Линклар

Шошилинч хабар
07 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:59

O‘zbekiston rahbari so‘nggi 30 yilda birinchi marta Ho‘jandga bordi


Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon So‘g‘d viloyati G‘afurov tumanidagi “Vaxdati millat” bog‘ida sayr qilmoqda, 11 - iyun, 2021
Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon So‘g‘d viloyati G‘afurov tumanidagi “Vaxdati millat” bog‘ida sayr qilmoqda, 11 - iyun, 2021

11 - iyunda Shavkat Mirziyoyev Ho‘jandga bordi. O‘zbekiston prezidenti Tojikistonga rasmiy safar bilan 10 - iyunda kelgan.

Mirziyoyev O‘zbekiston mustaqilligi davrida bu qadimiy shaharga borgan ilk davlat rahbari bo‘ldi.

Ho‘jand - Tojikistondagi ikkinchi yirik ma’muriy hudud, mintaqadagi eng qadimiy shaharlardan biri, So‘g‘d viloyati markazidir. Bu yerda o‘zbek tilida so‘zlashuvchi tojikistonliklarning asosiy qismi istiqomat qiladi.

O‘zbekiston rahbari Sh. Mirziyoyevning bu safari, prezidentlikka kelganidan beri bu davlatga qilayotgan uchinchi safaridir. Bunga qadar Mirziyoyev Tojikistonga 2018 -yili 2 marta rasmiy tashrif bilan borgan.

Ho‘jandda Shavkat Mirziyoyevni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon shaxsan kutib oldi, ikki davlat rahbarlari va delegatsiyalari Ho‘jand shahri yaqinidagi “Arbob” madaniyat saroyida muloqotlarni davom ettirdi.​

Tojikiston rahbari Emomali Rahmon, muloqotlar paytida marhum prezident Islom Karimov davriga ishora qilib, u davrdagi muammolarni esladi va ularni qisqa muddatda hal qildi, deb prezident Shavkat Mirziyoyevni olqishladi.

- Ilgari to‘planib qolgan muammolar shunday qisqa muddatda hal etilishini tasavvur qilib bo‘larmidi?! Bunga xalqaro tashkilotlar ham ishonmagan edi. Bugun davlatlarimiz o‘rtasida hal bo‘lmagan masala qolmadi, o‘zaro ishonch paydo bo‘ldi. Bunday munosabatlarning tashabbuskori va arxitektori hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyev, - dedi Emomali Rahmon.

Emomali Rahmon Ho‘janddagi muzokaralar uchun aynan “Arbob” madaniyat saroyini tanlagani bejiz emasday.

1992 - yilda u shu saroyda Tojikistonga rahbarlik qilishni boshlagan. Mirziyoyevning Ho‘jand safari arafasida yarim asr muqaddam qurilgan saroy obdon ta’mirlandi, yangilandi, dabdabali qilib yasatildi.

Rahmonning shaxsan o‘zi Mirziyoyevga ushbu saroyni namoyish qildi.

So‘ngra ikki rahbar Ho‘janddagi “Qayroqqum gilamlari” korxonasiga bordi, undan chiqib yo‘l-yo‘lakay Qayroqqum suv ombori yonida to‘xtashdi.

Suv omborni aylanib, suhbatlashishdi. Keyin So‘g‘d viloyatidagi “Vahdati millat” bog‘iga borib, bog‘ni kezishdi.

Bu galgi ikki kunlik muloqotlar paytida Tojikiston tomoni samarqandliklarga maktab sovg‘a qildi. O‘zbekiston tomoni esa xo‘jandliklarga butun boshli shifoxona sovg‘a qildi. Prezidentlar virtual ochilish marosimida ishtirok etib, ramziy tugmalarni bosdi.

Mirziyoevga bu safarda eshlik qilgan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyevga ko‘ra, Qubodiyon tumanidagi bu zamonaviy ko‘p tarmoqli shifoxona, 250 o‘ringa mo‘ljallangan, bir yilda 72 ming bemorga xizmat ko‘rsatishi mumkin va bu muassasa to‘liq O‘zbekiston hisobiga qurilgan. Hozircha vazir bu loyiha uchun qancha mablag‘ sarflanganini ochiqlamadi.

Emomali Rahmon ham Samarqand viloyatining Urgut tumanida Tojikiston hukumati tomonidan qurib bitkazilgan maktabni virtual shaklda ochib berdi. 640 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan 3 qavatli maktab binosi prezidentlarga onlayn namoyish qilindi.

Ayni paytda, prezidentlar, bu muloqot paytida hozirga qadar jami 17 ta chegara o‘tkazish punkti ochilgani, aholining qatnovi yengillashgani, O‘zbekistonga o‘tib-qaytayotganlar soni ortib borayotganini e’tirof etdi.

Bu orada, ikki rahbarga hamrohlik qilib yurgan hukumat delegatsiyalari bayonotlariga qaraganda, 2020 - yili, pandemiyaga qaramay, ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi yarim milliard dollarga yetgan.

2017 - yilda bu ko‘rsatkich 70 million dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2016 - yilda 18 million, 2015 - yilda 12 million AQSh dollarini tashkil qilgan.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati tarqatgan rasmiy bayonotda aytilishicha, ikki davlat o‘rtasidagi qo‘shma korxonalar soni so‘nggi 2 yil ichida qariyb 20 tadan 200 taga oshgan.

Ular orasida yetakchilik qilayotgan shirkat nomi o‘zbekistonliklar uchun juda tanish bo‘lgan “Artel Avesto Elektroniks” qo‘shma korxonasi ekani prezident matbuot xizmati bayonotida alohida tilga olindi.

Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli bo‘lgan Artel Engineering and Management shirkati bilan Tojikistonda prezident oilasiga tegishli ekani aytiladigan «Aves­to grupp» shirkatlari o‘rtasidagi bu qo‘shma korxona Dushanbeda ochilgan.

Ўзбекистон-Тожикистон: Регистрациясиз 10 кун яшаш мумкин
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:00 0:00

10 - 11 - iyun kuni uchrashuvlar paytida berilgan yana bir jiddiy bayonot Zarafshon daryosida GES qurish bo‘yicha qo‘shma loyiha rejasidir.

O‘zbekiston Energetika vaziri Alisher Sultonovning ma’lum qilishicha, tomonlar umumiy qiymati 550 million dollardan oshadigan 2 ta GES qurishni ko‘zlamoqda. Vazir bu mablag‘ tashqi qarz va grantlar asosida yig‘ilishini ma’lum qildi.

Mirziyoyevning bu galgi tashrifiga Tojikistonda hozirlangan saroylar, konsertlar va qabullar avvalgisidan yanada tantanaliroq, yanada dabdabaliroq o‘tdi.

Shunga ko‘ra, tomonlar rasmiy bayonotlarida yangragan raqamlarning hajmi ham baland bo‘ldi - 2 kunlik uchrashuvlarda jami qiymati 1 milliarddan dollardan oshadigan 35 ta “aniq loyiha va shartnomalar imzolagan”.

Ammo, hozircha, bu shartnomalar konkret qaysi sohalardagi loyihalar yoki shirkatlarni o‘z ichiga olgani haqida to‘liq tafsilotlar yo‘q.

Safar yakunida Mirziyoyevni Tojikiston rahbari Emomali Rahmonning shaxsan o‘zi Ho‘jand xalqaro aeroportidan kuzatib qo‘ydi.

Mirziyoyevning Tojikistonga safari mintaqada chegara ziddiyati kuchaygan, tojik-qirg‘iz munosabatlari keskinlashishi fonida o‘tmoqda.

Ayni paytda, AQSh o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqib ketayotgani bois, mintaqani o‘zining orqa hovlisi sifatida ko‘radigan Rossiya rasmiylarining O‘zbekiston va Tojikistonga e’tibori kuchaygani kuzatilmoqda.

Shu ma’noda Tojikistonga safar chog‘ida erishilgan kelishuvlar va tomonlarning keyingi siyosiy-iqtisodiy munosabatlari nafaqat ikki davlat, balki mintaqa uchun ham muhim, deya baholanmoqda.

XS
SM
MD
LG