O‘zbekistonda bir necha ijtimoiy tarmoq faoliyati cheklanganidan keyin VPN ilovalarini Internetdan ko‘chirib olish keskin ko‘paydi. O‘zbekistonlik Internet foydalanuvchilar tarmoq tezligi keskin tushib ketganidan shikoyat qilmoqda.
Ayni paytda mamlakatda virtual tarmoqni cheklovchi qonunlar qabul qilinishi kutilmoqda.
O‘zbekistonda VPN ilovalarini ko‘chirib oluvchilar ko‘paydi
O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlar tezligi keskin tushirilganidan keyin Virtual Private Networkka (Virtual Shaxsiy Tarmoq - VPN) ehtiyoj keskin oshib ketdi.
App Annie mobil tahlil xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda oxirgi bir hafta ichida mobil VPN ko‘chirib olish holatlari keskin ko‘paygan. App Store virtual do‘konida VPN ilovalari eng ko‘p ko‘chirilgan xizmatlar o‘rnini, Google Playda esa ular birinchi uchlikdan joy oldi.
VPN himoyasiga ehtiyoj O‘zbekistonda TikTok, Twitter va “VKontakte” tarmoqlarining faoliyati 2 - iyuldan boshlab cheklanganidan keyin osha boshladi.
App Annie keltirayotgan grafikdan VPN ilovalari, cheklovlar joriy etilishidan oldin, O‘zbekistonda ko‘chirilayotgan dasturlarning 50-taligiga ham kirmaganini ko‘rish mumkin.
Oxirgi marotaba VPN ilovalariga bo‘lgan qiziqishning ortishi o‘zbekistonlik Internet foydalanuvchilarda 2018 - yilda Facebook va YouTube kanallari bloklanganida kuzatilgan edi.
Ayrim ijtimoiy tarmoqlar, ayniqsa Telegram kanallarda “VPNdan foydalanish va uni yuklab olish uchun jinoiy javobgarlik mavjudligi” to‘g‘risida ma’lumotlar tarqala boshladi. Aslida esa bunday javobgarlik O‘zbekiston qonunchiligida mavjud emasligi ma’lum.
Joriy yilning 20 - mayidan boshlab O‘zbekistondagi davlat organlari va tashkilotlarida o‘rnatilgan himoya to‘siqlarini chetlab o‘tish maqsadida anonimayzer va “VPN” xizmatlaridan foydalanish taqiqlab qo‘yilgan edi, xolos.
"2016 - yilgi holatga qaytdik!"
2021 - yilning 5 - iyulida Ozodlik bog‘langan buxorolik bloger Zuhriddin Rashidov tarmoqda ayrim ilovalar sekin ishlashni davom etayotganiga e’tiborimizni qaratdi:
- VPN yana ishlatyapmiz majburan. 1 - iyul 01:15 dan Yutubdan skachat qilayotgan edim kinolarni. Tezlik tarif rejaga muvofiq 100-mbit/s, fayl ko‘chirib olish tezligi 11-megabayt sekundiga edi. Keyin soat 01:15 da Internet uzilib koldi. Umuman ishlamadi soat 04 gacha. Hozir tezlik 4-kilobayt sekundiga (32-kbit/s) tushgan Tiktok, Tvitter, Feysbukda.
Masalan, VKontakte tezligi video onlayn ko‘rishda 100-kilobayt sekundiga tushib ketgan. Sayt yomon ochiladi. Sayt ochilayotganida tezlik nolga tushib ketadi.
O‘zbekistonlik tarmoq foydalanuvchisi ayrim Internet provayderlar VPN dan foydalanganlarni bloklab qo‘yayotganidan shikoyat qildi.
- Humans.uz deb ataluvchi mobil Internet provayder bor. Bu provayder VPN va torrent-trekerlardan foydalansangiz bloklab qo‘yyapti nomeringizni. Siz uch marta bloklansangiz umuman bloklanib, sudga ham berishi mumkin! Bu eng arzon Internet o‘tkazuvchi – 50 ming so‘mga bezlimit beradi. Lekin VPN ishlatsangiz bloklayapti! Qolgan barcha provayderlar esa “O‘zkomnazorat” nazorati ostida, dedi Zuhriddin Rashidov.
Suhbatdosh 5 yil oldingi holat takrorlanayotganini eslatdi.
Bloger Zuhriddin Rashidov Ozodlik iltimosiga binoan O‘zbekiston ichkarisidagi Internet holatini tekshirib ko‘rdi:
Hukumat ijtimoiy tarmoqlarga qarshi hujumga o‘tdi
O‘tgan oy O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev TikTok foydalanuvchilarini Amir Temur va shoir Alisher Navoiyga qo‘yilgan tarixiy obidalarni haqorat qilganlikda ayblab, ularni tanqid qilgandi.
- Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rsatilgan xunuk voqealar, ya’ni joylardagi Alisher Navoiy, Amir Temur, “Motamsaro Ona” haykallari yonida ayrim tarbiyasiz yoshlar tomonidan sodir etilgan noma’qul harakatlar meni nihoyatda ranjitdi, degan edi prezident.
Buning ortidan, O‘zbekiston Axborotlashtirish va telekommunikatsiya sohasi nazorati bo‘yicha davlat inspeksiyasi “O‘zkomnazorat” "shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlashdagi qonunbuzarliklar" sababli ba’zi ijtimoiy tarmoqlarning ishini cheklab qo‘yganini rasman e’lon qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarni sazoyi qilishga boshqa davlat amaldorlari ham kirishdi.
Masalan, Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov yoshlar ko‘proq kitob va gazetalarni o‘qishlari uchun ijtimoiy tarmoqlarni bir oyga bloklab qo‘yishni taklif qildi. Namangan viloyat hokimi yoshlarni sport bilan ko‘proq shug‘ullanish, ota-onasidan ko‘proq duo olish va hamsuhbat bo‘lish hamda “kallalarini befoyda xabarlar bilan to‘ldirmaslik”ka da’vat qildi.
16 - apreldan boshlab “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunga yangi qo‘shilgan 27-1 modda kuchga kirgan edi. Bu moddaga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga doir ma’lumotlar jisman O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan serverlarda saqlanishi talab qilinayotgani to‘g‘risida Ozodlik oldinroq xabar qilgan edi.
"VPN va proksi hayotimizning ajralmas qismiga aylandi, afsus!"
Internet tarmoqlarni to‘liq nazoratga olish Rossiya hukumati tomonidan ham anchadan buyon amalga oshirilib kelmoqda.
Xususan, nomaqbul va tanqidiy saytlarni bloklash yoki “ekstremistik” deb tamg‘a bosish, serverlar va shifrlarga “dostup” berishni so‘rab chiqqan rus amaldorlari bu cheklovlarni qonunlashtirib ham qo‘ydi.
Kuzatuvchilar oxirgi paytlarda O‘zbekistonda Mirziyoyev hukumati tomonidan Internetga to‘siq qo‘yish uchun joriy etgan qonun va qarorlarni Rossiya hukumati qonunchiligidan ko‘chirma, deya baholamoqda.
Rossiyada Internet erkinligi uchun kurashib kelayotgan “Roskomsvoboda” jamoatchilik tashkiloti mutaxassislari Internet yaxlitligini buzish holatlari birqancha avtoritar davlatlarda kuzatilishini aytib keladi.
“Roskomsvoboda” eksperti Vadim Misbax-Solovyev Ozodlik bilan suhbatda VPN va uning soddaroq ko‘rinishi bo‘lgan proksilar MDH mamlakatlari hayotining ajralmas qismiga aylanib borayotganidan afsus bildirdi:
- Haqiqatan, turli VPN texnologiyalaridan mobil moslamalarda foydalanish nafaqat O‘zbekistonda, Xitoy, Rossiya, Belarusьkabi davlatlarda keng tarqalmoqda. Bu davlatlar hukumatlari Internet dushmanlariga aylanib bormoqda. Aslida VPN texnologiyasi konkret vazifalarni bajarishga qaratilgan, jumladan bloklangan saytlarni aylanib o‘tishga. Afsuski, ular hayotimizning bir qismiga aylanib bormoqda. Trafik tahlili, sekinlatish va bloklash uchun professional qurilmalar juda qimmat turadi va uni oshxonangizda yasay olmaysiz. Qizig‘i, bu mablag‘lar o‘sha davlatda Internetni rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan bo‘lishi mumkin edi.
O‘zbekistonda joriy etilayotgan tarmoqlarni cheklovchi qonunlar mualliflari uni Rossiyadan so‘zma so‘z ko‘chirayotgani va ayrim hollarda, kerakli qonunlar qo‘l ostidagi deputatlar orqali qabul qilinayotganini mutlaqo inkor etmayman, dedi IT-texnologiyalari mutaxassisi.
Ozodlik oldinroq O‘zbekiston hukumat idoralari va tashkilotlari portallaridagi butun ma’lumotlar Rossiya hududidagi serverlarda saqlanishi to‘g‘risida xabar qilgandi.
O‘zbekistonda 2018 - yilning avgust oyidan boshlab 1,5 yil davomida Facebook, YouTube va VKontakte ijtimoiy tarmog‘i to‘sib qo‘yilgan, lekin o‘zbekistonliklar VPN orqali bu tarmoqlardan foydalanishda davom etgan edi.
2019 - yilning 19 - fevralidan boshlab, ushbu tarmoqlar to‘siqsiz ishlay boshlagandi.