Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:30

O‘zbek migrantlari Ukrainadagi urushga yollanmoqdami?


Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi manzarasida urushning har ikki tarafidagi markaziy osiyolik migrantlar taqdiri ham kun tartibiga chiqdi.

Ammo ayni paytda, migrantlarning urush harakatlariga jalb etilishi ehtimoli borasida ogohlantirishlar yangramoqda.

Rossiya qonunchiligi xorij fuqarolariga kontrakt asosida harbiy xizmatga yollanishga ruxsat beradi. Ammo O‘zbekiston qonunchiligi buni taqiqlaydi.

Asosiy xavotirlar G‘arb sanksiyalari ostida qolgan Rossiyadagi migrantlar daromadlari tushib ketishi va ular ustidan nazorat kuchayishi bilan bog‘liq.

"Farg‘onalik haydovchi"

25 - fevral kuni tarmoqlarda o‘zbek haydovchining Donbass mintaqasidan turib tarqatgan videomurojaati tarqaldi.

Rossiya armiyasiga qarashli harbiy yuk mashinasini boshqarayotganini aytgan o‘zbek haydovchi videoda Ukraina sharqiga kirib borganini aytadi.


Ozodlik bu haydovchining o‘zi bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi. Uning ismi-familiyasi Ozodlikka ma’lum. Ammo haydovchining so‘rovi va xavfsizligi bois bu ma’lumotlar oshkor qilinmayotir.

O‘zaro suhbatda u, Rossiya hududidan Mudofaa vazirligiga tegishli harbiy yuk mashinasini minib, Luganskkacha borganini tasdiqladi.

Aytishicha, 3 oylik shartnoma asosida haydovchilikka yollangan. Bu ishga Rossiya fuqaroligini olish, uy-joy bilan ta’minlanish va yaxshi maosh uchun rozi bo‘lgan. Ayni ishi uchun unga oyiga 50 ming rubl (taqriban 590 AQSh dollari) to‘lashadi.

Haydovchi bu ishni Rossiyada yurgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari orasida ommalashgan UzMigrant sayti orqali topganini bildirdi.

Hozircha, Lugansk hududida Rossiya harbiylari bilan yurganini bildirgan farg‘onalik haydovchi masalasida O‘zbekiston rasmiy idoralari biror bir rasmiy bayonot bermadi.

Rossiya elchixonasining Ozodlikka bildirishicha, elchixonada bu haydovchi haqida ma’lumot yo‘q, tafsilotlarni o‘rganmoqda.

O‘zbekiston Tashqi migratsiya agentligining Moskvadagi vakilligi ham, bu fuqaroning Ukraina sharqidagi jangovar harakatlarga aralashib qolganidan xabari yo‘qligi, endilikda tafsilotlarni aniqlashga urinayotganini bildirdi.

Ayni paytda Tashqi migratsiya agentligi, ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston fuqarolarini, hech bir ko‘rinishda Ukrainadagi jang harakatlariga aralashmaslik, buning uchun O‘zbekistonda jinoiy javobgarlik borligidan ogohlantirmoqda.

UzMigrant va NotrhJobs

Ozodlikka shaxsi sir qolishi sharti bilan gapirgan, Rossiyadagi o‘zbekistonlik bloger shu kunda muhojirlar orasida, UzMigrant portaliga tegishli NotrhJobs shirkati tomonidan o‘zbekistonliklar shartnoma asosida harbiy xizmatga yollanayotganini iddao qildi.

Blogerga ko‘ra, NotrhJobs - o‘zbekistonlik muhojirlar orasida Rossiyadan ish topib berishi, ish beruvchi va muhojir o‘rtasida yuridik xizmat ko‘rsatishi bilan nom chiqargan shirkatdir.

UzMigrant sayti va NotrhJobs shirkati, asli o‘zbekistonlik, so‘nggi yillarda Rossiyada yashayotgan yurist Bahrom Ismoilovga tegishli.

Ismoilov YouTube tarmog‘idagi chiqishida Rossiya armiyasida shartnoma asosida xizmat qilish Rossiya fuqaroligini 3 oyda olish imkonini berishi haqida e’lon ham bergan.

Mana shu e’lonidan so‘ng aynan ushbu shirkat o‘zbekistonliklarni oyiga 500-600 dollarlik maosh bilan Ukraina sharqida - haydovchilik, harbiy texnika servisi va gumanitar yuk tashish ishlariga yollayotgani haqida ma’lumot muhojirlar orasida yoyilgan.

Shu mazmundagi iddao, ijtimoiy tarmoqlardagi ba’zi kanallarda ham paydo bo‘lgani kuzatildi.

"Biz hech kimni yollamadik"

Ozodlik UzMigrant sayti va NotrhJobs shirkati asosichisi Bahrom Ismoilovga, o‘zbekistonliklarni Ukraina sharqida jang qilishga chaqiryapsizmi yoki yollayapsizmi, degan savol bilan murojaat qildi.

Ismoilov, "yo‘q", deb javob berdi:

“Uzmigrant bu - huquqiy axborot xizmati. Biz O‘zbekiston fuqarolarini Rossiyada qabul qilinayotgan yangi qonunlar xaqida boxabar qilamiz va O‘zbekiston fuqarolariga VNJ (doimiy yashash huquqi) va Rossiya fuqarolik rasmiylashtirish bo‘yicha xuquqiy yuridik xizmat ko‘rsatamiz. Biz hech kimni Ukrainadagi jang harakatlariga yollamadik. Bizning hech qanday harbiy yoki yarim harbiy strukturalar bilan hamkorligimiz yo‘q. Bundan tashqari men North Jobs tashkilotining asoschisiman. North Jobs bu MDH dan bo‘lgan ishchilarga Rossiyaning yetakchi kompaniyalarida ishga joylashishni taklif qiluvchi internet xizmat. Bugungi kunda bu xizmat pandemiya tufayli xali ishlashni boshlamadi. Xudo xohlasa, 2023 - yildan ishga qo‘yamiz”.

Ismoilov shu kunda Ukraina sharqida urushayotgan rus va ukrain armiyasi saflarida, har ikki tomondan o‘zbekistonliklar borligi haqida o‘zi ham tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ega ekanini qo‘shimcha qildi.

Bahrom Ismoilov vatandoshlarini ogohlantirish maqsadida 26 - fevral kuni maxsus video chiqish qilganini ham ilova qildi.

"Yovga yem qilish oson"

O‘zbek mehnat muhojirlari huquqlarini himoya qilib kelayotgan asli o‘zbekistonlik inson huquqlari faoli Valentina Chupik Rossiya hukumati bu yo‘lda UzMigrant kabi portallardan bevosita yoki bilvosita unumli foydalanmoqda, degan fikrda:

“Ukraina sharqida qo‘lga olingan asirlarga qarang! Ular orasida slavyan ko‘rinishdagi harbiylar oz. Mening nazarimda, Rossiyaning shovinist, irqchi va natsist hukumati, shovqin kam bo‘lishi, ya’ni rus onalarining “gruz-200"ni olib dod solmasligi uchun, keyin front chizig‘ida osongina yovga yem qilish mumkin bo‘lgani uchun himoyasiz mehnat muhojirlaridan foydalanmoqda. Ular Rossiya Mudofaa vazirligi va xususiy harbiy kompaniyalar tomonidan faol jalb qilinayotgan bo‘lishi mumkin".

Yollanma jangchilar

Rossiyada 1998 - yilda qabul qilingan “Harbiy majburiyat va xizmat to‘g‘risida”gi qonun, Mudofaa vazirligining chet el fuqarolarini shartnoma asosida harbiy xizmatga yollashiga ruxsat beradi.

2015 - yilda prezident Putin xorij fuqarolari bo‘lgan harbiy xizmatchilarning harbiy holat hamda qurolli mojarolarda ishtirok etishiga ruxsat beruvchi farmonni ham imzolagan.

O‘tgan yil, 29 - dekabr kuni esa Putin harbiy xizmatga kontrakt asosida ishga kirgan chet elliklarning, fuqarolik so‘rovini ko‘rib chiqish muddatini 1 yildan 3 oyga tushirish ko‘zda tutilgan qonun loyihasini Davlat dumasiga kiritgan.

Ammo O‘zbekiston qonunchiligi, O‘zbekiston fuqarolarining xorijiy davlat armiyasi safida xizmat qilish, kontrakt asosida ishlash yoki yollanib xizmat qilishni taqiqlaydi.

Buning uchun, Jinoyat kodeksining 154-moddasiga binoan, 3 yildan 5 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin.

Rossiyadagi aksar harbiy ekspertlar va tahlilchilar, mamlakat bo‘ylab noqonuniy ravishda fuqarolarni urush harakatlariga yollash kampaniyasi hukumatning buyrug‘i bilan olib borilayotganini aytishmoqda.

Rossiyaning Ukraina sharqiga hujumi arafasida sobiq harbiylarni Rossiya armiyasiga shartnoma asosida yollash kampaniyasi kuchaygani kuzatildi.

Moskva va Rossiyaning turli viloyatlarida harbiyga mobil yollash punktlari paydo bo‘ldi. Bu puntklarda yollanayotgan harbiylar o‘sha kezda kutilayotgan Ukraina sharqidagi jangga jo‘natilishi haqida ma’lumotlar berildi.

Mojaroli "ChVK"lar

Rossiyada xususiy tartibda harbiy xizmatga yollash faoliyati Rossiyada qonun bilan taqiqlangan.

Xususiy shirkatlar tomonidan harbiy xizmatga yollash, yollangan jangchini o‘qitish va unga pul to‘lash yoki chet elga jang harakatlariga yo‘llaganlik uchun, Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksi 359-moddasi bilant 15 yilga qadar qamoq bilan jazolanishi mumkin.

Shunga qaramay, Rossiyada ochilgan qator xususiy harbiy tuzilmalar nomi jamoatchilikka ma’lum. Bular ChVK Vagnera, Tiger Rent Security, E.N.O.T. CORP, ChVK MAR, Cossacks, Moran Security Group kabi shirkatlardir.

Ularning turli davlatlar, jumladan Ukraina sharqidagi Donbass mintaqasi, Suriya va Malidagi jang harakatlarida, Rossiya Mudofaa vazirligi pozitsiyasidan turib ishtirok etgani va qo‘poruvchilik amaliyotlarini qilganiga oid holatlar qayd etilgan.

Hatto Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavroa, o‘tgan yili 25 - sentabrda BMTda qilgan chiqishida, Rossiyada xususiy harbiy shirkat borligi va bu shirkatga Mali hukumati yordam so‘rab murojaat qilganini rasman tan olgan.

2014 - yilda Qrimning anneksiya qilinishi asnosida yuzaga chiqqan urushda ham, Ukraina sharqida ham rossiyaparast ayirmachilar, ham ukrain harbiylari safida jang qilgan O‘zbekiston fuqarolari kuzatilgan.

Shulardan biri Ukraina Mudofaa vazirligi qoshidagi “Aydar” ko‘ngillilar batalyoni safida turib, o‘n oydan beri bo‘lginchilarga qarshi kurashayotgan o‘zbekistonlik Shavkat Muhammad bo‘lgan. Shavkat ayirmachilarga qarshi g‘oyaviy qarashlari bois, o‘z ixtiyori bilan kurashayotgani va buning ortida hech qanday moddiy manfaatdorlik yo‘qligini ta’kidlagan edi.

XS
SM
MD
LG