Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:40

"Maqtov va ehtiyotkor tanqid". The Financial Times bir kunda O‘zbekiston haqida 11 ta maqola chop etdi


Ba’zi tahlilchilar The Financial Times da O‘zbekiston haqida bosilgan maqolalar prezident Mirziyoyev imijini yaxshilash uchun uyushtirilgan PR kampaniyaning bir qismi bo‘lishini nazardan qochirmaydi.
Ba’zi tahlilchilar The Financial Times da O‘zbekiston haqida bosilgan maqolalar prezident Mirziyoyev imijini yaxshilash uchun uyushtirilgan PR kampaniyaning bir qismi bo‘lishini nazardan qochirmaydi.

Britaniyaning nufuzli The Financial Times nashri O‘zbekiston mavzusiga bag‘ishlab bir kunda 11 ta maqola chop etdi.

Britan nashrining 10 - sentabr kuni chop etgan mualliflik maqolalari Afg‘onistonda Tolibonning qaytishi va O‘zbekistonning bu boradagi mavqei, Mirziyoyev hukumati olib borayotgan islohotlar, inson huquqlaridan tortib mamlakat oziq-ovqat do‘konlari tizimidagi jonlanishlar, muqobil energiya tizimlari kabi mavzularni qamraydi.

“Tolibonning qaytishi O‘zbekistonni mintaqada muhim o‘yinchiga aylantirdi” sarlavhali maqolada Afg‘onistonda hokimiyatni radikal islomchilar qo‘lga olishi dunyo uchun kutilmagan hodisa bo‘lgani barobarida, O‘zbekiston uchun mintaqada ne chog‘li kuchli o‘yinchi ekanini tekshirish fursati ham bo‘lgani ta’kidlanadi.

The Financial Times nashrining Moskvadagi byurosi rahbari Henri Foy o‘zining Tvitter sahifasida britan nashri chop etgan maqolani "Toshkent Afg‘onistonni nafaqat tahdid, balki xalqaro e’tibor manbasi sifatida ko‘rmoqda", - deya taqdim qildi.

“O‘zbekiston hech qachon o‘tmishga qaytmaydi”, deb sarlavha qo‘yilgan boshqa maqola esa, mamlakat bosh vazirining muovini Jamshid Qo‘chqorov bilan suhbat asosida tayyorlangan.

“Mamlakatda chuqur o‘zgarishlar bo‘lyapti, Mirziyoyev prezidentligining yana bir besh yilligi oldinda ekan, mamlakat hech qachon o‘tmishga qaytmaydi”, - deydi Qo‘chqorov The Financial Times nashriga bergan intervyusida Karimov davrini nazarda tutib.

Maqola muallifi Qo‘chqorovning o‘zi ham Karimov davrida 19 yil Moliya vazirining muovini va ikki yil vazir lavozimida ishlaganini eslatadi, mamlakatda matbuot erkinligi va ayollar huquqlari hamon cheklanayotganiga e’tibor qaratadi.

O‘zbekistonda chet el sarmoyadorlari uchun yana bir muammo-mamlakatdagi inson huquqlarining abgorligi, qonunbuzarliklar esa haligacha hal etilmagan, deya yozadi muallif.

“O‘zbekiston inson huquqlari buzilishlarini hal etishning uddasidan chiqolmayapti” sarlavhali maqolada muallif: “Mustabid diktator Islom Karimov davrida Markaziy Osiyoning bu davlati siyosiy huquqlar va fuqarolik erkinliklarini mensimagani uchun Shimoliy Koreya bilan bir qatorda turardi. Ammo 2016 - yilda Karimov vafotidan keyin, Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgach, mamlakat tashqi dunyoga ochilishga harakat qilmoqda.

Mirziyoyev islohotlarni boshladi, jumladan 50 dan ortiq siyosiy mahbuslarni ozod qildi. Bundan tashqari, Xalqaro Mehnat Tashkilotiga ko‘ra, paxta sanoatida bolalar va majburiy mehnatning tizimli ravishda tugatilishi va ba’zi siyosiy bahslar rag‘batlantirildi”, - deyiladi maqolada.

Ammo inson huquqlari va ommaviy axborot vositalari erkinligi borasida kuzatilayotgan ba’zi holatlar, jumladan blogerlar Nafosat Olloshukurova hamda Miraziz Bozorov ishi Mirziyoyevning islohotlar dasturi yo‘nalishini shubha ostiga qo‘ydi, deb yozar ekan muallif: "Minglab odamlar, asosan tinch dindorlar soxta ayblovlar bilan qamoqda qolayotgani" ta’kidlaydi.

Maqolada O‘zbekistonda "davlatga xiyonat"da ayblanib qamalgan sobiq diplomat Qodir Yusupov taqdiriga ham e’tibor qaratilgan.

Yusupovning Londonda yashayotgan o‘g‘li Bobur BMT ishchi guruhiga 2020 - yil yozishicha, otasi adolatsiz qamalgan, u O‘zbekiston xavfsizlik xizmatlari tomonidan psixologik qiynoqlarga duchor bo‘lgan, shu jumladan unga, xotini va qiziga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik bilan tahdid qilingani haqda ma’alum qilgan.

Mirziyoyev uchun "piar"mi?

Londonda istiqomat qiladigan o‘zbekistonlik siyosiy tahlilchi Alisher Ilhomov The Financial Times O‘zbekiston haqida chop etgan maqolalarda “maqtov juda ehtiyotkor tanqid bilan omuxtalashtirilgan” der ekan, bu prezident Mirziyoyev imijini yaxshilash uchun uyushtirilgan PR-kampaniyaning bir qismi bo‘lishi ehtimolini nazardan qochirmaydi.

“Ehtimol, bu maqolalar ishonchli ko‘rinishga ega va jurnalistik standartlarga javob berar. Umuman olganda, bu, o‘z navbatida, janob Sodiq Safoyev boshchiligidagi o‘zbek delegatsiyasining Buyuk Britaniyaga qilayotgan tashrifi doirasidagi piar-kampaniyaga ham o‘xshab ketyapti.

Maqolalardan birida, YeTTB sobiq prezidenti, hozirda Mirziyoyevning shaxsiy maslahatchisi janob Suma Chakrabarti intervyusi ham bor. Bu holat Qozog‘istonda Toni Bler va Rossiyada Gerhard Shryoderga juda o‘xshash holat. Shuni ham aytish kerakki, janob Chakrabarti davrida YeTTB o‘z investitsiya siyosatida inson huquqlari bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqishdan voz kechgan edi.

O‘zbekistondagi ba’zi shubhali loyihalarni moliyalashtirgani uchun tanqid qilingan, ularning ba’zilari hatto mehnat huquqlarining buzilishiga bilvosita hissa qo‘shgan.

Hozir janob Chakrabarti O‘zbekistonga to‘g‘ridan -to‘g‘ri xorijiy sarmoyalarni kiritish istiqbollari haqida optimistik fikrlarga to‘la. Biroq, u qonun ustuvorligining yo‘qligi, hukumatning yuqori darajalarida katta korrupsiya, qarindoshlik tizimiga deyarli tegmagani kabi asosiy omilni e’tiborsiz qoldirgan”, - deydi Alisher Ilhomov.

The Financial Times 19-asr oxirlarida Londonda ta’sis etilib, asosan iqtisod va biznes mavzularidagi maqolalarga ixtisoslashgan.

Gazetani har kuni dunyo bo‘ylab qariy ikki yarim million odam o‘qiydi. Nashr reklama mazmunidagi maqolalarni ham chop etadi. Gazetxonlarni chalkashtirmaslik uchun nashr bu kabi maqolalar tepasiga "reklama" so‘zini ilova qiladi.

The Financial Times ning 10 - sentabr kuni chop etgan O‘zbekiston haqidagi maqolalariga "reklama" so‘zi yozilmagan.

G‘arb nashrlari O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan puli to‘langan maqolalarni ham chop etadi. Ammo bunday holatlarda maqola "promout" qilingan kontent ekani aniq-tiniq yozib qo‘yiladi.

O‘tgan yil Foreign Lobby Report nashri O‘zbekiston o‘z imijini yaxshilash uchun chet davlatdagi lobbichi kompaniyaga pul to‘lagani haqida xabar qilgandi.

Bu nashr¸ avtoritar davlatlarning jamoatchilik fikriga ta’sir qilish urinishlarini fosh etishga qaratilgan tadqiqotlarga ixtisoslashgan.

Xabarda O‘zbekiston Investitsiyalar va Tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi Cotton Campaign koalitsiyasining o‘zbek paxtasidan qilingan mahsulotlar boykotini to‘xtatish uchun maxsus PR (public relations) kompaniyasi yollagani aytiladi.

Vazirlik Vashingtondagi “Ksenofon strategiyalari” (Xenophon Strategies) shirkati bilan 2020 - yil 14 - aprel kuni tuzilgan shartnomaning Ozodlik ixtiyoridagi nusxasiga ko‘ra¸tomonlar bu ish uchun Amerika shirkatiga 585 ming AQSh dollar to‘lashga kelishgan.

Unda yozilishicha¸O‘zbekiston bu piar-shirkati uchun ilk xorijiy mijoz- davlatdir.

Ozodlikda nusxasi bo‘lgan ish rejasiga ko‘ra¸ piar-shirkati bir yil mobaynida O‘zbekiston hukumati so‘rovi bilan birinchi bosqichda strategik reja tuzish¸ ikkinchi bosqichda tahliliy maqolalar tayyorlab¸ ularni maxsus ochilgan veb sahifada chop qilish bilan shug‘ullanadi.

Shuningdek, O‘zbekiston paxtachiligida majburiy mehnatga barham berilganini tasdiqlovchi foto va videohisobotlarni ijtimoiy tarmoqlarga muntazam joylashtirish¸ belgilangan auditoriyani qamrab olib, ijtimoiy fikrni shakllantirish ham ikkinchi bosqichga kiritilgan.

AQShdagi shirkat ko‘rsatishi lozim xizmatlarning uchinchi etapi¸ nufuzli xalqaro matbuotda ayni muammo yechimiga oid qator maqolalarni chop qilishni o‘z ichiga oladi.

Birlashgan Qirollikning O‘zbekistondagi Turizm bo‘yicha elchisi Sofi Ibbotson Markaziy Osiyoning bu davlatiga matbuotning qiziqishi qo‘shni Afg‘onistonda iqtidorning Tolibon qo‘liga o‘tishi va oktabr oyida bo‘ladigan prezidentlik saylovi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytadi.

“Hozir O‘zbekiston Senati raisining o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshliq delegatsiya Britaniyaga tashrif buyurib, jurnalistlar va siyosiy doiralar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Uchrashuvlardagi muhokama mavzulari ham Afg‘oniston va O‘zbekistondagi saylovlar. Jurnalistlarni ham shu mavzu e’tiborini tortmoqda. Bu maqolalar Toshkentning buyurtmasi yoki PR-maqolalar deyishdan yiroqman. Mazmun jihatdan ham maqolalar juda kuchli, tanqidiy va xolis nazar bilan yozilgan”, - deydi Sofi Ibbotson.

XS
SM
MD
LG