko‘ra, Yevropa sudi rezolyutsiyasining eng muhim bandi shuki, Rossiya mumkin qadar tezroq o‘z qonunchiligiga “maishiy zo‘ravonlik” tushunchasini kiritishi kerak. Sud maishiy zo‘ravonlikning oldini olish, jabrlanganlarni muhofaza qilish va bu kabi ishlar samarali tergov qilinishini ta’minlash choralarini ko‘rishni tavsiya qilgan.

“Sanab o‘tilgan chora-tadbirlar amalga oshirilgunga qadar Strasburg sudi Rossiya fuqarolaridan keladigan bu kabi holatlarga doir shikoyat va arizalarni soddalashtirilgan va tezlashtirilgan tartibda ko‘rishda davom etadi”, deyiladi IHES xabarnomasida.

Rossiya – Yevropa Kengashi a’zolari orasidagi maishiy zo‘ravonlikka qarshi o‘z milliy qonunini qabul qilmagan yagona mamlakatdir.

2011 - yildan 2019 yilgacha bo‘lgan davrda Rossiyada o‘ldirilgan ayollarning 65,8 foizi aynan maishiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan.

Rossiya hukumati vakili Margarita Grachyova hamda boshqa da’vogarlarning shikoyat arizalari Yevropa sudida ko‘rilishi jarayonida zarar mansabdorlar emas, balki xususiy shaxslar tomonidan yetkazilganini ro‘kach qilib, davlat maishiy zo‘ravonlik uchun javobgar bo‘lmasligi va jabrlanuvchilarga tovon to‘lamasligi lozimligini uqtirishga urindi.

XS
SM
MD
LG