Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:37

“Mayda bezorilik” aybi bilan sudga chaqirilgan professor X. Allaqulov "tuhmat" aybi bilan jazolandi


Xidirnazar Allaqulov Yunusobod tuman ma’muriy sudidagi majlisdan so‘ng, 4 - may, 2021
Xidirnazar Allaqulov Yunusobod tuman ma’muriy sudidagi majlisdan so‘ng, 4 - may, 2021

O‘zbekistonda‌ ‌yangi‌ ‌ta’sis‌ ‌etilgan‌ ‌“Haqiqat‌ ‌va‌ ‌Taraqqiyot”‌ ‌partiyasi‌ ‌yetakchisi ‌X. ‌Allaqulov‌ Toshkent shahar Yunusobod tuman ma’muriy ishlar sudida sudlandi.

Allaqulovga ko‘ra, sudda Ma’muriy javobgarlik kodeksining, avval aytilgani kabi 183-moddasi emas, balki 40-moddasi bilan unga ayblov e’lon qilingan va bazaviy hisoblash miqdorining 20 barobari miqdorida jarimaga tortilgan.

Professor, shu yilning 31 - martida, o‘z uyi yo‘lagida unga bosqin uyushtirgan shaxslar kiritgan da’vo arizasi bilan sudlandi.

Ayni paytda, bu partiya uchun turli viloyatlarda imzo to‘plagan faollar o‘zlariga nisbatan bosim davom etayotganini da’vo qilmoqda. Namangan viloyatidagi bir faol, u ro‘yxatini bergan 20 kishining hammasi, IIV guvohligida imzosidan voz kechganini ma’lum qildi.

Termiz universitetining sobiq rektori, professor Xidirnazar Allaqulov yetakchiligidagi “Haqiqat va Taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasi ta’sis qurultoyi shu yilning 8 - martida bo‘lgan. Unda professor Allaqulov partiya raisi etib saylangan.

Respublika bo‘ylab partiya a’zolari, qo‘llovchilar imzosini yig‘ishda davom etmoqda. Faollardan biri Muhammadamin Ermatovga ko‘ra, hozirgacha 25 - 28 ming atrofida imzo yig‘ilib, Adliya vazirligiga topshirilgan.

Yopiq sud

Toshkent shahar Yunusobod tuman ma’muriy ishlar bo‘yicha sudi 4 - may kuni “Haqiqat‌ ‌va‌ ‌Taraqqiyot”‌ ‌partiyasi‌ ‌yetakchisi, professor‌ ‌Xidirnazar‌ ‌Allaqulov‌ ustidan kiritilgan shikoyatni ko‘rib chiqdi.

Sudda esa unga nisbatan, avval aytilgani kabi "mayda bezorilik" emas, balki Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasi bilan "tuhmat" aybi qo‘yilgan, bazaviy hisoblash miqdorining 20 barobari hajmida jarima solingan:

"Sud jarayoni yakunlandi. Bu oldindan kelishilgan sud. Buni hammangiz bilib turibsiz. Barcha yuqori idoralar, amaldorlar topshirig‘i asosida bosqinni tashkil etib, bugun men Ma’muriy javobgarlik kodeksining 40-moddasi bilan huquqbuzarlikda ayblandim. Ya’ni, mening uyimga uyushtirilgan bosqin videosini e’lon qilganim, huquqbuzarlik, deb topildi. Agar o‘sha kuni farzandlarim tomonidan jarayon videoga olinmaganida edi, bosqin qilib kelgan 20-30 nafarning hammasi mening ustimdan shikoyat qilib, meni jinoiy javobgarlikka tortishni talab qilgan bo‘lardi".

Аллақулов уйи йўлагида босқинга учради - ундан партия ижарага олган идорани бўшатиб қўйиш сўралди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:36 0:00

Allaqulov shu yilning 31 - mart kuni unga o‘z uyi yo‘lagida bosqin uyushtirganlarning arizasi bilan sudlandi. Bunga qadar unga “mayda bezorilik” aybi qo‘yilgandi.

Allaqulovning ma’lum qilishicha, sud majlisidan unga bir necha soat qolganda rasman xabardor qilingan va sud ishiga oid material bilan tanishish imkoni berilmagan.

“2 soat qolganda uchastka noziri kelib, sudga chaqiriq qog‘ozini berdi. Lekin, sud materiallari bilan tanishish imkonini bermadi. Talab qilganimda, “ish bilan tanishtirmayman” deb qog‘oz yozib berdi”, deydi Allaqulov tarmoqdagi sahifasi orqali yoyinlangan jonli videoda.

Professorning safdoshlariga ko‘ra, sud majlisiga borishganida, uning yopiq bo‘lishidan xabar topishgan.

“Sud yopiq, deb faqat domlani ichkariga olib kirishdi. Lekin biz u kishining yolg‘iz olib kirishganidan xavotirdamiz. Talab qildik, sud binosi hovlisiga kirdik. Lekin majlis yopiq, deb bizni binoga kiritishmadi”, dedi partiya a’zolaridan biri.

Allaqulov shu yilning 31 - mart oqshomida bir guruh odam tomonidan o‘z uyi yo‘lagida bosqinga uchragan edi.

Guruhga boshchilik qilgan bir necha shaxs, professordan siyosiy faoliyatni to‘xtatish hamda partiya uchun Yunusobod tumani, 17 - mavzeda ijaraga olingan idorani bo‘shatib qo‘yishni talab qilgan.

Voqeaning ertasiga Allaqulov bosqinchilardan shikoyat qilib, ariza kiritgandi. Ammo ma’lum bo‘lishicha, bosqin uyushtirgan shaxslar ham unga qarshi ariza kiritgan.

Natijada, ularning arizasi inobatga olinib, Allaqulovga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi, ya’ni “mayda bezorilik” bo‘yicha ayblov e’lon qilindi.

Imzolar qaytarib olinmoqda

‌“Haqiqat‌ ‌va‌ ‌Taraqqiyot”‌ ‌sotsial-demokratik partiyasi‌ga o‘z ixtiyori bilan a’zo bo‘lganini bildirgan namanganlik usta Abduqodir Jabborov imzo yig‘ish harakatini to‘xtatganini ma’lum qildi.

Jabborovga ko‘ra, u aksari o‘z qarindosh va yaqinlaridan iborat 20 kishining imzosini yig‘ib, partiya kotibiyatiga yo‘llagan.

Bu imzolar Adliya vazirligiga 7 - aprelda topshirilganidan so‘ng esa, imzo qo‘yganlar birma-bir IIV organlariga chaqirilgan.

“Sizlar noqonuniy tashkilotga imzo qo‘ygansizlar, deb ularga noto‘g‘ri tushuncha berishdi IIBda. Keyin 20 kishining hammasi imzosidan voz kechdi. Bittasidan menga qarshi ariza ham yozdirib olishdi. U odam: “Savobgarchilik uchun imzo qo‘ying, deganiga qo‘yib berdim. Noqonuniy tashkilot ekanini bilmabman”, dedi o‘zimning oldimda. Meni ham qayta-qayta chaqiraverishganidan keyin, men imzo yig‘ishni to‘xtatdim, deb IIBga tilxat yozib berdim”.

Jabborov, yangi partiyaga imzo yig‘ish uning o‘zi uchun xavfli va muammoli bo‘la boshladi, degan xulosaga kelgani va shu bois, imzo yig‘ishni to‘xtatishga majbur bo‘lganini aytadi.

Shu yilning 13 - aprelida Namanganda 24 yashar talaba Abdurahmon Ikromov ushbu partiyaga imzolarni aldab yiqqani iddao qilingan va buning uchun mahalladoshlari sazoyi qilayotgani aks etgan video tarqalgandi.

Ikromov, Ozodlik bilan qisqa muloqotda mahalladoshlarini aldab imzo yiqqaniga oid ayblovlarni to‘liq rad etdi, ammo bosim ostida shunday ko‘rsatma berib, kechirim so‘rashga majburlanganini aytgandi.

25 mingdan ortiq imzo yig‘ilgan

Partiya faoli Muhammadamin Ermatovga ko‘ra, shu kunga qadar 25 mingdan 28 mingga qadar kishining imzosi yig‘ilgan.

Partiya faollari shu yilning 7 - aprelida Adliya vazirligiga, rasman ro‘yxatga olishini so‘rab, hujjat topshirgan edi.

Belgilangan qonunchilikka binoan, vazirlik 1 oy ichida hujjat va yig‘ilgan imzolarni tekshirib, rasman javob berishi lozim.

“7 - mayda rasman javob berilsa kerak. Lekin, hujjat topshirilganidan beri, imzo qo‘yganlarga bosim bo‘lyapti, IIV ga suhbatga chaqirilayotgani haqida xabarlar kelyapti. Vazirlik imzolarni soxta yoki haqiqiyligini tekshirib, natijasini aytishi kerak. Kutyapmiz”, deydi Ermatov.

7 - aprel kuni “Haqiqat va taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasining bir guruh faolari Adliya vazirligiga ro‘yxatdan o‘tish uchun zarur bo‘lgan imzolarni topshirish uchun borishgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Xidirnazar Allaqulov vazirlik vakiliga 20 mingga yaqin imzo to‘plab kelganini aytar ekan "amalda shunday imzolar asosida biror bir partiya yo‘q O‘zbekistonda, shunday imzo to‘planganini isbotlab bera olasizmi?", deydi.

5 - aprel kuni O‘zbekistonning 30 yillik mustaqillik tarixida prezident saylovlarida ishtirok etgan yagona muxolifat partiyasi- "Erk" oktabr oyidagi saylovlarda prezidentlikka nomzodini ilgari surish rejasini e’lon qildi.

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi rasmiylari kelayotgan prezident saylovlarida xalqaro tashkilotlarning "maqbul" tavsiyalari tadbiq etilishini aytishgan, ammo bu tavsiyalarga muxolifat partiyalarini ro‘yxatdan o‘tkazish kiradimi, yo‘qmi, ma’lum emas.

Ayni paytda mamlakatda oddiy ishchilardan tortib davlat xizmatchilarigacha 2016 - yilgi prezidentlik saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini ilgari surgan “O‘zLiDeP”ga a’zo bo‘lishga majburlanayotgani haqida xabarlar kelmoqda. Mirziyoyevning yana ushbu partiyadan nomzodi ilgari surilishi taxmin qilinmoqda.

O‘zbekiston parlamentidagi mavjud beshta partiyaning hammasi hukumatparast partiyalardir. Mamlakatda qaror topgan siyosiy an’anaga ko‘ra, aynan shu partiyalarning rahbarlari prezident saylovlarida amaldagi prezidentga "raqib" bo‘ladi.

ОЗОДЛИК ФИЛЬМИ: Мирзиёевга мухолиф профессор
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:23:09 0:00

XS
SM
MD
LG