Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:22

"Nazorat kuchaymoqda". O‘zbekistonda imomlardan xorijga chiqish pasportlarini topshirish so‘raldi


Prezident Shavkat Mirziyoyev, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov, Bosh vazir Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar Toshkentdagi "Shahidlar xotirasi" xiyobonidagi marosimda. 31-avgust, 2023 .
Prezident Shavkat Mirziyoyev, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov, Bosh vazir Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar Toshkentdagi "Shahidlar xotirasi" xiyobonidagi marosimda. 31-avgust, 2023 .

O‘zbekistonda masjid imomlari va imom noiblaridan chet elga chiqish pasportlarini diniy idoraning joylardagi vakilliklariga topshirish so‘ralmoqda. Ozodlik suhbatlashgan imomlar "qizil" pasportlarning yig‘ishtirib olinishini Moskvadagi "Krokus" voqealari bilan bog‘lashdi va imomlar ustidan nazoratni kuchaytirish urinishi deya baholashdi.

3-aprel kuni O‘zbekistondagi barcha masjid imomlari xorijga chiqish pasportlarini "vakillikka topshirishlari" so‘ralgan xat olishgan.

Toshkent shahar Bosh imom-xatibi yordamchisi Ergash Rustamov nomidan tuman bosh imom-xatiblariga Telegram messenjeri orqali yuborilgan xat skrinshoti.
Toshkent shahar Bosh imom-xatibi yordamchisi Ergash Rustamov nomidan tuman bosh imom-xatiblariga Telegram messenjeri orqali yuborilgan xat skrinshoti.

Toshkent shahar Bosh imom xatibi yordamchisi Ergash Rustamov nomidan tuman bosh imom xatiblariga yuborilgan xatda (Ozodlikda nusxasi mavjud-tahr.) jumladan, bunday deyilgan:

“Assalamu alaykum, hurmatli tuman Bosh imom xatiblari! Xamma masjid imom xatiblari va imom noiblarining xorijga chiqish (qizil) pasportlarini ro‘yxat asosida yig‘ishtirib olamiz, so‘ng vakillikka rasmiy topshiramiz. Bunga tuman bosh imom xatiblari mas’ul! Hozirdan boshlaymiz”.

Ishdan haydalishi xavfi bois ismini ochiqlamagan toshkentlik imom Ozodlik bilan suhbatda qizil pasportlari yig‘ishtirib olinayotganini Rossiyadagi "Krokus Siti Holl"dagi hujum bilan bog‘ladi.

“Rossiyadagi oxirgi voqealardan keyin, imomlarga, umuman dindorlarga nisbatan jiddiy choralar ko‘rilishi kutilmoqda. Bir necha kundan beri bizni shunday deb, xorijga chiqish pasportini Diniy idora vakilligiga topshirishlikka majburlashyapti. Agar kim topshirishdan bosh tortsa, ishdan bo‘shatish bilan qo‘rqitishyapti. Sababi imomlarning xorijga chiqishining oldini olish. Hozirgi kunda imomlarga juda katta bosim bo‘lyapti. Shu sabab ba’zi imomlar mamlakatni tark etib ketishidan xavotirda”, - deydi ismi sir qolishini istagan imom.

Ozodlikka gapirgan boshqa bir toshkentlik imom pasportlarining yig‘ishtirib olinayotgani O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi rahbari - muftiy Nuriddin Xoliqnazarovning buyrug‘i bilan bo‘layotgani va bu qonunga xilof ekaniga e’tibor qaratadi.

“Bu qaysi qonun yoki xuquqiy normaga to‘g‘ri keladi? Pasportni majburiy olib qo‘yishga qonuniy javobgarlik bor-ku. Bir narsa desak, bu muftiyning buyrug‘i deyishyapti”, - deydi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan imom.

Тошкентда соқол ва ҳижобга қарши рейдлар, диндорларга тегишли емакхоналар ёпилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:17:15 0:00

Toshkent shahar Bosh imom xatibi yordamchisi Ergash Rustamov Ozodlik bilan suhbatda pasportlar imomlardan "xatlovdan o‘tkazish uchun" olinyapti, deya holatni izohlashga urindi.

“Pasportlarni xatlovdan o‘tkazib qaytarib beryapmiz. Pasport ma’lumotlarini o‘zimizni bazaga kiritib, qaytarib beryapmiz”.

Buning uchun imomlardan pasporti emas, shu ma’lumotlarni olish kifoya emasmi, degan Ozodlik savoliga Ergash Rustamov: “Pasportini o‘zidan ham nusxa olyapmiz-da, uni ham bazaga kirityapmiz-da”, deya javob qaytardi.

O‘zbekiston Musulmonlari diniy idorasi vakili Ozodlik bilan suhbatda imomlarga shunday xat jo‘natilganini tasdiqladi, lekin ulardan xorijga chiqish pasportlarini topshirish nega so‘ralayotganini izohlamadi:

“U xatni qayerdan oldingiz? U xat jurnalistga yetib boradigan xat emas-da. U XDFU “xizmat doirasida foydalanish uchun” maxsus odamlarga jo‘natiladigan xat edi. Buni faqat imomlar bilardi, demak, qaysidir imom buni sizga yuborgan”, - dedi O‘zbekiston Musulmonlari idorasi devonxonasi xodimi.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasining boshqa mansabdor xodimi imomlardan xorijga chiqish pasportlari yig‘ib olinayotganini Ozodlikka izohlar ekan, bundan maqsad ularning chet elga chiqishini nazoratga olish emasligini tushuntirishga urindi.

“Hali biz birorta imomni cheklaganimiz yo‘q, faqat Ramazon oyida o‘zimiz imomlarni nomzodlarini Umraga ishchi guruhiga ellikboshilikka yuborganmiz, oldinda Haj safarlari turibdi. Yaqinda Koreyaga borib kelishdi, Rossiyaga, Amerikaga. O‘shanaqa xolatlarda qizil pasportlar bizda shay bo‘lib tursin, deb qilinyapti bu. Biz qizil pasport olmagan imomlardan ham olinglar deb so‘rayapmiz. Shu tayyor bo‘lib turishi uchun. Imom har doim xizmat safariga yuborilganda pasporti shay holatda tursin deb, o‘sha maqsadda qilinyapti. Hech bir imom e’tiroz bildirgani yo‘q. Qaysidir imom o‘zboshimcha chetga ketgisi kelsa, arizasini yozib pasportini olib, rahbarini nomiga ariza yozib chiqib kelishi mumkin. Bu cheklanmagan”, - dedi O‘zbekiston Musulmonlar diniy idorasining mansabdor xodimi.

Lekin, Ozodlik suhbatlashgan imomlar qizil pasportlarining chet elga ketishga shay bo‘lib tursin, degan vaj bilan Musulmonlar idorasida saqlab turilishi hech bir mantiqqa to‘g‘ri kelmasligini aytishadi.

“Bu aytilayotgan gap haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Imomlar bog‘cha bolasimiki, ularning pasportlari shay bo‘lib tursin, deb kimdir olib o‘tirsa. Hajga borsa, uzog‘i bilan 300 ta imom boradi. Respublikada 2 mingdan ortiq imom, 5 mingdan ortiq noib bor. Hammasining qizil pasporti olinyapti-ku. Maqsad - imomlarni chet elga nima maqsadda bo‘lsa ham safar qilishini to‘xtatish. Masalan, qo‘shni respublikalarga to‘y marosimlarga borish yoki Turkiya, Dubayga sayohat qilishini cheklash. Diniy idoraning eng asosiy qo‘rqqani hozirgi kunda imomlarga juda katta bosim bo‘lyapti.Shu sabab ba’zi imomlar mamlakatni tark etib ketishidan xavotirda. Ayniqsa, oxirgi Rossiyadagi voqealardan keyin, imomlarga umuman dindorlarga nisbatan jiddiy choralar ko‘rilishi kutilmoqda. Shuning oldini olish uchun, qizil pasport yig‘ib olinmoqda. Bir huquqshunoslikdan xabari bor tanishimning aytishicha, qizil pasportni olib qo‘yish bu qonunchilikka mutlaqo zid”, - deydi imom.

O‘tgan yil sentyabr oyida o‘tkazilgan hukumat yig‘ilishida mamlakatda "diniy radikallashuv kuchayib borayotganidan" tashvish bildirilgan, huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan bu sohadagi nazorat kuchaytirilishi aytilgandi.

Majlisda ishtirok etgan mulozimlardan birining Ozodlikka aytishicha, davlat xizmatchilari, hukumat a’zolari orasida ham xizmat joylarida namoz o‘qish, shar’iy nikoh asosidagi ko‘pxotinlik va diniy rusumdagi anjumanlarga borish tendensiyasi kuchaygani tanqid ostiga olingan.

Ozodlik manbasi Bosh vazir Aripovning “Amaldorlar yo dinni tanlasin, yoki davlatdagi ishini tanlasin” degan so‘zlarini keltirgan.

Buning ortidan O‘zbekistonning bir necha masjidlaridagi ovoz kuchaytirgichlarda azon ovozlari pasaytirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, 2021-yilning 1-avgust holatiga mamlakatda 16 ta konfessiyaga mansub 2 285 ta diniy tashkilotlar mavjud.

Bundan 2098 tasi islomiy, 188 tasi boshqa diniy oqimlarga mansub tashkilotlardir.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga ko‘ra, din davlatdan ajratilgan. Diniy tashkilotlar va konfessiyalar faoliyati O‘zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

XS
SM
MD
LG