Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 12:34

"Nord-Ost"dan Beslangacha. Putin davrida sodir etilgan yirik terror hujumlari


Shimoliy Osetiya, Rossiya. 1-sentabr, 2023
Shimoliy Osetiya, Rossiya. 1-sentabr, 2023

22-mart kuni qurollangan shaxslar Moskvadagi gavjum konsert zali – Crocus City Hall’ga hujum uyushtirdi, oqibatda kamida 115 kishi halok bo‘ldi va yana ko‘p odamlar yaralandi, bu Rossiyada so‘nggi yillardagi eng mudhish hujumdir.

Hujum uchun javobgarlikni “Islomiy davlat” (ID) ekstremistik guruhi o‘z zimmasiga oldi.

Prezident Vladimir Putin boshqaruvi davrida Rossiyada sodir bo‘lgan boshqa yirik hujumlar qaysilar edi?

Nord-Ost/Dubrovka teatridagi garovga olish (2002)

2002-yil 23-oktabrda Shimoliy Kavkazdan kelgan jangarilar konsert vaqtida Moskva teatriga bostirib kirib, tomoshabinlar, aktyorlar va xodimlarni garovga oldi. Uch kun o‘tib Rossiya maxsus kuchlari teatrga zaharli gaz yuborib, so‘ng bostirib kirganidan so‘ng 700 dan ortiq garovga olinganlar qutqarildi. Ammo 130 ga yaqin garovdagilar halok bo‘ldi. Ularning aksariyati gaz ta’sirida va qutqaruv operatsiyasi paytida to‘qnashuvlarda o‘lgan.

Moskvadagi Dubrovka teatri tashqarisida qurbonlarning suratlari. 26-oktabr, 2020
Moskvadagi Dubrovka teatri tashqarisida qurbonlarning suratlari. 26-oktabr, 2020

Poyezd portlashi (2003)

2003-yil dekabr oyida Rossiya janubidagi temir yo‘l stansiyasi yaqinida ertalabki tirbandlik vaqtida poyezdda portlash sodir bo‘ldi, 46 ga yaqin odam halok bo‘ldi va yana ko‘pi jarohat oldi. Rasmiylar chechen bo‘lginchilarini aybladi. Portlash parlament saylovlaridan bir necha kun oldin sodir bo‘lgan va Putin buni mamlakatni beqarorlashtirishga urinish deb atagan edi.

Moskva metrosidagi xudkushlik hujumi (2004)

2004-yil fevralida Moskvaning «Avtozavodskaya» bekatida ketayotgan metro poyezdida xudkush-terrorchi portlashi oqibatida kamida 39 kishi halok bo‘lgan, 100 dan ortiq kishi jarohatlangan edi. Oradan olti oy o‘tib, 31-avgust kuni xudkush-terrorchi ayol Moskva metrosining boshqa bir bekati yaqinida o‘zini portlatib yubordi va 10 kishi halok bo‘ldi.

Rossiya yo‘lovchi samolyotlari portladi (2004)

24-avgustga o‘tar kechasi xudkush-terrorchilar Rossiyaning ikki yo‘lovchi samolyotini portlatib, 90 kishini o‘ldirdi. Biri Sochiga, ikkinchisi Volgogradga uchayotgan samolyotlar deyarli bir vaqtda qulagan. Rasmiylar ikki yo‘lovchi ayol bomba portlatgani va ular chechen bo‘lginchilari bilan aloqador bo‘lganini aytdi.

Beslan maktab qirg‘ini (2004)

Beslan. 3 sentabr, 2004
Beslan. 3 sentabr, 2004

Rossiya qo‘shinlarini Chechenistondan olib chiqishni talab qilgan jangarilar 2004-yil 1-sentabr kuni Shimoliy Kavkazdagi Beslan shahridagi maktabni birinchi o‘quv kuni egallab oldi. Bu hujumni “Rossiyaning 11- sentabri” deb atashdi.

Jangarilar 1000 dan ortiq talaba, ota-onalar va xodimlarni garovga oldi. Qamal ikki kundan ortiq davom etdi. Garovga olinganlarning aksariyati saqlanayotgan sport zalida yong‘in kelib chiqdi. Ana shu vaqtda Rossiya xavfsizlik kuchlari maktabga bostirib kirdi. Kamida 334 kishi halok bo‘ldi, ularning aksariyati bolalar.

Moskvadagi bozorda portlash (2006)

2006-yil avgust oyida Moskvadagi bozorda portlash sodir bo‘lib, 10 kishi halok bo‘ldi. Rasmiylar buni irqchilarning Markaziy Osiyo va Kavkazdan kelgan savdogarlarni nishonga olib uyushtirgan hujumi deb atadi.

Nevskiy ekspress portlashi (2009)

2009-yil noyabr oyi oxirida kechqurun Moskva va Sankt-Peterburg yo‘lidan ketayotgan “Nevskiy ekspress” poyezdi portlash oqibatida relsdan chiqib ketib, kamida 26 kishi halok bo‘lgan edi. Portlash uchun javobgarlikni chechen jangarisi Doku Umarov boshchiligidagi guruh o‘z zimmasiga oldi.

Moskva metrosida ikkita xudkushlik hujumi (2010)

2010-yil mart oyida ayollar ekanligi taxmin qilinayotgan xudkush-terrorchilar tirbandlik vaqtida 40 daqiqa farq bilan Moskva metrosidagi ikki bekatga hujum uyushtirib, 39 kishini o‘ldirdi. Bu terakt uchun ham Umarov mas’uliyatini o‘z zimmasiga oldi.

Moskva Domodedovo aeroporti (2011)

2011-yil yanvarida Moskvaning Domodedovo aeroportida xudkush-terrorchining portlashi oqibatida 37 kishi halok bo‘ldi. Buni ham Umarov o‘z zimmasiga olgan. U 2014-yilgi Sochi Qishki Olimpiada o‘yinlariga xalaqit berishga qasd qilganini aytgan edi.

Domodedovo aeroporti. 24-yanvar, 2011
Domodedovo aeroporti. 24-yanvar, 2011

Volgograd avtobus va vokzaldagi portlashlar (2013)

2013-yil dekabrida janubiy Volgograd shahrida xudkush hujumchi tomonidan sodir etilgan ikki portlashda 30 dan ortiq odam halok bo‘ldi.

Oradan 24 soat o‘tmay, tirbandlik vaqtida shaharda trolleybus portlashi oqibatida kamida 15 kishi halok bo‘ldi, 20 dan ortiq kishi jarohat oldi. Hujumlar Sochidagi Olimpiya o‘yinlari boshlanishiga olti haftadan kamroq vaqt qolganida sodir bo‘lgan.

Sankt-Peterburg metrosiga hujum (2017)

Rossiya hududidagi so‘nggi yirik hujum 2017-yil aprelida sodir bo‘lgan edi. O‘shanda Sankt-Peterburg metrosidagi portlash 15 kishining hayotiga zomin bo‘lgan. Rasmiylar xudkush terrorchining Qirg‘izistonda tug‘ilgan, etnik o‘zbek, Rossiya fuqarosi Akbarjon Jalilov bo‘lganini aniqladi. Keyinroq bir kishi portlashni moliyalashtirganlikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi, yana 10 kishi uzoq muddat qamoq jazosiga hukm qilindi.

XS
SM
MD
LG