18-aprel kuni bir qancha rasmiy saytlarda va ijtimoiy tarmoqlarda Afg‘oniston tomonidan O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatidagi harbiy bo‘linmalariga o‘nta raketa otilgani haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi.
Ammo O‘zbekiston prezidentning matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘z Telegram-kanali orqali bu xabarni keskin inkor etdi.
Termiz shahri va uning atrofidagi qishloqlarda yashaydigan o‘zbekistonliklar ham raketa tushganidan xabari yo‘qligini aytar ekan, lekin shahar uzra O‘zbekiston qurolli kuchlariga qarashli harbiy uchoqlar parvozlari odamlarni xavotirga solganini ta’kidladi.
"Amerika ovozi" radiosining terrorchilik targ‘ibotini kuzatuvchi Site Intelligence tashkilotining dushanba kuni tarqatgan bayonotiga asoslanib xabar berishicha, "Islomiy davlat" Xuroson bo‘limi Termiz shahridagi O‘zbekiston harbiy bazasiga 10 ta raketa uchirgan".
Ma’lumotlarga ko‘ra, uchirma maydonchasi Afg‘oniston shimolidagi Balx viloyatidagi chegaradagi Hayraton shahrida bo‘lgan. Terror guruhi o‘z da’volarini tasdiqlash uchun snaryadlarning fotosurati va videosini ham e’lon qilgan.
Ammo bu raketalar zarbasidan ko‘rilgan zarar haqida hech qayerda bir og‘iz ham gap aytilmadi.
O‘zbekiston prezidentining matbuot kotibi, 18-aprel kuni Mudofaa vazirligiga tayangan holda, bu feyk xabar ekanligi haqida o‘zining Telegram kanalida bayonot berdi:
“Ayrim Telegram-kanallar tomonidan Termiz shahri atrofida O‘zbekiston harbiylari Afg‘oniston hududidan raketalar bilan o‘qqa tutilgani to‘g‘risida tarqatilayotgan xabarlar mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
O‘zbekiston Mudofaa vazirligi va Chegara qo‘shinlari bergan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasida hech qanday harbiy faollik kuzatilmayapti, vaziyat barqaror”.
Prezident matbuot kotibi o‘zbekistonliklardan provokatsiyalarga berilmaslikni so‘ragan.
Ammo Ozodlik radiosi afg‘on xizmatining xabar berishicha, ayni paytda Tolibon hukumati Afg‘oniston hududidan o‘zbek tomoniga raketa hujumlarini IShID amalga oshirgani haqidagi iddaolar yuzasidan tekshiruv boshlagan.
Bu xabardan so‘ng ba’zi ommaviy axborot vositalari raketalar Afg‘oniston hududidan otilgani haqida xabar tarqatdi, biroq Tolibon bu ayblovlarni rad etdi.
Tolibon hukumati matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid seshanba kuni Ozodlik bilan suhbatda ular raketalar qayerdan otilganini o‘rganayotganini aytdi:
“Biz Afg‘onistonning o‘zida IShIDga qarshi kurashyapmiz va ularni deyarli mag‘lub etdik, ularda hech qanday jismoniy faollik yo‘q va ularning hech qanday asoslari yo‘q va ularning biron bir hududda mavjudligini tasdiqlovchi hech qanday dalil yo‘q".
Ammo Tolibon da’vosiga qaramay, IShID Afg‘onistonda tahdidga aylanib borayotganidan xavotirlar bor.
Xavfsizlik bo‘yicha sobiq ekspert va NATOning Afg‘onistondagi sobiq maslahatchisi Shafiq Hamdamning aytishicha, Tolibon IShIDni pisand qilmay noto‘g‘ri qilmoqda va tahdidni jiddiy qabul qilishi kerak:
“U Afg‘oniston tuprog‘idan qo‘shnilarni nishonga oladigan qurol yoki raketalarga ega”.
Bu kabi xabarlar Afg‘onistonga qo‘shni O‘zbekistonning Termiz shahri aholisini ham xavotirga solib qo‘ydi.
Termiz shahrida yashaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan tadbirkorlardan birining aytishicha, uning raketa tushganidan xabari yo‘q:
“Biz ham Termiz tomonga raketa otilibdi, degan xabarni ijtimoiy tarmoqlardan o‘qidik. Shaharga va uning atrofidagi qishloqlarga raketa tushgani yo‘q. Xabarda O‘zbekiston Qurolli kuchlarining harbiy bo‘linmalari turgan joyga qarab otilgan deyilyapti. Unisini endi biz bilmaymiz, bo‘lgan bo‘lsa ham bu biz uchun yopiq informatsiya. Lekin shahar tinch”.
Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir termizlikning aytishicha, so‘nggi paytda Termiz osmonida harbiy uchoqlar faolligi kuchaygani kuzatilmoqda:
“15-aprel kuni Amudaryo tomonidan ikkita samolyot uchib kelib, Termizni bir aylanib yana qaytib ketdi. Harbiy samolyotlarning baland tovushidan biz ancha xavotirga tushdik”.
Afg‘onistonda Tolibon hokimiyat tepasiga kelganidan beri IShID katta-kichik hujumlar, jumladan, Kobul, Qandahor va Qunduzda o‘nlab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan hujumlarni amalga oshirdi.
Ammo IShIDning Afg‘onistondan O‘zbekistonga hujum qilgani haqidagi iddaolar isbotlansa, IShID birinchi marta Afg‘onistondan qo‘shni davlatni nishonga olgan bo‘ladi.
Termizdagi obyektlar Afg‘oniston hududidan nishonga olinganiga oid ma’lumot rasman rad etildi.
O‘zbekiston prezidenti Sherzod Asadovning Telegram kanalida yozishicha, so‘nggi paytlarda IShIDning harbiy harakatlari haqida feyk xabarlar ko‘paygan:
“O‘zbekistonning Termizdagi obyektlari IShIDchilar tomonidan nishonga olinganiga oid bu kabi “feyk-xabarlar” avvalroq “Militarist” hamda “Voenniy obozrevatel” (Harbiy sharhlovchi) Telegram-kanallari tomonidan tarqatilgan edi”.