Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:26

O‘zbekiston mustaqilligi ilk bor nishonlangan "Navro‘z" saroyi Mirziyoyev qarori bilan buzildi


Bu binoda  1991 - yilning 31 - avgust kuni O‘zbekiston mustaqilligi e’lon qilingani va 1992 - yilning 8 - dekabrida O‘zbekiston konstitutsiyasi qabul qilingani ilk bor tantanali nishonlangan.
Bu binoda  1991 - yilning 31 - avgust kuni O‘zbekiston mustaqilligi e’lon qilingani va 1992 - yilning 8 - dekabrida O‘zbekiston konstitutsiyasi qabul qilingani ilk bor tantanali nishonlangan.

Joriy yilning 8 - aprel tunda respublika tarixidagi nufuzli tadbirlar o‘tkazib kelingan asosiy marosim zallaridan biri “Navro‘z” restorani – “Navro‘z davlat qabullar uyi” buzib tashlandi.

Bino buzilganidan keyin tarmoqdagi e’tirozlarga javoban Qurilish vazirligi “Bino poydevori 27 smga qiyshaygani" bois buzib tashlanlanganini bildirdi. Ozodlik suhbatlashgan me’mor bunday qiyshayish dunyodagi deyarli barcha binolarda mavjudligi va bu bino buzib tashlanishi uchun asosiy sabab bo‘la olmasligini aytdi.

Binoni buzish jarayoni
Binoni buzish jarayoni

O‘zbekistonning joriy prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 - yilning noyabr oyida Toshkent shahridagi qurilishga oid loyihalar bilan tanisharkan, tarixiy sanalar shohidi bo‘lgan «Navro‘z» qabullar uyi ta’mirlanib, bu yerda korxonalarni sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish markazi tashkil etish rejalashtirilayotgani haqida aytgan edi.

Me’mor Abdumalik Turdiyevga ko‘ra, «Navro‘z» kompleksi 1980-yillardagi yuqori zilzilabardoshlik koeffitsentini ko‘zda tutgan sovet davri texnik reglamentlari, shaharsozlik talablari hamda qurilish normalari va qoidalariga muvofiq qurilgan. Uning taxminicha, binoning tunda shaharliklardan yashirincha buzilishi bino joylashgan joy jozibasi bilan bog‘liq.

“Sovet modern ma’morchiligi namunasi bo‘lgan bu binoning buzilishi boshqaruv volyuntarizmi va korruptsiyaga yaqqol misoldir. Xo‘sh, binoni buzar ekansiz¸ unda nega 5 oy oldin 2020 - yil dekabrida katta mablag‘ sarflab ta’mir qilindi? Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, dekabr oyida “Navro‘z” saroyi remontiga 20 milliard so‘mga yaqin byudjet mablag‘i sarflangan. Remontni bino buzilganidan keyin poydevori qiyshiq, deb xulosa bergan Qurilish vaziri Zokirovga aloqador shirkat olib borgan.”

Shahar tarixidagi eng ko‘p buzilishlar joriy hokim davrida bo‘lgan
Shahar tarixidagi eng ko‘p buzilishlar joriy hokim davrida bo‘lgan

Hokimdan bildirgi

Toshkent shahar hokimligi bir kun o‘tib e’lon qilgan rasmiy izohida bino nima maqsadda va nega buzilayotganini tushuntirib bera olmadi.

Hokimiyat bayonotida qurilish «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining o‘tgan 2020 - yil 29 - dekabrdagi Oliy Majlisga murojaatnomalarida berilgan topshiriqlari asosida Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq» boshlanganligi ta’kidlanadi.

«Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, (Qaysi qaror ekani mavhum-tahr) Milliy bog‘ hududida Alisher Navoiy nomidagi ijod maktabi, Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyining yangi binosi, yangi Milliy drama teatr binosi, mashhur yaponiyalik arxitektor Tadao Ando loyihasi asosida Davlat san’at muzeyining namoyishlari kompleksi, yosh olimlar, yoshlar va kitob ixlosmandlariga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan, ilm-fan va san’atning turli sohalariga oid bosma va elektron davriy nashrlarning ulkan salohiyatiga ega bo‘lgan hamda 1,5 million dona kitob fondini o‘z ichiga olgan ulkan kutubxona binosi qurilish ishlari boshlandi», deyilgan hokimlik rasmiy bayonotida.

Ozodlik bu xabar ortidan O‘zbekiston Qurilish vazirligi bilan bog‘landi. Vazirlikning ismi aytilmasligini so‘ragan mulozimi "qurilajak 5 bino tendersiz "Trest-12" shirkatiga topshirilgani"ni bildirdi.

"Hech narsani buzmaslik" falasafasi

Me’mor Abdumalik Turdiyev o‘z so‘zida davom etib, 19 - mart kuni me’morlik sohasidagi eng katta mukofotni (Pritzker Architecture Prize) olgan frantsuz arxitektorlari Anna Lakaton va Jan-Filipp Vassal falsafasiga e’tibor qaratdi:

“Bu ikki me’mor “Hech narsani buzmaylik” degan g‘oyani ilgari suradi. Bu esa, buzib yer o‘rnini sotish kasaliga mubtalo bo‘lgan Toshkent uchun muhim o‘git. “Dom kino”, “Bahor ansambli” va mustaqillik maydonidagi gorizontal favvora nega buzilganligini bu mulozimlar ilmiy tushuntirib bera olmaydi. "Trest-12" degan hukumat parvarishidagi qurilish shirkati tayyor narsani buzib, o‘rniga boshqa bino qurish bilan shug‘ullanadi. “Navro‘z” qabullar uyidan sal naridagi Navoiy haykalini katta pul evaziga burib qo‘ygan shirkat ham "Trest-12 bo‘ladi”.

Tarmoqlardagi salbiy munosabat

Tarmoqdagi yetakchi blogerlar “Navro‘z” saroyi buzilishini qoralab chiqdi.

Bloger Otabek Bakirov o‘zining Telegram-kanalida «Binoni buzib bo‘lib, uni avariyaviy edi deyishdan osoni yo‘q» sarlavhali post e’lon qildi.

Bakirov binoning yaroqsiz holga kelib qolganini isbotlovchi materiallar va davlat komissiyasi xulosasi nega taqdim etilmagani yuzasidan vazirlikka bir necha savollar berdi:

«Qurilish vazirligiga ko‘ra, «Navro‘z» qabullar uyi foydalanishga yaroqsiz holga kelgan ekan, uning poydevori 27 smga siljigan emish.

Agar haqiqatan ham «Navro‘z» avariyaviy holatga tushgan bo‘lsa, uning poydevori siljiganini aks ettiradigan texnik-muhandislik hisoblar, foto va video materiallar, davlat komissiyasi xulosasi qilingandir? Qani shu xulosalar? Nega taqdim etilmadi?

Eng asosiysi, «Navro‘z»ning avariyaviy ekani haqida nega uni buzishdan avval ochiq aytilmadi? Buzib bo‘lingach, qabullar uyi avariyaviy edi, deyish sog‘lom bemorni o‘ldirib qo‘yib, o‘zi og‘ir kasal edi, deyish bilan barobar-ku», deya yozadi u.

Otabek Bakirovning so‘zlariga ko‘ra, bino o‘tgan yilning noyabridan joriy yil fevral oyigacha ta’mirlangan.

«Soliq to‘lovchilarning milliardlab mablag‘larini sarfladinglar? Ta’mirlash ishlarini qaysi kompaniya bajardi? U kimning chap cho‘ntagi edi? 2 oydan keyin avariyaviy deb aytiladigan obyektni ta’mirlashga tashabbus ko‘rsatgan buyurtmachi kim edi?

Qurilish vaziri janob Zokirov 19 - noyabr kuni «Navro‘z»ni ta’mirlash bo‘yicha davlat rahbariga taqdim etilgan prezentatsiya vaqtida o‘sha yerda edi-ku.

Nega davlat rahbariga hozir avariyaviy deb aytilayotgan «Navro‘z»ni ta’mirlashga milliardlab mablag‘ talab etiladigan loyiha ko‘rsatilayotganda e’tiroz bildirilmadi? Shu emasmi aslida xiyonat?

Har bir kunimiz tsinizmdan iborat bo‘lib qoldi. Lekin bunaqa namoyishkorona sinizmni hali eshitmagandik. Hech qursa uyalsanglar bo‘lardi. Xalqdan, qorako‘zlardan», deyiladi postda.

2020 - yil Mirziyoyev maqullagan loyiha. Bu loyihaga ko‘ra¸ "Navro‘z" buzilmasligi kerak edi.
2020 - yil Mirziyoyev maqullagan loyiha. Bu loyihaga ko‘ra¸ "Navro‘z" buzilmasligi kerak edi.

Gulnoraning to‘yi¸ Karimovning ma’rakasi o‘tgan "Baxt uyi"

1987 - yili kelin kuëvlar uchun “Baxt uyi” sifatida qurila boshlangan binoga 1989 - yilda “Navro‘z” deb nom berilgan edi. Bu binoda 1991 - yilning 31 - avgust kuni O‘zbekiston mustaqilligi e’lon qilingani va 1992 - yilning 8 dekabrida O‘zbekiston konstitutsiyasi qabul qilingani tantanali nishonlangan. 1992 - yilda prezident Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova va Mansur Maqsudiyning nikoh to‘yi ham shu binoda nishonlangan. 2016 - yilda Islom Karimov o‘lganida Toshkent jamoatchiligi uchun ma’raka oshi ham shu binoda berilgan.

Islom Karimov¸Temur Alimov¸ Ismoil Jo‘rabekov¸ Marks Jumaniyozov va boshqalar. 1992 - yildagi surat
Islom Karimov¸Temur Alimov¸ Ismoil Jo‘rabekov¸ Marks Jumaniyozov va boshqalar. 1992 - yildagi surat

Bino DK ya’ni davlat unitar korxonasi maqomida bo‘lgan. 2018 - yilda “Navro‘z” restorani – “Navro‘z davlat qabullar uyi” DK direktori lavozimida ishlagan Dilshod Tillyaxodjayev davlat mulkini katta miqdorda o‘marish va rastrata aybi bilan qo‘lga olindi.

2019 - yilning aprelida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi byudjet mablag‘larini o‘margan 22 mulozim qatorida Dilshod Tillyaxodjayev ishini ko‘rib chiqdi. “Navro‘z” saroyi rahbari Jinoyat kodeksining 184 (soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash), 189 (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish), 209 (mansab soxtakorligi) moddalarida ayblanib, qamoq jazosiga mahkum qilingandi.

Mirziyoyev davrida tinmay buzilayotgan Toshkent

Toshkent shahar hokimiyati o‘tgan oy mustaqillikning 30 yilligi munosabati bilan poytaxt markazidagi «Moviy gumbazlar» xiyoboni va shu nomdagi tarixiy kafe binosi buzilib, o‘rnida «Istiqlol» majmuasi barpo etilishini e’lon qilgani toshkentliklarning e’tiroziga sabab bo‘lgan edi.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 2018 - yil oktabrida Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasidagi qariyb 100 yillik binoni buzib, uning o‘rnini «Universal Packing Masters» («Murad Buildings» shirkati savdo belgisi ) berish haqida qaror chiqargan.

Keyingi yillarda O‘zbekistonda ko‘payib borayotgan tarixiy binolarni buzish yoki fasadlariga qoraytirilgan shisha qoplab, asl tarzini o‘zgartirish holatlari san’atshunoslar tashvishiga sabab bo‘lmoqda.

2019 - yilda Toshkentning Mustaqillik maydonidagi gorizontal favvora buzib tashlandi. Toshkent timsoli sifatida 52 yil otilib turgan fontanni buzishda bevosita qatnashgan mutasaddilardan biri uning Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev buyrug‘i bilan buzilganini aytgan edi.

2016 - yili ToshMIning Nikolay davrida g‘ishtdan qurilgan eski binosi¸ Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universiteti (TDPU) bosh binosining sirt qismi batamom buzib tashlandi.

2016 - yil sentabrida general Jo‘rabek tarafidan 1897 - yili qurilgan va “Jo‘rabek“ masjidi deya tarixiy yodgorlik sifatida maxsus ro‘yxatga kiritilib, asrab kelingan masjid butunlay buzilib¸ o‘rnida Islom Karimov nomidagi “alyukobond masjid” qurilgan edi.

XS
SM
MD
LG