Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:58

O‘zbekiston: Qozog‘istondagi namoyishlar payti metan gazga yo‘qolgan navbatlar qaytmoqda


Farg‘ona viloyati, Rishton tumanida "metan"ga navbat. 12 - yanvar, 2022 - yil.
Farg‘ona viloyati, Rishton tumanida "metan"ga navbat. 12 - yanvar, 2022 - yil.

Yanvar oyining birinchi o‘n kunligida o‘tgan yil oxirida O‘zbekiston bo‘ylab kuzatilgan metan gaz taqchilligi yengillashdi.

Xususan, Farg‘ona vodiysida metan gaz shoxobchalaridagi turnaqator navbatlarning kamaygani Qozog‘istonda suyultirilgan gaz narxining oshirilishiga qarshi norozilikdan boshlangan namoyishlar avj pallaga chiqqan kunlarga to‘g‘ri keldi.

Qo‘shni davlatdagi noroziliklar manzarasida O‘zbekiston matbuotida yonilg‘iga navbatlarning kamaygani va benzin narxlarining pasaygani haqidagi xabarlar ustunlik qilgani kuzatildi.

Ammo aftidan, bu uzoqqa cho‘zilmadi.

Farg‘onada 11 - yanvardan boshlab gaz quyish shoxobchalarida yana yonilg‘i tanqisligi vujudga kelib, bir necha kilometrga cho‘zilgan navbatlar paydo bo‘ldi.

O‘zbekistonga import qilinadigan oziq-ovqat va boshqa iste’mol mahsulotlari uchun asosiy tranzit mamlakat hisoblangan Qozog‘istondagi voqealar hozircha O‘zbekiston oziq-ovqat bozoriga deyarli ta’sir o‘tkazmadi. Aholining asosiy iste’mol mahsulotlari bo‘lgan un, yog‘, go‘sht narxida katta o‘zgarish bo‘lgan kuzatilgani yo‘q.

Ayni paytda O‘zbekistonda aksar aholining xarid qurbi pastligicha qolmoqda, odamlar oylik maosh va nafaqalari bugungi kundagi narx-navolarga nisbatan pastligidan shikoyat qilishadi.

O‘tgan hafta mamlakatning yonilg‘i bozoridagi monopoliyachisi bo‘lgan “O‘zbekneftgaz” AJ benzin narxining arzonlagani to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarni rad qildi.

Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanidan Ozodlikka yuborilgan videoda metan gaz quyish shoxobchalarida avtomobillarning bir necha kilometrlik navbati yuzaga kelgani aks etgan.

Ismi sir qolishini so‘ragan haydovchining Ozodlikka aytishicha, Qozog‘istonda aholining norozilik namoyishlari boshlangan kunlarda birdaniga barcha shoxobchalarda gaz paydo bo‘lib qoldi:

“Shu paytgacha tanqis bo‘lib turgan gaz birdaniga kelib qoldi. Shoxobchalar tunu-kun ishlay boshladi. Navbatlar ham yo‘qoldi, haydovchilar ham xursand. Endi bu ahvolni qarang, uch kun bayram qildik, xolos. Odamlar kechalari bilan navbatda turishibdi. Ertalab ish boshlagan shoxobchalar soat 16da yopib qo‘yishyapti. Xalq juda qiynalib ketdi. Avtomobil kamligidan “Damas” va taksilarning yo‘lkira narxi ham oshdi”.

Олтиариқ туманида "метан" газга навбат.
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:08 0:00

8 - yanvarda ijtimoiy tarmoqlarda AI-80 benzini narxi pasaygani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Ammo bu xabarlar tarqalganidan so‘ng oradan ikki kun o‘tib, “O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati bu xabarni rad qilib chiqdi:

“Bugungi kunda birja savdolari orqali savdoga chiqarilayotgan avtobenzin sotib olinib, iste’molchiga yetkazib berilgunga qadar (soliq, rentabellik, transport xarajatlari va boshqa xarajatlar) 6700 so‘mni tashkil etmoqda.

Xarajatlarni kamaytirish borasida qilinayotgan ishlarning samarasi o‘laroq, bugungi kunda “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli “UNG Petro” korxonasi AYoQShlarida 6500 so‘mdan sotib kelinmoqda. Respublika hududidagi “O‘zbekneftgaz” AJning barcha AYoQShlarda benzin shu belgilangan narxda sotilishi ta’minlanmoqda”.

Suyultirilgan gaz arzonladi

Ayni paytda yonilg‘i narxlari pasayganini Qozog‘istondagi noroziliklarga sabab bo‘lgan suyultirilgan gaz narxida kuzatish mumkin.

“O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasi” AJ Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, o‘tgan haftada birja savdolari natijasida suyultirilgan gaz(propan) narxi arzonlashdi va o‘rtacha haftalik narxi mahsulotni bir tonnasi uchun 2 491,1 ming so‘mni tashkil etib, metan gazning narxiga yaqinlashib qoldi:

Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanidan bo‘lgan tadbirkor bu haqda shunday deydi:

“Propan gazning bir kilosi narxi to‘rt ming so‘mdan ortiq edi. Kecha zapravkaga borsam tushib, 2800 bo‘p qopti. Metan gaz esa 2500 ming so‘m. Orasida 300 so‘m farq, xolos. Achchig‘im chiqib zapravshikka baqirdim, o‘zi trubada oqib keladigan metan gazga yuz so‘m qo‘shib qo‘yibsan, moshinada xarajat qilib olib keladigan propanni arzonlatibsan, qani mantiq, dedim”.

Un va yog‘ narxi oshmadi

So‘nggi o‘n kun ichida O‘zbekistondagi oziq-ovqat mahsulotlari narxida jiddiy o‘zgarish kuzatilmadi.

Ozodlik mavzuni o‘rganish jarayonida faqat bir joyda, Jizzax viloyatining Zomin tumanida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxi biroz pastlaganini aniqladi:

“Qozog‘istondagi voqealar bizning tumanga qattiq ta’sir qildimi yoki prokuror, soliq, IIB va departament boshlig‘i o‘tkazgan reyd sabab bo‘ldimi narxlar biroz tushdi. Qopi 280 mingdan sotilayotgan un 40 ming so‘mga arzonladi, 22 ming so‘mlik sotilayotgan moy 18 ming so‘m bo‘ldi. Bugun ham bozorni aylansam, shu narx turibdi”, deydi zominlik o‘qituvchi.

Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanida yashaydigan tadbirkor bozordagi narx-navolarda hech qanday o‘zgarish bo‘lmaganini aytadi:

“Mol go‘shti 65 ming, qo‘y go‘shti 75 ming so‘m. Besh litrlik yog‘ 70 ming atrofida, un 230 ming so‘m. Xullas, hech qanday o‘zgarish sezmadim”.

Ozodlik Farg‘ona, Andijon, Samarqand, Sirdaryo, Jizzax viloyatlaridagi narx-navoni surishtirganda, jiddiy bir o‘zgarish yo‘qligiga guvoh bo‘ldi.

Ammo toshkentlik Abdurazzoq Sodiqovning aytishicha, poytaxtagi narx-navo viloyatlarga qaraganda ancha baland, bu ayniqsa, maosh va pensiyaga kun ko‘radigan aholi turmushida sezilmoqda:

“Toshkentda yaxshi go‘shtning narxi 70-80 ming so‘m atrofida. Agar moshinangiz bo‘lsa, ishingizga qo‘shimcha kirakashlik qilib bir nav yashash mumkin. Bo‘lmasa ikki-uch joyda ishlashga to‘g‘ri keladi. Poliklinikada ishlaydigan vrach tanishim bor, oyligi 1 millionu 600 ming so‘m ekan. Bu pul uning bordi-keldisiyu, tushligiga ham yetmaydiku. Shuning uchun bir-ikki so‘m qo‘l haqqi olishga u majbur. Pensiyalar oz, maoshlar oz, ikki-uchta farzandi bor oilalar juda qiynalib yashayotganigan o‘zim guvoh bo‘lyapman”.

O‘zbekiston davlat statistika qo‘mitasi 2022 - yil uchun hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari miqdorini e’lon qildi. Unga ko‘ra, bir kishi uchun minimal iste’mol xarajatlarining yangi miqdori 13,2 foizga oshib, 498 ming so‘mni tashkil etdi. O‘tgan yili bu miqdor 440 ming so‘mni tashkil etgan edi. Ayni shu summa mamlakatda kambag‘allikning yangi chegarasi hisoblanadi.

2020 - yil yanvarida prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda kambag‘allar aholining 12-15 foizini tashkil etishi, "gap 4-5 million aholi haqida ketayotgani”ni aytgan edi.

O‘tgan vaqt mobaynida kambag‘allarning aniq soni bo‘yicha rasmiy statistika e’lon qilinmagan. Tahlilchilar pandemiya davom etayotgan oxirgi ikki yilda aholining real daromadlari yanada pasayib ketganini aytishadi. O‘zbekiston hukumati koronavirusga qarshi iqtisodiy choralar doirasida byudjetdan milliardlab dollar mablag‘ ajratgan, ammo Ozodlik surishtiruvlari, jumladan, tashqi qarzlarni jalb etish hisobiga to‘plangan mablag‘lar, asosan davlatning monopolist korxonalari va hokimiyatga yaqin guruhlar bizneslarini qo‘llab-quvvatlashga sarflanganini o‘rtaga chiqargan edi.

XS
SM
MD
LG