Линклар

Шошилинч хабар
07 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:37

O‘zbekistonda kamida 11 kishi vaksina olganidan so‘ng koronavirusga chalindi


29 - iyun kuni Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanov 11 nafar shaxsning koronavirusga qarshi vaksina olganiga qaramay virusni yuqtirib, shifoxonada muolaja olayotganini bildirdi.

“Ayni paytda shifoxonamizda davolanayotgan 11 nafar bemor aynan birinchi vaksinatsiya bosqichidan so‘ng shifoxonaga murojaat qilgan bo‘lib, ularning immun tizimida neytrallovchi antitanachalarning (Nab) titri hali to‘liq shakllanmagan davrda kasallanish yuz bergan.

Biroq shunday bo‘lgan taqdirda ham bunday bemorlarda xastalik yengil va simptomlarsiz o‘tadi. Ya’ni, og‘ir asoratlar va o‘lim holatiga olib kelmaydi” - dedi shifoxona direktori.

Uning ta’kidlashicha, hozirda qabul qilinayotgan barcha vaksinalar koronavirusning mavjud shtammlaridan himoya qiladi va kasallikning noxush va og‘ir asoratlaridan asraydi.

Shunga qaramay vaksina olgandan keyin ham ayrim hollarda kasallanish mumkin, biroq bu holat asosan vaksinatsiyaning faqatgina birinchi bosqichidan so‘ng ro‘y berishi mumkin.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, koronavirusga qarshi to‘liq immunitet mijozda oradan 3 haftacha o‘tib shakllanadi. Ya’ni, bu davr oralig‘ida mijoz vaksinaning 3 ta bosqichidan o‘tishi lozim bo‘ladi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda AstraZeneca (CovieShield), “Sputnik V” hamda o‘zbek-xitoy vaksinalaridan foydalanilmoqda.

29 - iyun kuni O‘zbekistonga yana 1 million doza ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi olib kelingani haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.

“Shunday qilib, O‘zbekistonning vaksina zaxirasi 6,4 million dozaga etmoqda. Ayni paytga qadar shundan 3,4 million dozadan ortig‘i vaksinatsiya jarayonlarida qo‘llanildi”, -deyiladi rasmiy bayonotda.

Vazirlikning bildirilishicha, 30 - iyun kuni ham Xitoy vaksinasining yana 1 million dozasi O‘zbekistonga keltirilishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni, joriy yilning 28 - iyun holatiga ko‘ra, 110 ming 190 nafarni tashkil etgan. Sog‘ayganlarning umumiy soni 106 ming 416 nafarga yetgan.

Kasalxonalarda muolajasi davom etayotgan bemorlar soni esa shu kunda 3 ming 41 nafarni tashkil etmoqda.

Vazirlik kecha koronavirusga chalingan bemorlardan yana 2 nafari vafot etib, koronavirus qurbonlari soni 733 nafarga yetganini qo‘shimcha qilgan.

XS
SM
MD
LG