Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:25

"Men sizdan yangiroqman". Mirziyoyev va boshqa prezidentlarning yangi "iston"lari haqiqatan yangimi ?


Cho‘lponotadagi Markaziy Osiyo rahbarlari sammiti. Iyun, 2023-yil.
Cho‘lponotadagi Markaziy Osiyo rahbarlari sammiti. Iyun, 2023-yil.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Qozog‘iston va O‘zbekistondagi hamkasblariga qo‘shildi – “Yangi Qirg‘izistonni qurish yo‘li” nomli yangi kitob yozdi. Ammo Markaziy Osiyodagi rejimlar chindan o‘zgaryaptimi?

Yangi O‘zbekiston, Yangi Qozog‘iston, Yangi... Qirg‘iziston?

Markaziy Osiyoda rahbarlar tarixdagi yangi sahifalar, yangi boblar va hatto yangi mamlakatlar haqida gapirmoqda.

O‘zbekistonda Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelganidan besh yil o‘tib, uning 2021-yilgi saylovoldi kampaniyasi shiori “Yangi O‘zbekiston” deb belgilangan edi.

Bir necha oy o‘tgach, qo‘shni Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayevga ham bu yuqdi.

“Янги Ўзбекистон” - эски авторитар тизим. Марказий Осиё яккаҳокимлиги сиртмоғидан чиқа олмаяпти
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:39 0:00

U “Yangi Qozog‘iston”ni prezidentlikka saylanganidan taxminan uch yil o‘tib, respublikada yuz bergan qonli yanvar voqealaridan, Nursulton Nazarboyevni siyosiy maydondan chetga chiqarganidan so‘ng e’lon qildi.

Navbat Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarovga keldi.

Shu oy boshida Qirg‘iziston matbuoti prezidentning “Yangi Qirg‘izistonni qurish yo‘li” nomli yangi kitobi nashr etilgani haqida xabar berdi, unda Japarov qashshoq mamlakatni rivojlantirish bo‘yicha o‘z fikrlarini yozgan.

«Yangi» deb atalayotganlar qanchalik yangi?

Shimoliy Kipr Yaqin Sharq universitetining xalqaro munosabatlar va siyosatshunoslik kafedrasi dotsenti Assel Tutumlu Markaziy Osiyodagi besh sobiq Sovet respublikasining strategiyalari hayratlanarli darajada o‘xshash ekanini ta’kidlaydi.

"Markaziy Osiyo davlatlari o‘z rejimlari barqarorligini ta’minlashga faol harakat qilmoqda" va "iqtisodiy foydaning katta qismi juda kichik joyga to‘planadigan siyosiy iqtisod tizimini" saqlab qolishmoqda", -deydi Tutumlu Majlis Podcast’ning so‘nggi sonida.

“Shu bilan birga, aholi o‘zgarib borayotganini ko‘ryapmiz. Men uchun bu Markaziy Osiyoda yangilik”, - deya qo‘shimcha qiladi Tutumlu.

"Yangi Qirg‘iziston" tomon uzoq yurish

Qirg‘iziston mintaqada eng ko‘p rahbariyat o‘zgargan davlat ekanini inobatga olsak (bu yerda oltita prezident almashgan, ulardan uchtasi hokimiyatdan chetlashtirilgan), Japarov Mirziyoyev va Toqayevdan farqli o‘laroq, qirg‘izlar allaqachon yangi mamlakatda yashayotganini ta’kidlayotgani yo‘q.

Aksincha, “yangi Qirg‘izistonni qurish uchun kamida 20-30 yil kerak bo‘ladi”, deb yozgan Japarov.

Bu Japarovga tegishli ikkinchi kitob bo‘lib, 40 000 dan ortiq nusxada chop etildi.

2015-yilda nashr etilgan birinchi kitobida Japarov hali muxolifatda va qamoqda bo‘lganida ham o‘zining siyosiy raqiblari, asosan, o‘sha paytdagi mamlakat prezidenti Almazbek Atambayevni keskin tanqid qilgan edi.

Yangi kitob qashshoqlik, adolat va yashil iqtisodiyot kabi muhim tushunchalar haqida bosh qotiruvchi davlat arbobi ishiga ko‘proq o‘xshaydi. Vaholanki, Japarovning Qirg‘izistonning bu sohalardagi muvaffaqiyatlari haqidagi tushunchalari juda noaniq.

Bir narsa aniq: prezident Japarov muxolifat yetakchisi bo‘lgan Japarovni qamoqdan chiqarib, 2020-yilda prezidentlikka olib kelgan qirg‘izlarning ko‘cha namoyishlariga hozir xayrixoh emas.

Kitobda u demokratiya “oddiy fuqarolarning ham, xalqning ham, hokimiyatning ham qonun ustuvorligiga rioya qilishiga” bog‘liqligini ta’kidlaydi.

"Demokratiyaning anarxiyaga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak!" deb ogohlantiradi u.

Japarov Qirg‘izistonni qaysidir darajada o‘zgartirganini kam odam inkor qiladi.

Referendumda qabul qilingan 2021-yilgi konstitutsiya uning vakolatini mustahkamladi va amaldagi prezidentlarning ikkinchi muddatga saylanishini taqiqlovchi band bekor qilindi.

Biroq, u ko‘p jihatdan siyosiy tizimni 2010-yil inqilobidan oldingi prezident Qurmanbek Bakiyevning avtoritar ma’muriyatiga qaytardi.

Japarov hali ko‘p ishlar qilinishi kerakligini tan olib, o‘z kitobida politsiya islohotini misol keltirdi.

"Мирзиёевлар Амирлиги": Тармоқни титратган Озодлик суриштируви
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:22:57 0:00

“Dangal aytaylik – ko‘p hollarda oddiy fuqarolar huquq-tartibot idoralaridan munosib himoya ololmaydi”, deb yozadi u. Aksincha, ular huquqni muhofaza qiluvchi organlarining ayrim vakillari qurboniga aylanadi.

Ammo Qirg‘iziston davlat rahbari muammoning yechimimi yoki uning bir qismi?

Japarov sanagan Qirg‘izistonni yangilanish yo‘liga solgan yutuqlar qatorida «Qumtor» oltin konining davlat tasarrufiga o‘tkazilishi ham bor.

Biroq o‘shandan beri, ilgari prezidentning ittifoqchilari bo‘lgan kamida ikki taniqli shaxs konga aloqador korrupsion sxemalar bilan bog‘liq holda ishdan olindi yoki qamaldi.

Bundan tashqari, avvalgi prezidentlar himoyasidan bahramand bo‘lgan, narkobarondan tortib, sobiq bojxonachilargacha bo‘lgan shaxslar jazosiz qolayotgani, prezident tanqidchilari esa bosimga duchor bo‘lib, qamalayotganini ko‘rsatadigan dalillar ham oz emas.

"Men sizdan yangiroqman"

Markaziy Osiyoning qolgan ikki davlati – Tojikiston va Turkmanistonning «yangi» versiyalarini kutayotganlar juda uzoq kutishi mumkin.

Sababi juda oddiy.

Faxriy rahbarlar, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va Turkmanistonning sobiq prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ot ustida, garchi ikkinchisi o‘z o‘g‘li Sardorga davlat rahbari lavozimini topshirgan bo‘lsa ham.

Lekin Markaziy Osiyoning aholisi va iqtisodiyoti bo‘yicha ikki yirik davlati Qozog‘iston va O‘zbekistonda yangi hukmdorlar bor aybni o‘tmishga to‘nkab, o‘zlarini salaflaridan uzoqlashtirishga urinmoqda.

Bu ehtiyoj faqat o‘zgarishlarga bo‘lgan ehtiyoj o‘tkirlashishi bilan kuchayadi.

Yoz boshida gapirgan Toqayev Qozog‘istonni “keng mintaqamizda qisqa vaqt ichida siyosiy tizimda bunday jiddiy o‘zgarishlarni amalga oshirgan yagona davlat” deb atadi.

“Biz asosiy hokimiyat institutlarining sifat jihatidan boshqacha konfiguratsiyasini shakllantirdik, fuqarolarning qarorlar qabul qilishdagi ishtirokini sezilarli darajada kengaytirdik, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish tizimini har tomonlama mustahkamladik”, dedi Toqayev amaldagi tizimni “yanada adolatli, ochiq va raqobatbardosh” deb tavsiflab.

Qozog‘istonda ko‘pchilik uning gaplariga shubha qiladi.

Bu yilgi parlament saylovlarida muxolifat nomzodlari ishtirok etgan bo‘lsa ham, ularning hech biri saylanmadi.

O‘zbekiston yangilash rejalariga ko‘proq da’vo qilishi mumkin, bu qisman O‘zbekistonning birinchi prezidenti, Mirziyoyevning salafi Islom Karimovning ma’muriyati o‘ta avtoritar bo‘lgani bilan ham bog‘liq.

Kolumbiya universiteti tadqiqotchisi, “Majlis Podcast” dasturida so‘zga chiqqan yana bir siyosatshunos Aleksandr Kuli ta’kidlaganidek, Karimov hukumati “xalqaro imiji qanday ekanligiga ahamiyat bermasdi”.

Mirziyoyev ma’muriyati esa kredit va investorlarni jalb qilish istagidan tashqari, tashqi dunyoning o‘zi haqidagi tasavvurlariga nisbatan sezgirroq ekanini ko‘rsatdi.

Mirziyoyevning birinchi prezidentlik muddatida mamlakatdagi o‘zgarishlar rosa maqtaldi, chunki uning hukumati tizimli majburiy mehnat muammosini hal qildi, so‘z erkinligiga bir oz ruxsat berdi va milliy valyutani to‘liq konvertatsiyasini ochdi.

«Economist» jurnali 2019-yilda O‘zbekistonga “Yil mamlakati” unvonini berishiga sabab bo‘lgan islohotlar o‘shandan beri zaiflashib qoldi.

Hukmron oilaning asosiy a’zolari tomonidan biznes imperiyalar barpo etish an’anasi hamon saqlanib qolgan.

Biroq, Pitsburg universiteti qoshidagi Boshqaruv va bozorlar markazi asoschisi va direktori Jennifer Brik Murtazashviliga ko‘ra, har qanday davlat siyosatchisi brending imkoniyatidan voz kechishini kutish noreal narsa.

Aksar G‘arb demokratiyalarida ko‘riladigan ba’zi balandparvoz siyosiy brendlar bilan solishtirganda, “Yangi Qirg‘iziston” va “Yangi O‘zbekiston” «kamtarona» ko‘rinadi, deydi u Ozodlik bilan suhbatda.

«Yangi» nomidan foydalanish ancha aqlli yo‘l, chunki u shunchalik keng ma’noliki, bu mamlakatlar qaysi yo‘nalishda ketayotgani haqida yetarlicha tasavvur bermaydi. Aftidan bu atay qilingan”, - deydi Murtazashvili.

Konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha kampaniyani ilgari surish bilan Markaziy Osiyo rahbarlari "o‘zlarining xususiy brendlari vositasida odamlarga o‘zgarishlar ta’sirini tushunishda yordam berishmoqchi".

"Bu shuni ko‘rsatadiki, hatto avtoritar davlatlarda ham rahbarlar o‘z hokimiyatlarining ijtimoiy cheklanishiga duch keladilar", deydi tahlilchi.

XS
SM
MD
LG