Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:48

“O‘qishmish, o‘qishmasmish”. Qishki ta’til mojarosi hukumat va Sardor Umurzoqov o‘rtasidagi kelishmovchilik natijasimi?


Ozodlik manbalari O‘zbekistonda uzoq kutilgan ma’muriy islohotlar e’lon qilinganidan ikki hafta o‘tib yangi tarkibdagi hukumatda jiddiy inqiroz yuzaga kelganini aytmoqda.

Energetik bo‘hron manzarasida yuz berayotgan inqiroz qishki ta’tilga chiqqan o‘quvchi-talabalarning maktab va oliy o‘quv yurtlariga qaytish sanasi bilan bog‘liq.

Shu yilning 5-yanvar kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi anomal sovuq sabab oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik litsey talaba-o‘quvchilari uchun qishki ta’til muddati 18-yanvargacha uzaytirilganini e’lon qildi.

Bunda davlat ta’lim tashkilotlari pedagog va boshqa xodimlarining amaldagi ish haqi saqlanishi, shuningdek, talabalarga yo‘l chiptalari uchun 50 foizlik chegirmaning amal qilish muddati ham muvofiq tarzda 18-yanvarga qadar uzaytirilishi, 9-yanvarga qadar sotib olingan chiptalar esa bepul almashtirib berilishi ma’lum qilindi.

Mahalliy matbuot bu haqda hukumatning tegishli qarori, yangi tashkil etilgan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, shuningdek, O‘zbekiston temir yo‘llari AJ va O‘zbekiston havo yo‘llari aviakompaniyasining tegishli bayonotlariga iqtibosan xabar berdi.

Ammo oradan 5 kun o‘tib, 11 yanvardan o‘quvchi-talabalar o‘qishga qaytishi haqida xabarlar paydo bo‘ldi, keyinroq bu haqda rasmiy bildirgi yoyinlandi. “Vazirlar Mahkamasining tegishli bayoni”ga tayanib tarqatilgan rasmiy xabarda o‘qish jarayoni bosqichma-bosqich va mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda tashkil etilishi ma’lum qilindi.

Har ikki holatda ham hukumat qarori va Vazirlar Mahkamasining rasmiy xabarda iqtibos qilingan bayoni to‘liq matni hech qayerda e’lon qilinmadi. Ijtimoiy tarmoqlarda ota-onalar va pedagoglar oxirgi daqiqada e’lon qilingan va bir-biriga qarama-qarshi hamda pala-partish qarorlardan norozilik bildirgan postlar e’lon qilindi.

Bir vaqtning o‘zida Toshkentdagi OTMlarga yetib kelgan talabalarning yotoqxonalarga qo‘yilmayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Telegram-kanallarda tarqalgan va “Tez aytish” deb sarlavha qo‘yilgan mana bu matn talaba, ota-ona va pedagoglar tushgan vaziyatni istehzoli bir tarzda ifodalayotgandek edi.

Zamonaviy tez aytish😅

O‘qishmish o‘qishmasmish,
Qishda o‘qish bo‘lmasmish,
O‘qish bo‘lsa qishmasmish,
O‘qishga borganlarga,
Sovuq ta’sir qilmasmish.
Qarorni o‘zgartirish
Vazirlikka ishmasmush,
O‘qishmi, o‘qishmasmi
Vazir o‘zi bilmasmish!

Ozodlikning O‘zbekiston hukumatidagi jarayondan xabardor manbasiga ko‘ra, yuzaga kelgan vaziyat bir tomondan hukumat va shaxsan Bosh vazir Abdulla Aripov, ikkinchi tomondan esa, Prezident Administratsiyasi va uning rahbari Sardor Umurzoqovning vakolatlari borasida oxirgi paytlarda tez-tez bo‘y ko‘rsatayotgan, “yumshoq qilib aytganda tushunmovchiliklar” natijasidir.

Ozodlik manbasining bildirishicha, Administratsiya rahbari o‘quvchi-talabalarning qishki ta’til muddati “o‘zi bilan kelishilmagan holda uzaytirilganidan g‘azabga kelgan va zudlik bilan qarorni bekor qilish to‘g‘risida hukumatga og‘zaki ko‘rsatma bergan”.

Ozodlikning qonun va mavjud tartib bo‘yicha hukumat o‘z qarorini Prezident Administratsiyasi rahbari bilan kelishishi kerakmidi?” degan savoliga O‘zbekiston hukumatidagi manba “bu hukumat vakolatidagi masala va hozirgacha bu masalani hukumat o‘z vakolatidan kelib chiqib hal qilib kelgan” deya javob qaytardi.

“Bo‘lmasa hukumat nimaga kerak?” deya qo‘shimcha qildi Ozodlikka ismini ochiqlamaslik sharti bilan gapirgan O‘zbekiston hukumatining ta’lim uchun mas’ul mulozimlaridan biri. O‘quvchi-talabalarning qishki ta’til muddati Prezident Administratsiyasining aralashuvi ortidan o‘zgartirilganini Ozodlik suhbatlashgan O‘zbekiston OTMlaridan birining rektori ham tasdiqladi.

U yuzaga kelgan vaziyatni “falajlik” deb atadi. “Anomal sovuqdan emas, pala-partish qarorlardan falaj holga keldik” deya taassuf bildirdi Ozodlik bidan mikrofonsiz suhbatda O‘zbekistondagi OTMlardan birining rektori.

Prezident Administratsiyasi, jumladan administratsiya rahbarining o‘rinbosari ham bo‘lgan Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov hozircha bu borada biron bayonot bergani yo‘q.

Avvalroq maktab darsliklari va o‘qituvchilar majburiy mehnati haqida gapirgan administratsiyaning yuqori martabali mulozimlari Komil Allamjonov hamda Saida Mirziyoyeva ham o‘quvchi-talabalarning qishki ta’tili atrofidagi mojaro yuzasidan biron izoh berganicha yo‘q.

Allamjonov-Mirziyoyeva tandemining bu boradagi roli va mavqei jamoatchilikka qorong‘iligicha qolmoqda. Tarmoqlarda, xususan, Allamjonovni ushbu masalada munosabat bildirishga chaqirganlar ham bo‘ldi.

Hukumat va Prezident administratsiyasi o‘rtasidagi oxirgi, Ozodlik manbasi ta’biri bilan aytganda “vakolatlar yuzasidan tushunmovchilik” Vazirlar Mahkamasi tarkibidagi qisqarishlar va Prezident Administratsiyasidagi, aksincha, yangi va yangi lavozimlar ta’sis etilishi manzarasida kuzatilmoqda. Ayrim mahalliy jurnalist va blogerlar “hukumatni qisqartirib, administratsiyani “shishirishdan” qanday foyda borligini savol ostiga olishgan.

Ammo Prezident administratsiyasi hozirga qadar bu savollar va shuningdek, “parallel hukumat” haqidagi tanqidlarni javobsiz qoldirib kelmoqda. Shu yil yanvaridan viloyatlarda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbarining maxsus vakili ish boshlashi ma’lum qilingan.

Administratsiyaning maxsus vakillik instituti borasida biron qonun hujjati mavjudligi yoki ishlab chiqilayotgani haqida rasmiy ma’lumot yo‘q.

O‘zbekiston Konstitutsiyasida vakolatlari aniq belgilab qo‘yilmagan va saylanmaydigan lavozim bo‘lgan Prezident administratsiyasi rahbari amalda hukumat va parlamentning har ikki palatasi, shuningdek, sud hokimiyatidan ham ko‘proq vakolatlarga ega ekani aytiladi.

Qaysi viloyatda qachon?

Vazirlik qaroriga asosan Toshkent hokimligi shahardagi umumta’lim maktablarida ularning sharoiti, ishlashga tayyorligiga qarab, 11-yanvardan boshlab bosqichma- bosqich o‘quv jarayonlari boshlanishi belgiladi.

“Bu boradagi qaror maktablar rahbariyati tomonidan ota-onalar kengashi bilan kelishgan holda qabul qilinishi tavsiya etiladi. Hokimlik tomonidan kommunal xizmat tizimlari mas’ullari bilan birgalikda bu sohada yuzaga kelgan muammolarni tezkorlik bilan hal etish choralari ko‘riladi”, deyiladi hokimlik xabarida.

Surxondaryo, Xorazm, Namangan, Buxoro viloyatlaridagi barcha umumta’lim maktablarda qor va sovuqqa qaramasdan 11-yanvar kunidan darslar boshlanishi ma’lum qilindi.

Andijon viloyati ta’lim muassasalarida ham 11-yanvardan rasman o‘quv jarayonlari boshlandi. Shuningdek, viloyatdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’til kunlari davom etishi aytildi.

Jizzax viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi hududlardagi vaziyatga muvofiq 11- yanvar kunidan jami 140 ta maktabda dars mashg‘ulotlarini tashkil etish imkoniyati mavjudligi, “viloyatning tog‘li va olis hududda joylashgani, havo harorati keskin sovigan vaqtda transportda borish qiyinlashgani, masofaning uzoqligi sababli 415 ta umumta’lim muassasasida o‘quv jarayonlari bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilgani”ni bildirdi.

Samarqand viloyatida ta’lim muassasalaridagi o‘quv mashg‘ulotlari 11, 13 va 18-yanvarda boshlanishi belgilandi. 950 ta umumta’lim, 71 ta o‘rta-maxsus ta’lim va 13 ta oliy ta’lim muassasasida an’anaviy shaklda 11-yanvar kunidan, transportda borish qiyinligi, masofa uzoqligi va zarur issiqlik bilan ta’minlash imkoniyati cheklangani sababli 97 ta umumta’lim va 2 ta o‘rta-maxsus ta’lim muassasalarida 13-yanvardan hamda 208 ta umumta’lim muassasasida 18-yanvardan o‘quv jarayoni boshlanishi haqida ogohlantirildi.

Toshkent viloyatida 77 ta maktabda 11-yanvardan dars boshlanishi, 12-yanvardan bosqichma-bosqich o‘quv mashg‘ulotlariga qaytgan umumta’lim maktablar ro‘yxati chiqarildi.

Qashqadaryo viloyatida o‘qish jarayoni ayrim maktablarda 11-yanvarda boshlanishi, tog‘li va uzoq qishloqlar maktablarida, sovuq kunlarda transportda borish qiyinligi va masofa uzoqligi mavjud bo‘lgan maktablarda 16-yanvardan, imkoniyati cheklangan maxsus maktab-internatlarida 18-yanvardan, Prezident ta’lim muassasalari agentligiga qarashli ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarida esa 16-yanvardan, viloyatdagi barcha maktabgacha ta’lim muassasalarida esa ta’lim jarayonlari 18- yanvardan boshlanishi belgilab berildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati ma’lumoticha, mintaqada darslar 12-yanvardan boshlanadi.

Navoiy viloyatida maktablar o‘z sharoitlaridan kelib chiqqan holda 12 va 16-yanvardan, oliy o‘quv yurtlari va kollej-litseylar 11-yanvardan o‘qishga qaytgani belgilandi.

Farg‘ona viloyati umumta’lim muassasalari sharoitiga qarab 11 va 16-yanvardan boshlab ish faoliyatini boshlashi to‘g‘risida xabar berildi.

"Kutilmagan buyruq bo‘ldi!"

Toshkent viloyatidagi maktab direktorlaridan birining Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, bunday anglashilmovchilikka buyruq chiqqanidan keyin yoqqan qalin qor va tushgan sovuq sabab bo‘lgan.

“To‘g‘ri, avvaliga hammaga “qattiq sovuq keladi, shunga o‘qish 18 dan boshlanadi”, degan buyruq kelgandi. Lekin ob-havo ayrim joylarda uncha sovuq emasligi va barcha sharoitlari bor ayrim maktablarda 11-yanvardan ham o‘qish boshlash mumkinligi e’lon qilindi. Biz uchun ham bu buyruq kutilmagan bo‘ldi,” dedi maktab rahbari.

Yana bir xalq ta’limi mutasaddisi o‘qish boshlanishi sanasining avval bir, keyin esa boshqa kunga belgilanishiga respublikada gripp va boshqa respirator kasalliklar avj olgani sabab bo‘lgani to‘g‘risida taxminlar borligini ham bildirdi.

Viloyat hokimliklari va ta’lim boshqarmalarining bu kechikkan e’lonlarining paydo bo‘lishiga ijtimoiy tarmoqlarda “11-yanvardan maktablarda o‘qish boshlanadimi yo‘qmi?” masalasining jiddiy muhokamalari va ota-onalarning noroziligiga sabab bo‘ldi.

Ta’lim muassasalarida ta’til muddati 18-yanvardan 11 ga ko‘chirilishi to‘g‘risida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bergan “rasmiy xabar” ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘ldi.

"Darsda hech kim yo‘q!"

Aytilgan, keyin esa qaytarib olingan rasmiy buyruq ayniqsa ota-onalarni sarosimaga soldi.

Tarmoqlarda dars boshlangan maktablarda bittadan o‘quvchi o‘tirgan sinfxonalardan olingan videotasvirlar paydo bo‘ldi.

Deputat Rasul Kusherbayevning ham farzandi 11-yanvar kuni sinfida darsga borgan yolg‘iz o‘quvchi bo‘lganini yozdi.

"Bugun farzandim sinf bo‘yicha darsga borgan yolg‘iz o‘quvchi bo‘libdi. O‘qituvchisi va farzandimdan bo‘lak boshqa hech kim darsga kelmagan. Nega shunday bo‘lgan ekan-a? Toshkent, 84-maktab."

Bu maktabda esa birorta o‘qituvchi darsga kelmagan.

Ushbu noaniqliklar maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilar o‘rtasida kelishmovchiliklarni ham yuzaga keltirmoqda.

Mana bu maktab talabasi o‘qituvchisidan “va’dasida turishni” talab qilmoqda:

Vazirliklar va hokimliklarning maktablarda o‘qishni boshlash-boshlamaslik to‘g‘risidagi ikkilanishlari ko‘plab memlar, videokollajlar:

va hajviy postlarni keltirib chiqardi.

"Ertaga maktabmi yoki maktabmasmi degan “tema”da maktab qorovullariga qiyin bo‘ldi! Nega deysizmi?! Bechoralar ko‘mirni endi yoqib sinfxonalarni isitaman desa to‘xtat, 18 chiga qoldi deyishyaptikan, yana bir pas turib yoq ertadan ekan… Xullas qorovul aytayapti, …….."

Shovot tuman hokimining uzilgan isitish batareyasi oldida tushgan mana bu surati ham Internetda tanildi.

“Adolat kuychisi” muammo davlat boshqaruvining ishlash mexanizmida ekanini yozadi:

"Bugun ta’lim bo‘yicha xabarlarni o‘qib, odamning ensasi qotib ketdi. O‘zi bir haftagina anomal sovuq bo‘lar ekan, shunda ham hamma ishni bir-biriga solib yotibdi: vazirlik hokimyatga, hokimiyat maktabga, maktab nima qilishini ham bilmay garang. Bu davlatning ishlash mexnaizmi tizimlashtirilmaganligidan dalolat. Bizda hali ham ko‘plab idoralar favqulodda holatlarda qanday ish tutishni bilmaydi. Biror tartib ishlab chiqilmagan. So‘ngra mana bunaqa tiqilgan vaqt yugurib qolishadi".

Mashg‘ulotlar boshlanishi e’lon qilingan hamma maktablar ham o‘qishga tayyor emasligi to‘g‘risida xabarlar chiqmoqda.

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi 8-maktabda olingan bu videoda o‘qituvchilar muzlab qolgan issiqlik trubalarini issiq suv bilan eritishga urinishmoqda:

Bundan oldinroq, 20-dekabr kuni, prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga qilgan Murojaatnomasida 2023-yilni «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili» deb e’lon qilgandi.

XS
SM
MD
LG