O‘zbekiston qo‘shni Afg‘onistonga chegaradosh hududida aviatsiya, artilleriya va minomyotchilar batalyonlari ishtirokida harbiy mashqlarni boshladi.
23 - iyun kuni Balx viloyatining Sho‘rtepa tumanidan Afg‘oniston hukumatining 53 askari Toliblardan qochib, O‘zbekistonga o‘tdi. Bir kun avval Qunduz viloyatidan Tojikistonga 134 afg‘on askari qochib o‘tgandi.
Tashqi ishlar vazirligi, Afg‘oniston shimolida hukumat qo‘shinlari va Toliblar o‘rtasida kuchayib borayotgan to‘qnashuvlardan xavotir bildirarkan, bu masalada betaraflikni saqlashini bildirdi.
25 - iyun kungi ma’lumotga ko‘ra, Afg‘oniston shimolidagi O‘zbekiston va Tojikistonga tutash chegaraoldi tumanlardan 20 ga yaqini Toliblar nazorati ostida qolmoqda.
O‘zbekiston bilan Afg‘oniston o‘rtasidagi 137 kilometrlik chegara Amudaryo ustidan o‘tgan.
Daryoning shimoliy sohilidan Surxondaryo viloyat, Termiz tumani hududi, janubiy sohilidan Balx viloyatining 5 ta tumani hududlari boshlanadi.
25 - iyunda Toliblar O‘zbekistonga chegaradosh 5 ta tumanning barchasini o‘z nazoratiga olganini e’lon qildi. Turkmaniston va Tojikistonga chegaradosh 10 dan ortiq tuman ham Toliblar nazoratiga o‘tgani aytildi.
Ozodlikning Kobuldagi muxbiri Olim Ko‘hkaning xabar qilishicha, hukumat kuchlari bu tumanlardan ayrimlarining markazi nazoratini yana Toliblardan qaytarib olganini ma’lum qilgan.
Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston bu masalada neytral pozitsiyada turishini qat’iy e’lon qildi va o‘z hududiga 23 - iyun kuni qochib o‘tgan 53 afg‘on askari darhol ortga qaytarilganini bildirdi:
“O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston bilan an’anaviy do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini asrash, betaraflikni saqlash hamda qo‘shni mamlakat ichki ishlariga aralashmaslik tarafdori ekanligini qat’iy ma’lum qiladi”.
Ozodlikka xabar yo‘llagan termizliklar, bir necha kun muqaddam Afg‘oniston bilan chegarada otishma ovozlari eshitilgani haqida yozgan edilar.
Ammo, Tashqi ishlar vazirligida bayonotida chegaradagi otishmalar haqida ma’lumot berilmadi.
21 - iyundan koronavirus yoyilishi oldini olish maqsadida bu davlat bilan chegaralar yopilishi, qatnov to‘xtatilishi ma’lum qilingan.
Ayni paytda, Afg‘oniston bilan chegarasi 1300 kilometrdan uzun Tojikistonning chegaraoldi hududlari ayrim uchastkalarida vaziyat yanada tarang.
22 - iyunda Toliblar Qunduz viloyatini Tojikiston bilan bog‘lovchi Sherxon Bandar chegara-o‘tkazish punktini egalladi.
Tojikiston tomoni Toliblarning kuchayib borayotgan xurujidan qochib o‘tgan 134 afg‘on askarlariga jon saqlashi uchun joy berdi.
Hozirda Dushanbe Toliblar ishg‘olidan qochib chiqish ehtimoli bor afg‘onistonliklarni qabul qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Tojikiston Mudofaa vazirligi 10 mingga yaqin afg‘onistonlikka boshpana berishga tayyorligini bildirgan. Ammo, chegaradagi tojik rasmiylari aslida qochqinlar soni 30 mingdan ortishi mumkin, degan xavotirda.
O‘zbekiston tomoni esa, o‘z hududiga noqonuniy kirishga qilingan har qanday urinishga qarshi eng keskin choralarni qo‘llashidan qat’iy ogohlantirdi.
Mudofaa vazirligi “qo‘shinlarni jangovar shaylikka keltirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar boshlagan”i, mashg‘ulotlarga aviatsiya, artilleriya, minomyotchilar bo‘linmalari jalb qilingani haqida bayonot berdi:
"Taktik o‘quvlar davomida «Trevoga» signali berilganda shaxsiy tarkibning harakatlari, belgilangan yo‘nalish bo‘yicha himoyani kuchaytirishi, qo‘yilgan jangovar o‘quv vazifalarini sifatli bajarish borasidagi ko‘nikmalari sinovdan o‘tkaziladi. Shuningdek, shartli dushmanning ehtimoliy joylashgan hududi aniqlanib, keyinchalik ular tomonidan olib borilishi mumkin bo‘lgan faol harakatlarni bartaraf etish maqsadida ular joylashgan hududlarga aviatsiya hamda artilleriya bo‘linmalarining kuch va vositalari hamda minomyotchilar batareyasi tomonidan zarbalar beriladi".
Afg‘oniston shimolida Toliblar hujumlari, bu mamlakatdan AQSh qo‘shinlari olib chiqilayotgan bir kezda kuchaydi.
23 - iyun kuni Kongressda qilgan chiqishida AQSh Qurolli kuchlar qo‘shma shtabi rahbari general Mark Milli, Tolibon Afg‘onistondagi jami 419 tuman markazidan 80 dan ortig‘ini nazoratiga olganini bildirgandi.
Toliblar bosib olgan tumanlarning aksari mamlakat shimolida va bu hududda o‘zbek tilida so‘zlashuvchi afg‘onlarning asosiy qismi istiqomat qiladi.
Afg‘oniston shimolidagi dala qo‘mondonlari va hukumat qo‘shinlari mahalliy aholini Toliblarga qarshi jangga safarbar qilmoqda. Qo‘liga qurol olayotganlar va dala qo‘mondonlari orasida afg‘onistonlik o‘zbek va turkmanlar ko‘p xabar qilinmoqda. Ayni paytda, ularga hujum qilayotgan Toliblar orasida ham o‘zbek va turkmanlar ko‘pchilik ekani aytiladi.
Toliblarning kuchayib borayotgan xurujlariga qaramay, AQSh tomoni 11 - sentabrgacha qo‘shinlarini olib chiqish rejasini o‘zgartirmasligi bildirgan. Faqat zaruratga ko‘ra, olib chiqilayotgan qo‘shin hajmi va vaqti o‘zgarishi mumkin.
Shu tariqa, Markaziy Osiyo mintaqasidagi O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston qo‘shni Afg‘oniston shimolida kundan kunga ortib borayotgan Toliblar hujumi tahdidi bilan yuzma-yuz qolmoqda.